Ulugʻbek rasadxonasi

Samarqand shahridagi rasadxona

Ulugʻbek rasadxonasi – Samarqanddagi 15-asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri, koʻhna astronomik kuzatuv muassasasi. 1420-yillarda temuriylar davri astronomi Ulugʻbek tomonidan barpo etilgan. Rasadxonada Al-Koshiy, Ali Qushchi va Ulugʻbek kabi musulmon astronomlar ishlagan. Rasadxona 1449-yilda vayron qilingan va 1908-yilda qayta kashf etilgan

Ulugʻbek rasadxonasi
Ulugʻbek rasadxonasi

Ulugʻbek rasadxonasining old tomoni
Muqobil nomlari Ulugʻbek observatoriyasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Davlat muhofazasida
Turi Rasadxona
Manzili M2F4+W7M, Toshkent yoʻli, Samarqand
Shahar Samarqand
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1420-yil
Qurilishi tugagan 1428-yil
Buzilgan sana XVI asr
Egasi Mirzo Ulugʻbek
Oʻlchamlari
Diametr 48 m
Texnik holati
Material Pishiq gʻisht
Qavatlar soni 3
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Gʻiyosiddin Koshiy
Boshqa dizaynerlar Mirzo Ulugʻbek
Qozizoda Rumiy
Map
Ulugʻbek rasadxonasining oʻrni xaritada
Ulugʻbek rasadxonasi

Tarixi

tahrir

Rasadxona bunyodkori Muhammad Taragʻay Ulugʻbek Amir Temurning nevarasidir. U bobosi vafotidan 11 yil avval, yaʼni, 1394-yilda tugʻilgan. Shahzodaning ustozlari yozuvchi va faylasuf Orif Ozariy va buyuk matematik Qozizoda Rumiy boʻlib, keyinchalik rasadxona faoliyatida ularning ham xizmatlari katta. Ulugʻbek bolaligida qobiliyatli va matematika faniga qiziqishi baland edi. 1409-yilda Samarqand hukmdori boʻlgan Ulugʻbek ilm-fanni rivojlantirishga harakat qildi va oradan 10 yil oʻtib oʻzining orzusi – rasadxona tashkil etishni amalga oshira boshladi. Ulugʻbek Qozizoda Rumiyni bu katta ishdagi maslahatchisi deb biladi. "Ustoz koʻmagi va yordami bilan, – deb yozadi u – ilm bayrogʻini koʻtargan, haqiqat va izlanish yoʻlini koʻrsatgan buyuk olim Qozizoda Rumiy rasadxona tashkil etishga kirishdi.

 
Mirzo Ulugʻbek va Ali Qushchi rasadxonada

Rasadxona oʻziga xos turdagi bino boʻlib, uning qurilishida asosiy rol meʼmorga emas, balki binoga oʻrnatilgan asboblarning joylashuvi va hajmini aniqlagan olimlarga, yaʼni Ulugʻbek va Rumiyga tegishli boʻlgan. Aytish kerakki, ular qabul qilgan qarorlar oʻsha davr taqozosiga koʻra dadil qadamlar edi. Qurilish taxminan uch yil davom etdi. 1428—1429-yillarda rasadxona binosi tayyor holga keldi[1]. Asboblarni oʻrnatish va moslashtirish boshlandi. Buni Ulugʻbekning iltimosiga koʻra, koshonlik astronom va mohir matematik Jamshid al-Koshiy (1373—1430) amalga oshirdi.

Rasadxonaning ilmiy dasturi kamida 30 yilga moʻljallangan (Saturnning orbital davri). Davlat ishlari Ulugʻbekning rasadxonada uzoq vaqt faoliyat yuritishiga imkon bermadi. Rasadxonaga 60 dan ortiq matematik va astronom taklif qilingan. Rasadxona tashkil etilgandan soʻng unga oʻn yil davomida Jamshid al-Koshiy rahbarlik qilgan. Uning vafotidan keyin bu lavozimni yetmish yoshli Qozizoda Rumiy egalladi. Ammo oradan olti yil oʻtib, 1436-yilda Rumiy ham vafot etadi. Shundan soʻng rasadxona boshqaruvi Ali Qushchi qoʻliga oʻtadi[2]. Samarqand rasadxonasi astronomlar va matematiklarning yangi kashfiyotlar topishda hamkorlik qiladigan maskani boʻlgan.

