Termiz arxeologiya muzeyida Surxondaryo viloyatida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan topilmalar saqlanadi. Viloyat Arxeologiya muzeyi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 12 yanvardagi "Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish toʻgʻrisida" gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 martdagi "Muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalari toʻgʻrisida" gi 98-sonli va 1999 yil 27 dekabrdagi "Termiz shahrining 2500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida" gi 545-sonli qarorlari asosida tashkil etildi.

Termiz arxeologiya muzeyi

Arxeologiya muzeyi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 oktyabrdagi 08-10-168 sonli majlis bayonnomasiga muvofiq Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi va Madaniyat ishlari vazirligining 2001 yil 24 oktyabrdagi 10-231 sonli buyrugʻiga asosan vazirlik tizimiga kiritildi (endilikda Madaniyat va sport ishlari Vazirligi).

Arxeologiya muzeyining tematik-ekspozitsion rejasi 2001-yil 14 fevraldagi "Oʻzbekmuzey" jamgʻarmasining arxeolog olimlar ishtirokidagi kengaytirilgan majlisida tasdiqlanib, Madaniyat ishlari vazirligining muzey ishlari boshqarmasi tomonidan qayta tahrir oʻtkazilib, Madaniyat ishlari vazirligiga taqdim etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining 2001 yil 24 oktyabrdagi 231-sonli Buyrugʻiga asosan "Arxeologiya" muzeyining fondini yangi eksponatlar bilan boyitish ustida talay ishlar qilindi.

Arxeologiya muzeyining binosi "Oʻzqishloqloyiha" institutining ilmiy xodimlari tomonidan 100 ming eksponatlarni oʻz zahiralarida saqlash imkoniyatiga ega bino sifatida loyihalashtirilgan.

Muzeyning kadrlar boʻlimi uz faoliyatini 2001 yil boshlagan boʻlib, hozirgi kunda muzeyda 65 kishidan iborat shtatlar jadvaliga muvofiq 54 kishi ishlab kelmoqda. Muzey direktori - tarix fanlari nomzodi, dotsent, "Do'stlik" ordeni sohibi Ismoil Botirovich Temirov MUZEYNING ILMIY BO'LIMLARIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR. Arxеologiya muzеyining ilmiy yoʻnalishi tanlangan. 2005 yilgacha uzoqqa moʻljallangan kontsеptsiya ishlab chiqilgan. Mualluf Maqola nomi Nashr nomi, soni, qachon

I.Botirov

  • «Buyuk ipak yoʻli». A.Tеmur muzеyi ilmiy toʻplami. Toshkеnt FA nashriyoti, 2003.
  • Tеrmizda buddizm. Buddism in Termez. Pokiston, Laxor, Arxеologiya dеpartamеnti, 2003.
  • «Buyuk ipak yoʻli». TеrDU ilmiy toʻplami. Termiz, 2002.
  • T.Annaеv Основные этапы развития Байсуна. В сб. "Бойсун бахори" Ташкент, 2003.
  • Этнография и топонимы Байсуна. Там же.
  • Surxon vohasi jahon madaniyati chorrahasida. 2004.
  • Sopolli madaniyatining pеktografik bеlgi-yozuvlari Toshkent, 2003.
  • Sh.Shaydullaеv Jarqoʻton. 2002.
  • Unterchungen zur fruher Eisenzeit in Nordbaktrien. 2003.
  • Sh.Rahmonov "Железная ворота" 2003.
  • Z.Xoliqov, H.Dеdjimuratov Tеrmiz va Chagʻaniyonning oʻrta asrlardagi tarixiy gеografiyasi 2004.

Ilmiy xodimlar tomonidan yozilgan ilmiy yoʻnalishdagi maqolalar jurnal va roʻznomalarda chop qilib borilmoqda. Jumladan, 2004 yil mobaynida I.Botirov tomonidan yozilgan «Qadimgi Tеrmizda budda ta'limoti» maqolasi "Surxon tongi" roʻznomasida, «Fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari» maqolasi "Tеrmiz oqshomi" roʻznomasida, I.Botirov va ilmiy xodim J.Jumaqulovlar tomonidan «Kim valiy boʻla oladi?» maqolasi "Tеrmiz oqshomi" roʻznomasida, «Abulhasan Hujviriy (Julobiy)» maqolasi "Surxon tongi" roʻznomasida, "Xonliklar davri" boʻlimi katta ilmiy xodimi Z.Xoliqov va ilmiy xodim H.Dеdjimuratovlar tomonidan «Tеrmiz va Chagʻoniyonning oʻrta asrlarda tarixiy gеografiyasi» maqolasi «Moziydan Sado» jurnalida, «Tеrmiz yirik hunarmanchilik shahri», «Arxеtikturada islom madaniyatining aks etishi» maqolasi Tеrmiz Davlat Univеrsitеti profеssor-oʻqituvchilarning 2004 yil fеvral oyidagi ilmiy toʻplamida, «Mustaqillikning 13 yilligi, ma'naviyat va ma'rifat», R.Boltaеva tomonidan yozilgan «Yaponiya oliy ta'lim tizimi», «JICA koʻmagi bilan» maqolalari, ilmiy xodim J.Jumaqulov tomonidan «Misgarlik san'ati» maqolasi "Surxon tongi" roʻznomasida chop etildi. Bundan tashqari, I.T.Botirov, T.Annaеv tomonidan 2002 yilda oʻzbеk tilida «Sharq» nashriyotida chop qilingan «Surxondaryo viloyati Arxеologiya muzеyi» dеb nomlangan risola Germaniyaning Konrad Adеnaur fondining Toshkеntdagi vakolatxonasi homiyligida nеmis tilida chop qilindi.

Ilmiy xodimlarning tarixiy davrlar boʻyicha tayyorlagan buklеtlarning baʻzilarini koʻrsatib oʻtamiz: Annaеv T. "Surxon vohasi jahon madaniyat chorrahasida". Gʻulomov O., Xudoybеrdiеva N. "Surxon vohasi Tosh davri yodgorliklari" II qismli). "Surxon vohasida Bronza davri madaniyati" II qismli). Tеmirova D. "Ellinizm madaniyatining Arxеologiya muzеyi zallarida koʻrinishi", «Yunon Baqtriya podsholigi" Annaеv R "Shimoliy Toxariston dеvoriy suratlari", "Ilk oʻrta asrlarda Bojxona inshootlari". Dеdjimurodov H. "Tеrmiz va Chagʻoniyonning oʻrta asrlarda tarixiy gеografiyasi", "Tеrmiz yirik xunarmanchilik shahri IX-XI asr", "Arxеtikturada islom madaniyatining ask etishi", "Mis kosadagi bitiklar", "Buxoro xonligi", "Xiva xonligi", "Qoʻqon xonligi". Choriеv. M. Boltaеv F. "Mis shokasadagi bitiklar", "Qadimda pul muomalasi" Jumaqulov J. "Abulhasan Hujviriy va uning Kashf ul-Mahjub asari haqida", "Muzеy qanday joy, u qachon paydo boʻlgan?», Abu al-Hasan Hujviriyning "Kashf ul-Mahjub" asarining "Tasavvuf haqida", "Turli mamlakatlardagi oxirgi sufiylar", "Hakimiya tariqati", "Valiylik va karomat haqida" boblari boʻyicha bukletlar. Oʻzbеkiston-Chеxiya xalqaro ekspеditsiya boshligʻi sifatida "Tosh va bronza davri" boʻlimi katta ilmiy xodimi Sh.Shaydullaеv Shеrobod tumanida joylashgan kushonlar davriga oid Jondavlattеpa yodgorligida qazishma ishlarini olib bordi (2004, sеntyabr-oktyabr). Natijada, yodgorlikning ark qismida "Saroy" oʻrni ochildi. U kvadrat shaklda boʻlib, 29x29 m, hozirgacha saroyning mudofaa dеvorlari ochildi. Yodgorlikning shahriston qismida shahar darvozasi ochildi. U burjlar (mudofaa istеhkomlari) bilan mudofaa qilingan. Baqtriya arxеologiyasida antik davr uchun bu birinchi marta uchraydi, shu vaqtgacha antik davr shaharlari darvozasi oʻrnatilmagan edi.

Ilmiy-ekspozitsiya va koʻrgazma ishlari tahrir

Arxеologiya muzеyi tasdiqlangan kontsеptsiya va tеmatik ekspozitsion rеjasiga ega. Arxеologiya muzеyining kontsеptsiyasi va tеmatik ekspozitsion rеjasi 2002 yil fеvral oyida ishlab chiqilgan boʻlib, Rеspublika еtakchi arxеolog olimlar ishtirokida «Oʻzbеkmuzеy» jamgʻarmasi ilmiy kеngashida tasdiqlangan. Muzеy ekspozitsiya ana shu kontsеptsiya va ekspozitsion rеja asosida tashkil etilgan. Muzеy zallari boʻylab ekskursiya oʻtkazish uchun 3 tilda tayyorlangan ekskursovodlar matni muzеy ilmiy kеngashi, TеrDU tarix fakultеti ilmiy mеtodik kеngashi tomonidan 2003 yil 10 iyunda, viloyat madaniyat ishlari boshqarmasi tomonidan 2003 yil 19 iyulda tasdiqlanib, hozirgi kunda ekskursiya oʻtkazishda foydalanib kеlinmoqda.

