Kuchuktepa — soʻnggi jez va ilk temir davriga oid qoʻrgʻon harobasi (miloddan avvalgi 105-asrlar). K. Koʻhitang togʻining jan. yon bagʻrida, Ulanbuloqsoy boʻyida, Murzarabod qishlogʻi yaqinida joylashgan. K. aylana shaklda boʻlib, asosi 320 m, yuqori qismida 150 m ga yaqin. Balandligi 8 m. Shim.-sharqiy tomonda alohida uylarning harobalari joylashgan. Umumiy maydoni—0,5 ga. Yodgorlik L. I. Albaum tomonidan aniqlangan (1962). Arxeologik tadqiqot ishlari 1963—84 yillarda (uzilishlar bilan) olib borilgan (A. Asqarov). Yodgorlikning markaziy qismi toʻliq ochib oʻrganilgan. K. tarixida 4 ta meʼmoriy bosqich mavjud boʻlgan. 1-bosqichga oid bino 4 m qalinlikdagi maxsus sunʼiy koʻtarma ustiga qurilgan. Bino toʻgʻri toʻrtburchak shaklda boʻlib, shim., gʻarb va jan. tomonlardan mudofaa devorlari bilan oʻralgan.Binoning umumiy maydoni 60 m2 ni tashkil etgan. 2-meʼmoriy bosqichda sharqiy tomondan binoga yana 4 ta xonadan iborat uy qurilgan. Natijada bino kvadrat shaklga ega boʻlgan.

Bino 2 qator mudofaa devorlari bilan oʻralgan. 3-meʼmoriy bosqichda binoning sharqiy va jan. tomonlarida yangi tupap joylar barpo etilgan va u yana bir qator mudofaa devori bilan oʻralgan. 4-meʼmoriy bosqichda oldingi davr turar joylari oʻrnida yangi uylar barpo etilgan. Binoning dastlabki koʻrinishi saqlanib qolgan. Janubiy va sharq tomondan bino yangi qalin mudofaa devori bilan oʻralgan. Binoning umumiy maydoni 250 m2 ni tashkil qilgan. Asosiy qurilish materiali sifatida toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi xom gʻishtlardan foydalanilgan. K.dan qoʻlda va kulolchilik charxida tayyorlangan sopol idishlar, oʻroqsimon tosh pichoqlar, bolgʻalar, oʻgʻir dastalari, havonchalar, yorgʻuchoqlar, jez pichoklar, bigizlar, paykonlar, xanjar va suyak bigizlar topilgan. K. Oʻrta Osiyoning shim. hududlaridan koʻchib kelib, oʻtroklashgan chorvadorlarning mudofaa devorlari bilan oʻralgan manzilgohidir. Ular oʻz taraqqiyotida mahalliy dehqon aholining madaniy yutuqlaridan keng foydalanganlar. K.da hayot uzluksiz 400— 500 yil davom etgan. K. aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan.

Ad:. Al bau m L. I., K datirovke verxnego sloya poseleniya Kuchuktepe. IMKU, vip. 8, T., 1969; Asqarov A. A., Albaum L. I., Poseleniye Kuchuktepa, T., 1979; Shaydullayev Sh. B., Severvaya Baktriya v epoxu rannego jeleznogo veka, T., 2000.

Shokirjon Pidayev.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil