Sopolli madaniyati - Oʻzbekistonning jan. hududlarida dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi jez davri qabilalarining ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy va etnomadaniy rivojlanish holati arxeologik manbalarda aks etgan moddiy madaniyat majmuasi (mil. av. 2ming yillik). Kelib chikishi jihatidan qad. Sharq tamadduni bilan boglik bu madaniyat yodgorliklari Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyati, qoʻshni Tojikiston hududlaridan topib oʻrganilgan (Sopollitepa, Jarqoʻton, Moʻlalitepa, Boʻston, Boʻyrachi, Nurek, Tandiryoʻl). Uning eng qad. va birinchi bor topib oʻrganilgan yodgorligi Sopollitepa boʻlib, ushbu arxeologik madaniyat ham shu yodgorlik nomi bilan ataladigan boʻldi. Sopollitepa va Jarqoʻtonda oʻtkazilgan keng koʻlamli izlanishlar Sm.ni moddiy va maʼnaviy dunyosi haqida toʻliq maʼlumot beradi. Shunga qaramay, Janubiy Oʻzbekistonda shu madaniyatga tegishli 20 ga yaqin yodgorlik topib oʻrganilgan.

Sm. uchun xom gʻishtlardan qurilgan mahobatli arxitektura, sugʻorma dehqonchilik, yuksak darajada rivojlangan koʻp tarmoqli hunarmandchilik, ayniqsa, uning kulolchilik, metallurgiya, zargarlik, toʻqimachilik va teriga ishlov berish sohalari yaxshi rivojlangan. Diniy eʼtiqod zaminida olovga siginish muhim rol oʻynagan.

Sm.ning Jarqoʻtondek yodgorligi misolida oʻzbek davlatchiligining ilk ildizlarini kuzatish mumkin. Topilmalar tarixiy taxdiliga kura, Sopolli madaniyatida Zardusht islohiga qadar olovga topinish va xauma ichimligini ilohiylashtirish kuchli boʻlgan. Uning dalili sifatida Jarqoʻton ibodatxonasining ochilishi va oʻrganilishini koʻrsatish mumkin (qarang Jarqoʻton otashkadasi). Ashyoviy dalillar taxdilidan kelib chiqib, quyidagi yakuniy xulosaga kelish mumkin: 1) Oʻzbekiston Respublikasining jan. viloyatlarida mil. av. 2 ming yillikning birinchi yarmi davomida qad. Sharq tamadduniga xos tarixiy sharoitda Sm. bazasida yuksak rivojlangan qad. ilk shahar madaniyati tarkib topdi; 2) agar Sopollitepa oʻzining qad. shaharsozlik madaniyatiga xos barcha alomatlari bilan protoshahar, yaʼni Avestoda tilga olingan vara inshootini eslatsa, Jarqoʻton yodgorligi Oʻzbekiston xududida birinchi bor shakllangan tom maʼnodagi qad. shahar edi; 3) muayyan yodgorlikni qad. shahar deb atalishi uchun qoʻyiladigan ilmiy talablardan kelib chiqilganda ham Jarqoʻton u talablarga javob berishi mumkin boʻlgan noyob yodgorlikdir. Qad. shaharlarga xos boʻlgan birinchi alomat — shahar maydonida arki aʼlo va shahriston tarkib topgan boʻlishi lozim boʻlsa, Jarqoʻtonda bu sodir boʻlgan, yaʼni 100 gektarlik Jarqoʻtonning 3 gektari arki aʼlo va qolgan qismi shahriston maydonini tashkil etadi. Ikkinchi alomat — oʻtroq dehqonchilik madaniyati Agʻolisi zich joylashgan maskan mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan boʻlishi. Uchinchi alomat — shahar arki kismida mahobatli binoning, yaʼni umumshahar jamoalari boshligʻi qarorgohining tarkib topishi Jarqoʻtonda oʻz aksini topgan. Toʻrtinchi alomat — shahar maydonida barcha uchun barobar xizmat qiluvchi bosh sajdagoh — diniy mafkura markazi shakllangan boʻlishi. Beshinchi alomat — qad. shaharda xunarmandchilikning yuksak darajada tarkib topgan boʻlishi. Shahar hunarmandchilik mahsulotlari ichki bozor hamda tashqi bozor uchun ham keng koʻlamda ishlab chiqarilgan. Masalan, kulolchilik mahsulotlarining uzoq Xitoy hududlarigacha kirib borganligi haqida guvohlik beruvchi ashyoviy dalillar ushbu qad. shahar madaniyatida mavjud. Demak, bu oʻsha davr shahar aholisi tarkibi haqida faraz qilishga ishora boʻlib, qad. Jarqoʻton shahar aholisi erkin dehqon jamoalari — kashovarzlardan tashqari shahar hunar va savdo axdidan ham iborat boʻlgan. Shahar xayoti nafaqat diniy, balki dunyoviy jihatdan tashkil etilgan boshqaruv tizimi asosida qurilgan. Shahar hukmdorining mahobatli koshonasining arki aʼloda shakllanishi bunga dalolatdir.

Adabiyot

tahrir
  • Askarov A., Abdullayev B, Djarkutan, T., 1983; Askarov A., Shirinov T., Drevnebaktriyskiy xramognya v Yujnom Uzbekistane. Sopolli madaniyati Gradostroitelstvo i arxitektura, T, 1989; Sarianidi V. I., I zdes govoril Zaratushtra, M., 1992; Askarov A., Rannaya gorodskaya kultura epoxi bronzi yuga Sredney Azii, Samarqand, 1993; Askarov A., Drevnezemledelcheskaya kultura epoxi bronzi yuga Oʻzbekistana, T., 1977.

Ahmadali Asqarov.