Fond boʻlimi tahrir

2003 yil Arxеologiya muzеyi fondidagi eksponatlarning umumiy soni 27346 ta edi. 2004 yil davomida esa Arxеologiya muzеyi fondidagi eksponatlarning umumiy soni 27457 taga еtdi. Shundan 19 824 tasi numizmatika fondiga tеgishli tangalar boʻlib hisoblanadi. Hozirgi kunga kеlib, muzeyda jami boʻlib, 8.500 ga yaqin arxеologik ashyoviy topilmalar, 19 824 dona numizmatika fondiga oid turli davrlarga xos tangalar mavjud. Arxеologiya muzеyi oʻzining 3 yillik faoliyati davomida muzеy fondini toʻldirish boʻyicha bir qancha ishlarni amalga oshirdi. 2004 yil davomida muzеyning ilmiy xodimlari Sh. Shaydullaеv, Sh. Raxmonov, T. Annaеv, Z. Xoliqovlar, shuningdеk, R. Boltaеva, B. Toshpoʻlatov, B. Xamrayеvlar Jarqoʻton, Chingiztеpa, Fayoztеpalarda oʻtkazilgan arxеologik ekspеditsiyalarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordilar. Kampirtеpa yodgorliklarida oʻtkazilgan qazishmalar natijasida Arxеologiya muzеyi fondi bir qancha topilmalar bilan boyitildi. Tеrmiz shahridagi «Shoymardon ota» qabristonidan topilgan eksponatlar ham shuningdеk, Shеrobod tumanining Jarqoʻton yodgorligidan topilgan 42 dona eksponat muzеy fondiga kеltirildi.

Qoʻlyozmalar bilan ishlash sektori tahrir

Ilmiy xodim J.Jumaqulov tomonidan Abulhasan Hujviriyning "Kashf-ul mahjub" asaridagi shayx Sulton Ahmad Xizravеyh, Shaqiqi Balxiy hamda Abuabdulrahmon Hotam binniy Unvon al-Isim Balxiylarning xayot va faoliyati haqidagi bayonlarni forschadan oʻzbеk tiliga oʻgirilgan. Shu bilan birga «Misgarlik san'ati» maqolasi «Surxon Tongi» roʻznomasida, "Al-Hakim at-Tеrmiziyning soʻfiylik tariqatida valiylik va karomat tushunchalari" (Kashf-ul Mahjub asari asosida) maqolasi TеrDU ilmiy toʻplamida nashr etilgan. Bundan tashqarii, viloyat radiosida "Istiqlol onlari" mavzuidagi eshittirishda muzеy va uning faoliyati haqida oʻzbеk va tojik tillarida ma'lumotlar bеrildi. Shuningdеk,muzеy ilmiy arxivida saqlanayotgan toshbosma va qoʻlyozma kitoblar ustida bir qator ishlar olib borilmoqda. Abu al-Hasan Hujviriyning "Kashf ul-Mahjub" asarining "Tasavvuf haqida", "Turli mamlakatlardagi oxirgi sufiylar", "Shayx Sulton Ahmad Xizravеyhning hayot va faoliyati", "Hakimiya tariqati", "Valiylik va karomat haqida", "Ibrohim Adham", "Ahmad binni Xizraviy", "Shaqiqi Balxiy", "Abuabdulrahmon Hotam binni Unvon al-Isim Balxiy" mavzularidagi boblari fors tilidan oʻzbеk tiliga tarjima qilindi. Termiz