Sovetlar hukmronligi davrida 1449-yilda Ulugʻbek oʻldirilganidan soʻng rasadxona faoliyati toʻxtab, bino diniy aqidaparastlar tomonidan vayron qilingani haqida xato maʼlumotlar berilgan[3]. Ulugʻbekdan soʻng rasadxona uning shogirdi Ali Qushchi rahbarligida yigirma yil faoliyat yuritgan. Faqat 1469-yilda Samarqand hukmdori Abu Said Gʻarbiy Eronga qarshi yurishda vafot etgach, olimlar obod Hirotga koʻcha boshlaydilar. Shunday qilib, Ali Qushchi shogirdlari bilan rasadxonani tashlab, Hirotga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi. Hirotda Husayn Boyqaroning vaziri, sharqning atoqli shoiri va temuriylar Xurosonining davlat arbobi Alisher Navoiy[4] olimlar, mutafakkirlar, rassomlar, musiqachilar va shoirlarga homiylik va moddiy yordam koʻrsatgan. Tez orada samarqandlik astronom Ali Qushchi Konstantinopolga taklif qilindi. U yerda rasadxona ishlari faoliyatiga doir kitoblar nashr ettiradi. Ulugʻbek rasadxonasida tuzilgan astronomik jadvallar sharqda munosib shuhrat qozongan va uzoq vaqt davomida tengsizligicha qolgan. Yevropada ushbu jadvallar haqida maʼlumotlar birinchi marta 1650-yilda nashr etilgan.

Rasadxona binosi Ulugʻbek vafotidan soʻng, uzoq yillar qad rostlab turgan, astronomik tadqiqotlar Samarqandda yana yetmish besh yil davom etgan[5][6]. V. Vyatkinning fikricha, rasadxonaning vayron boʻlishiga tabiiy hodisalar sabab boʻlmagan[7]. XVI asr oxirida Samarqand aholisi rasadxona gʻishtlarini koʻchirib olganlar. Rasadxona arxitekturasining tafsilotlari topilmalari bunga dalildir.

Qurilishi

tahrir

Ulugʻbek rasadxonasi Nosiriddin at-Tusiy tomonidan ishlab chiqilgan Marogʻa rasadxonasining rejalari asosida qurilgan[8]. Rasadxona toʻgʻrisida Abu Tohirxoʻja shunday maʼlumot beradi:

Madrasaga asos solinganidan to'rt yil keyin Mirzo Ulug'bek Qozizoda Rumiy, Mavlono G'iyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Ko'hak tepaligida Obi Rahmat arig'ining bo'yida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi[9][10].

Ulugʻbek farmoyishi bilan 14281429-yilda Koʻhak (Choʻponota) tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan; ayrim qoʻlyozmalar („Boburnoma“)ga koʻra, balandligi 30,4 m dan iborat 3 qavatli qilib qurilgan. Unda oʻndan ortiq turli astronomik qurilma va asboblar boʻlgan. Ulardan eng asosiysi radiusi 40,2 m li qoʻshaloq yoydan iborat kvadrant (yoki sekstantga yaqin) qurilma hisoblanadi. Kvadrantning jan. qismi yer ostida, qolgan qismi shim. tomonda yer sathidan 30 m cha balandda joylashgan. Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm va bir minut yoy 11,53 mm ga toʻgʻri keladi. Ushbu qurilma juda koʻp qirrali edi. U ufqdan quyoshni, yulduz balandligini va boshqa sayyoralarni aniq oʻlchashi mumkin edi. Yilning davomiyligi, sayyoralar davri va tutilishlar ushbu qurilma bilan oʻlchandi. Ulugʻbekning sayyoralar oʻlchovlari bugungi oʻlchov bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bizga qurilmaning ajoyib aniqligini koʻrsatadi. Rasadxona oʻrta asrlarda asbob uskunasi jihatdan ham beqiyos boʻlgan. Asbob astronomiyaning asosiy doimiyliklari – ekvator va ekliptika orasidagi burchakni oʻlchash, yillik pretsessiya doimiysini, tropik yil davomiyligini va boshqa fundamental astronomik doimiyliklarni aniqlashga imkon bergan. Rasadxonada kichik oʻlchamli asboblar: armillyar sfera, 2, 4 va 7 halqadan iborat oʻlchov asboblari, triangula, quyosh hamda yulduz soatlari, asturlob va boshqalar boʻlgan. Bu ilmiy uskunalar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan. Mirzo Ulugʻbekning eng yirik astronomik asari „Ziji Koʻragoniy“ rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulugʻbek taklifi bilan yigʻilgan qator mashhur olimlar Gʻiyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bogʻliq.

Bugun Ulugʻbek rasadxonasiga tashrif buyurgan odamlar marmar kvadrantning faqat poydevori va koʻmilgan qismini koʻrishlari mumkin[8]. Bular rasadxonadan olingan yagona asl qoldiqlardir. Rasadxonaning tanazzulga uchrashining katta qismi Ulugʻbekning taxminan 1449-yilda uning oʻgʻli Abdulatif tomonidan oʻldirilgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin[11].

Meʼmorchiligi

tahrir

Ulugʻbek rasadxonasi meʼmorchiligi oʻsha davrda qurilgan boshqa binolardan farq qilgan. Ulugʻbek unga yordam beradigan mohir meʼmorga muhtoj boʻlib, Qozizoda Rumiy bilan maslahatlashib, undan tajribali va mohir meʼmor topishni soʻraydi. Qozizoda Rumiy matematik va meʼmor Koshoniyni tavsiya qilgan. Inshootni qurishda Hulokuxon va Manguxon tomonidan barpo etilgan Marogʻa rasadxonasidan namuna olingan. Marogʻa rasadxonasi meʼmori Nosiriddin at-Tusiy chizmalaridan foydalanilgan[12]. Ulugʻbek rasadxonasi yerdan 21 metr balandlikdagi tepalik ustida qurilgan. Bino gʻishtdan qurilgan. Sekstantning radiusiga koʻra, bino anchagina baland boʻlishi kerak edi. Biroq binoning tepalik ustida baland qilib qurilishi uning qulash xavfini yuzaga keltirardi. Binokorlar sekstantning yarmini yer ostida qurish orqali bu muammoni hal qilishga muvaffaq boʻlishdi. Bu sekstantning oʻlchamini balandligi xavfli darajada baland boʻlmagan holda saqlashga imkon berdi[13]. Sekstant G'iyosiddin Jamshid boshchiligida o'rnatiladi. Samarqand sekstanti o'sha davrda Sharqda ma'lum bo'lgan sekstantlarning eng yirigi hisoblangan. Ali Qushchi uning balandligini Istanbuldagi mashhur Ayo Sofiya ibodatxonasining balandligiga (balandiligi 50 metr) qiyoslagan[14].

Rasadxona uch qavatdan iborat boʻlib, birinchi qavatda xodimlar yashagan. Barcha kuzatuvlarni koʻzdan kechirish ikkinchi va uchinchi qavatlardan olib borilgan. Rasadxonaning tomi tekis boʻlib, asboblarni binoning tomi ustida ham ishlatish mumkin edi[13]. Soʻnggi yillarda rasadxonaning kirish qismi bir necha bor oʻzgartirilgan.

Qazishma ishlari

tahrir
 
Ulugʻbek rasadxonasining ichki koʻrinishi.

Mirzo Ulugʻbekning „Zij“ asari Yevropaga tarqalishi bilan uning rasadxonasiga boʻlgan qiziqish ham ortdi. Samarqandni koʻzdan kechirgan sayyohlar rasadxona oʻrnini topishga harakat qilganlar. Baʼzilar Tillakori madrasasining slindrsimon gumbazini rasadxona deb oʻylashgan. Chunki Tillakori madrasasi Samarqandning Registon maydonida, Ulugʻbek madrasasining yonginasida joylashgan edi. Movarounnahrga kelgan venger sharqshunosi Armeni Vamberi (1832-1913) ham savdogar sifatida 1863-yilda Samarqandga kelgan. U ham rasadxonani Ulugʻbek madrasasining ichida boʻlgan deb oʻylaydi. Rasadxona barpo etilgan joyni qidirish ishlariga rus olimlari bilan birga, 1873-yilda tuzilgan Toshkent rasadxonasi astronomlari ham qatnashganlar. Vasiliy Vyatkin yerga egalik qilish haqidagi XVII asrga oid hujjatni oʻrganib, rasadxona joylashgan yerning aniq tavsifini topgan. Rasadxona Samarqand shahridan 2 km uzoqlikda, Toshkent yoʻlining oʻng tarafida ekani maʼlum boʻlgan[15].

