2022-yilning 22–30-dekabr kunlari ovoz berish natijalariga koʻra, quyidagi maqolalar „Yil maqolasi“ sifatida tanlangan:

2022-yilning tanlangan maqolasi

Viruslarning ijtimoiy tarixi

Fizioterapiya olayotgan poliomielit tashxisli bolalar. 1950-yillar.

Viruslarning ijtimoiy tarixi viruslar va virusli infeksiyalarning insoniyat tarixiga taʼsirini tavsiflaydi. Viruslar keltirib chiqaradigan epidemiyalar neolit davrida, taxminan 12 000 yil oldin odamlar zichroq holatda kun kechiradigan qishloq xoʻjaligi jamoalari shakllana boshlagan davrda paydo boʻla boshlagan. Bunday hayot tarzi viruslarning tez tarqalishiga va keyinchalik endemik koʻrinish olishiga sabab bo'ldi. Oʻsimliklar va chorva hayvonlarining viruslari ham koʻpaydi. Odamlarning tirik qolish bilan bogʻliq mehnat faoliyati tufayli qishloq xoʻjaligi va dehqonchilikka qaram boʻlib qolishlari kartoshka potiviruslari va qoramol o'lati kabi kasalliklarning halokatli oqibatlarga olib kelishiga sabab boʻldi.

Chechak va qizamiq viruslari odamlarga yuqadigan eng qadimgi virus turlaridan hisoblanadi. Ular ming yillar oldin Yevropa va Shimoliy Afrikada boshqa jonivorlardan odamlarga yuqqan.Viruslar keyinchalik Ispaniya istilolari davrida yevropaliklar tomonidan Yangi Dunyoga olib kelingan, ammo mahalliy aholi tomonidan tabiiy qarshilik koʻrsatilmaganligi sababli millionlab odamlar epidemiyalar paytida nobud boʻlgan. Gripp pandemiyasi ilk bor 1580-yilda qayd etildi va keyingi asrlarda uning koʻrsatkichlari tobora yuqorilab bordi. 1918—1919-yillardagi pandemiya davrida bir yildan kamroq vaqt ichida 40—50 million kishi halok boʻldi, bu tarixdagi eng halokatli pandemiyalardan biri edi.

Louis Pasteur va Edward Jenner virusli infeksiyalardan himoya qiluvchi vaksinalarni birinchi boʻlib ishlab chiqdilar. 1930-yillarda elektron mikroskopning ixtiro qilinishi va buning natijasida virusologiya fanining jadal rivojlanguniga qadar viruslarning tabiati odamlar uchun nomaʼlum edi. XX asrda koʻplab avvaldan maʼlum va yangi kasalliklar viruslar sababli yuzaga kelganligi aniqlandi. Birgina poliomielit epidemiyalarini 1950-yillarda bu kasallikka qarshi vaksina ishlab chiqilgandan so'ng nazoratga olishga muvaffaq boʻlindi. OIV asrlar davomida paydo boʻlgan eng patogen yangi viruslardan biri bo'lgan.

Odatda, viruslar tufayli koʻplab kasalliklarning yuzaga kelishi olimlar tomonidan oʻrganilsa-da, koʻpchilik viruslar foydalidir. Ular turlararo genlarni tashish orqali evolyutsiyani boshqaradi, ekotizimlarda muhim rol oʻynaydi va hayot uchun zarurdir.

2022-yilning yaxshi maqolasi

Kalabod madrasasi

3-marta qayta tiklangan Kalabod madrasasi.
Kalabod madrasasi — IX—XX asrlarda faoliyat yuritgan va hozirda saqlanib qolmagan Buxoro madrasasining asl nomi. Tarixiy manbalarda Arslonxon madrasasi, Xon madrasasi va Abdurahimxoja madrasasi deb ham yuritilgan. Hozirda unga nisbatan aksariyat hollarda Kalobod madrasasi, baʼzan Gulobod madrasasi nomlari qoʻllaniladi. Unda Imom al-Buxoriy va koʻpgina mashhur tarixiy shaxslar ilm oʻrganishgan.

Oliy madrasa Buxoroga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng 800—810-yillarda qurilgan boʻlib, keyingi davrlarda 3 marta qayta tiklangan: 1-marta 1124-yili, Arslonxon Muhammadning (1102—1130) ulamolaridan boʻlgan Amir kutvol tomonidan; 2-marta moʻgʻullar hukmronligi davrida, Kayxotunning onasi Suyurtuk tegina begim tomonidan; 3-marta 1609-yili, oʻzbek hukmdori Vali Muhammad (1605—1611) davrida, Joʻyboriy Abdurahimxoja tomonidan.

Kalabod madrasasi dunyodagi eng qadimiy oliy oʻquv dargohlaridan biri boʻlgan. Tadqiqotchining payqashicha, Kalabod madrasasi bunyod etilganida Yevropada hali birorta bunday maxsus oliy oʻquv dargohi boʻlmagan. Oradan yana 500 yil oʻtib, Abdurahimxoja Kalabod madrasasini uchinchi bor qayta tiklagan paytda, Rossiyada hali birorta ham oliy oʻquv yurti boʻlmagan.