1999 yil noyabr oyida UNESCO Bosh konferensiyasining Parijda boʻlgan 30-majlisida Markaziy Osiyoning qadim shahrlaridan biri Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001 yilda xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qilindi. Mazkur qaror munosabati bilan Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1999 yilning 27 dekabrida "Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001 yilda oʻtkazish va unga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida" maxsus qaror qabul qilindi. Ushbu qarorlar asosida 2002 yil 2 aprelda oʻzining 2500 yillik yoshini nishonlagan Termiz shahri koʻplab katta voqealar va larzalarni boshidan kechirgan. Butun tarixi davomida Termiz Markaziy Osiyo xalqlari madaniy taraqqiyoti va oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixida muhim rol oʻynagan. "Buyuk Ipak Yoʻli"ning asosiy chorrahalaridan biri sifatida dunyo sivilizatsiyasi rivojiga sezilarli darajada hissa qoʻshgan qadim shahardir. Buddizm dinining va u bilan bogʻliq boʻlgan memorchilik anʻanalarining Xitoy va Uzoq Sharq mamlakatlariga tarqalishi ham aynan Termiz orqali yuz bergan. Termizning geografik jihatdan qulay joylashishi, iqlimi va strategik mavqei koʻplab davlatlar va hukmdorlarning diqqat-eʻtiborini oʻziga tortar edi. Shuning uchun u Eron va grek, arab va moʻgʻul bosqinchilarining hujumlariga duchor boʻldi, Movarounnahr ichki qon to;kishlarini boshidan kechirdi, mahalliy hokimlar zulmidan azob chekdi. Termiz istilochilarning olovli janglarida yonib ketar, kulga aylanar, qaddini rostlab paydo boʻlardi, oʻsib shon-shuhrat va qudratga ega boʻlardi. U yana halok boʻlardi, yonardi, kulga aylanardi va yana oʻzini tiklab ulgʻayardi. Shu sababli Termizning har safar qaytadan tiklanishi qadimgi oʻrnida yuz bermagan. Koʻhna Termiz yoki Kushon Termizi amudaryo boʻyida rivoj topgan boʻlsa, Chingizxon bosqinidan song u sharqroqda Surxondaryo boʻyida qad koʻtarib gullab-yashnaydi. XVIII asrning ikkinchi yarmidagi oʻzaro urushlar tufayli vayronaga aylangan Termiz XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab janubroqda Pattakesar qishlogʻi zaminida bunyod etiladi va ravnaq topadi. Koʻhna Termiz obidalari oʻzining takrorlanmasligi bilan hamisha qadimgi davr mualliflari, ilk oʻrta asr Xitoy sayyohlari va musulmon davri tarixchilarining diqqat-markazida boʻlib keldi. Termiz haqidagi qimmatli yozma maʻlumotlar VII asrda Xitoy sayyohi, buddizm monaxi Syuan Tzyan yozmalarida; IX-X asrlar arab muarrixlari Ibn Xoʻrdodbeh, Ibn Xavqal, Maqdisiy, Istahriy asarlarida; grek, arman, xitoy, fors, arab manbalarida; qadimiy "Shohnoma" dostonida, ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniy, arab sayyohi Ibn Battuta, Ispaniya elchisi Ryui Gonsales de Klavixo, venger sharqshunosi Herman Vamberilar asralarida, oʻrta asr mutafakkirlari Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Bobur, Hofiz Abru, Anvariy, Hofizi Tanish Buxoriy, Davlatshoh Samarqandiy asarlarida berilgan. Termiz tarixini oʻrganishga qiziqish ayniqsa XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridan yanada kuchaydi. Arxeolog olimlardan V. V. Bartold, D. N. Logofet, N. A. Mayev, V. V. Krestovskiy, I. V. Mushketov, A. A. Semenov, M. E. Masson, V. A. Shishkin, T. V. Grek, B. N. Kostalskiy, B. B. Piotrovskiy, V. A. Vyatkin, D. D. Bukinich, B. N. Zasipkin, L. A. Albaum, G. A. Pugachenkova, E. V. Rtveladze, Ya. Gʻulomov, A. A. Asqarov va boshqalar Termizni shaxsan oʻrgandilar va ilmiy xulosalari bilan shahar tarixini boyitdilar. Koʻhna Termiz tarixini oʻrganishda 1926-1927 yillarda professor Denike boshliq Moskvaning Sharq xalqlari madaniyati muzeyi ekspeditsiyasi, 1936-1939 yillarda professor M. E. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, 1961 yili B. Ya. Staviskiy boshchiligidagi Sharq xalqlari muzeyi va Davlat Ermitaji arxeologik ekspeditsiyasi, 1959 yildan professor G. A. Pugachenkova boshliq Oʻzbekiston Respublikasi Sharqshunoslik instituti ekspeditsiyasi, 1972 yildan professor V. M. Masson boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi FA Arxeologiya Institutining Baqtriya ekspeditsiyasi, 1980 yildan akademik A. A. Askarov boschiligidagi kompleks ekspeditsiyasi, 1993 yildan professor T. Shirinov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi FA Arxeologiya Institutining Pyer Lerish boshchiligidagi Fransiya Ilmiy tadqiqotlar Instituti Milliy Markazi va Kyudzo Kato boshchiligidagi Yaponiyaning Buyuk Ipak Yoʻli Akademiyasi bilan hamkorlikda olib borayotgan ekspeditsiyalari katta ahamiyatga ega boʻldi. Natijada, miloddan avvalgi I ming yillik ortalaridan tortib, XVII asrga qadar Termiz shahri xalqlarining moddiy va maʻnaviy madaniyatini yorituvchi koʻplab arxeologik dalillar qoʻlga kiritildi. Mazkur ekspeditsiyalar tarkibida Termiz Davlat Universitetining arxeolog olimlari ham faol ishtirok etib kelmoqdalar. Rivoyatlarga koʻra, Termizni miloddan avvalgi VII asrda Baqtriyaning birinchi podshosi Zaroastr bunyod etgan. Miloddan avvalgi VI asrda bu yerlarni bosib olgan Eron Ahamoniylari Termizni juda koʻhna shahar deb taʻriflashgan. Shahar Aleksandr Makedonskiy bosqiniga qadar Ahamoniylar davlatiga boʻysungan. Termizning tarixiga kirgan ilk nomlaridan biri Taramasta - Taramata (baqtrcha - daryo qirgʻogʻi) boʻlgan. MIloddan avvalgi 327 yili Aleksandr Makedonskiy Termizni zabt etib, shaharni oʻz nomi bilan Aleksandriya deb ataydi. Aleksandr Makedonskiy hukmronligi tugaganidan keyin Grek-Baqtriya davlatining asoschisi Demetriy shaharga Demetris nomini beradi. Miloddan avvalga I asrda Grek-Baqtria davlatining kushonlar tomonidan tor-mor qilinishi munosabati bilan Termiz, yozma manbalarning guvohlik berishicha, Ta-limmi shahri deb Xitoy manbalarida esa, Tu-mi (Tami) deb atala boshlaydi. Termiz asosan kushonlar davrida (mil. avv. I - mil. III asrlar) yuksak rivojlanadi. Bu davrda Termiz Hindiston bilan gʻarb, shimol, sharq mamlakatlari bilan boʻgʻlaydigan savdo yoʻllaridagi yirik shaharga aylanadi. Termizda koʻplab budda ibodatxonalari va moʻla-maqbaralar quriladi. V-VI asrlarda Termiz yuz bergan urushlar oqibatida goh eftaliylar hukmronligi, gohida eron sosoniylari hukmronligi ostida boʻldi. VII asrdab boshlab Termizni termizshohlar sulolasi boshqardi. 705 yili Termizni arab istilochilari zabt etdilar. IX -XII asrlarda Termiz yirik feodal shahar sifatida maʻmuriy, savdo, hunarmandchilik va ilm-maʻrifat markaziga aylandi. Bu davrda shaharni oʻrab turgan istehkom devorning uzunligi 10 km ni tashkil etib, 9 ta darvozasi boʻlgan. Shu davrda Termizda dunyoga mashhur boʻlgan shoirlar, allomalar, muhaddislar, diniy va dunyoviy olimlar yetishib chiqdi. IX-XII asrlarda Termiz Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va Qoraxoniylar davlarlari tasarrufida boʻldi. 1206 yili Xorazmshoh Muhammad davlati ixtiyoriga oʻtdi. 1220 yili Chingizxon qoʻshinlari tomonidan 11 kunlik qamaldan song vayron qilindi. XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Termiz eski oʻrnida emas, sharqroqda Sulton Saodat maqbarasi tevaragida yana rivojlandi. Temuriylar davlati tarkibiga oʻtgandan keyin u gullab-yashnaydi va Shahri gʻulgula nomini oldi. Termiz Shayboniylar davlati tasarrufiga oʻtgandan keyin ham rivojlanishda davom etdi. Kohna Termiz qalʻasini qayta tiklash ishlari olib borildi. Minoralar, masjidlar va xonaqohlar qurildi. Ilm-maʻrifat rivoj topdi. XVIII asrning ikkinchi yarmida olib borilgan oʻzaro janglar, taxt talashishlar tufayli Termiz butunlay vayron boʻldi. Faqat Salovat va Pattakesar qishloqlarigina saqlanib qoldi. Masjidlar, minoralar va saroylar quladi. XVII asrning ikkinchi yarmida Surxondaryo boʻyidagi Koʻhna Termizdan janubda Pattakesar qishlogʻi paydo boʻldi. Qishloqning kengayib borishi hisobiga oradan bir asr oʻtgandan keyin hozirgi Termiz shahri qad koʻtardi. Yangi Termizning vujudga kelishi Rossiya-Angliya munosabatlarining keskinlashgan davriga toʻgʻri keldi-ki, Rossiya bu joylarda oʻz taʻsirini kuchaytirish maqsadida Oʻrta Osiyoga harbiy yurishlarini boshlab yuborgan edi. 1873 yilning 28 sentyabridagi shartnoma Buxoroni Rossiyaga qaram davlatga aylantirgan boʻlsa, 1888 yil 23 iyundagi qoʻshimcha shartnoma ruslarning Termizga kelishi va bu yerda istehkomlar qurish masalasini hal qilgan edi. 1893 yilning 15 yanvarida Termiz Buxoro amiri tomonidan Rossiya hukumatiga berilgan edi. Yangi Termizda Rossiya manfaatini himoya qilish maqsadida qurilishlar boshlandi, koʻplab harbiy qismlar keltirildi. Tuproqqoʻrgʻon va mustahkam istehkom qurildi. Termir yoʻl qurilishi, telegraf, aloga, elektr tarmoqlarining tortilishi Termizning rivojlanishi va Amudaryo boʻyidagi harbiy-strategik ahamiyatga ega boʻlgan shaharga aylanishiga olib keldi. 1917 yilgi davlat toʻntarishidan keyingi Sovet imperiyasi davrida ham Termiz oʻzining harbiy-strategik ahamiyatini yoʻqotmadi. Bu davrda Termizda katta-katta inshootlar qurildi. Maʻmuriy binolar qad koʻtardi. Ilm-fan rivojlandi, madaniyat va sanʻat ravnaq topdi. Mustaqillik yillarida Termiz chiroyini yanada ochdi, shahar koʻchalari boshqadan qurilib, ravon va keng koʻchalarga aylantirildi, istirohat bogʻlari, sharqona usuldagi muhtasham va obod bozorlar, zamonaviy maʻmuriy binolar, oʻyingohlar, teatr va kinoteatrlar, ilm-fan maskanlari barpo etildi, borlari taʻmirlandi. Qisqasi, shaharning qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgardiki, bu oʻz navbatida har bir termizlik qalbida quvonch va faxrlanish hissini uygʻotmoqda. Surxondaryo Surxondaryo viloyati - Oʻzbekiston Respublikasining eng janubida joylashgan fusunkor oʻlka. Viloyat sifatida 1941 yil 6 martda tashkil etilgan (1925 yil 29 iyundan Surxondaryo okrugi). Janubdan Amudaryo boʻylab Afgʻoniston, shimol va sharqdan Tojikiston Respublikasi bilan, janubi-sharqdan Turkmaniston bilan chegaradosh; shimoli-gʻarbdan Qashqadaryo viloyati bilan tutashgan. Viloyatning maʻmuriy, iqtisodiy bva madaniy markazi - Termiz shahri. Oʻzbekiston Resbublikasining mustaqil chegara qoʻshinlari mamlakatning Surxondaryo boʻylab oʻtgan janubiy sarhadlarini mustahkam qoʻriqlab kelmoqdalar. Surxondaryo viloyatining umumiy yer maydoni 20,1 ming kvadrat kilometr. Aholisi 1 mln 535,8 ming kishi (bu 1996 yildagi maʻlumot; soʻnngi yillardagi batafsil statistik maʻlumot bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin). Aksari qismi oʻzbeklar (79,9%). Qisman tojiklar (13,3%), ruslar, turkman va boshqa millat vakillari yashaydi. Surxondaryoning relyefi shimoldan janubga qiyalanib va kengayib boradigan tekislikdan iborat. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib oʻtadigan bu tekislik qariyb 200 kilometrga choʻzilib, shimol, gʻarb va sharqdan baland Hisor tizmasi va uning tarmoqlari - Boysuntogʻ, Koʻhitangtogʻ, Bobotogʻ bilan oʻralgan. Togʻlar bilan tekislik orasida adirlar joylashgan. Hisor togʻ tizmasining ayrim choʻqqilari 4500 metr va undan ham balandroq. Tizmaning qirra va choʻqqilari qishin-yozin qor bilan qoplanib yotadi. Boysun va Bobotogʻ yonbagʻirlari mehnatkashlarning sevimli dam olish maskanlaridir. Bu joylardagi goʻzal manzaralar ijodkorlarni doimo oʻziga chorlab keladi. Ularning, jumladan, mashhur rassom, rahmatli Roʻzi Choriyevning koʻp asarlariga bu manzaralar mavzu boʻlgan. Asosiy daryosi -Qorovultepa qishlogʻidan bir oz yuqoriroqda Hisor togʻlaridan oqib tushadigan Toʻpalangdaryo bilan Qoradaryoning qoʻshilishidan hosil boʻladi. Umumiy uzunligi 175 kilometr, havzasining maydoni 13,5 kvadrat kilometr. Surxondaryo Boysun va Bobotogʻ tizmalari oraligʻidan janubi-gʻarb tomon oqib borib, Termiz shahri yonida Amudaryoga qoʻshiladi. Uning bir nechta irmoqlari bor. Bulardan asosiysi Sangardak va Xoʻjayalpoq daryolaridir. Sheroboddaryo Boysuntogʻ tizmalari Irgʻayli va Qizilsoy daryolari qo;ʻshilishidan hosil boʻladi. Kallamozor qishlogʻiga qadar Machaydaryo, u yerdan Sherobod shahrigacha Sheroboddaryo, Sherobod shahridan quyilish joyi - Amudaryoga qadar Qorasuvdaryo deb ataladi. Umumiy uzunligi 186 km. Havzasining maydoni qariyb 3 ming km. Daryo oqimi suv omborlari bilan tartibga solinadi. Bulardan eng yiriklari - Janubiy Surxon va Uchqizil suv omborlaridir.Surxondaryo tekislik qismining iqlimi qishining, zoyining issiq va uzoqligi bilan farq qiladi. Termizda bahorning boshlanishi fevralning dastlabki oʻn kunligiga, yozning boshlanishi (harorat 20 darajadan oshishi) mayning uchinchi oʻn kunligiga toʻgʻri keladi. Kuz (oʻrtacha kecha-kunduz harorati 20 darajadan kamayishi) sentyabrning birinchi oʻn kunligidan boshlanadi. Qish mavsumi oʻrtacha kecha-kunduz harorati 5 darajadan pasayishi bilan - dekabrning ikkinchi oʻn kunligidan boshlanadi. Surxondaryo viloyatining janubi-sharqiy qismida yozda bir necha kun chang-toʻzonli issiq va quruq "afgʻon shamoli" esadi va einlarga katta zarar yetkazadi. Vegetatsiya davri 226 kundan 266 kungacha. Yozda haroratning yuqoriligi, iliq-issiq kunlarning uzoq davom etishi viloyatda issiqsevar subtropik oʻsimliklar - ingichka tolali paxta, xurmo va hatto shakarqamish, apelsin, mandarin yetishtirishga imkon beradi. Janubdagi qishloq joylarda - oq saksovul, cherkas, tarakabosh, yaltirbosh, yantoq; daryo boʻylarida - yulgʻun, jiyda, terak, qiyoq, qamish; togʻlarda - efemer boshoqli oʻsimliklar, baland togʻlarda - subalp betaga, daraxt va butalardan archa, yovvoyi mevalidaraxtlar oʻsadi. Bobotogʻda pistazorlar, Amudaryo vodiysida toʻqayzorlar bor. Togʻlarda jayron, togʻ echkisi, toʻngʻiz, silovsin, boʻri, shoqol, qoʻngʻir ayiq, jayra; qushlardan qirgʻovul, kaklik, toʻrgʻay uchraydi. Viloyatda neft va gaz qazib chiqariladi (Xovdogʻ, Kakaydi, Lalmikorda). Oʻzbekistondagi uchta yirik koʻmir konining ikkitasi Surxondaryodadir. Bular Shargʻun va Boysun koʻmir konlari boʻlib, yura qatlamida joylashgan. Polimetall (sangardak), osh tuzi (Xojaikon) konlari bor. Gips, granit, argilit kabi qurilish materiallari konlari ham mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: paxta tozalash, paxtani qayta ishlash korxonalaridir. Viloyatning yirik sanoat korxonalari: "Jarqoʻrgʻonneft" boshqarmasi, Denov yogʻ-ekstrakt zavodi, Boysun eksperimental shoyi toʻqish fabrikasi, Sariosiyo tosh saralash zavodi, Shoʻrchi un kombinati, Jarqoʻrgʻon yigiruv-toʻquv fabrikasi, Termiz tikuvchilik fabrikasi, Shargʻun koʻmir sanoati korxonalari, Sherobod keramika badiiy buyumlar zavodi va b. Viloyatda bir necha qoʻshma korxona, kichik korxonalar ishlab turibdi. Jumladan, Afgʻoniston bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalq isteʻmoli mollari ishlab chiqaradigan "Namaf" va "Afruz" qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Hindiston - Termiz "Farmed" qoʻshma korxonasi mahalliy giyohlar asosida dori-darmon ishlab chiqarsa, Poʻlat Alpomishev boshliq Turkiya - Termiz "Poʻlat" qoʻshma korxonasida oʻziga xos gilamlar, paloslar tayyorlanadi. Bugungi kunda viloyat tumanlarida qishloq xoʻjalik mahsulotini qayta ishlaydigan kichik korxonalar, sexlar tashkil etishga ahamiyat berilmoqda. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, bogʻdorchilik, limonchilik, pillachilik va b. Togʻ etaklarida lalmikor dehqonchilik (asosan bugʻdoy va arpa yetishtiriladi) bilan sgugʻullaniladi. Paxta - viloyatning 14 tumanidan 13 tasida asosiy ekin turlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda eng koʻp ingizchka tolali paxta Surxondaryoda tayyorlanadi. Viloyatning togʻoldi tumanlarida bogʻdorchilik va uzumchilikrivojlangan. Xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy (qorakoʻl va hisor zotli dumbali qoʻylar), echki, yilqi, parranda, quyon boqiladi. Jahon moʻyna va teri auksionlarida juda qadrlanadigan "Surxon suri" qorakoʻl terisi Surxondaryo viloyatida yetishtiriladi.

