Abdulloh ibn Muoviya

Abdulloh ibn Muoviya jahoniyya harakati yetakchisi

Abdulloh ibn Muoviya (arabcha:عبد الله بن معاوية — Abdulloh ibn Muoviya ibn Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib,? — 129/746-47, ?) — janohiyya harakati yetakchisi.

Abdulloh ibn Muoviya ibn Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 746-47-yil (hijriy 129-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi janohiyya harakati yetakchisi

Hayoti

tahrir

Jaʼfari Tayyor o‘g‘lining nabi­rasi bo‘lib, janohiyya harakatining yetakchisi, alaviylar raisi. Tavalludi va hayo­tining ilk yillari haqida manbalarda yetarli maʼlumot berilmagan. Ammo sheʼr yozish bilan shug‘ullangani, o‘z davrining mashhur shoirlaridan sanalgani maʼlum.

Isyon davri

tahrir

744-yilning kuziga yaqin Kufaga borgan, voliy Abdulloh ibn Umar ibn Abdulazizning eʼtiboriga tushib, u tomonidan moddiy jihatdan taʼminlangan. Bu davrda umaviylar taxtida o‘zgarish bo‘ladi, o‘lgan xalifa Yazid III ning o‘rniga Ibrohim ibn Valid o‘tiradi. Ammo Marvon ibn Muhammad uni tan olmay isyon bosh­laydi. Mazkur murakkab vaziyatda o‘z boshiga kulfat tushishidan xavotirlangan voliy, Abdulloh ibn Muo­viyani hibsga oladi. Lekin Marvondan ham quvvat olish niyatida uning moddiy taʼminotini kamaytirmaydi. Kufa shialari xalifalikka umaviylarga nisbatan hoshimiylar munosib­roq ekanini aytib, uni isyon qilishga targ‘ib qilishadi. Abdulloh ibn Muoviya 744-yil oktabrida isyon bosh­laydi. U atrofida dastlab Mug‘iyra ibn Saʼid boshchiligidagi kichik guruhga va zaydiylardan tashkil topgan ko‘pchilik tarafdorlarga ega bo‘ladi. Bu isyonning asl sababini Alining nabirasi Abu Hoshimning o‘limidan ke­yin yuzaga chiqqan voqealarga bog‘laganlar ham bor. Zero, Abu Hoshimning o‘limidan keyin unga aloqador bo‘lganlarning bir qismi imomlik daʼvosida bo‘lgan edilar. Ulardan ayrimlari Abu Hoshimning, imomlikni Abdulloh ibn Abbosning nabirasi Muhammadga, bosh­qalari akasining o‘g‘li Hasan ibn Aliga, yana boshqalari esa, Abdulloh ibn Amr al-Kindiyga vasiyat etganini daʼvo qilganlar. Hatto bu oxirgi imomga ishonganlar Abu Hoshimdagi ilohiy ruhning unga o‘tganini aytishadi. Biroq Abdulloh ibn Amr o‘ziga tarafdor bo‘lganlardan bay’at olmagan edi. Maʼlum vaqtdan so‘ng, unga tobe bo‘lib ko‘ringanlarning katta qismi uni xiyonatda ayblab, undan uzoqlashadilar. Ular o‘zlariga boshqa imom qidira boshlaydilar. Abdulloh ibn Muoviyaning siyosiy hayoti mana shu guruh bilan kelishib, o‘zini imom deb eʼlon qilishi bilan boshlangan. Voqealarning rivojlanishi bilan voliy isyonchilarga qarshi yurish boshlaganda Abdulloh ibn Muoviya va uning tarafdorlari jang maydonini tark etib, Kufadagi ichki qal’aga yashirinadilar. Keyinchalik shaharni tark etish sharti bilan ularga omonlik beriladi. Abdulloh ibn Muoviya yaqinlari bilan birga Eronga yurish qilib, avval Isfahonni, keyin esa Istaxr, Jibol, Kirmon, Xuziston va Kumisni qo‘lga kiritadi. Uning tarafdorlari orasida arab bo‘lmaganlar bilan birga, Shaybon ibn Abdulaziz boshchiligidagi xorijiylar, Abu-l-Abbos as-Saffoh, Abu Jaʼfar al-Mansur va Iso ibn Ali kabi abbosiylar, Umar ibn Suhayl ibn Abdulloh va Sulaymon ibn Hishom singari umaviy yetakchilari bor edi. Ular umumiy dushmanlari hisoblangan Marvonga qarshi birlashgan edilar. Abdulloh ibn Muoviya bu kuchlar yordami bilan hududda o‘z hokimiyatini kuchaytiradi, o‘z nomidan pul zarb qildiradi. Marvon xalifalik maqomini olgach, hokimiyatni qo‘lga olishi bilan qo‘mondonlardan Omir ibn Zuborani unga qarshi jo‘natadi. Jangda mag‘lub bo‘lgan Abdulloh ibn Muoviya Xurosonga qochadi. Abdulloh ibn Muoviya bu yerda abbosiylar nomidan faoliyat olib borayotgan Abu Muslimdan yordam olishiga ishongan edi. Ammo kutilgandek bo‘lib chiqmaydi. Abu Muslim uni hibsga oladi, bir oz vaqt o‘tib Abdulloh ibn Muoviya o‘ldiriladi.