Oʻrta va Sharqiy Osiyoni oʻrganish qoʻmitasi ozroq mablagʻ ajratgani hisobiga Vyatkin hududda qazishma ishlarini boshlab yuboradi. Ulugʻbek rasadxonasining arxeologik qoldiqlari 1908-yil V. L. Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari natijasida topilgan[16]. Bu olamshumul voqea edi. Qoya ichi oʻyilib qilingan chuqurlikda turli jinslar bilan koʻmilib ketgan ikkita marmar aylana marmar yoy topilgan. Tozalsh ishlari natijasida meridianda oʻrnatilgan asbobning bir qismi topiladi. Vyatkin uni radiusi 40.2 metrli kavdrantning boʻlagi deb oʻylagandi va yanglishmadi[15].

V.Vyatkin boshchiligidagi qazishma ishlarining keyingi bosqichi 1914-yilda boshlandi. Biroq, birinchi jahon urushi tufayli ishlar toʻxtab qoldi. Rasadxona buzib tashlangandan soʻng, faqat radiusi 23.8 metr boʻlgan tashqi slindrik devor qoldiqlari saqlanib qolgan. 1915-yilda asbobning qoldiqlarini saqlash maqsadida yuqorisida slindr shaklida gʻishtdan gumbaz ishlangan. Navbatdagi oʻrganish ishlari 1941-yilda boshlandi. Bu paytda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan oʻsha davrdagi memoriy yodgorliklarni tiklashga alohida eʼtibor qaratilgan edi. Keyinchalik boshlangan ikkinchi jahon urushi tadqiqot ishlarini yana 7 yilga toʻxtatib qoʻydi.

1948-yilda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti arxeologi Vasiliy Shishkin (1893–1966) boshchilik qilgan ekspeditsiya qazishma ishlarini nihoyasiga yetkazdi. Rasadxona poydevori va bino fragmenti tozalanib ochildi. Rasadxonani oʻrganish toʻgʻrisidagi toʻliq hisobot ekspeditsiya rahbari tomonidan eʼlon qilindi.

Xususan, bu yerda diametri 48 m keladigan, qalinligi bir gʻisht boʻlgan aylanma devor borligi va uning markazida qoʻshaloq yoydan iborat ulkan bosh qurilmaning qoldiq qismlari aniqlangan. Uning katta zallari, turli katta – kichik xonalari boʻlgan. Boburning yozishicha, Ulugʻbek rasadxonasining sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Rasadxona ichiga oʻrnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan oʻrganilgan. Rasadxonada kutubxona ham boʻlgan. Ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, togʻ, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Keyinchalik u qarovsiz qolib, XVI asrda vayron qilingan. Hozir Ulugʻbek rasadxonasidagi katta asbob – kvadratning yer ostida saqlangan qismi balandligi bilan 11 m keladi. 1964-yil Ulugʻbek rasadxonasi yonida Ulugʻbek muzeyi ochilgan. Ulugʻbek rasadxonasining asl koʻrinishi, ichki tuzilishi, bosh qurilmasi haqida Oʻzbekiston va chet el olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Ilmiy muhiti

tahrir
 
Rasadxona yonida oʻrnatilgan Mirzo Ulugʻbek haykali

XV asrda yashagan astronom va matematik Jamshid Al-Koshiy Samarqandga koʻchib oʻtib, u yerda boʻlayotgan ilmiy jarayonlarga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ulugʻbekdan taklif olgan Al-Koshiy Eronning shimolidagi Koshonni tark etib, Samarqandga boradi. Al-Koshiy Samarqandda boʻlganida otasiga yozgan maktubi Kennedi (1960) va Sayyili (1960) tomonidan tarjima qilingan. Fors tilida yozilgan bu maktub rasadxonada olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida yetarli maʼlumot bermasa-da, Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasi faoliyati doir baʼzi maʼlumotlar uchraydi. Biroq Eronda ham Al-Koshiyning otasiga yozgan yangi maktubi topilgan va ushbu maktubni tarjima qilgan Bagʻiriyning fikriga koʻra Samarqandning ilmiy muhitini koʻproq yoritilib, birinchi tarjima qilingan maktubdagi ayrim noaniq elementlar kamayadi[17][18][19].