   Aholiga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish bozor iqtisodiyoti talablari asosida keng rivojlanib bormoqda. Bu tarmoq korxonalari davlat tasarrufidan chiqarilib, asosan xususiylashtirilib boʻlindi. Savdo tashkilotlari oʻz kuchlari bilan xalq isteʻmoli mollari ishlab chiqarib, aholini taʻminlashga eʻtibor bermoqda. 

Viloyat hududidan Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlarni Sharqiy Yevropa shaharlari bilan boʻgʻlaydigan temiryoʻl tarmogʻi (jumladan, Moskva - Dushanbe, Ashgabat - Dushanbe) oʻtgan. 1995 yilda Gʻuzor - Boysun - Qumqoʻrgʻon temir yoʻli qurilishi boshlab yuborildi. Viloyatning asosiy avtomobil yoʻli - Katta Oʻzbekiston trakti. Amudaryo ustidan Xayraton temiryoʻl qurilgan . Viloyatda tarmoq transporti ham rivojlangan. Avtomobilda mamlakatlararo yuk tashish xizmati korxonasi xalq xoʻjalik mollarini qoʻshni Afgʻonistonga yetkazib bermoqda. Surxondaryo viloyatida respublikada yagona Termiz daryo porti joylashgan. Termiz va Sariosiyoda zamonaviy aeroport bor. Surxondaryo viloyatida 14 tuman bor: Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Muzrabod, Oltinsoy, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Shorchi, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon. Shaharlar: Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Termiz, Shargʻun, Sherobod, Shorchi, Qumqoʻrgʻon. Shaharchalar: Angor, Dostlik, Kakaydi, Sariosiyo, Sariq, Xayrobod, Hurriyat. Shaharlardan ikkitasi - Termiz va Denov tuman markazlari hisoblansa-da, toʻgʻridan-toʻgʻri viloyatga boʻysunadi; qolgan shahar va shaharchalar tuman markazlaridir. 1- zal.

Surxon vohasi tosh davrida tahrir

(miloddan avvalgi 100- 3 ming yilliklar) Surxondaryo viloyatining moʻʻtadil iqlimi va atrof-muhiti bu yerda juda qadimdan inson manzilgoh-larining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan. Janubiy Hisor togʻ tizmasi turkumiga kirgan Boysuntogʻ va Koʻhitang togʻlarida mavjud gʻor va oʻngirlar ibtidoiy davr odamlari uchun makon boʻlib xizmat qilgan. Viloyat hududidagi eng qadimgi makon bu neandertal odamning manzilgohi boʻlib, Boysuntogʻdagi Teshiktosh gʻori hisoblanadi. Oʻrta tosh ( mustye) davriga, yaʻni miloddan avvalgi 100-40 ming yilliklarga oid bu gʻordan 3000 dona ibtidoiy odamlar yasagan keskich, taroshlagich va chopqi kabi tosh oʻzaklar topilgan. Teshiktosh gʻoridan ibtidoiy davr odamining tashqi koʻrinishini tiklashda muhim ashyoviy manba hisoblangan odam tana suyagi topilishi juda muhimdir. Boysundagi Amir Temur gʻori ham viloyatning eng qadimgi gʻor makonlari turkumiga kiradi. Tosh asrining yuqori bosqichiga kelib (milloddan avvalgi 40-12 ming yilliklar), Janubiy Hisor togʻ tizmalaridan boshlangan daryo va soy boʻylari (Toʻpalang daryosi havzasi ) insonlar tomonidan jadal oʻzlashtirilgan.

Mezolit davri tahrir

(Oʻrta tosh asri, milloddan avvalgi 12-5 ming yilliklar) ga kelib insonlar nafaqat gʻorlarda, balki pasttekisliklarda va daryo boʻylarida ham makon qurib istiqomat qila boshlaganlar. Shu bois, viloyatning Koʻhna Termiz, Ayritom kabi yodgorliklarida koʻplab tosh qurollar uchragan. Bu davrga kelib, oʻq-joy ixtiro qilingan, suyakdan bigiz va shu kabi boshqa qurollar yasalgan, mayda tosh (mikrolit ) qurollar koʻpaygan va yovvoyi hayvonlar xonakilashtirila boshlangan. Oʻrta tosh davri insonlar tasavvurlari va eʻtiqotlarida keskin oʻzgarish yuz bergan davr hisoblanadi. Bu jarayonni Markaziy Osiyoning eng qadimgi rang tasivlaridan boʻlmish Koʻhitangdagi Zarautsoy suratlarida kuzatish mumkin. Zarautsoydagi tosh ayvon yuza qismida va shipida 200 ga yaqin qizil boʻyoqlarda bitilgan suratlar saqlanib qolgan. Bu lavhalarda ov marosimi, hayvonot olami va oʻrta tosh davri odamlari tasvirlari oʻz aksini topgan. Baʻzi bir olimlarning taʻkidlashicha, Zarautsoy suratlarida sehrli ov marosimi jarayoni aks etirilgan. Zarautsoy suratlari Markaziy Osiyoda sanʻatning, shu jumladan, tasviriy sanʻatning ilk namunasi hisoblanadi. Viloyatda neolit (yangi tosh), eneolit (mis - tosh) davrlari manzilgohlari Koʻhitang va Bobotogʻ hududlarida qayd etilgan boʻlib, bu makon va manzilgohlar ham jez (bronza) asrida vohada dehqonchilik madaniyatining vujudga kelishida muhim ahamiyat kasb etgan.

