Paxta

gʻoʻza oʻsimligining chigit va tolalardan iborat oq hosili
(Chigitli paxtadan yoʻnaltirildi)

Paxta, chigitli paxta — gʻoʻzaning tola va chigitdan iborat asosiy mahsuloti. Paxta tozalash korxonasida paxtaga dastlabki ishlov berish jarayonida chigitdan, avval toʻqimachilik sanoatining ehtiyoji uchun asosiy mahsulot — tola (uzunligi 20 mm dan uzun) ajratib olinadi. Shuning uchun butun dunyoda paxta tolaning sifatiga qarab baholanadi. Keyin chigitdan kimyo va mahalliy sanoat korxonalarida qoʻllaniladigan lint (momiq) (uzunligi 20 mm dan kam) olinadi. Texnologik uskunalarda paxtani qayta ishlash va tolani tozalash jarayonida oʻlik (pishib yetilmagan kalta tolali puch chigit, chigallashgan tolalar) va kalta paxta momigʻi (uzunligi 5,0 mm dan kam) chiqadi. Paxtada 30— 35% tola va 50—55% chigit (chigitida 24—29% moy), 2—3% oʻlik tola, 3— 5% kalta momiq boʻladi. Gʻoʻzaning seleksion navi va tolaning yoʻgʻon-ingichkaligiga qarab paxta oʻrta tolali va uzun tolali turlarga boʻlinadi. Paxta qoʻlda va mashina bilan teriladi. Paxta tolasi pishib yetilganlik koeffitsiyenti hamda tashqi koʻrinishi, rangi boʻyicha 5 sanoat naviga va iflos aralashmalarning miqdori hamda namligiga qarab 3 sinfga boʻlinadi.

Texasda yetishtirilgan paxta.
Armanistondagi paxtakorlar, 1930-yillar. Hozirda u yerlarda paxta yetishtirilmaydi.
o'zbekistondagi paxta o'sadigan yerlar
o'zbekistondagi paxta o'sadigan yerlar

Paxta navi tashqi koʻrinish namunasi — paxtaning standart namunalariga solishtirib (klasser usulida), bu usul qanoatlanarli boʻlmasa, laboratoriya usulida pishib yetilganlik koeffitsiyenti boʻyicha aniqlanadi.

Toʻqimachilik, yogʻ-moy, gidroliz, kimyo sanoati va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun xom ashyo boʻlib xizmat qiladi (qarang: Paxta tolasi)[1].

Tarixi

tahrir

Paxta eng qadimiy yigiruv ekinlaridan biridir. Inson aynan qachondan paxta tolasini birinchi marta ishlata boshlanganligi aniqlanmagan. Taxminan paxta Hind vodiylarida 7000 yil (m.a.V asr) muqaddam mavjud bo‘lgan. paxta yetishtirish Hindiston va Pokistonning Indus vodiysida boshlangan, keyinchalik Afrika, Arabiston, Suriya va Osiyo bo‘ylab tarqalgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Oʻrta Osiyoda paxtachilik madaniyati VI—VII asrlardan boshlab mavjud. Oʻrta Osiyo koʻplab mamlakatlar bilan keng va jonli savdo-sotiq olib borgan. Gʻarbdan Kichik Osiyo va Xitoyga karvonlar oʻtish darvozasi boʻlgan. Oʻrta Osiyoga boshqa mamlakatlardan paxta chigiti shu yoʻl bilan kelgan. X asrda kelib Zarafshon vodiysi va  Marv vohasida paxtachilik keng rivojlangan, yuqori sifatli paxta matolari ishlab chiqarilib, Samarqand, Buxoro bozorlarida sotilgan. XIX asrga kelib Oʻrta Osiyo Chor Rossiyasi mustamlakasiga aylandi va Oʻzbekiston paxtani Rossiyaga yetkazib berila boshladi. Paxtani Rossiyaga yetkazib berish uchun temir yoʻllar qurildi[2].  

Etimologiyasi

tahrir

Bu ot tojikcha boʻlib, goʻza oʻsimligining chigitga yopishib hosil boʻladigan oppoq yumshoq tolali mahsuloti maʼnosini anglatadi. (ТжРС, 302 : OʻTIL, I, 580). Bu otdan oʻzbek tilida -chilik qoʻshimchasi bilan paxtachilik mavhum oti yasalgan[3].

Yetishtirilishi

tahrir

Koʻsak pishganda uning boʻlaklari – chanoqlarining yuqori qismi bir-biridan ajraladi (koʻsak ochiladi) va paxta qoʻl yoki mashinada terib olinadi. Uning chigitdan ajratilgan tolasi uzunligi 20-36 mm dan (oʻrta tolali g‘oʻzada); 37-42 mm gacha (ingichka tolali g‘oʻzada); 20 mm dan qisqasi lint (momiq) deb ataladi[4].

Ipak paxta va paxta tozalash

tahrir

Ipak paxta — tolasi ingichka, uzun va pishiq paxta. Paxta tozalash: 1) paxtani xas-xashak, chang-toʻzondan tozalash; 2) paxtani chigitdan ayirish; Chigitdan ajratilgan shu mahsulot „momiq“ deyiladi[5].

Paxtachilik

tahrir

Paxtachilik – dehqonchilikning toʻqimachilik va boshqa sanoat tarmoqlari uchun eng qimmatli xom ashyo boʻlmish paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tarmog‘i. Paxtachilik Hindiston, Xitoy, Eron, Peru va Meksika kabi mamlakatlarning eng qadimiy dehqonchilik tarmoqlaridan biridir. Oʻrta Osiyodagi Sovet respublikalari ham eng qadimgi paxtachilik rayonlaridan hisoblanadi. SSSRda paxta, asosan, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, qisman Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning janubiy tumanlarida ekiladi. Bular ichida Oʻzbekiston yalpi hosil va paxta maydoni jihatidan birinchi oʻrinda turadi. Paxta yana AQSh, Braziliya, Meksika, MAR, Pokiston, Turkiya, Afg‘oniston hamda Osiyo, Afrika, Amerika, Avstraliya va Yevropadagi ayrim mamlakatlarda yetishtiriladi[6].

Paxta ramzlarda

tahrir

Paxta ramzi Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Pokiston, Indoneziya, Shimoliy Makedoniya, Angola, Tanzaniya, Uganda kabi davlatlarning gerb yoki bayroqlarida bor. Paxta Oʻzbekistonning oltin bilan teng milliy boyligi boʻlgani uchun ,,Oq oltin” nomini olgan.  

Paxta yetishtirish

tahrir

Paxta yumshoq tola boʻlib, gʻoʻza (Gossypium) oʻsimligi urugʻlari atrofida oʻsadi. Paxta deyarli butunlay sellyulozadan iborat.

Paxta asosan tropik va suptropik iqlimda yetishtiriladi. Yovvoyi paxta navlari xilma-xilligi ayniqsa Meksika, Avstraliya va Afrikada yuqori[7].

Paxta tolasidan ip eshiladi, gazlama tayyorlanadi. Paxta matolar qadimdan maʼlum: Meksika va Pokistonda eramizdan avvalgi 5000-yillarga oid paxta gazlamalar topilgan.

Bugungi kunda dunyo boʻylab yiliga 25 million tonnagacha paxta yetishtiriladi, paxta uchun sugʻoriladigan yerlarning 2,5%i ajratilgan. Xitoy paxta yetishtirish boʻyicha birinchi oʻrinda turadi[8].

Eng koʻp paxta yetishtiruvchi mamlakatlar

tahrir
Yiliga gʻoʻza maydonlari (FAOSTAT)
ga.
Mamlakat 1985 1995 2005
  Hindiston 7 533 9 035 9 100
  AQSh 4 140 6 478 5 586
  Xitoy 5 140 5 422 5 060
  Pokiston 2 364 2 997 3 096
  Oʻzbekiston 1 493 1 390
  Braziliya 3 590 1 191 1 254
  Nigeriya 220 431 630
  Turkiya 660 741 600
  Turkmaniston 607 600
  Mali 146 336 551
Yiliga paxta yetishtirish (FAOSTAT)
ming tonna
Mamlakat 1985 1995 2005
  Xitoy 4 147 4 768 5 700
  AQSh 2 924 3 897 5 164
  Hindiston 1 484 2 186 2 475
  Pokiston 1 217 1 802 2 122
  Oʻzbekiston 1 265 1 250
  Braziliya 943 479 1 196
  Turkiya 518 851 800
  Avstraliya 267 421 578
  Yunoniston 168 433 359
  Suriya 170 216 331

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. M. Atyemev. Imperiyaning paxtasi va nefti (rus tilida). Forbes, 2021. 
  3. Sh.Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lug’ati. III jild. Universitet, 2009 — 187-bet. 
  4. Ensiklopedik lugʻat. OʻzSE bosh redaksiyasi, 1988. 
  5. Oʻzbek tilining izohli lugʻati, 2006. 
  6. S.Muhamadxonov, F.Jongurazov. O‘simlikshunoslikka oid ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘at. Mehnat, 1989 — 278-bet. 
  7. The Biology of Gossypium hirsutum L. and Gossypium barbadense L. (cotton). ogtr.gov.au
  8. "Natural fibres: Cotton" (Wayback Machine saytida 3-sentabr 2011-yil sanasida arxivlangan), International Year of Natural Fibres