Abu’l Abbos Aḥmad ibn Jaʼfar (arabcha: أبو العباس أحمد بن جعفر; tax. 842 — 892-yil 14-oktyabr), hukmdorlik nomi Muʼtamid alāllāh (المعتمد على الله, „Xudoga bogʻliq“) bilan mashhur, 870-yildan 892-yilgacha hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifaligi xalifasi. Uning hukmronligi „Samarradagi anarxiya“ning tugashini va Abbosiylar mavqei tiklanishining boshlanishi bilan tarixda qolgan. Shunday boʻlsa-da, u faqat nomigagina xalifa boʻlgan, xolos. Hokimiyat harbiylar bilan mustahkam aloqada boʻlgan akasi Muvaffaq qoʻlida boʻlgan. 882-yil oxirida Ahmad ibn Tulun nazoratidagi hududga qochishga muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng Muʼtamidning hokimiyati yanada cheklanib, akasi tomonidan uy qamogʻiga olingan. 891-yilda Muvaffaq vafot etgach, sodiq odamlar hokimiyatni xalifaga qaytarishga harakat qilishgan. Biroq, tezda Muvaffaqning oʻgʻli Muʼtazid ularni yengib, otasining vakolatlarini oʻz zimmasiga olgan. Muʼtamid 892-yilda vafot etgach, Muʼtazid xalifalik vakolatini oʻz zimmasiga olgan.

Muʼtamid
المعتمد
Xalifa
Moʻminlar amiri

884/5-yilda zarb qilingan Muʼtamidning oltin dinori. Muvaffaq va uning vaziri Said ibn Maxlad (Zul-Vizoratayn) ismlari yozilgan.
Abbosiylar xalifaligining 15-xalifasi
Saltanat 870-yil 16-iyun — 892-yil 14-oktyabr
Oʻtmishdoshi Muhtadiy
Davomchisi Muʼtazid
Tugʻilishi tax. 842-yil
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 892-yil 14-oktyabr (tax. 50 yoshda
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Turmush oʻrtogʻi
  • Xallafa
  • Nabt
Farzandlari
Toʻliq nomi
Abu’l Abbos Ahmad ibn Jaʼfar al-Mutavakkil al-Muʼtamid ala’lloh
Sulola Abbosiylar
Otasi Mutavakkil
Onasi Fityan
Dini Islom (Sunniylik)

Hayoti tahrir

 
9-asr Abbosiy xalifalarning shajara daraxti

Boʻlajak Muʼtamid xalifa Mutavakkilning (h. 847–861) Fityan ismli kufalik choʻridan tugʻilgan oʻgʻli[1]. Toʻliq ismi Ahmad ibn Abu Jaʼfar boʻlib, otasidan Abul Abbos, onasidan esa Ibn Fityan nomini olgan[2]. Muhtadiy turkiy qoʻmondonlar Bayakbak va Yarjux tomonidan taxtdan agʻdarilganidan soʻng, harbiylar tomonidan keyingi xalifa etib saylanib, 870-yil 16 yoki 19-iyun kuni Muʼtamid AlaʼAlloh nomi bilan xalifa deb eʼlon qilingan. 21-iyun kuni Muhtadiy qatl etilgan[3].

Hukmronlik va Muvaffaq bilan oʻzaro munosabat tahrir

 
Qasr al-Oshiq saroyi 877—882-yillarda qurilgan va Muʼtamid davrida foydalanishga topshirilgan.

Muʼtamidning taxtga chiqishi 861-yilda Mutavakkilning oʻldirilishi bilan boshlangan „Samarradagi anarxiya“ gʻalayonlariga chek qoʻygan. Oʻsha davrda viloyatlardagi xalifalik hokimiyati qulashi natijasida markaziy hukumat Iroq hududidan tashqaridagi xalifalikning katta qismi ustidan samarali nazoratni yoʻqotgan. Gʻarbda Misr Suriya boʻyicha ham rejalari boʻlgan shuhratparast turkiy sarkarda Ahmad ibn Tulun nazorati ostiga oʻtgan. Xuroson va Islom Sharqining koʻp qismi Abbosiylarning sodiq noibi Muhammad ibn Tohir oʻrniga tayinlangan Yaʼqub ibn Lays boshchiligidagi Safforiylar tomonidan bosib olingan edi. Arabiston yarim orolining koʻp qismi xuddi shu tarzda mahalliy hukmdorlar qoʻlidan boy berilgan boʻlsa, Tabaristonda radikal Zaydiy shia sulolasi hokimiyatni qoʻlga olgan. Hatto Iroqda ham Zanj qullar qoʻzgʻoloni boshlanib, tez orada Bagʻdodga tahdid solgan, janubda esa qarmatiylar yangi xavf sifatida vujudga kelgan[4][5][6]. Bundan tashqari, Muʼtamidning saroydagi mavqei ham izdan chiqqan. Chunki avvalgi toʻntarishlar paytida haqiqiy hokimiyat elita turkiy qoʻshinlar va Muʼtamidning ukasi, xalifalik bosh qoʻmondoni sifatida xalifa hukumati va turklar oʻrtasida bosh vositachi boʻlgan Abu Ahmad Talha qoʻliga oʻtgan edi. 869-yilda xalifa Muʼtazz vafot etganida, hatto Bagʻdodda ham uning xalifa boʻlishi tarafdorlari gʻalayonlari boʻlib oʻtgan edi[7][8].