Jahoniyya guruhi eʼtiqodi

tahrir

Moʻta jangidagi fidokorligi sababli Payg‘ambar tomonidan Zuljanahayn laqabi berilgan Jaʼfari Tayyorning laqabiga nisbat berilib, Abdulloh ibn Muoviyaning atrofiga yig‘ilgan va uni imom deb tan olganlarga janohiyya deyilgan. Bu guruhning eʼti­qodiga ko‘ra, ilohiy ruh Odamdan boshlab jami payg‘ambarlarga o‘tib kelgan, Payg‘ambardan Aliga, undan esa uch o‘g‘li (Hasan, Husayn, Muhammad)ga o‘tgan. Nihoyasida Abdulloh ibn Muoviyaga yetib kelgan. Shunday qilib, ilohiylik va payg‘ambarlik kuchi Abdulloh ibn Muoviyada mujassamlashgan. Bu guruh Abdulloh ibn Muoviyani o‘z tarafdorlariga g‘aybni bilishini aytganini va „Ilm mening qalbimda qo‘ziqorinlab, yam-­yashil o‘tlardek o‘smoqda“, deganini daʼvo qilishadi. Janohiyyaga mansublarning tanosuhga ishonganlari, qiyomat, jannat va jahannamni inkor qilganlari, harom narsalarni halol deb qabul qilganlari, ibodatlarni esa Ali oilasidan ayrimlarga bog‘laganlari aytiladi. Ammo Abdulloh ibn Muoviyaga tobe bo‘lgan guruhning u hayotligida bu kabi Islomdan tashqari bo‘lgan tushunchalar va xatti-harakatlarni amalga oshirganlarini, uning o‘zi ham bularni maʼqullaganini isbotlovchi aniq dalillar mavjud emas. Abdulloh ibn Muoviya tarafdorlari uning vafotidan keyin ham hayotda qolgani yoki o‘lsa-da, ruhi horisiyyaning raisi Ishoq ibn Zayd ibn Horis al-Ansoriyga o‘tganini daʼvo qilganlar[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 207;
  2. At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. II, 1879-1887, 1902, 1947-1948, 1976-1981;
  3. Abu-l-Faraj. Al-Ag‘ānӣ. — Qohira: 1868. XII, 225-231;
  4. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. -Leyden: 1851-76. V, 324-327, 370-373;
  5. K. V. Zetterstéen. „Abdullah“. İA. I, 35-36;
  6. D. M. Dunlop. „Abdallah b. Moavıa“. EIr., I. 183-184;
  7. Ethem Ruhi Fiğlali. „Abdullah b. Muâviye“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 118-119.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.