Sanjar, Sulton Sanjar, Sulton Muiz addunyo vadDin Abul Xoris Sanjar ibn Malikshoh [1086. 6(27). 11, Jazira viloyati Sanjar sh. — 1157.26.4(7.5), Marv] — Saljuqiylar davlati sultoni (1118—57). Malikshohning kenja oʻgʻli. Akasi sulton Gʻiyosiddin Muhammad vafoti (1118-yil)dan soʻng taxtga oʻtirgan.

Sanjar Saljuqiylar davlatining sharqiy qismi tarkibiga dastlab Mozandaron, Tabariston, Seyiston, Kumis, Ray va Damgʻonni qoʻshib olgan va poytaxtni Marvga koʻchirgan. Movarounnahr va Xorazmni ham oʻz saltanatiga birlashtirgan. Sanjarning qudrati avjiga chiqqan vaqtlarda Gʻarbiy saljuqiylar sultonligi (Gʻarbiy Eron, Iroq, Ozarbayjon) va Qoraxoniylar davlati uning siyosiy taʼsiri ostida boʻlgan. Sanjar ning nomi Qashqardan Yamangacha, Gʻaznadan Ummongacha, Kavkaz va Anatoliyadan Makka va Madinagacha xutbaga qoʻshib oʻqilgan.

12-asrning 1140-yillaridan boshlab Sanjar ning kuch qudrati zaiflasha boshlagan. 1141 yilda Movarounnahrga sharqdan qoraxitoylar bostirib kirishi bilan Sanjar ning ham kuchi qirqilgan. Qatvon jangida saljuqiylar va qoraxoniylar Sanjar boshchiligida oʻzaro birlashib qoraxitoylar va qarluqlarga qarshi kurashsalarda, jiddiy magʻlubiyatga uchrashgan. Jang maydonidan atigi 6 ta otliq bilan zoʻrgʻa qochib qutulgan. Marvga yetib borgan. Sanjar Movarounnahrdan ajralgan.

Balx va Xuttalon atroflarida koʻchib yuruvchi gʻuzlar (oʻgʻuzlar) Sanjarga navbatdagi jiddiy zarbani berishgan. Aslida bu magʻlubiyatga Sanjar ning ochkoʻz amirlari va lashkarboshilari sabab boʻlgan. Balx hokimi amir — sipohsolor Koʻmach 10 ming kishilik qoʻshin bilan soliqlarning koʻpayganligiga qarshi qoʻzgʻolon kutargan gʻuzlarga qarshi yurish qilib, magʻlubiyatga uchraydi. Amir Koʻmach va uning tarafdorlari Sanjarni gʻuzlarga qarshi yurish qilishga koʻndirishgan. 100 ming kishilik ulkan lashkar toʻplagan Sanjar gʻuzlarning uzri va tovon tariqasida 50 ming ot va tuya, 200 ming qoʻy, 200 dinor va bir yillik xiroj toʻlash taklifiga rozi boʻlayotganda, urushqoq amirlar jang boshlashni talab qilganlar. Balx atrofida boʻlgan katta jangda sulton Sanjar lashkarlari magʻlubiyatga uchrab (jangda amir Koʻmach ham halok boʻladi), uning oʻzi asirga olingan (1153 y. iyul). Gʻuzlar Xurosonni egallab, Marv, Nishopur, Mashhad, Tuye va boshqa shaharlarni talashgan. Birok, gʻuzlar Sanjarga katta izzathurmat koʻrsatib, uni Balxda sulton sifatida faxriy tutqunlikda ushlab turishgan. Juvayniyning yozishicha, Termiz hukmdori Ahmad ibn Abu Bakr (amir Koʻmachning nevarasi) ming kishilik maxsus chavandozlar guruhini joʻnatib, Sanjarni gʻuzlar qoʻlidan qutqargan va Termizga olib kelgan (1156 y. okt.). Movarounnaxr, Xorazm va Xurosonning asosiy qismi qoʻldan ketganligini koʻrgan Sanjar avvalgi qudratini tiklashga behuda uringan. 1156-yil noyabrda u Termizdan Marvga kelgan va poytaxt yaqinidagi Andarobod qalʼasida yashagan.

Sanjar saroyida oʻz davrining mashhur shoir va ulamolari toʻplangan. Sanjar Marv va boshqa shaharlarda koʻplab meʼmoriy obidalar qurdirgan. Sanjar xastalanib, vafot etgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan (qarang Sulton Sanjar maqbarasi).

Manba. Sadriddin Ali alXusayni, Axbor addaulat asseldjukiyya (Zubdat attavorix), M, 1980.

Adabiyot tahrir

  • Buniyotov 3., Anushtagin xorazmshohlar davlati (10971231), T., 1998; Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000; Termiz — buyuk chorrahadagi koʻhna va yangi shahar, T., 2001.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil