Ulugʻbek madrasasi (Gʻijduvon)

Ulugʻbek madrasasi (Mirzo Ulugʻbek madrasasi)Oʻzbekistonning Buxoro viloyati Gʻijduvon shahridagi Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi tarkibiga kiruvchi meʼmoriy yodgorlik. Koʻhna va mashhur Buxoro madrasalaridan biri. Ikkinchi nomi Fayziya madrasasi boʻlgan[1][2]. Hozirda Mirzo Ulugʻbek madrasasi deb ham ataladi[3][4].

Ulugʻbek madrasasi
Mirzo Ulugʻbek madrasasi

Ulugʻbek madrasasi va Abdulxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi
Eski nomlari Fayziya madrasasi
Muqobil nomlari Mirzo Ulugʻbek madrasasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Davlat muhofazasida
Turi Madrasa
Joylashuvi Gʻijduvon tumani
Manzili Abdulxoliq Gʻijduvoniy MFY,
Abdulxoliq Gʻijduvoniy koʻchasi,
Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi.
Shahar Gʻijduvon
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1432-yil
Qurilishi tugagan 1433-yil
Texnik holati
Qavatlar soni 1
Map
Ulugʻbek madrasasi xaritada
Ulugʻbek madrasasi (Gʻijduvon)

Uni Mirzo Ulugʻbek 1432/33-yili shayx Abduxoliq Gʻijduvoniy qabri yoniga pishiq gʻishtdan ikki qavatli qilib qurdirgan[5]. U bunyod etgan ushbu uchinchi va oxirgi madrasa, Buxoro va Samarqanddagi Ulugʻbek madrasalariga nisbatan kichik va soddaroqdir[6].

Tarixi

tahrir
 
Temuriy hukmdor olim Mirzo Ulugʻbekning tasviri. XV asr.

Gʻijduvondagi Ulugʻbek madrasasi Temuriylar davrida Buxorodan Samarqandga oʻtgan va Temuriylar davlati poytaxtini shimolda Xorazm, janubda Rum va Fors viloyatlari bilan bogʻlovchi tugun vazifasini oʻtagan katta karvon yoʻli yoqasida qurilgan[7].

Aytilishicha, Sohibqiron Amir Temur Xitoyga yurishidan qaytgach, Abduxoliq Gʻijduvoniy sharafiga madrasa va maqbara qurdirishni koʻngliga tugadi, ammo vafoti sabab niyatiga erisha olmaydi. Bobosining niyatidan xabar topgan Mirzo Ulugʻbek keyinchalik Abduxoliq Gʻijduvoniy qabri yoniga madrasa soldirgan ekan[8]. Buxoro viloyati Abduxoliq Gʻijduvoniy masjidi imom-xatibi Orifxon Omonovga koʻra bu gaplar manoqiblarda kelgan ekan[9].

Muhammad Ahmedovga koʻra madrasa XII asrda paydo boʻla boshlagan Xoʻja Abdulxoliq Gʻijduvoniy xazirasi toʻgʻrisida „qoʻsh“ uslubida qurilgan[10].

Buxorolik ilm ahlining fikriga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tomonidan Gʻijduvonda madrasaning qurilishi bejizga boʻlmay[11], uning bobosi eʼtiqodiga sodiqlik belgisi deb hisoblashadi. Amir Temur Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband taʼlimotiga ehtirom bilan qaragan. Turkistondagi Ahmad Yassaviy qabri ustiga katta gumbazli maqbara qurdirgan[7].

Sharqshunos va manbashunos olim Abdusattor Jumanazarning tadqiqotlari natijasiga koʻra, Mirzo Ulugʻbek madrasani hijriy 836-yili (milodiy 1432/33-yili) pishiq gʻishtdan 2 qavatli[3][4], 20 hujrali, darsxona va masjidli qilib qurdirgan. Madrasa mudarrisi 40 nafar talabaga taʼlim bergan[5]. Keyinchalik u vayron boʻlgan va hozirgi taʼmirlangan holatidagi koʻrinishi bir qavatdir[3][4].

 
Oʻzbek hukmdori Abdullaxonning tasviri. XVI asr.

Madrasa hujjati nizomida oʻquv binosi har yili taʼmirlanib borilishi qatʼiy shart qilib qoʻyilgan. Undan ortganigina qolganlarga taqsimlangan.

Madrasa 1583-yili oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1583–1598) tomonidan maxsus taʼmir qilingan.

Abdusattor Jumanazarda madrasa joylashgan va unchalik katta boʻlmagan hudud „Xojai Jahon sarmozori“ deb nomlanadi. Olim bu yerda Buxoro inqilobiga qadar 7 nafar oʻquv dargohi faoliyat yuritganligini taʼkidlaydi.

Madrasada shoʻrolar inqilobiga qadar taʼlim berilgan[9]. U shoʻrolar davrida qarovsiz ahvolga tushib qolgan. 1933-yilda V. Shishkin, V. Nilsen va I. Notkinlar ilmiy tekshiruv ishlarini olib borishgan va madrasa oʻlchamlarini aniqlashgan. 1950-yillarda madrasa selitra va ammafos kabi kimyoviy oʻgʻitlar saqlanadigan omborxonaga aylantirilgan[12].

Abduxoliq Gʻijduvoniyning 890 yilligi munosabati bilan Ulugʻbek madrasasi 1993-yil taʼmirlandi. 2003-yil Gʻijduvoniy daxmasi ustiga, tomi ustunli yogʻoch oʻymakori gumbaz bilan yopildi, ayvon qurildi. Daxma bezaklari qaytadan tiklandi. Madrasa oldi, daxma va yangi qurilgan masjid joylashgan hudud zamonaviy talablarga mos qilib obodonlashtirildi.

Hozirda madrasaning darsxonasida Buxoro muzeyining filliali, masjidida — kutubxona oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda.

Meʼmorchiligi

tahrir

Ulugʻbek madrasasi Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasining gʻarbiy qismida joylashgan. Mirzo Ulugʻbek tomonidan 2 qavatli qilib qurilgan madrasa hozirda 1 qavatli holatda saqlanib qolgan[3][4]. U Mirzo Ulugʻbek bunyod etgan madrasalar ichida eng kichigi va soddarogʻidir[6].

 
Ulugʻbek madrasasining bosh peshtogʻi

Madrasaning old fasadi asosiy kirish peshtogʻidan va ikki qanotdan tashkil topgan va XII asrda paydo boʻla boshlagan Xoʻja Abdulxoliq Gʻijduvoniy xazirasiga qaratilgan. Qanotlar tarkibiga 1 qavatli hujralar va 2 ta gumbazsiz guldastalar kiradi. Madarasa ichkarisiga peshtoqning naqshinkor darvozasi orqali kiriladi. Darvoza ortida miyonsaroy (chortoq) joylashgan. Miyonsaroydan kiraverishda toʻridagi eshikdan hovliga (15x13 metr) kiriladi. Miyonsaroyning oʻng tomonda masjid, chap tomonida darsxona (8×4,6 metr) joylashgan. 2 ayvonli hovli, 1 qavatli katta-kichik hujralar bilan oʻrab olingan. Anchagina sodda koshinkorlik ishlatilgan. Madrasa hujralarining umumiy soni 8 ta[10]. Hujralardan 4 tasi murabba tarhli, tomi qubbali.

Bosh tarzida Ulugʻbek nomi va madrasa qurilgan sanasi yozilgan. Bosh tarzi peshtogʻi yoniga ustunli, tekis tomli ayvon (bostirma) qurilib, ichi koshin bilan bezatilgan, peshtoq yonlaridagi xujralarga bosh tarzidan kiriladigan eshik, tobadonlarga ganchkori panjaralar oʻrnatilgan. Serhasham naqshinkori bezaklari tiklangan.

Madrasa hovlisida kirish qismiga qarab turgan ayvon peshtoqining kitobasida „Kimki ilm talabida boʻlsa, Jannat u kishining talabida boʻladi“ deyilgan hadis yozilgan[9].

Manbalar

tahrir
  1. Jumanazar 2017, s. 536.
  2. Jumanazar 2022, s. 134.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Jumanazar 2017, s. 535.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Jumanazar 2022, s. 132.
  5. 5,0 5,1 Movarounnahr ilmiy markazlari 2022, s. 289.
  6. 6,0 6,1 Oʻzbek Sovet ensiklopediyasi 1978, s. 553.
  7. 7,0 7,1 Hamroyev 2003, s. 20.
  8. „Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy“. Moturidiy.uz (17-iyul 2023-yil). 2023-yil 4-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.
  9. 9,0 9,1 9,2   „Madaniyat va maʼrifat“ telekanali / Ziyorat. Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohiga sayohat YouTubeda
  10. 10,0 10,1 Ahmedov 1995, s. 52.
  11. Hamroyev 2003, s. 21.
  12. „Muslima opa-singillarimiz sadaqai joriya qilishda peshqadam boʻlishdi“. Muslimaat.uz. Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.

Adabiyotlar

tahrir

Kitoblar

tahrir

Maqolalar

tahrir
  • Шишкин В. А. Медресе Улугбека в Гиждуване // Материалы Узкомстариса. — Ташкент, 1933. — № 2–3.