Abdulla Juvonmardiyev
Abdulla Juvonmardiyev — sharqshunos, arabshunos olim.
Abdulla Juvonmardiyev | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1892-yil 9-fevralyil |
Vafoti |
1978-yil 18-yanvaryil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sharqshunos, arabshunos olim |
Bolalik yillari
tahrirDastlabki taʼlimni otasi Do‘stmuhammad domladan olgan. Otasining do‘sti, o‘z zamonining mashhur tojirlaridan Ayyubxon to‘raning qizi Adolatxonga uylanib, o‘n o‘g‘il, bir qiz farzand ko‘rgan. Abdulla Qodiriy va zamonasining boshqa ilg‘or ziyolilari, ijodkorlari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. O‘tgan asrning 30-yillari so‘nggida maʼrifatparvar do‘stlari qatori qatag‘onga uchrab, Sibir o‘rmonlariga surgun qilingan. Bu orada boshlangan Ikkinchi jahon urushida o‘g‘illari Habibulla, Saʼdulla, Sayfulla, Xayrulla, Lutfulla va Asadulla ketma-ket halok bo‘ladi. Musibatga dosh bera olmagan Adolatxon 1943-yilda vafot etadi. Kenja o‘g‘illari: 10 yoshli Turg‘unbek, 6 yoshli To‘lqinbek, 4 yoshli Tuyg‘unbek yetimlikda qiynalib o‘sadi. Yolg‘iz qizi Bahriniso 4 yoshida vafot etadi. Abdulla Juvonmardiyev Sibirdan qaytgach, oilaning parokanda bo‘lganidan qattiq qayg‘uradi. Ularni bu g‘urbatdan qutqarish uchun yaqinlaridan biri hali turmushga chiqmagan qizi Feruzani Abdulla Juvonmardiyevga nikohlab beradi. Ulardan bir o‘g‘il — Anvarbek tug‘ilgan. U tijoratchi bo‘lib yetishgan va parfyumeriya firmasini tashkil etgan.
Abdulla Juvonmardiyev arab, fors-tojik, ingliz, nemis, turk, ozarbayjon, rus, tatar, qirg‘iz, qozoq tillarini mukammal bilgan. Bir umr O‘zRFA (Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi) Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hozirgi Toshkent davlar Sharqshunoslik universitetida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. "Nodir sahifalar" nomli asarida qalovini topib, fors-tojik, urdu tillaridagi hikmatlar misolida islomiy axloq, diniy qadriyatlar masalasini yoritgan. Universitetdagi qo‘lyozma manbalar asosida "Ishq va husn", "Risolai ruhiya" singari asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Moddiyunchilik davlat mafkurasiga aylantirilgan bir zamonda ruh haqiqatini bayon etuvchi „Risolai ruhiya“ asari tarjima etilib, o‘zbek kitobxoni mulkiga aylantirilishi eʼtiborga molik hodisa bo‘lgan. Aql, Idrok, Fahm va Nafsning Ruhga tobe qilib berilishi, Nafsning Ruhni oyoqdan qoldirish uchun payt poylashi, asta-sekin uni o‘ziga bo‘ysundirishi ramzlar vositasida ifodalanadi. Asar boshdan-oxir majoz tilida yozilgan. Yuqorida zikr etilganlardan tashqari, nazar, husn, dil, xayol, zavq, aql, himmat, inoyat, zuhd, mushohada, shavq singari ramziy obrazlar orqali odamzodning asl haqiqatdan chekinishi, nafs yetoviga tushishi, maʼnan va ruhan inqirozga yuz tutishi kabi masalalar badiiy talqin etilgan.
Abdulla Juvonmardiyev Sharq muhrlarining tarixi haqida "Antiqa muhrlar" nomli risola yozgan. Risolada Bobil hukmdorlarining uzuk ko‘ziga muhr o‘rnatib, qo‘llariga taqqani, muhrning to‘rt ming yildan ziyod tarixga ega ekani haqida manbalar asosida nodir maʼlumotlar berilgan. Bundan tashqari, olim Misrda, Xitoyda ham muhrli uzuk qadimdan bo‘lgani, xitoylar biror hayvon surati solingan muhrni bellariga, kamarlariga taqib yurgani, yunonlarda eramizdan ikki ming yil avval ham muhr bo‘lgani, mol va bisotlarini muhrlab qo‘yganlari haqida qiziqarli faktlarni aniqlagan.
Yozma manbalarni o‘rganish asosida Abdulla Juvonmardiyev Muhammad arab ko‘chmanchi qabilalari — badaviylarni Islom diniga daʼvat etib, noma yubormoqchi bo‘lganlarida ularning muhrsiz maktubni qabul qilmasligini eshitib, kumush uzuk ko‘ziga „La ilaha illalloh Muhammadun Rasululloh“ kalimasini naqsh qildirgani haqida yozadi. Xalifa Abu Bakr muhrida: „Allohdan boshqa komil qudrat egasi yo‘qdir“ kalimasi, Ali ibn Abu Tolib muhrida esa: „Barcha narsaning egasi Allohdir, u mulkini istagancha tasarruf qila oladi“ so‘zlari bitilgani to‘g‘risidagi maʼlumotlar risolaning sho‘rolar zamonida yaratilgan bo‘lishiga qaramay, diniy-maʼrifiy jihatdan katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Abdulla Juvonmardiyevning aniqlashicha, O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekistonda topilgan eski muhrlarda muhr egasi va otasining ismigina emas, baʼzan Qur’oni karim oyatlaridan namunalar yoki diniy mazmundagi baytlar ham yozilgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy muhrdor bo‘lganda mavlono Burhonuddin bu voqea taʼrifida taʼrix bitadi. Unda taʼrix moddasi "Alisher muhr zad" so‘zlari bo‘lgani, undagi harflarning abjad hisobi 876-hijriy yilga teng bo‘lib, bu milodiy hisobda 1472-yilga to‘g‘ri keladi. Muhr tutish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar muhrni o‘z darajalariga qarab yozdirgan va martabalariga ko‘ra muhrni hujjatning ostiga yoki ustiga bosganlar. Muhr matnlari muhr egalarining mavqeini anglatgan. Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821—1843-yillar) yasattirgan ikki jag‘ali muhrda o‘zi va otasining ismidan tashqari o‘zining "Gʻoziy" unvoni va otasining "Amir al-muslimiyn"ligi ham bitilgan. Baʼzi muhrlarda hukmdorlarning shajarasi aks etgan.
Abdulla Juvonmardiyev butun umrini qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, islomiy-maʼrifiy ruhdagi asarlarni tarjima qilish kabi savobli ishga bag‘ishladi. O‘zidan bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan meros qoldirdi[1].
Asari
tahrir- "Nodir sahifalar"[2].
Manbalar
tahrir- ↑ M. Juvonmardiyeva. Xotiram marjonlari. – T.: 2012..
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |