Jome masjidi (Fatehpur Sikri)
Jome masjidi — Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida joylashgan, UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, Fatehpur Sikrida 16-asrda qurilgan jamoat masjidi. U Boburiy imperatori Akbar tomonidan barpo etilgan va qurilish vaqtida imperiyadagi eng katta masjid boʻlgan. Jome masjidining dizayni Boburiylargacha boʻlgan turli sultonliklar tomonidan qurilgan oldingi masjidlardan olingan va keyingi Boburiylar meʼmorchiligi asnosida qurilgan inshootlar uchun muhim pretsedent boʻlib xizmat qilgan.
Masjid | |
Jome masjidi
| |
Masjidning kirish qismi | |
Mamlakat | Hindiston |
Koordinatalar | 27°05′42″N 77°39′46″E / 27.09500°N 77.66278°E |
Meʼmoriy uslub | Boburiylar meʼmorchiligi |
Qurilish materiali | Qizil qumtosh |
Jome masjidi (Fatehpur Sikri) Vikiomborda |
Masjid majmuasidagi diqqatga sazovor yodgorliklarga masjidning janubiy darvozasi vazifasini bajaradigan Baland Darvoza va masjid sharafiga qurilgan avliyo Salim Chishti maqbarasi kiradi.
Tarixi
tahrirAkbar oʻzining yangi poytaxti Fatehpur Sikri shahrida jome masjidini aholi foydalanishga topshirgan. Tuzilishiga koʻra, u shaharda qurilgan ilk inshootlardan biri boʻlib, yozuvlarda aytilishicha, 1571 va 1574-yillar oraligʻida qurib bitkazilgan[1][2]. Masjid Akbarning maslahatchisi soʻfiy Shayx Salim Chishti sharafiga qurilgan. Shuningdek, u Shayx avlodlari uchun xonqa (monastir maktabi) vazifasini oʻtashi ham kerak edi. Oʻz davrida masjid goʻzalligi va ulugʻvorligi uchun turli mualliflar va sayohatchilar tomonidan maqtovga sazovor boʻlgan[3].
Masjid Akbarning diniy dizayndagi inshootlari orasida muhim ahamiyatga ega. 1579-yilda u Fatehpur Sikri aholisi ishtirok etgan jamoat namozida xutba oʻqigan. Uning baʼzi ota-bobolari ham bu ishni qilgan boʻlsa-da, xutba oʻqish odatda diniy rahbarlar (masalan, imom) ning vazifasi bo‘lgan va shuning uchun uning bu holati ulamolar tomonidan radikalizm sifatida qabul qilingan. Akbar aholining namoziga qoʻshilib, hatto masjid pollarini supurayotganini ham koʻrishgan[1][2]. Kavuri-Bauerning taʼkidlashicha, bu harakatlarning barchasi Akbarning ongli harakatlari boʻlib, masjiddan oʻzini oddiy hukmdor emas, balki ilohiy hukmdor sifatida koʻrsatish maqsadida foydalangan[1].
Fatehpur Sikridagi jome masjidi Akbar hukmronligidan keyin „Boburiylar merosi va gʻururi ramzi“ boʻlib qolgan[2]. Masjid Akbarning oʻgʻli va vorisi Jahongirni kuchli darajada hayratga solgan va uni otasining arxitekturadagi eng katta yutuqlaridan biri deb atagan. Jahongir 1619-yilda Fatehpur Sikrida boʻlganida oʻgʻli Xurram bilan masjid majmuasi haqida uzoq suhbatlashgan[2][3]. Xurram Boburiylar imperatori Shoh Jahon sifatida mashhur boʻlgan va bu masjidni Dehlidagi oʻzining jome masjidi uchun namuna sifatida tanlab olgan[2].
Arxitekturasi
tahrirJome masjidi Fatehpur Sikri hududidagi qoyali tizmaning eng baland nuqtasida joylashgan[2]. U tekis sirtni taʼminlash uchun qurilgan baland plintusga oʻrnatilgan[3]. Masjid majmuasi toʻsiq devorlari bilan oʻralgan; janubiy devor tashqarisida katta baoli (sakkiz burchakli zinapoyaga ega quduq) joylashtirilgan[4]. Fatehpur Sikrining qolgan hududlariga oʻxshab, masjid mahalliy qazib olingan qizil qumtoshdan barpo etilgan[2]. Bundan tashqari, bezak uchun sariq qumtosh, marmar va shiferdan ham foydalanilgan, hamda fors va arab xattotligi yozuvlari bilan bezatilgan[4].