Al-Koshiyning otasiga yozgan maktubiga koʻra, Ulugʻbek rasadxonasi qurilishida oʻziga xos yangilik qilinadi. Yaʼni sekstant bir qismi oʻyilgan qoya tepasida qurilgan. Al-Koshiy buni Maragʻa rasadxonasiga qiyoslab, seksant Maragʻada balandroqda joylashganligini aytadi, lekin Samarqandda mavjud rasadxonaning tekis tomi „uning ustiga asboblar qoʻyilishi“ mumkinligini taʼkidlaydi[19].

Bageriyning Al-Koshiyning maktubi tarjimasi boʻyicha maʼlumot berishicha, rasadxonada darslar Hirotdagi astronomlardan saboq olgan oʻqituvchilar tomonidan olib borilgan[19]. Qolaversa, Al-Koshiy maktubni yozgan paytda islom fiqhi (huquqshunoslik)ni yaxshi biladigan uchta ustozni tilga oladi, ular: Qozizoda, Mavlono Muhammad Xoni va Mavlono Abu’l-Fath[19] edi. Xatda, shuningdek, Ulugʻbekning dars berishga tez-tez kelmasligi qayd etilgan[19].

Ulugʻbek oʻsha davrning eng yaxshi astronomlari toʻplab ilmiy muhit yaratgan va ularning barchasi minglab yulduzlarning joylashishini kuzatgan va hisoblagan[20]. Ulugʻbekning asosiy asari „Zij-i Sultoniy“dir[21]. 1437-yilda yozilgan bu asar fors tilida boʻlib, unga Nosiriddin Tusiy ham katta taʼsir koʻrsatgan[18]. Shuningdek, rasadxonada musiqa oʻrganilgani va oʻqitilayotgani qayd etilgan. Jamshid al-Koshiy bilan birga tahsil oladigan olimlardan biri Hirot, Misr, Suriya, Anadolu va unga tutash hududlarda dars berib, katta tajribaga ega boʻlgan Yusuf Hallojdir[19]. Yusuf Halloj Mavlono Hallojning oʻgʻli boʻlib, u Al-Koshiy rasadxonani boshqargan kezlarda Samarqandda istiqomat qilgan[19].

Rasadxonaning ichki devorlarida koinot va yer kurrasi tasvirlari tushirilgan. Shuning uchun ham bu joy mahalliy xalq tilida „Naqshi jahon“ deb nom olgan.

Ziji jadidi Koʻragoniy

tahrir

Ziji jadidi Koʻragoniy (forscha: زیجِ سلطانی) – 1437-yilda Mirzo Ulugʻbek tomonidan yozilgan Zij astronomik jadval va yulduzlar katalogi[22]. Zij – bu astronomlarga duch keladigan har qanday muammolarni hisoblash imkonini beruvchi raqamli jadvallar va tushuntirishlardan tashkil topgan astronomik jadval. U vaqtni qanday oʻlchashni, sayyoralar va yulduzlarning oʻrnini qanday hisoblashni tushunishi uchun yetarli maʼlumot berishi kerak. „Zij“da astronomik jadvallardagi matematika va nazariyalarning isboti ham boʻlishi mumkin[23].

Ulugʻbekning „Ziji jadidi Koʻragoniy“ asarida 1000 ga yaqin yulduzlar sanab oʻtilgan. U „Zij-i Ulugʻbek“, „Zij-i Sultoniy“, „Zij-I Jadid-i Sultoniy“, „Zaij-I Koʻragoniy“ deb ham atalgan[23]. Ulugʻbekka „Zij“ini yaratishda 150 ta kitob yozgan Nosiriddin Tusiy taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin[24].

