Xorazm Xalq Sovet Respublikasi

(Xorazm xalq sovet respublikasidan yoʻnaltirildi)

Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, Xorazm XSR, XXSR (ruscha: Хорезмская Народная Советская Республика) — Xiva Xonligi hududida xonlik tuzumi agʻdarib tashlangach yuzaga kelgan xalq respublikasi. Maydoni 62&nbsp200 km², aholisi 550 ming kishi (1920). Milliy tarkibi, asosan, oʻzbeklar (65%), qisman turkmanlar (26,8%), qoraqalpoqlar (3,8%), qozoqlar (3,4%) va boshqalardan iborat. Xorazm XSR maʼmuriy jihatdan 4 ta viloyat (Hazorasp, Yangi Urganch, Toshhovuz, Xoʻjayli) va 26 ta tumanga boʻlingan (1923). Xorazm XSR hududi Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Turkiston ASSR, Qozogʻiston ASSR bilan chegaralangan. Poytaxti Xiva shahri boʻlgan.

1920–1925
Tarixiy era XX asr
Avvalgi davlat
Keyingi davlat
Xiva Xonligi
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi
Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi
Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi
Hozirda hududida quyidagilar mavjud  Oʻzbekiston
 Turkmaniston
 Qozogʻiston

Xorazm XSR 1920-yil 26-aprelda tuzilgan. 1923-yil 20-oktabrda Xorazm XSR nomi Xorazm Sotsialistik Sovet Respublikasi (Xorazm SSR) (ruscha: Хорезмская Социалистическая Советская Республика) deb oʻzgartirilgan.[1] Oʻrta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralarini belgilash jarayoni ortidan Xorazm SSR hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR hamda Qozogʻiston ASSR tarkibiga kiritilgan.

Tavsifi

tahrir

Xorazm Xalq Sovet Respublikasi shimol va janubda Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi, sharqda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi bilan chegaradosh edi. Uning gʻarbiy chegarasi Orol dengizining gʻarbiy sohiligacha davom etib, oʻsha paytdagi Qirgʻiziston ASSR (hozirgi Gʻarbiy Qozogʻiston) bilan chegaradosh edi. Maydoni 62200 km² (24 000 kv mi) boʻlib, 600 000 dan ortiq aholi[2], asosan oʻzbeklar (62,5%), turkmanlar (28,6%), qozoqlar (3,5%) va qoraqalpoqlar (3,0%) istiqomat qilgan. Poytaxti Xiva shahri edi.

Tarixi

tahrir

Xiva Xonligining tugatilishi

tahrir

Xivada xonlik tuzumi agʻdarib tashlangan kun — 1920-yil 2-fevralda Yosh xivaliklar partiyasi aʼzolaridan iborat, (5 kishi kirgan) Muvaqqat inqilobiy qoʻmita — revkom (raisi Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov) tuzilgan. Bu qoʻmita 2 oy davomida ham qonun chiqaruvchi, ham ijro qiluvchi hokimiyat vazifasini bajargan. 9-aprelda mazkur qoʻmita ishini yaxshilash maqsadida uning tarkibida 10 kishidan iborat dastlabki xalq hukumati — Nozirlar Shoʻrosi tashkil qilindi. Hukumat tarkibiga Jumaniyoz Sultonmurodov (Muvaqqat inqilobiy hukumat raisi; xorijiya — tashqi ishlar noziri), Odamoxun Ortiqov (hukumat raisi yordamchisi), Mulla Navroʻz Roʻziboyev (hukumat kotibi), Mulla Oʻroz Xoʻjamuhamedov (hukumat kotibi yordamchisi), Matlapoboy Madrahimov (moliya noziri), Shayxutdin Hasanov (harbiy ishlar noziri), Polvonniyoz Hoji (Polyozhoji) Yusupov (oliy mufattish — davlat nazorati noziri), Eshchonqori Jabborqulov (xalq xoʻjaligi noziri), Mulla Bekjon Rahmonov (maorif noziri), Bobooxun Salimov (adliya noziri) kirishdi. Asosan, yosh xivaliklardan iborat boʻlgan hukumat aʼzolari Xorazmda agʻdarib tashlangan xonlik hukumati oʻrniga demokratik respublika qurish uchun intildilar.

Xorazm XSRning tuzilishi

tahrir

1920-yil 26-30-aprelda Butun Xorazm xalq vakillarining 1 qurultoyida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi — Xorazm XSR tuzilganligi tantanali ravishda eʼlon qilingan. Qurultoyda 15 kishidan iborat Xorazm XSR hukumati — Xalq Nozirlar Shoʻrosi (raisi Polvonniyoz hoji Yusupov) tuzildi.