Qurilish vaqtida masjid Boburiylar Hindistonidagi eng katta masjid boʻlgan. U islom, hindu va jayn meʼmorchiligining uygʻunligini ifodalaydi va Gujarat meʼmorchiligi taʼsiriga ega[4]. Asherning taʼkidlashicha, masjid Mandudagi va Chanderidagi jome masjidlariga oʻxshab ketadi, ularning ikkalasi ham Boburiylargacha qurilgan inshootlardan olingan turli elementlarni oʻzida namoyish etgan[2]. Alfieri ham, Boburiylargacha qurilgan jome masjidlaridan ilhom olinganligini koʻradi, lekin buni aytish oʻrniga Atala va Champanerdagi masjidlariga oʻxshashligi xususida iqtibos keltiradi[3].
Eshiklari
tahrirMasjid majmuasiga uchta darvoza orqali kiriladi[2]. Badshahi Darvaza (Imperator darvozasi) deb nomlanuvchi sharqiy darvozadan Akbar masjidga kirish uchun foydalangan. U mozaikalar yordamida bezatilgan. Shimoliy va janubiy darvozalar tarixda bir-biriga oʻxshash boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo 1573-yilda janubiy darvoza Akbar tomonidan Gujaratdagi harbiy yurishi muvaffaqiyatini nishonlash uchun Baland Darvaza (Yuqori darvoza) sifatida qayta qurdirilgan. Bu eng koʻzga koʻringan darvoza va yodgorlik inshooti boʻlib, uning koʻp qavatli koridorlari va xonalari mavjud[3]. Asherning aytishicha, bu darvoza Akbarning Chishtiya bilan aloqasi bor ekanligini namoyish etish maqsadida qurilgan[2].
Hovlisi
tahrirSahn (hovli) oʻlchamlari 165 metrga 130 metrlik toʻgʻri toʻrtburchak shaklida. Uning markazida tahorat olish uchun suv idish joylashgan[3]. Hovlining shimoliy, janubiy va sharqiy tomonlari dalanlar (arkadalar) bilan qoplangan. Chhatris bu arkadalarning parapetlari tepasida joylashgan. Arkadalarning ichki qismi hujralarga boʻlingan boʻlib, ular, ehtimol, dindorlar uchun yotoqxona sifatida foydalanilgan boʻlishi mumkin[4].
Hovlining shimoliy tomonida Salim Chishti maqbarasi, Islomxon maqbarasi va Chishti oilasining boshqa bir qancha aʼzolarining qabrlari joylashgan. Salim Chishti maqbarasi makrana marmaridan ishlangan boʻlib, u jome masjidi majmuasining qizil qumtoshidan farq qiladi[3]. Hovli ostida yer osti suv havzalari mavjud[2].
Namoz zali
tahrirToʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi namozxona (oʻlchami 89 m dan 20 m gacha) hovlining gʻarbiy qismida islom anʼanalariga koʻra Makkaga qaragan holda joylashtirilgan[2]. Uning maydonida uchta arkali kirish yoʻlaklarini oʻz ichiga olgan katta peshtoq alohida ajralib turadi. Tomdan uchta gumbaz koʻtarilgan, ular zal boʻlingan uchta qismga mos keladi[4]. Markaziy qism kvadrat shaklda va turfa bezaklar bilan bezatilgan boʻlib, unda geometrik marmar naqshlari, shuningdek, polixrom gulli rasmlar mavjud[2]. Uning gʻarbiy devorida mozaikalar va sirlangan koshinlar bilan chegaralangan naqshinkor mehroblar (namoz oʻqish joylar) mavjud[3]. Ikki yondagi ajratilgan xonalar ustunli zallardan iborat boʻlib, ularning har biri kvadrat shaklda. Ushbu zallarda bezatilgan mehroblari mavjud boʻlib, ular hind uslubidagi ustunlar bilan mustahkamlangan[4]. Namoz zalining chekkalarida zenanalar (ayollar galereyasi) joylashtirilgan[3].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 Kavuri-Bauer, Santhi (2019-01-02). "The Impact of Akhlaq-i Nasiri on the Forms and Spaces of Akbar's Fatehpur Sikri" (en). South Asian Studies 35 (1): 43–62. doi:10.1080/02666030.2019.1605574. ISSN 0266-6030. https://www.tandfonline.com/action/showCitFormats?doi=10.1080/02666030.2019.1605574.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 Asher 1992.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 Alfieri 2000.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 „Jami' Masjid, Fatehpur Sikri, India“. ArchNet.
Adabiyotlar
tahrir- Asher, Catherine B. (1992), Architecture of Mughal India, Cambridge University Press, ISBN 9780521267281
- Alfieri, Bianca Maria (2000), Islamic Architecture of the Indian Subcontinent, Laurence King Publishing, ISBN 9781856691895