Akasidan farqli oʻlaroq, Muʼtamidda siyosiy tajriba va qudrat, shuningdek, tayanishi mumkin boʻlgan kuchlar yoʻq edi[9]. Muhtadiy turklar tomonidan oʻldirilgan vaqtda Abu Ahmad Makkada boʻlgan. Darhol shimolga, Samarraga yoʻl olgan. U yerda Muso ibn Bugʻa bilan birgalikda Muʼtamidni amalda chetlab oʻtib, hukumat nazoratini oʻz zimmasiga olgan[10][11]. Muʼtamid shu tariqa tezda oliy hukmdorga aylangan[12]. Qisqa vaqt ichida Abu Ahmad xalifalik hukmronligi ostidagi yerlarning koʻp qismi, jumladan Gʻarbiy Arabiston, janubiy Iroq, Bagʻdod bilan birga va Forsni qamrab olgan katta hududlarga noib etib tayinlangan. Oʻz hokimiyatini bildirish uchun xalifalar uslubidagi Muvaffaq bi-Alloh sharafli nomini qabul qilgan[10][11]. Muʼtamid rasmiy hukmdor sifatida oʻz vazirlarini tayinlash huquqini saqlab qolib, dastlab Mutavakkilga xizmat qilgan tajribali Ubaydulloh ibn Yahyo ibn Xoqonni tanlagan. Xalifalik davrida xalifa oz boʻlsa-da huquqlarni saqlab qolgan, lekin 877-yil, vafotidan keyin ushbu vazirning oʻrniga Muvaffaqning kotibi Sulaymon ibn Vahb tayinlangan. Tez orada Ibn Vahb sharmanda bo‘lgach, o‘rniga Ismoil ibn Bulbul vazir etib tayinlangan. Biroq, hokimiyat amalda Muvaffaqning yangi kotibi Said ibn Maxladga tegishli boʻlib, bu holat 885-yilda uning sharmandali tarzda qulashigacha davom etgan. Shundan soʻng Ibn Bulbul Muʼtamid va Muvaffaqning yagona vaziri boʻlib qolgan[13].

875-yil 20-iyulda Muʼtamid davlatni boshqarish va vorislik masalasini rasmiy ravishda belgilab bergan. Unga koʻra, Muʼtamidning voyaga yetmagan oʻgʻli Jaʼfarga Mufavvad illalloh sharafli nomi berilib, merosxoʻr etib tayinlangan. Merosxoʻr xalifalik hukmronligi ostidagi gʻarbiy viloyatlar Ifriqiya, Misr, Suriya, Jazira va Mosul, Armaniston, Mihrajanqadhaq va Hulvon noibi etib tayinlangan. Muvaffaq ikkinchi merosxoʻr sifatida sharqiy viloyatlar noibi boʻlgan. Bu tartib Mufavvid hali voyaga yetmasdan turib, xalifa vafot etgunga qadar amalda boʻlgan. Amalda Mufavvad hech qachon haqiqiy hokimiyatga ega boʻlmagan. Muvaffaq Mufavvadning noibi etib tayinlangan ishonchli harbiy Muso ibn Bugʻa orqali gʻarbiy viloyatlar ustidan ham nazoratni amalga oshirishda davom etgan[12][14][15]. Muvaffaqning qudrati xalifalik barcha jabhalarda duch kelgan harbiy tahdidlar tufayli mustahkamlangan. Chunki u qoʻshin ustidan toʻliq nazorat oʻrnatgan[12]. 876-yil aprelda Muvaffaq va Muso ibn Bugʻalar Dayr ul-Aqul jangida Ya’qub ibn Laysning Bagʻdodni egallashga urinishini magʻlub etib, xalifalikni barbod boʻlishdan saqlab qolishgan[16][17]. Safforiylarning qaytarilishi abbosiylarga janubdagi Zanj qoʻzgʻolonini bostirish uchun oʻz resurslarini jamlash imkonini bergan. Zanj qoʻzgʻolonchilari quyi Iroqning koʻp qismini egallashga muvaffaq boʻlib, Abbosiy qoʻshinlarini bir necha bor magʻlubiyatga uchratgan. 879-yilda Muvaffaqning oʻgʻli, boʻlajak xalifa Muʼtazidga (h. 892–902) zanjilarga qarshi qoʻmondonlik topshirilgan, keyingi yil esa Muvaffaqning oʻzi bu yurishga boshchilik qilgan. Iroq janubidagi botqoqlarda boʻlib oʻtgan ketma-ket janglarda Abbosiy qoʻshinlari Zanjilarni 883-yil avgustda qulagan poytaxti Muxtara tomon siqib chiqargan[8][18].

