Abdulloh ibn Iboz (arabcha: عبد الله بن إباض — Abdulloh ibn Iboz al-Maqoisiy al-Murriy at-Tamimiy, VII asr) — Iboziyya taʼlimotining asoschisi.

Abu Muhammad Abdulloh ibn Idris ibn Yazid al-Avdiy al-Kufiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi VII asr
Dini Islom
Tanilgan sohasi Iboziyya ta’limotining asoschisi

Hayoti

tahrir

Abdulloh ibn Iboz bugungi kungacha saqlanib qolgan iboziyya (ibodiyya) firqasining asoschisi hisoblangan. U Bani Tamim qabilasining Bani Murra oilasidan hisoblanadi. Uning ismi sharifi borasida manbalarda turli ixtiloflar mavjud. Masalan, Abu-l-Husayn al-Maltiy nomli olim o‘zining „At-Tanbӣh va-r-­radd“ nomli asarida uning nomini Iboz ibn Amr deb keltirgan. „Ibāna al-manāhij“ asari muallifi esa, uni Yahyo ibn Abdulloh ibn al-Iboziy deb ko‘rsatgan. Lekin tadqiqotchilar bunday nomlanish Abdulloh ibn Ibozning Abdulloh ibn Yahyo al-Iboziy degan yaqin do‘sti bilan bog‘liq bo‘lganini va yanglish holda u o‘z do‘sti nomi bilan atalganini taʼkid­laganlar. Lekin aksariyat manbalarda uning nomi Abdulloh ibn Iboz deb keltirilgan.

Faoliyati

tahrir

Abdulloh ibn Iboz xorijiylardan ajralib chiqqan iboziyya firqasining asoschisi hisoblangan. Iboziylar — xorijiylarga mansub 4 asosiy firqaning eng „moʻtadil“ hisoblangan qismi bo‘lib, Abdulloh ibn Ibozning izdoshlari hisoblanadilar. 684-yil Bas­radagi xorijiylar orasida bo‘linish sodir bo‘lgan: azraqiylar umaviylarga qarshi chiqishgan. Abdulloh ibn Iboz esa Basrada qolib, qurolli kurashdan voz kechgan va xorijiylarning „moʻtadil“ qanotiga rahbarlik qila bosh­lagan. Iboziy firqasining haqiqiy asos­chisi va rahnamosi Jobir ibn Zayd (O‘monda tug‘ilgan, 7170yilda vafot etgan) edi. IX asr oxirigacha O‘mon iboziylari mustaqil bo‘lishgan, so‘ngra mamlakat yana abbosiylar tasarrufiga o‘tgan, lekin XI asr boshidan eʼtiboran iboziylar O‘monda yana hokimiyat tepasiga kelganlar. Hozirgi kunda bu mamlakat aholisining yarmidan ortig‘ini iboziylar tashkil etadi.

Iboziylar diniy-siyosiy das­turi asosini imomat haqidagi taʼlimot tashkil qiladi. Ular imomatning mavjud bo‘lishi shart emas, bir vaqtning o‘zida Islom dunyosining turli qismlarida bir necha imomlar bo‘lishi mumkin, deb hisob­laganlar. Imom shayxlarning maxfiy kengashi tomonidan saylanib, bu qaror xalqqa eʼlon qilingan. Ko‘pincha saylovlar bitta qabila yoki urug‘ doirasi bilan cheklanib qolgan. Iboziylar imomi — hokim (lashkarboshi, qozi, faqih) ham bo‘lgan. Iboziylar aqidasida sunniylar va moʻʼtaziliylar aqidasidagi tamo­yillar aks etgan. Iboziylar odamlarning qilmishini vujudga keltiruvchi Allohdir, deb biladilar. Siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra, kishini o‘ldirishni rad etganlar. Iboziylar taʼlimoti tarafdorlari garchi ko‘p mamlakatlarga tarqalgan bo‘lsalar-da, ular diniy sohada ham, siyosiy sohada ham yakdil bo‘lmaganlar. Hozirgi Shimoliy Afrikada, O‘mon, Zanzibar orolida iboziylar jamoa­lari mavjud. Ularning diniy eʼti­qod va marosimlari sunniylik hamda shialikdagi oqim, firqalardagi eʼti­qod va marosimlardan o‘zining ayrim xususiyatlari bilan farq qiladi.

Vafoti

tahrir

Shahristoniyning taʼkidlashicha, Abdulloh ibn Iboz o‘z davridagi xalifa Marvon ibn Muhammadga qarshi bosh ko‘targan va hozirgi Saudiya Arabistoni hududidagi tarixiy shahar — Hijozda Tabal jangida Abdulloh ibn Muhammad ibn Atiy bilan kurashda vafot etgan. Bugungi kunda arab o‘lkalaridan O‘mon Sultonligida Abdulloh ibn Iboz nihoyatda katta ehtirom bilan tilga olinadi. Bu davlatda iboziyya firqasi (Iboziylar) rasmiy diniy taʼlimot sifatida eʼtirof etiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  1. Abu-l-Fath ash-Shahristoniy. Al-Milal va-n-nihal: II j. — Damashq: 2000;
  2. Ali Yahyo Mu’ammar. Al-Ibāziyya bayna-l-firaq al-islāmiyya;
  3. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1360-80/1941-60. I, 204;
  4. Mubarrad. Al-Kāmil. — Qohira: 1355-56/1936-37. 1030, 1039, 1040;
  5. Ibn al-Asir. Al-Lubāb. — Qohira: 1357-69. I, 17;
  6. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: 1375-77/1955-58. I, 72-73;
  7. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. II, 38-39;
  8. Al-Barrodiy. Al-Javāhir. — Qohira: 1302. 155-167, 175;
  9. Sulaymon al-Boruniy. Muxtasar tarӣx al-ibāziyya. — Tunis: 1357/1938. 13-28;
  10. Ali Yahyo Mu’ammar. Al-Ibāziyya fӣ mavkib at-tarӣx. — Qohira: 1964;
  11. Ethem Ruhi Fiğlali. "Abdullah b. İbâz". TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 109.