Xorazm XSRning yosh hukumati Buxoro XSR, Turkiston ASSR, Rossiya SFSR davlatlaridan tashqari Finlandiya, Shvetsiya, Germaniya, Turkiya, Afgʻoniston, Eron kabi xorijiy davlatlar bilan ham mustaqil ravishda savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni olib borishga harakat qildi. Masalan, 1921-yil 24-noyabrda Afgʻonistonga qozikalon Bobooxun Salimov boshchiligida maxsus elchilik hayʼati joʻnatilgan. Xususan, Finlandiya bilan savdo-sotiq aloqalari samarali boʻlgan.

1920-yil 13-sentabrda Moskvada Rossiya SFSR bilan Xorazm XSR oʻrtasida 24 moddadan iborat Ittifoq shartnomasi va 15 moddadan iborat iqtisodiy bitim tuzilgan. Ittifoq shartnomasiga binoan, sovet Rossiyasi Xorazm XSR mustaqilligi va daxlsizligini rasmiy surʼatda tan olgan. Ittifoq shartnomasining 17-moddasi asosida alohida harbiy-siyosiy bitim ham tuzilgan. Unda Xorazm qizil armiyasi Rossiya SFSR homiyligi ostida tuzilishi taʼkidlangan.

Biroq shartnoma va bitimlarda koʻrsatilgan asosiy moddalarni, xususan, Xorazm SRning mustaqilligi va daxlsizligi huquqini sovet Rossiyasi tan olmay, doimiy ravishda yosh respublikaning ichki ishlariga qoʻpol ravishda aralashib turdi, Xorazmda katta miqdordagi qizil askarlarni saqlab, bu harbiy kuchlar orqali mamlakatni oʻzi boshqarishga intildi. 1921-yil 6-martda Xorazmda qizil askarlar uyushtirgan harbiy davlat toʻntarishidan keyin Polvonniyoz hoji Yusupov hukumati ham agʻdarib tashlandi. Hukumatning sobiq raisi yashirinishga ulgurdi. Biroq oradan koʻp oʻtmay u qamoqqa olindi. Bolsheviklar koʻplab nozirlarni otib tashlashdi. Tirik qolgan ayrim nozirlar Junaydxon safiga borib qoʻshilgan. Yosh xivaliklar partiyasining faoliyati taqiqlangan. 1921-yilning dekabrida Xorazm Kommunistik partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashtirilgan.

Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi

tahrir
 
Xorazm XSR 1922-yilgi sovet xarita-sxemasida

1923-yil 17–20-oktabrda boʻlgan Butun Xorazm xalq vakillarining 4-qurultoyi Xorazm XSRni Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi (Xorazm SSR)ga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 20-oktabrda Xorazm SSRning 5 boʻlim va 12 bobdan iborat yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu Konstitutsiya mamlakatning sotsialistik qurilish yoʻliga oʻtishini qonun yoʻli bilan mustahkamladi. Unga muvofiq, yerning xususiy mulk ekanligi bekor qilindi, vaqf yerlari butunlay tugatildi. Mavjud yerlar umumxalq mulki deb eʼlon qilinib, barcha vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga berildi. Qozixonalar faoliyati taqiqlanib, sovet sudlari tashkil qilindi. Shu tarzda 1923-yil oktabr oyidan boshlab Xorazm Respublikasidagi demokratik oʻzgarishlarga chek qoʻyildi. Oliy organ har yili bir marta chaqiriladigan qurultoy boʻlib, u mamlakatni boshqaruvchi Xalq Nozirlar Sovetini saylagan. Mahalliy hokimiyat organlari rayon soveti – tuman shoʻrolari boʻlib, ushbu organlarning soni 22 ta boʻlgan. Yangi qabul qilingan Kostitutsiyaga muvofiq 18 yoshga toʻlgan har bir fuqaro qurultoy va mahalliy shoʻro organlariga saylash va saylanish huquqiga ega boʻlib, faqat aksilinqilobchilar, xoinlar, xon va uning oilasi, katta yer egalari, yirik ruhoniylar, jinnilar, umuman konstitutsiyaga qarshi chiquvchilar saylov huquqidan mahrum etilgan[3].

Mahalliy shoʻrolarning 14 tasi oʻzbeklar yashaydigan tumanlarga, 5 tasi turkmanlar yashaydigan tumanlarga va 3 tasi qozoqlar va korakalpoklar yashaydigan tumanlarga toʻgʻri kelar edi[4].

Xorazmni sovetlashtirish jarayoni oʻzining yuqori bosqichiga koʻtarildi. Hukumatning keskin yangi siyosatidan norozi boʻlgan barcha kishilar bunday vaziyatda istiqlolchilar safini toʻldirdilar. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat Xorazm vohasiga ham keng tarqalgan edi. Xorazm SSRning markaziy va janubiy qismlarida koʻplab sardor va qoʻrboshilarning harakatlari yanada avj oldi.