Ibn Tulun va Muʼtamidning Misrga qochib ketishga urinishi tahrir

 
881/2-yilda Fustatda Muʼtamid, Mufavvad va Misr hukmdori Ahmad ibn Tulun nomiga zarb qilingan oltin dinor.

Shu bilan birga, Muvaffaq ham Ahmad ibn Tulunning g‘arbiy viloyatlardagi ambitsiyalari bilan kurashishga majbur bo‘lgan. Ibn Tulun va Abbosiylar regenti 875/6-yilda Misrdan markaziy hukumatga katta miqdorda daromad o‘tkazish masalasida kelishmovchilikka uchragan. Ibn Tulun oʻz mavqeini saqlab qolish uchun xalifa va uning oʻta qudratli ukasi oʻrtasidagi raqobatga foydalanib, soliqlarning katta qismini Muvaffaq oʻrniga Mu’tamidga yuborgan. Shunday qilib, 2,2 million oltin dinor xalifaga, 1,2 million dinor xalifaning ukasiga yuborilgan[19]. Zanjga qarshi kurashda oʻzini viloyat daromadlarining asosiy qismiga haqli deb hisoblagan Muvaffaq Ibn Tulun va ukasi oʻrtasidagi rejalangan hiyla-nayranglardan gʻazablangan. Muvaffaq Muso ibn Bugʻani Misr noibi etib tayinlab, uni qoʻshin bilan Suriyaga jo'natgan. Biroq mablagʻ yetishmovchiligi askarlarning Misrga yetib bormasdan muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga olib kelgan[20][15]. Ibn Tulun Muʼtamidni qoʻllab-quvvatlab, Muvaffaqqa qarshilik koʻrsatgan holda, 878-yilda „Amirul moʻminning xizmatkori“ (mavla amir al-moʻminin) unvonini olgan[19]. 877/8-yilda Muʼtamid koʻmagi bilan Ibn Tulun butun Suriya va Kilikiya chegara hududini (Tugʻur) Vizantiya imperiyasidan tortib olishga muvaffaq boʻlgan[19].

881-yilda Ibn Tulun qoʻl ostidagi zarbxonalarda chiqarilgan tangalarga xalifa va merosxoʻri Mufavvad nomi bilan birga oʻz nomini ham qoʻshtirgan[21]. 882-yilning kuzida Tuluniylar sarkardasi Luʼlu Abbosiylar tomoniga oʻtib, Tugʻur shaharlari Tuluniylar hukmronligini rad etib, Ibn Tulunni yana Suriyaga shaxsan borishga majbur qilgan[22]. Muʼtamid ushbu vaziyatdan Samarradagi qamoqdan qochib qutulish hamda kam sonli hamrohlari bilan Tuluniylar hududiga qochib oʻtish uchun foydalangan. Xalifa yuborgan elchilar Damashqqa Ibn Tulun huzuriga yetib kelgach, Misr hukmdori yurishni to‘xtatib, xalifani intiqlik bilan kuta boshlagan. Xalifani qabul qilish orqali Ibn Tulun nafaqat musulmon olamidagi qonuniy siyosiy hukmronlikning yagona manbaini nazorati ostiga olar, balki xalifani haddan tashqari qattiqqoʻl birodaridan „qutqaruvchi“ sifatida ham namoyon boʻla olar edi[23][21]. Ushbu voqealar jarayonida Said ibn Maxlad Mosul noibi Isʼhoq ibn Kundojni ogohlantirishga muvaffaq boʻlgan. Noib Muʼtamid va hamrohlarini Furot boʻyidagi Hadisada taʼqib qilib, magʻlub etgan. Muʼtamid Samarraga qaytarilib, (883-yil fevral), Javsaq saroyida uy qamogʻiga olingan. Xalifa may/iyun oylarida hatto janubga, Vositga koʻchirilib, u yerda Muvaffaq uni shaxsan nazorat qilish imkoniga ega boʻlishi mumkin edi. 884-yil mart oyidagina kuchsiz xalifaga Samarraga qaytish uchun ruxsat berilgan. Xalifa bu orada Ibn Tulunni qoralab, Is’hoq ibn Kundojni Suriya va Misr noibi etib tayinlashga majbur boʻlgan[12][23].