2-zal. Surxon vohasi bronza va temir davrida tahrir

(miloddan avvalgi III-I ming yillik boshlari) Miloddan avvalgi III-I ming yilliklarni qamrab olgan bronza (jez) asri Markaziy Osiyoda tub oʻzgarishlar yuz bergan davr hisoblanadi. Bu avvalambor qalay, mis va qoʻrgʻoshin qorishmasidan tarkib topgan jez (bronza) qurollarining ixtiro qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan. Bronzaning kashf etilishi tufayli mehnat va ov qurollari takomillashgan, kulolchilik charxining ixtiro qilinishi hunarmanchilikning dehqonchilikdan alohida xoʻjalik sifatida ajralib chiqishiga olib kelgan. Jez davriga kelib meʻmorchilik rivojlangan sugʻorma dehqonchilikka asos solingan va mintaqalararo mol ayirboshlash yuzga kela boshlagan. Surxon vohasida jez asri uning soʻnggi bosqichida, yaʻni miloddan avvalgi II ming yillikning birinchi choragida boshlanib, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarigacha davom etgan. Viloyat hududida soʻngi jez davriga oid eng daslabki oʻrganilgan yodgorlik Muzrabod vohasidagi Ulanbuloqsoy etagida joylashgan Sopollitepa yodgorligi hisoblanadi. Shu bois Surxon vohasining soʻnngi jez asriga mansub madaniyat "Sopolli madaniyati" deb nomlangan. Sopollitepa qalʻa va uning tutash qismidan tarkib topgan, tarxi 82x82 m, ichki yoʻlakli uch qator mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Qalʻada aholi jamoa-jamoa boʻlib yashab, ular 8 mahalladan tashkil topgan. Miloddan avvalgi XV asrda Sopollida hayot izlari soʻnadi va bu joyda istiqomat etgan aholi Sheroboddaryo havzasiga, uning qadimiy irmoqlaridan biri - Boʻstonsoy irmoqlariga koʻchadi. Bu obida Jarqoʻton nomi ostida maʻlum boʻlib, 100 gektardan ortiq maydonni tashkil etadi. Jarqoʻton yodgorligi alohida muhofazalangan qalʻa-saroy va unga tutash qismdan, shu jumladan, voha uchun diniy markaz vazifasini oʻtagan ibodatxona, alohida-alohida tepaliklar shaklidagi turar joy binolaridan iborat mahallalar, kulollar ustaxonalari va xumdonlar, shuningdek, mozor-qabristondan iborat. Jarqoʻton yodgorligining umumiy maydoni, unda mahobatli inshootlarning mavjudligi, hunarmandchilikning taraqqiy etgani bu joyda shahar turkumidagi madaniyat mavjud boʻlganligini koʻrsatadi. Jarqoʻton yodgorligi Vatanimiz hududidagi eng qadimiy shaharning ilk timsolidir. Jarqoʻton olov ibodatxonasi bu turdagi inshootlaning eng qadimiysi boʻlib, keyinchalik Koʻhna Sharqning baʻzi bir markazlarida keng tarqalgan olov ibodatxonalarining shakllanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Miloddan avvalgi XV-X asrlar oraligʻida viloyatning baʻzi bir hududlarida, shu jumladan, Mirshodi vohasida, Surxondaryoning oʻrta va yuqori havzalarida jez davrining yangi qishloq va qalʻalari vujudga kelgan. Sopolli madaniyati sohiblari Vatanimiz hududida dastlabki sugʻorma dehqonchilikka asos solgan qabilalar hisoblanadi. Sopollitepa, Jarqoʻton, Molali kabi obidalarni qazish jarayonida topilgan don qoldiqlari, toshdan yasalgan mehnat qurollari, ipakdan toʻqilgan mato va hokazo ashyoviy manbalar buning isbotidir. Sopolli madaniyatiga xos hunarmandchilik namunalari turli-tuman boʻlib, jezdan quyma usulda yasalgan koʻzgular, oʻsmadon va koʻzachalar, tepa qismida hayvon bosh qismi tasvirlangan jez bigizlar, ilon va xochsimon shakldagi muhrlar, turli togʻ jinslaridan yasalgan munchoqlardan iborat. Bu davrda hunarmandchilikning ommaviy turlaridan biri - kulolchilik ham jadal taraqqiy topgan. Sargʻish va qizil loydan charxda yasalib maxsus xumdonlarda pishirilgan vaza va kosalar, koʻza va joʻmragli idishlar, turli hajmdagi xurmacha va xumlar oʻzining sifatliligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Sopolli va ayniqsa, Jarqoʻton yodgorliklarida loydan yasalgan but haykal, hayvonlar tasviri aks ettirilgan obrazlarning mavjudligi vohada jez davrining soʻnggi bosqichlarida badiiy sanʻatning ilk kurtaklari ham shallanganligidan darak beradi. Vohada soʻngi jez davrida istiqomat qilgan aholi Koʻhna Sharqning qadimiy sivilizatsiyalari, shu jumladan, Shumer, Akkad, Elam, Shimoliy Hindistonning Xarappa, Sibir va Qozogʻiston hududlarida istiqomat qilgan elat va qabilalar bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqada boʻlganlar.

3-zal. Qadimgi Baqtriya madaniyati tahrir

(miloddan avvalgi I ming yillik boshlari-- miloddan avvalgi IV asr) Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi choragi oʻz tasarrufiga Surxon vohasi, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afgʻoniston yerlarini birlashtirgan Baqtriya oʻlkasi iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida chuqur oʻzgarishlar yuz bergan davr hisoblanadi. Bu jarayon bevosita temirdan mehnat qurollari yasashning ixtiro qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan. Voha ahli temirni soʻnggi jez davridayoq, yaʻni miloddan avvalgi XIII-XII asrlar oraligʻida Koʻhna Sharqning qadimiy xalqlaridan biri - xettliklar bilan qariyb bir davrda kashf etgan. Oʻlkada temirdan ommaviy tarzda mehnat va harbiy qurollar yasash miloddan avvalgi VII-VI asrlarga toʻgʻri keladi. Temirdan mehnat va harbiy qurol-yarogʻlar yasashning ixtiro qilinishi dehqonchilik, harbiy bilimlar va hunarmandchilik rivojiga katta ijobiy taʻsir koʻrsatgan. Bu jarayon, ayniqsa, ilk temir asri obidalari tuzilishida va qishloq xoʻjaligida yaqqol seziladi. Ilk temir asriga kelib vohaning dehqonchik uchun qulay boʻlgan hududlari jadal oʻzlashtirilgan (Bandixon, Mirshodi vohalarida va Surxondaryoning quyi havzasi) va Muzrabod, Sherobod vohalari hududlarida yangidan bunyod etilgan shahar va qalʻalar hisobiga mavjud ekinzor yerlar kengaytirilgan. Soʻnggi jez davrida vohada dehqonchilik asosan soy va daryolar havzalarida olib borilgan boʻlsa, ilk temir asrida sunʻiy kanallar qazilib, yerlar oʻzlashtirilgan. Ilk temir asri Baqtriya zaminida ikki qismli shaharlarning toʻliq shakllangan davri hisoblanadi. Voha markazlari vasifasini oʻtgan Jondavlattepa (Sherobod vohasi), Hayitobod (Quyi Surxon havzasi), Qiziltepa (Mirshodi vohasi) ikki qismdan, yaʻni, arki-aʻlo va ichki shahar kabi tarkibiy qismlardan iborat. Arki-aʻloda voha hukmdorligining maʻmuriy inshootlari va turar joy binolar joylashgan. Har ikki qism oʻz navbatida mustahkam mudofaa istehkomlari bilan oʻrab olingan. Bu davrda doirasimon (Tallashqon-2) yoki toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi (Bandixontepa) mustahkam harbiy qalʻalar ham barpo etilgan. Mirshodi, Qizilcha va Muzraboddagi Kuchuktepa vohaning ilk temir asriga mansub qishloqlari turkumidandir. Vohada qadimgi Baqtriya podsholigi davrida shaharsozlik va meʻmorchilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham taraqqiy topgan. Mirshodi vohasidan topilgan toshdan yasalgan odam bosh qismi tasviri, Kuchuktepa, Qiziltepa, Tallashqon kabi obidalardagi uch qirrali paykonlar, temir va toshdan yasalgan yarimoy shaklidagi oʻroqlar, keli va kelisoplar shular jumlasiga kiradi. Miloddan avvalgi VI-IV asrlar kulolchiligining asosiy xususiyatlaridan biri - don va suv saqlashga moʻljallangan ulkan xumlardan tortib moʻjaz sopol idishlarning aksariyat qismi charxda yasalganligi va bankasimon koʻrinishga ega boʻlganligidir. Qadimgi Baqtriya davlati (Baqtriya, Baqtriana-bu yunoncha nom, Baxdi - "Eronga nisbatan sharqda joylashgan oʻlka") miloddan avvalgi VI asr oʻrtalarida Eron Ahamoniylariga qaramlikka tushib qolgan. Bu voqea miloddan avvalgi 545-539 yillar oraligʻida Kir boshchilik qilgan Eron qoʻshinlarining Markaziy Osiyoning katta qismini bosib olishi oqibatida roʻy bergan. Shu sanalardan tortib, Makedoniyalik Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) qoʻshinlari tomonidan qadimgi Eron davlatining tor-mor etilishiga qadar Baqtriya Ahamoniylar Eronining katta satraplik (viloyat) laridan biri hisoblangan. Vohaning Qadimgi Baqtriya davriga mansub yodgorliklari miloddan avvalgi IV asrning 30-yillarida boshlangan Makedoniyalik Iskandar istibdodi oqibatida inqirozga yuz tutadi. Viloyatdagi Qadimgi Baqtriya davriga mansub 42 ta yodgorlikning aksariyat qismi Makedoniyalik Iskandar boshchiligidagi qoʻshinlar hujumi tufayli vayronaga aylangan.