Dehqonlar yurishi va Xiva qamali

tahrir

1923-yil dekabrda Pitnak, Hazorasp, Bogʻot, Xonqa tumanlarida yangi sovet hukumatiga qarshi dehqonlarning ommaviy qoʻzgʻolonlari boshlanib ketdi. Qoʻzgʻolonchilar joylardagi sovet tashkilotlarini tugatib, mamlakat poytaxti Xiva shahri ustiga yurish boshladilar. Qoraqumda turgan Junaydxon qoʻshinlari ham gʻarb tomondan, bir vaqtning oʻzida shaharga qarab harakat boshladi. 1924-yil 10-yanvardan boshlab Junaydxonning 15 ming kishilik otliq va piyodalardan iborat qoʻshini Xivani qamal qilishga kirishgan. 16-yanvarda Xorazm SSRda harbiy holat joriy qilindi. Qizil armiya qoʻmondonligi zudlik bilan Xorazmga katta miqdordagi harbiy kuchlarni joʻnatgach, 1924-yil fevral oyining boshlarida xalq qoʻzgʻoloni bostirildi va bolsheviklar davlatning yangi jazolash (qatagʻon) organlarini tashkil qilishdi. 1924-yil 20-fevralda sovet prokuraturasi tuzildi. Shuningdek, Xorazmdagi viloyatlarda 5 ta sovet xalq sudlari ham tashkil qilindi. Bu davrda harbiy tribunal va Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU) faoliyati yanada kuchaytirildi. Bu jazolash organlari kommunistik mafkurani tan olmagan har qanday kishilarni qatagʻon qilishni avj oldirdi.

Xorazm SSRning tugatilishi

tahrir

Butun Xorazm xalq vakillarining 5-qurultoyi (1924-yil 29-oktabr–2-noyabr) Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish munosabati bilan Xorazm SSR tugatilishini eʼlon qildi. Xorazm SSRning oʻzbeklar yashaydigan 23 ta tumani yangidan tashkil qilingan Oʻzbekiston SSR tarkibiga Xorazm viloyati qilib kiritildi. Xorazm SSRning qolgan hududlari Turkmaniston SSR va Qoraqalpoq muxtor viloyati (Qozogʻiston ASSR tarkibida)ga qoʻshildi. 1924-yil 23-noyabrda Xorazm SSR MIK va 30-noyabrda Xalq Nozirlar Shoʻrosi oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Boshqaruv tizimi

tahrir

Xorazm XSR davlat boshqaruvi jihatidan xalq demokratik respublikasi hisoblangan. Xorazm XSR Konstitutsiyasiga muvofiq, davlat hokimiyatining oliy boshqaruv organi, Butun Xorazm xalq vakillari qurultoyi, qurultoylar oʻrtasida — Xorazm XSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi hisoblangan. Ijro qiluvchi oliy organ (hukumat) — Xorazm Xalq Nozirlar Shoʻrosi sanalgan. Biroq, asosiy hokimiyat Xorazm XSRda turgan sovet Rossiyasi va SSSRning turli favqulodda organlari qoʻlida boʻlgan.

Afsuski, Xorazmda hokimiyatning yangi organlari faoliyati uzoqqa choʻzilmadi. 1921-yil sentabr oyida boʻlgan Xorazm XSR MIK majlisida „Oʻz vazifasini bajara olmagan va ishni chalkashtirgan“ degan soxta ayblar bilan M. Olloberganov oʻz lavozimidan olib tashlandi va oʻlimga hukm qilindi. Umuman olganda, Xorazm XSR mavjud boʻlgan qariyb 5 yil davomida bolsheviklar tomonidan Xorazm XSR MIK raislari va hukumat boshliqlarining har biri 10-martadan oʻzgartirildi. Xorazmda oʻtkazilgan bunday davlat toʻntarishlari oqibatida koʻplab siyosatchilar qatagʻon qilindi.

Inqilobiy Qoʻmita raisi

tahrir

Vaqtinchalik hukumat raisi

tahrir

Xalq Vakillari Assambleyasi Prezidiumi raisi

tahrir

Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi prezidiumi raisi

tahrir

Iqtisodi

tahrir

1920–21-yillarda Xorazm XSRda agrar sohada dastlabki oʻzgarishlar amalga oshirilib, 10 ming desyatina yer dehqonlarga boʻlib berildi. Bundan tashqari, ularga urugʻ, dehqonchilik asboblari hamda ssuda (qarz) ajratildi. Dehqonlarga kredit hisobidan 5 ming chorva mol sotildi. Eski sugʻorish inshootlarini qayta tiklash bilan birga yangilari ham qurildi. Masalan, 1922-yil oxirigacha Xorazm dehqonlari Hazoraspdan Xoʻjayligacha boʻlgan hududda 12 ta damba qurdilar. 1922-yilda chorakor va kambagʻallarga yer boʻlib berish uchun davlat yer fondi tuzishga hamda dehqonlarga uzoq muddatli va qaytarib olinmaydigan ssudalar berish uchun davlat dehqonlar bankini taʼsis etishga qaror qilindi. Bankka 3 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Xullas, 1921–22-yillarda 400 ming tanobdan ortiqroq yer kambagʻal dehqonlarga berildi.