Abdurahimxoja tiklagan Kalabod madrasasining binosi hajmi va koʻlami jihatidan eng yirik Buxoro madrasalaridan biri edi. U Turon madrasalari qurilishining anʼanaviy uslubida bunyod etilgan. Masjid, darsxona, kutubxona, tahoratxonalar va 79 ta yoki 100 ta hujralardan iborat boʻlgan. Madrasa meʼmorchiligining oʻziga xosligi, bosh fasadining ikki yonidagi devorlar burchagiga guldastalar oʻrnatilmagan; peshtoq ravoqlarining pastida, 2-qavat bilan teng qilib maxsus ayvoni boʻlgan. Keyinchalik bu uslub Xorazm madrasalarida qoʻllanilgan; hovlisining burchak kesimlari va qirrali taxmonlari boʻlmagan.

Madrasa 1920-yilgi Buxoro inqilobiga qadar faoliyat yuritgan. Uning binosidan 1930-yillarda qamoqxona, keyinchalik — shahar kommunal xoʻjaligiga qarashli turar joy sifatida foydalanilgan. 1953-yilda buzib yoʻq qilingan. Gʻishtlari avval K. Y. Voroshilov, keyinchalik A. S. Makarenko nomlari berilgan 5-sonli Buxoro maktabining qurilishida ishlatilgan. Hozirda madrasa binosining oʻrnida hovli-joylar qad koʻtarib turibdi.

2022-yilning xushsifat maqolasi

Sitorai Mohi xossa (malika)

Sitorai Mohi xossa (Bibi Oyposhsho, Podshoh bibi) — Buxoro xonligi malikasi. Oʻzbek hukmdori Subhonqulixonning (1680—1702) xotini. XVIII asrning boshida Buxoro va uning atrofida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari homiysi. „Bibi Oyposhsho“, „Podshoh bibi“ nomlari bilan ham mashhur boʻlgan.

Malika Buxoro xonligining soʻnggi mustaqil hukmdorlari — Ubaydullaxon va Abulfayzxonlarning onasi hamda Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillarining amir Haydardan (1800—1826) boshlab barcha Buxoro amirligi hukmdorlarining bibikalonidir.

Malika tarixiy manbalarda „Davron Xadichasi“, „Zamon Bilqisi“ nomlari bilan ham ulugʻlangan. Uni manbalarda "Podsho Oyim" nomi bilan atashmagan, lekin u dafn etilgan daxma shu nom ostida davlat muhofazasiga olingan.

Sitorai Mohi xossaning hayoti oddiy va oson kechmagan. Chunki bu paytda Ashtarxoniylar hokimiyati zaiflasha boshlagandi. Subhonqulixon (1680—1702) vafot etishi bilan mamlakatdagi inqiroz eng yuqori nuqtasiga koʻtarildi. Balx viloyati va uning atrofidagi hududlar alohida davlat boʻlib ajraldi. Fargʻona viloyatida Minglar oʻzbek sulolasining asoschisi Shohruxbiy (1709—1721) Qoʻqon xonligini tashkil qildi. 1711-yil mart oyida malikaning toʻngʻich oʻgʻli va Buxoro xonligi hukmdori Ubaydullaxon (1702—1711) fitnachilar tomonidan oʻldirildi. Davlat butkul parchalandi. Buxoro xonligi taxtiga taxminan 10 yoshlardagi malikaning ikkinchi oʻgʻli Abulfayzxonni (1711—1747) koʻtarishdi. Davlat boshqaruvi tizgini amalda bir necha qudratli amirlar qoʻliga oʻtib qoldi. Shundan soʻng Sitorai Mohi xossaning nomi Buxoro xonligi siyosiy kurashlari sahnasida paydo boʻldi. Abulfayzxonning hayoti yana kamida 15—20 yil doimiy xavf-xatarda turdi.

Davlat ogʻir inqirozni boshdan kechirib turgan notinch sharoitda Sitorai Mohi xossa maʼrifiy hayotga eʼtibor qaratdi. Malika oʻz mablagʻlari evaziga davlat poytaxtining Registoni atrofidagi tijorat rastalarida savdo qiluvchi musulmonlarning ibodat qilishlariga qulaylik boʻlsin deb Arkning roʻparasida jomeʼ masjidini (xonaqoh) va kambagʻal miskinlar bemalol bilim olishlariga imkon yaratish maqsadida masjid atrofiga 19 hujra (18 hujra) va alohida madrasani qurdiradi. Masjidning oldiga yigirma qayragʻoch ustunli va bir kayvonli ayvon solindi. Bu joy oʻsha davrlardayoq Boloyi hovuz nomi bilan mashhur boʻldi.

Boloyi hovuz masjididan tashqari malika oʻz mablagʻidan Labi hovuzda sinchdan yana bir masjid qurdirgan. U tarixda Volidai xon masjidi nomi bilan atalgan. Hozirda saqlanib qolmagan.