4-zal. Baqtriyaning Makedoniyalik Iskandar va Ellinstik davlatlar davri madaniyati tahrir

(miloddan avvalgi 329 yil, miloddan avvalgi II asr oʻrtalari) Miloddan avvalgi 329 yilda Makedoniyalik Iskandar boshchiligidagi yunon- makedon qoʻshinlarining Oks (Amudaryo) va Yaksart (Sirdaryo) oraligʻidagi hududni egallash uchun yurushi boshlandi. Bu harbiy muhoriba soʻgʻdliklar, baqtriyaliklar va saklarning qattiq qarshilik koʻrsatishlariga qaramasdan, miloddan avvalgi 327 yilda Oks va Yaksart oraligʻidagi katta bir qismni egallash bilan tugaydi. Bu sanadan boshlab Markaziy Osiyoning bazi bir viloyatlari kabi Baqtriya oʻlkasi, shu jumladan, Surxon vohasi ham Makedoniyalik Iskandar vafotidan soʻng (milod. avv. 323 yil) Surxon vohasi Salavkiylar davlati tasarrufida boʻladi. Miloddan avvalgi III asrning 50 - yillarida Baqtriyada Diodot asos solgan Yunon- Baqtriya shohligi vujudga kelib, bu davlat miloddan avvalgi II asrning oʻrtalarigacha hukmronlik qiladi. Miloddan avvalgi II asrning 40-30 yillari oraligʻida Yunon- Baqtriya davlati sak, yuechji (yovchi) va toxar kabi elat va qabilalarning yurishi tufayli inqirozga uchraydi. Makedoniyalik Iskandar boshchiligidagi yunon - makedon qoʻshinlarining istibdodi qoʻshni oʻlkalar singari Baqtriyada ham tushkunlik va vayronagarchilikka olib kelgan. Vohaning harbiy jihatdan muhim boʻlgan va suv manbalariga boy bir necha shahar va qishloqlarida (Tallashqondagi Tallashqon II) hayot davom etgan. Salavkiylar va ayniqsa, Yunon- Baqtrya shohligi davrida kelib, Oks (Amudaryo) boʻylarida joylashgan Koʻhna Termiz shahar sifatida shakllangan, kechuv joyida qalʻa vazifasini oʻtagan Kampirtepa, Hayitobodtepa, Jondavlattepa kabi shaharchalar kengaytirilib, Dalvarzintepa kabi shahar , qishloq va qalʻalarga asos solingan (Oysaritepa, Oqtepa va hokazo). Miloddan avvalgi III- II asrlar Baqtriyada, butun Yaqin Sharq hududida boʻlgani kabi, qadimgi Sharq anʻanalari va yunon madaniyatining birikuvi va hamkorligi jarayoni kuchayib, oʻziga xos ellinistik madaniyatni yuzaga keltirgan. Bu jarayon shaharsozlik va memorchilikda, tangalar zarb qilishda, yaʻni pul- tovar minosabatlarining tarkib topishida , badiiy sanʻat va hunarmandchilikda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shimoliy Baqtrya (Surxon vohasi) ning yunon-baqtrya davri badiiy sanʻat turlaridan biri - terrakota haykalchalaridir . Bular yalangʻoch qiyofada yoki tovonlariga tushgan kiyimlari hilpirab turgan haykalchalar yoki ayol maʻbudaning taxtda oʻtirgan holatdagi tasvirlaridir. Bir qism haykalchalar fil suyagi yoki marmar toshdan yoʻnilgan boʻlib, oʻzinig nafisligi va yuksak badiiyligi bilan ajralib turadi.Yunon-Baqtrya shohlari nomidan zarb etilgan tangalarning yuza qismida Diodot, Demetriy va boshqa hukmdorlarning koʻkragigacha tasviri tushirilgan boʻlib, aynan portret shaklidadir. Yunon - Baqtriya podsholigi davri oʻymakorlik, shishasozlik, sangtaroshlik kabi hunarmandchilik turlarining ham taraqqiy etgan davridir.

5-zal. Qadimgi Baqtriyaning kushon davri madaniyati tahrir

(miloddan avvalgi I - milodiy III asrlar) Miloddan avvalgi I - milodiy III asrlarda hukmronlik qilgan Kushon podsholigi nafaqat Vatanimiz tarixida, balki butun Markaziy Osiyo tarixiy oʻlkalari xalqlari iqtisodiy va madaniy taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan davlatlardan biri sanaladi. Kushon podsholigiga asos solgan qabilalar tarixiy manbalarda yuechji( yovchi) va toxarlar deb nomlangan. Miloddan avvalgi II asrning toʻrtinchi choragida asosan Baqtriyada hukmron boʻlgan Yunon - Baqtriya shohligi Markaziy Osiyoning shimoliy hududlarida istiqomat qilgan yuechji qabilalarining yurishi tufayli inqirozga uchragan. Milodiy I asrga kelib, Baqtriyada besh katta urugʻ (Xyumi, Shuanmi, Guyshuan, Xeytun va Gaofu - yoki boshqa bir manbada Gaofu oʻrnida Dumi) ga boʻlinib yashagan yuechji qabilalari Kujula Kadfiz tomonidan Guyshuan- Kushon urugʻi qoʻl ostida yagona davlatga birlashtirilgan. Kushon davlatining shimoliy chegarasi Janubiy Hisor togʻ tizmasiga kirgan Boysuntogʻ hisoblanib, Kushon hukmdorlari oʻz davlatining shimoliy chegaralarini mustahkamlash borasida ham tinimsiz faoliyat koʻrsatganlar. Boysuntogʻdagi " Temir darvoza" va uning bilan bogʻliq mudofaa istehkomlari ana shunday inshootlardan biri hisoblanadi. Vima Kadfiz va ayniqsa, Kanishka I hukmronligida bu davlat tarkibiga Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkiston yerlari ham kiritilgan va natijada Kushon davlati Koʻhna Dunyoning Rim imperiyasi, Parfiya va Xan Xitoyi bilan bir qatorda turgan buyuk davlatga aylangan. Milodiy III asr oxirida ichki ziddiyatlar va ayniqsa, sosoniylar Eroni qoʻshinlarining Kushonshahr, ya'ni Baqtriyani egallashlari tufayli Kushon davlati inqirozga yuz tutgan. Toʻrt asr davomida markazlashgan davlatning mavjudligi Baqtriyada, shu jumladan, uning tarkibiy qismi boʻlgan Surxon vohasida ham iqtisodiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida yuksalishga olib kelgan. Miloddan avvalgi I - milodiy I asrlarda Surxon vohasi jadal oʻzlashtirilgan, yirik kanallar qazilgan (Kattanahar), mavjud sugʻorish inshootlari kengaygan (Zang kanali), yangi shaharlarga asos solingan (Zartepa) yoki Tarmita (Termiz) va Dalvarzintepa singari shaharlar hududiy jihatdan kengaygan. Kushon davri shaharlari loyiha asosida bunyod etilgan ikki qism, ya'ni arki a'lo va unga tutash asosiy shahar qisimlaridan iborat boʻlgan. Bu davr shaharsozligi Dalvarzintepa, Zartepa, Koʻhna Termiz va uning tarkibiy qismlari hisoblangan Qoratepa, Fayoztepa, oʻrnidagi diniy inshootlar orqali yaxshi oʻrganilgan. Surxon vohasining Kushon davri shaharlari maʻmuriy, iqtisodiy markaz boʻlish bilan bir qatorda diniy markazlar vazifasini ham oʻtagan (Koʻhna Termizdagi Qoratepa, Fayoztepa, Zoʻrmola, Ayritom va Dalvarzintepadagi buddaviylik ibodatxonalari). Kushonlar hukmronligining ilk bosqichidayoq, Koʻhna Dunyo davlat va xalqlarini iqtisodiy va madaniy jihatdan bogʻlab turgan qitʻalararo savdo yoʻli, ya'ni Buyuk ipak yoʻli toʻliq shakllangan va bu xalqaro savdoda Kushon davlati ham muhim oʻrin egallagan. Xolchayon, Dalvarzintepa, Koʻhna Termiz, Zartepa, Ayritom kabi obidalardan qazib ochilgan dunyoviy va diniy yoʻnalishlarda yaratilgan haykallar, xilma-xil moʻʻjaz san'at turlari, turli-tuman hunarmandchilik buyumlari oʻzining takrorlanmasligi bilan ajralib turadi

