Musa toʻra madrasasi
Musa toʻra madrasasi (yoki Muso toʻra madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Boʻyoqchilar koʻchasi, 8-uyda, shuningdek, Ichan qalʼaning markaziy qismida joylashgan. Yodgorlikni 1841-yilda Olloqulixonning nabirasi Musa toʻra mablagʻlari hisobiga qurdirgan.
Madrasa | |
Musa toʻra madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Xorazm viloyati |
Shahar | Xiva |
Manzil | Ichan qalʼa MFY, Boʻyoqchilar koʻchasi, 8-uy |
Mulkdor | Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Kichik |
Meʼmoriy uslub | Xorazm meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Musa toʻra |
Homiylar | Musa toʻra |
Asosiy sana: | |
Maqomi | Davlat himoyasida |
Umumiy maydoni | 38,7x28,2 m |
Musa toʻra madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
tahrirXIX asrning birinchi yarmiga tegishli Musa toʻra madrasasi Koʻhna Ark meʼmoriy yodgorligining kunchiqar tarafida, „Ichan qalʼa“ning markazidan shimoliy qismidagi Yusuf yasovulboshi madrasasi yonida peshtogʻini janub tomonga qaratib qurilgan[3]. Baʼzi manbalarga koʻra, madrasa 1841-yilda Muhammad Rahimxon I ning nabirasi va Olloqulixonning jiyani boʻlgan Rahmonquli Inoqning oʻgʻli Musa toʻraning (Xon sulolasi avlodlari ismiga „toʻra“ soʻzi qoʻshib aytiladi) buyrugʻi bilan bunyod etilgan. Musa toʻra 1885-yilda boʻlgan Turkman yovmutlariga qarshi jangda halok boʻlgan va Xivaga keltirilib, ushbu madrasaga dafn qilingan.
Bugungi kunda madrasada yogʻoch oʻymakorligi maktabi va hunarmandchilik doʻkoni faoliyat olib bormoqda[4].
Qurilish uslubi
tahrirMadrasa yuqoridan qaralganda trapetsiya shaklidagi tarhli qilib qurilgan va umumiy maydoni 38,7x28,2 m ni tashkil qiladi. Orqa va ikki yon tarzi oddiy, bezaksiz. Bosh tarzdagi peshogʻi Xorazm meʼmorchiligiga xos sharafali, sirkori koshin bilan qoplangan, gʻishtlar mavjli shaklda terilgan. Ikki yon qanotidagi 3 ravoqli hujralar peshtoqdan pastroq qilib ishlangan. 4 burchagida guldastalar bor. Darvozasi yogʻoch oʻymakorligida bezatilgan va orasida yozuvlari saqlangan. 2 gumbazli, boʻgʻim-boʻgʻimli miyonsaroy orqali hovliga oʻtiladi. Miyonsaroyning 2 yonida masjid (6,0x6,0 m) va darsxona (4,2x4,2 m) joylashgan. Hovli (21,5x14,28 m) atrofidagi hujralar oldi qator ravoqli, tomi balxi gumbazli, masjid, darsxona va miyonsaroy charxi gumbazli, ichki gumbaz osti qalqonsimon bagʻallar bilan bezatilgan. Hujralar darchasiga ganchkori panjaralar oʻrnatilgan[5]. Darvozaga „Musa toʻra oz muddat davomida martabaga erishgan, keyin jangda shahid boʻlib Jannatga ketgan. Vafotidan soʻng onasi uning xotirasi uchun ushbu madrasani barpo ettirgan“ maʼnosidagi soʻzlar sheʼriy tarzda bitilgan. Yozuvlar 1856-yilda arab alifbosida nastaʼliq uslubida oʻyib ishlangan, sheʼr esa shoir Komil Pahlavon Niyoz tomonidan yozgan[6].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
- ↑ „Muso toʻra madrasasi“. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
- ↑ „Xiva — Muso Toʻra madrasasi“. 2024-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Nafisa Zargarova. „Xiva meʼmoriy yodgorliklaridagi xattotlik namunalari“, Xiva, 2022 — 46-bet.
Adabiyotlar
tahrir- Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.