 
Xorazm XSRning 500 rubl banknotasi (1923-yil)

Xorazm XSRda iqtisodiy siyosat va xoʻjalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Xorazm Respublikasidagi soliq siyosatida sovet Rossiyasining taʼsiri kuchliroq boʻlgani uchun sinfiy yondashuv yaqqol namoyon boʻldi. Soliqning ogʻir yuki savdogarlar, sudxoʻrlar va yirik yer egalari zimmasiga toʻgʻri keldi. 1922-yil dekabrda qishloq xoʻjaligida yagona soliq tizimi joriy qilindi. Soliq toʻlashni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat banki va soliq palatasi tashkil qilindi. 1923-yil iyunda hunarmandchilik va sanoat sohasidagi soliqlar ham bir tizimga solinib, davlat sanoat soligʻi joriy qilindi. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ning eʼlon qilinishi bilan Xorazm XSRda karvonsaroylar, korxonalar, koʻllar va toʻqaylar ijaraga berila boshlandi. Telefon simlari tortilib, daryo kemachiligi tiklashga kirishilgan. Bir qancha yirik koʻpriklar qurildi. Paxta maydonlarining hududi 1921-yildagi 10 ming tanobdan 1924-yilda 85 ming tanobga, hosildorlik 100 ming puddan 800 ming pudga koʻtarildi. Umumiy ekin maydonlari 1913-yildagi darajaning 62 % ni, hosildorlik 70–75 % ni tashkil qildi. 1924-yilga kelib, 6 ta paxta tozalash zavodi, 10 ta gʻisht zavodi, yogʻ zavodi, bosmaxona, elektrstansiya tiklandi, qogʻoz va shisha zavodlari qurildi. Sanoatda davlat sektori ustuvor mavqeni egalladi.

Oʻrta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (Sredaz EKOSO)ning tazyiqi natijasida 1923-yil yozida Xorazmdagi milliy valyuta Rossiya SFSR rubliga (10 Xorazm soʻmiga 1 Rossiya SFSR rubli nisbatida) almashtirilgan edi. 1924-yildan boshlab Xorazm Respublikasi ham xuddi Buxoro XSR singari SSSRning yagona bank va moliya tizimiga toʻliq tortildi. Shu asnoda Xorazm SSR armiyadan keyin davlat mustaqilligini muhim timsoli boʻlgan milliy valyutadan ham mahrum qilindi.

Madaniyati

tahrir

Xorazm XSR hukumati madaniy-maʼrifiy va sogʻliqni saqlash ishlariga katta eʼtibor qaratdi. 1920-yil bahorida respublikada yangi tipdagi maktablar tashkil qilina boshlandi. 1921-yil sentabrda Xivada ochilgan xalq dorilfununi respublika madaniy hayotida katta voqea boʻldi.

Aholi va tili

tahrir

Xorazm SSRning rasmiy tillari oʻzbek va rus tillari edi. Xorazm SSR ham Xorazm XSR kabi dunyoviy davlat boʻlgan, lekin aholining koʻpchiligi musulmonlar, asosan sunniy musulmonlar edi. Shuningdek, aholining bir qismi xristianlikni (asosan pravoslavlikni) qabul qilgan. Respublikada 800 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan. Aholining asosiy qismini Dashti-Qipchoq oʻzbeklari tashkil etgan, qoraqalpoqlar, turkmanlar va qozoqlarning ham katta qismi yashagan. U yerda ruslar, eronliklar va boshqa millat vakillari ham yashagan.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. "Xorazm Xalq Sovet Respublikasi" (oʻzbekcha). Ensiklopedik lugʻat. 2. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1988. p. 369. 5-89890-018-7. 
  2. „Хорезмская Народная Советская Республика“. Большая Советская энциклопедия. Qaraldi: 31-oktabr 2023-yil.
  3. Ражaбов, Қ. Бухоро ва Хоразм Халқ Республикалари: давлатчиликнинг демократик шакли. Ўзбекистон давлатчилиги тарихи очерклари. Ташкент: Шарқ, 2001 — 185-202-bet. 
  4. Қўшжонов О, Попвонов Н. Хоразмдаги ижтимои^-сиёсий жараёнлар ва харакатлар. Toshkent: Abu matbuot konsalt, 2007 — 323-bet. ISBN 978-9943-336-05-6. 

Havolalar

tahrir