6-zal. Shimoliy Tohariston ilk oʻrta asrlar davrida tahrir

(milodiy IV-VIII asrlar) Milodiy IV-asr oxiridan boshlab Baqtriya oʻlkasi tarixiy manbalarda Tohariston deb yuritila boshlangan. Tohariston oʻz tarkibiga Surxondaryo viloyati, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afgʻoniston yerlarini qamrab olgan boʻlib, hududiy jihatdan Kushon davri Baqtriya oʻlkasiga teng boʻlgan. Milodiy III asr oxiri - IV asr davomida Tohariston Sosoniylar Eroni davlatiga qaram viloyatga aylangan. V asrda oʻlka Xioniylar va Eftaliylar davlati tasarrufida boʻlgan. VI asrning 60-yillariga kelib, Eftaliylar davlatining Turk hoqonligi va Sosoniylar Eroni qoʻshinlari tomonidan tor-mor etilishi tufayli Tohariston Turk hoqonligi davlati qoʻl ostiga olgan. VII asrning 70-yillaridan Tohariston Arab qoʻshinlari tomonidan bosib olina boshlagan. Bu jarayon VIII asrning 40-yillariga kelib oʻlkaning batamom Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olinishi bilan yakunlangan. V-VIII asrlar davomida Tohariston markaziy hokimiyatga rasman qaram koʻplab kichik mulkliklarga (ularning soni 27 ta) boʻlingan. Chagʻoniyon, Kuftan, Termizshohlar mulkliklari shimoili - gʻarbiy Tohariston, yaʻni Surxon vohasida joylashgan. Termizshohlar mulki Amudaryoning oʻng qirgʻogidagi yerlarni va hozirgi Angor, Termiz va Jarqoʻrgʻon tumanlarini oʻz ichiga olgan. Bu mulklik Termizshoh tomonidan idora etilgan. Chagʻoniyon (arabcha Saganian, xitoycha Chigo-Yan-Na) Chagʻonrud (Surxondaryo) daryosining yuqori havzasidagi yerlarni, Hisor va Bobotogʻ togʻ oldi maydonlarini oʻz tarkibiga olgan. Chagʻoniyon mulkligining markaziy shahri Chagʻoniyon Qizilsuvning Surxondaryoga quyilishida joylashgan Budrach hisoblanadi. IV asrning oxirida, ayniqsa, Sosoniylar Eroni qoʻshinlarining Shimoliy Tohariston yerlariga yurishi oqibatida dastavval markaziy shaharlar (Tarmita-Termiz, Dalvarzintepa) inqirozga yuz tutadi. VI asr boshlariga kelib, Shimoliy Toharistonning markaziy shaharlari qayta tiklanib, kengaya boshladi va yana bir qancha shaharlarga asos solinadi. VII-VIII asrlarga oid Xitoy yozma manbalariga koʻra, Termiz mudofaa devorining uzunligi 10 kilometr (20 li), Chagʻoniyonning markaziy shahri devori 5 kilometr (10 li) ga teng boʻlgan. Toharistonning V-VIII asrlar davri shaharlari Kushon davri shaharlari kabi asosan ikki, yani arki aʻlo va shahriston kabi tarkibiy qismlardan iborat boʻlgan. Zangtepa (Qulogʻlitepa), Hayitobodtepa, Chagʻoniyon (Budrach) larning arki aʻlosida asosan hukmdor saroyi va u bilan bogʻliq inshootlar joylashgan. Markaziy Osiyoning V-VIII asrlardagi tarixiy va madaniy oʻlkalari (Soʻgʻd, Xorazm) shaharlari kabi Tohariston shaharsozligida juda murakkab meʻmorchilik uslublari qoʻllanilgan. Bular turkumiga gumbazli xonalar, tomlarini gʻishtlar yordamida ravoqsimon uslubda yopib, uning tepasidan ikkinchi va uchunchi qavatini qurish va hokazolar kiradi. Toharistonlik meʻmor ustalar shaharlardagi qabul marosimlari oʻtadigan zallarni, mehmonhonalarni, kundalik hayotga moʻljallangan honalarni bezashda somon suvoq, devoriy rang tasvir, mahobatli haykaltaroshlik va oʻyma ganchdan juda mohirona foydalanganlar. Shimoliy Tohariston shaharlari kushon davri shaharlari singari diniy markazlar vazifasini oʻtagan. Koʻhna Termizda qazib ochilgan gʻorsimon binolar, Chordingak oʻrnidagi buddaviylik inshooti, Zangtepadan topilgan qayin poʻstlogʻiga bitilgan matnlar shular jumlasidandir. V-VIII asrlar davri yodgorliklari turkumiga, shuningdek, koʻshk va hovlilar, savdo yoʻllari yoqasida joylashgan bojxonalar (Sherobod tumanidagi Tavka qoʻrgʻoni) ham kiradi. Angor vohasidagi Kuyovqoʻrgʻon, Bolaliktepa, Yumaloqtepa kabi koʻshklardagi muhtasham qabulxona va mehmonxonlar dunyoviy mazmunda ishlangan devoriy rang tasvirlarga, rang-barang haykallarga, loy yoki yogʻochga oʻyib ishlangan naqshin lavhalarga bezalgan. Ilk oʻrta asrlar Shimoliy Toharistonda badiiy sanʻatning, ayniqsa haykaltaroshlik va devoriy rang tasvir sanʻatining yuksaklikka erishgan davridir. Toharistoning V-VII asrlar davri rang tasvir sanʻati Tavka qoʻrgʻoni va Bolaliktepa devoriy suratlari orqali oʻrganilgan. Tavka qoʻrgʻonidagi muhtasham bino xonasidagi devoriy suratlarda ov marosimi aks ettirilgan boʻlsa, Bolaliktepa koʻshkidagi zalda bazm marosimi tasvirlangan. Vohaning Kattatepa (Xosiyattepa), Zangtepa, Bolaliktepa, Hayitobod, Kuchuktepa kabi obidalari, Bittepa singari dafinalarini oʻrganish jarayonida topilgan turli-tuman shisha idishlar, metalldan yasalgan oʻsmadon va mehnat qurollari togʻ minerallaridan yasalgan shoda munchoqlar, qoʻsh baldoqli krujka va metall buyumlarga taqlid etib yasalgan sopol idishlar ilk oʻrta asrlar davrida shimoli-gaʻrbiy Toharistonda hunarmanchilikning ham jadal rivoj topganligini koʻrsatadi

7-zal. Shimoliy Tohariston rivojlangan oʻrta asrlar davrida tahrir

(IX-XIII asr birinchi choragi) VIII asrning 40-yillarida shimoliy Tohariston, xususan, uning markaziy shaharlari batamom Arab xalifaligi tarkibiga kiritiladi. Bu davrdan to IX asr oxiriga qadar, yaʻni Shimoliy Toharistonning somoniylar davlati tasarrufiga oʻtkazilishiga qadar bu oʻlkada sodir boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayon musulmon dunyosi mamlakatlari bilan uzviy bogʻliq holda rivojlandi. IX asr oxiridan to XIII asrning 20-yillariga qadar Termiz va Chagʻoniyon Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Qarluqlar, Guriylar va Xorazmshohlar davlatlari hukumronlik ostida boʻlib keldi. VIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Movarounnahrda, xususan, Termiz va Chagʻoniyon yurtlarida musulmon madaniyatining shakllanish jarayoni yuz berdi. Bu jarayon ushbu yurtlarga islom dini, arab tili va yozuvining keng tarqalishi, musulmon dunyosi mamlakatlariga xos memoriy inshootlarning, jumladan, madrasa, masjid, karvonsaroy, minora, maqbara va boshqa turdagi madaniyat namunalarining yuzaga kelishi bilan ajralib turadi. IX asrdan boshlab, Shimoliy Toharistonda shaharsozlik jadal taraqqiy etgan. Bu davrda oʻlkada uch qismli shaharlar toʻliq shakillangan. Termiz, Chagʻoniyon kabi shaharlar tuzilishini oʻrganishda yozma manbalar (arab-fors mualiflari Jayhaniy, Istaxriy, Muqaddasiy va holazolar) bilan bir qatorda bu shaharlar hududida keng koʻlamda amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari xam juda muhimdir. Termizning 500 gektarlik shahar tusini olishi X asr oxirlarida sodir boʻlib, XI-XII asrlar davomida ravnaq topgan. Chagʻoniyonning markaziy shahri Chagʻoniyon (Qizilsuvning Surxondaryoga quyilish joyidagi Budrach yodgorligi) 6 kvadrat kilometrga teng maydonni egallagan. Bu shahar oʻzining yuksaklikka erishgan davrida, yaʻni X-XI asrning birinchi yarmida Qizilsuvning har ikkala qirgʻogʻini egallagan. IX asrdan boshlab shaharsozlikda pishirilgan gʻishtlar ommaviy ravishda ishlatilgan, uylar, saroylar, qabul zallari va masjidlarni bezashda murakkab islimiy va girih naqshlar keng qoʻllanilgan. Ushbu zal peshtoqidan joy olgan Termizshohlar saroyini bezab turgan naqshin lavhalar oʻzining betakrorligi bilan ajralib turadi. IX-XIII asrlar davomida Termiz va Chagʻoniyonda hunarmandchilik ham ravnaq topgan. Hunarmand ustalar mahallalari Termiz va Chagʻoniyon shaharlari bilan bir qatorda qishloqlarda ham oʻrganilgan. Chagʻoniyon atrofidagi Garmalitepa qishloq joylaridagi shunday kulolchilar ustaxonalaridan biri boʻlgan. Termizda kulollar mahallasi bilan bir qatorda temirchi va shishasozlar mahallari ham boʻlgan. Temirchi ustalar mehnat qurollari, uy-roʻzgʻor buyumlari bilan bir qatorda antiqa shamdonlar, qosh tergich va koʻzgularni quyma va bolgʻalash uslubida yasaganlar. Misgar ustalar buyumlaga bezak berishda chizma naqsh usullaridan keng foydalanganlar. Budrach yodgorligi (Chagʻoniyon shahari) ni qazish davomida topilgan mis idishlar xazinasi oʻlkada misgarlikning taraqqiyotidan dalolat beradi. XI asrga oid ogʻirligi 300 kilogrammga yaqin bu xazina turli idishlardan, jumladan, katta-katta qozonlar, hovoncha, shamdon va koʻzalardan iborat (ushbu xazinaning eng noyob namunalari mazkur zalning markaziy qismida namoyish etilmoqda). IX-XIII asrlar davomida oʻlka hunarmandlari koʻk, havorang shishadan qadahlar, bankasimon, butilkasimon idishlarni, kimyogarlar foydalanadigan kolbalar, grafinlar va pardoz-andoz buyumlarini juda mohirlik bilan yasaganlar. Zal koʻrgazmalarining katta qismi kulolchilik namunalaridan tarkib topgan. IX asr oxiridan Termiz va Chagʻoniyonda sirlangan idishlar yasash oʻzlashtirilgan. X asrning sopol idishlari, xususan, lagan, kosa, taqsimcha, koʻzalar yashil, jigarrang va sargʻish sirlarga boʻyalgan. Bir tur idishlar esa oq ranga boʻyalib, sir ustidan kufiy uslibida bitilgan qora va jigarrang yozuvlar bilan bezalgan. XI-XII asrlarda idishlarning turlari yanada boyib, turfa rangli boʻyoqlarga bezalib, naqshlari ustidan yaltiroq sir bilan qoplangan. Termizlik kulollar oʻrta asrlarda simob koʻzachalar yasashda ham mashhur boʻlganlar.