„Zij-I Sultoniy“da qayd etilgan maʼlumotlar uchun asosiy vosita Ulugʻbekning rasadxonasi kvadrantidan olingan. Ulugʻbek yolgʻiz ishlamagan, unga shogirdlari va boshqa musulmon astronomlari, jumladan Jamshid al-Koshiy va Ali Qushjiy yordam bergan[23]. Yulduzlarning toʻliq roʻyxatini tuzish uchun 17 yil kerak boʻldi, ular 1420-yilda, Ulugʻbek 26 yoshda ekanligida boshlangan va 1437-yilda tugatilgan. „Zij-i Sultoniy“ning eng muhim qismlaridan biri Ulugʻbekning sinus jadvalidir. Jadval 18 sahifadan iborat boʻlib, 0° dan 87° gacha boʻlgan har bir daraja uchun sinusning verguldan keyingi toʻqqiz kasrgacha boʻlgan aniqlikdagi qiymatlariga ega, shuningdek, 87° dan 90° darajagacha boʻlgan burchaklar uchun verguldan keyingi 11 kasrgacha aniqlikdagi sinus qiymatini oʻz ichiga oladi. Asar koʻplab tillarga, jumladan arab, turk va ibroniy tillariga tarjima qilingan. Ali Qushchi kabi taniqli astronomlarning sharhlari ham boshqa tillarga oʻgirilgan[23].

Ulugʻbek tropik yilning uzunligini 365 kun 5 soat 49 daqiqa 15 soniya deb belgilagan, bu xatolik +25 soniya boʻlib, bu Nikolay Kopernikning +30 soniya xatosi boʻlgan taxminidan aniqroq boʻlgan. Ulugʻbek ham Yer oʻqi ogʻishini 23 soat, 30 daqiqa 17 soniya deb belgilagan, bu esa oʻnli sanoq sistamasida 23,5047 darajaga aylanadi[25].

Ulugʻbek muzeyi

tahrir

Oʻzbekiston hukumati rasadxona qoldiqlarini oʻrganish va saqlab qolishga eʼtibor qaratdi. 1949-yili rasadxona oʻrniga marmar toshdan yodgorlik oʻrnatildi[26].

 
Ulugʻbek rasadxonasi muzeyi

Muzeyda Ulugʻbek rasadxonasida qoʻllangan boʻlishi mumkin boʻlgan asboblar va Ulugʻbekgacha boʻlgan astronomiya tarixining tasviri namoyish etilgan. Bu 1970-yilda qurilgan dumaloq bino boʻlib, asl rasadxona binosiga oʻxshab yaratilgan. Muzeyda Ulugʻbekning yulduz jadvallarining asl fors tilidan arab, lotin, fransuz va ingliz tillariga tarjima qilingan nusxalarini koʻrish mumkin[27].