886/7-yilda xalifa Armanistonning uzoq yillik hukmdori Ashot Iga (h. 862–890) „qirol“ unvonini bergan. Arman shohi Abbosiylar saroyiga oʻlpon toʻlash va xalifalik hukmronligini tan olishda davom etgan boʻlsa-da, qirol ham, turli kichik arman knyazlari ham amalda mustaqil monarxlar boʻlib olgan edi[24].

Mutazidning yuksalishi va oʻlimi tahrir

 
Muʼtazid hukmronligining soʻnggi yilidagi Abbosiylar xalifaligi xaritasi. Toʻgʻridan-toʻgʻri Abbosiylar nazorati ostidagi hududlar toʻq yashil rangda, Abbosiylar hukmronligi zaif boʻlgan, lekin avtonom noib yoki isyonchilar nazorati ostidagi hududlar och yashil rangda.

889-yilda Muvaffaq oʻgʻli Abul Abbos bilan tushunarsiz sabablarga koʻra janjallashib qolib, uni qamoqqa tashlagan. Muvaffaq keyingi ikki yilni hozirgi gʻarbiy Eron hududidagi Jibalga yurish qilish bilan oʻtkazgan. 891-yil may oyida Bagʻdodga qaytgan vaqtida oʻlimiga juda kam vaqt qolgan edi. Bag‘dod garnizon qo‘mondoni va vazir Ismoil ibn Bulbul Abul Abbosni qamoqda saqlash va hokimiyatni Muʼtamid qoʻliga oʻtkazish uchun fitna tuzgan. Shuning uchun ular xalifa va uning oʻgʻlini shaharga taklif qilib, rejani amalga oshirishgan. Biroq, Abul Abbosni chetlab oʻtishga urinish uning askarlar va oddiy odamlar orasida mashhurligi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Askarlar Abul Abbosni ozod qilgan. Muvaffaq 2-iyunda vafot etgach, Abul Abbos darhol otasining oʻrnini egallagan[25]. Abul Abbos Muʼtazid billoh unvonini qabul qilib, merosxoʻrlik tizimida otasining xalifa va Mufavvaddan keyingi oʻrnini egallagan[12]. Kuchsiz Mufavvad 892-yil 30-aprelda chetlatilib[26], Muʼtamid 892-yil 14-oktyabrda[27] „aftidan, ichimlik va oziq-ovqatni koʻp isteʼmol qilish natijasida“ vafot etganidan soʻng (Hugh N. Kennedi), Muʼtazid xalifa sifatida hokimiyatni egallagan[12][28].

Shuningdek, shialarning o‘ninchi imomi Ali al-Hodiy Muʼtamidning buyrug‘i bilan qatl qilingan.

Manbalar tahrir

  1. Kennedy 1993, s. 765.
  2. Waines 1992, ss. 68 (note 244), 115.
  3. Waines 1992, ss. 93–99, 115.
  4. Mottahedeh 1975, ss. 77–78.
  5. Bonner 2010, ss. 313–327.
  6. Kennedy 2001, s. 148.
  7. Kennedy 2001, ss. 148–150.
  8. 8,0 8,1 Bonner 2010, ss. 323–324.
  9. Kennedy 1993, ss. 765–766.
  10. 10,0 10,1 Kennedy 1993, s. 801.
  11. 11,0 11,1 Kennedy 2001, s. 149.
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 12,4 12,5 Kennedy 1993, s. 766.
  13. Kennedy 2004, s. 174.
  14. Waines 1992, ss. 166–167.
  15. 15,0 15,1 Bonner 2010, ss. 320–321.
  16. Bonner 2010, s. 316.
  17. Bosworth 1975, ss. 113–114.
  18. Kennedy 2001, ss. 153–156.
  19. 19,0 19,1 19,2 Bianquis 1998, s. 95.
  20. Bianquis 1998, ss. 95, 98–99.
  21. 21,0 21,1 Hassan 1960, s. 279.
  22. Bianquis 1998, ss. 100–101.
  23. 23,0 23,1 Bianquis 1998, s. 101.
  24. Canard 1960, s. 637.
  25. Kennedy 2001, ss. 152–153.
  26. Fields 1987, s. 176.
  27. Fields 1987, s. 178.
  28. Bonner 2010, s. 332.

Adabiyotlar tahrir

Muʼtamid
Tavalludi: 844 Vafoti: 892
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
870-yil 16/19-iyun — 892-yil 14-oktyabr
Keyingisi