8-zal. Termiz va Chagʻoniyonning Amir Temur va Temuriylar davlati davri madaniyati tahrir

(1370 yil - XVI asr boshlari) 1362-1370 yillar oraligʻida Amir Temur tomonidan Movarounnahrda markazlashgan davlatni tashkil etish jarayonida Termiz alohida oʻrin tutgan. 1370 yilda Amir Temurning taxtga kelishi bayonida Amir Sayyid Baraka bilan birgalikda Termiz Sayyidlari- aka-uka xudovandzodalar Abu Muʻoli va Ali Akbarlar tilga olingan. Ayni shu yildan boshlab Sohibqiron va Termiz sayyidlari oʻrtasida yaqin munosabatlar yuzaga kelgan. Amir Temur 1399 yilda Hindiston yurishidan va 1404 yilda gʻarb tomonga amalga oshirilgan muhorabasidan qayta turib, Termizda qoʻnib oʻtgan. 1409 yilga qadar Termiz temuriy Xalil Sulton va undan soʻng Shohrux mirzo hukmronligi davrida Mirzo Ulugʻbek davlati tasarrufida boʻlgan. 1220 yilda yuz bergan Chingizxon bosqini Termiz va Chagʻoniyonga juda katta talofat yetkazgan. Bu yurtlarning iqtisodiyoti qayta tiklanib, madaniy ravnaq sari yuz tutishi bevosita Movarounnahrda Amir Temur davlatining tashkil topish davrida boshlangan. Shimolda Kattaqum va sharqda Solihobod qishloqlariga tutash boʻlgan Termiz katta kenglikni ishgʻol qilgan, ammo u mudofaa istejkomlari bilan oʻrab olinmagan. Bu davr shahrining taʻrifi 1404 yilda Termiz orqali Samarqandga Amir Temur saroyiga Kastilya qiroli Genrix III nomidan elchi boʻlib borgan Rui Gonsales de Klavixo kundaligida oʻz aksini juda yaxshi topgan: "Termiz juda keng va aholisi zich joylashgan, unda tashqi devor va mudofaa istehkomlari yoʻq. Atrofi bogʻ-rogʻ, shaharni koʻplab anhorlar kesib oʻtadi. Biz doimo xilma-xil mollar sotiladigan gavjum koʻchalar va maydonlardan oʻtib bordik". Amir Temur davrida Chagʻoniyon oʻlkasining markaziy shahri Chagʻoniyon ham oʻz mavqeini saqlab qolgan. Arxeologik dalillarga koʻra, XV asr oxiri-XVI asr boshlariga kelib Chagʻoniyonda hayot shahristondan rabodga koʻchgan. Chagʻoniyonning yana bir markazi Navand hisoblangan (Navand - chopar, choparlar shahri). Termiz, Chagʻonoyon va Navand oʻz zarbxonasiga ega boʻlib, ushbu zarbxonalarda Amir Temur va Temuriylar davlati hududida muomalada boʻlgan dirham (mis tangalar) qaytadan zarb etilgan (bu tangalardan namunalar zalning markaziy qismida namoyish etilmoqda). Surxon vohasidagi saksonga yaqin Shoʻrobqoʻrgʻon, Qutlugʻ shohtepa (Sherobod tumani), Navandaktepa (Uzun tumani) kabi yodgorliklarda XIV-XVI asrlarga mansub madaniy qatlamlar va ashyoviy manbalar mavjudligi qayd etilgan. Bu yodgorliklar qishloq, kechuv boʻyidagi qalʻa, saroy, karvonsaroy va savdo yoʻlidagi bojxonalar vazifasini oʻtagan. Ushbu zal koʻrgazmalarida namoyish etilayotgan ashyoviy manbalar, xususan, jangchi himoya kiyimlari, sifat darajasi bilan Xitoy chinnisiga tenglashadigan lagan va kosalar, koʻza va chiroqlar, shaxmat donalari, memoriy koshinlar Termiz va Chagʻoniyon amaliy sanʻatining Amir Temur davlati markaziy shaharlari madaniyati bilan hamohang taraqqiy etganligidan dalolat beradi.

9-zal. Surxon vohasi XVI-XX asr boshlarida tahrir

XVI asrning boshlaridan XVII asrning birinchi yarmiga qadar Surxon vohasi Shayboniylar va Joniylar (Ashtarxoniylar) davlatlari qoʻl ostida boʻlgan. XVIII asrning birinchi yarmidan XX asr boshlarigacha voha Buxoro amirligining tarkibiy qismi hisoblangan. Vohaning xonliklar davridagi muhim markazlaridan biri Termiz hisoblangan. Tarixiy manbalarda (Mahmud Ibn Vali) aytilishicha, "Termizning qishloqlari koʻp boʻlgan. Uning muhim bir qismini hukmdor qarorgohi, bozor, madrasa va hashamatli juma masjidi bor Salovat (Salihobod ) tashkil etadi". XVIII asr boshida Sherobodga asos solingan. XIX asrga kelib, Sherobod Sharqiy Buxoroning yirik iqtisodiy va madaniy markaziga aylangan. XVI asr oxirida Chagʻoniyon (Budrach)ning batamom tushkunlikka yuz tutishi oqibatida yangi shahar Qizilsuvning yuqori havzasida Dehinay (Denov) oʻrnida shakllangan. XVII asr yozma manbalarida Denov mustahkam qalʻadan iborat, gavjum bozorli, katta madrasa va xonaqoli shahar tusini olgan, deb taʻkidlangan. Navandak, Shahri safo, Javzi, Toʻfolon, Vaxshivor, Basand (XVII asrdan Boysun), Mirshodi Surxon vohasining xonliklar davridagi yirik manzillari hidoblangan. Tashqi savdoda va Jayhun (Amudaryo) boʻylab yuk tashishda Pattakesar, Termiz, Yorgoh Choʻchqaguzar va Qorakamar kechuvlari juda muhim boʻlgan. XVI asrdan to XX asr boshlariga qadar, yaʻni Amudaryoda chor Rossiyasi flotiliyasi tashkil boʻlgunga qadar bu guzarlardan muntazam foydalanilgan. Ushbu zal koʻrgazmalaridan baʻzi birlari maket ( Qumqoʻrgʻon tumanidagi Iskandar koʻprigi) yoki fotodiorammalar (Sayid Otaliq madrasasi, Denov shahri; Murch bobo masjidi, Termiz shahri) shaklida oʻrin olgan. Voha meʻmoriy yodgorliklari madrasa, karvonsaroy, masjid, maqbara, bekliklar qoʻrgʻoni, koʻprik, togʻ va daryo boʻylarda joylashgan qalʻalar kabi turlarga boʻlinadi. Surxon vohasining xonliklar davri hunarmandchiligi Koʻhna Termizning qalʻa va qoʻrgʻon yoki koʻshk deb nomlangan qismlarida, Xotin rabodda (Termiz tumani ), Sherobod begi qoʻrgʻonida, Jarqoʻrgʻondagi Kultepa yodgorligida, Toʻpolang daryosi yuqori oqimida joylashgan Yonikalon qalʻasida, Kofrun qishlogʻi (Boysun tumani) dagi Mozorattepa kabi yodgorliklarda oʻtkazilgan arxeologik qidiruv natijalari orqali maʻlum. Xonliklar davrida vohada uchta asosiy hunarmandchilik markazlari (Boysun, Denov, Sherobod) mavjud boʻlgan. Koʻrgazmalarda namoyish etilayotgan jilokor koshin boʻlaklari, temir va toshdan yasalgan mehnat va harbiy qurollar, zargarlik buyumlari ayni shu markazlar hunarmanchilik maktabiga xos osori-atiqalardir. Vohaning XVI-XX asr boshlari hunarmandchiligi turlaridan yana biri kulolchilik ham ayni shu markazlar kulol ustalari tomonidan yaratilgan. XVI asrga xos sopol buyumlarda Amir Temur va temuriylar davri anʻanalari davom etgan. Asr oxirida rangdor idishlar toʻq zangori boʻyoqqa bezalib, naqshlar asosan girih va islimiy shakllardan tarkib topgan. XVII-XVIII asrlar kulolchilik buyumlarida mahsulot sifati pasayib, idishlarda toʻq zangori va yashil ranglar koʻp qoʻllanilgan.