Manbalar

tahrir
  1. Yazdi, Hamid-Reza Giahi (2015). "Chronology of the Events of the Samarquand "Observatory and School" Based on some Old Persian Texts: a Revision". Suhayl: 145–65. 
  2. Prof. Aydın Sayılı (1960). The Observatory ın İslam, Ankara, Türk Tarih Kurumu, say. 271
  3. Bunların başında Semerkantʼdaki Nakşibendi şeyhi Hoca Ubeyidullah Akrar bulunduğu belirtilmiştir. Heather Hobden (1999) Ulughbek and his Observatory ın Samarkand, Lincoln: Coşmiçelk ISBN 10 – 1-871443-18 0 say.12.
  4. „Мирза Мухаммад Хайдар Дуглат «Тарихи Рашиди»“. 2016-yil 21-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 3-may.
  5. Djebbar, A., Une histoire de la science arabe, Le Seuil, Paris, 2001, p.187–188
  6. Louis-Pierre-Eugène Sédillot, General Survey of Arabic Astronomy, encyclopaedia, Régis Morelon, 1853, volume 1, p. 14
  7. „Observatories in Islamic History“. Qaraldi: 2023-yil 29-dekabr.
  8. 8,0 8,1 Juhel, Alain (2007). "Prince of Samarqand Stars". The Mathematical Tourist: 44–50. 
  9. Abu Tohirxoʻja Samarqandiy. Samariya, Toshkent, 1969 — 25-bet. 
  10. Ma'naviyat yulduzlari. Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1999 — 157-bet. ISBN 5-86484-072-6. 
  11. „Ulugh Beg Observatory“. Atlas Obscura. Qaraldi: 2019-yil 22-noyabr.
  12. Safiai, Mohd Hafiz; Ibrahim, Ibnor Azli (2016), „Tracing the History of Astrolabe Inventions Across Civilisations“, Islamic Perspectives on Science and Technology, Springer Singapore, 373–82-bet, doi:10.1007/978-981-287-778-9_26, ISBN 978-981-287-777-2
  13. 13,0 13,1 Taheri, Jafar (2009), „Mathematical Knowledge of Architecture in the Works of Kâshânî“, Nexus Network Journal, Birkhäuser Basel, 77–88-bet, doi:10.1007/978-3-7643-8974-1_7, ISBN 978-3-7643-8973-4, S2CID 120471241
  14. Muhammadjonov, Abdulahad. Temur va temuriylar saltanati. Qomuslar bosh tahririyati, 1994 — 118-bet. 
  15. 15,0 15,1 Sheglov, Vladimir. Ulug'bek rasadxonasi. Toshkent: O'zbekiston SSR Fan nashriyoti. 
  16. „Ulugh Beg Observatory“. Atlas Obscura. Qaraldi: 2019-yil 22-noyabr.
  17. A Letter of Jamshıd al-Kashı to His Father: Scientific Research and Personalities at a Fifteenth Century Court, Orientalia 29 (1960), 191–213; reprinted in Edward S. Kennedy, colleagues and former students, Studies in the Islamic Exact Sciences, Beirut: American University, 1983, pp. 722–44.). 
  18. 18,0 18,1 ; Feza GünergunScience in Islamic Civilisation: Proceedings of the International Symposia: "Science Institutions in Islamic Civilisation", & "Science and Technology in the Turkish and Islamic World". IRCICA, 2000. ISBN 9789290630951. 
  19. 19,0 19,1 19,2 19,3 19,4 19,5 19,6 Bagheri, Mohammad (1997). "A Newly Found Letter of Al-Kashı on Scientific Life in Samarkand". Historia Mathematica 24 (HM962145): 241–56. doi:10.1006/hmat.1996.2145. ISSN 0315-0860. https://core.ac.uk/download/pdf/82060301.pdf. Qaraldi: 23 November 2019. Ulugʻbek rasadxonasi]]
  20. Luminet, Jean-Pierre (2018). Ulugh Beg, Prince of Stars. 
  21. Fazlioglu, I. : The Samarqand Mathematical-Astronomical School: A Basis for Ottoman Philosophy and Science, Journal for the History of Arabic Science 14, 22–23, 2008.
  22. Ajabov, A (1991). „Dunyoda beshdan bir rasadxona bu“ (PDF). Fan va turmush. № 2. 4–5-bet. Qaraldi: 14-noyabr 2023-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  23. 23,0 23,1 23,2 23,3 Kennedy, E. S. (1956). "A Survey of Islamic Astronomical Tables". Transactions of the American Philosophical Society 46 (2): 123–77. doi:10.2307/1005726. ISSN 0065-9746. 
  24. Cavin, Jerry D. (2011-08-20), „Ulugh Beg“, The Amateur Astronomer's Guide to the Deep-Sky Catalogs, Patrick Moore's Practical Astronomy Series, Springer New York, 51–54-bet, doi:10.1007/978-1-4614-0656-3_3, ISBN 978-1-4614-0655-6
  25. L. P. E. A. Sédillot, Prolégomènes des tables astronomiques d’OlougBeg: Traduction et commentaire (Paris: Firmin Didot Frères, 1853), pp. 87 & 253.
  26. Abdurahmonov, Abdumannon. Ulug'bek akademiyasi. Toshkent: Qomuslar bosh tahririyati — 9-bet. ISBN 5-89890-078-0. Qaraldi: 29-dekabr 2023-yil. 
  27. Heather Hobden. Ulughbek and his Observatory in Samarkand. England: The Cosmic Elk, 1999. Qaraldi: 6-oktabr 2023-yil. 

Havolalar

tahrir