Abu Jaʼfar al-Qoriy
Abu Ja’far Yazid ibn al-Qa’qo’ al-Madaniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 657-yil (hijriy 36-yil) |
Vafoti |
milodiy 747-748-yil (hijriy 130-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | imom, tobeʼin |
Abu Jaʼfar al-Qoriy (arabcha: أبو جعفر القاری — Abu Jaʼfar Yazid ibn al-Qaʼqoʻ al-Madaniy) — o‘n qiroat imomi, tobeʼin.
Baʼzi manbalarda Yazid ismi Jundab deb ham zikr qilingan. Abdulloh ibn Ayyoshning ozod qilgan quli bo‘lib, Payg‘ambarning zavjai mutahharalaridan Ummu Salamaning ozod qilgan quli sifatida ham zikr qilingan. O‘zining naql qilishicha, yosh bolaligida Ummu Salamaning huzuriga olib kelingan, u ham bolaning boshini silab, haqqiga duo qilgan.
Hadis va qiroat ilmi
tahrirAbu Jaʼfar al-Qoriy qiroat tahsilini Abdulloh ibn Ayyosh, Abdulloh ibn al-Abbos va Abu Hurayralardan o‘rgangan. Hadis sohasida Abdulloh ibn al-Abbos, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar ibn al-Xattob, Marvon ibn Hakamdan ustoz sifatida foydalangan hamda ulardan hadis rivoyat qilgan. Abu Jaʼfar al-Qoriyning qiroat sohasidagi ustozlari orasida Zayd ibn Sobit nomi ham zikr qilingan bo‘lsa-da, Shamsuddin az-Zahabiy buning to‘g‘ri emasligini aytgan. Undan qiroatining mashhur ikki roviysi Ibn Jammoz va Ibn Vardon, yetti qiroat imomlaridan Nofeʼ ibn Abdurrahmon, Abu Amr ibn Alo va Abdurrahmon ibn Zayd ibn Aslam kabilar qiroat ilmini o‘rganganlar.
„Al-Muvatto“ nomli asarida Abu Jaʼfar al-Qoriy hadislariga o‘rin bermagan Molik ibn Anas, shuningdek, Abdulaziz ad-Darovardiy va Abdulaziz ibn Abu Hozimlar esa undan hadis rivoyat qilganlar. Abu Dovud „Sunan“ida uning rivoyatlarini keltiradi.
Imomlik faoliyati
tahrirPayg‘ambar vafotlaridan ellik uch yil o‘tgach, Abu Jaʼfar al-Qoriy Madinada Masjid an-Nabaviyda Qur’on darslarini berishni boshlagan va vafotiga qadar bu vazifani bajargani uchun „Madina qiroat imomi“ nomi bilan atalgan. Abu Jaʼfar al-Qoriy ramazon oylarida namozlarini qiroat mutaxassisi sifatida imomlar orqasida o‘qib, jahriy o‘qiganlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatolarni tuzatish vazifasiga tayinlangan. Kaʼbada imomlik qilganida orqasida Abdulloh ibn Umar ibn al-Xattobning namoz o‘qigani rivoyat qilingan.
Abu Jaʼfar al-Qoriy qiroatini baholash bo‘yicha turli qarashlar mavjud. Baʼzi olimlar bu qiroatni shoz sifatida qayd qilsalar, baʼzilari mutavotir ekanini aytadilar. Shamsuddin az-Zahabiy bu ikki qarashni zikr qilib, ikkilasining ham to‘g‘ri emasligini aytgan. U Abu Jaʼfar al-Qoriy qiroati odil va siqa kimsalar tomonidan naql qilingani va arab tili qoidalariga uyg‘unligi sababli qabul qilinganini zikr qilgan. Shuningdek, az-Zahabiy sahoba va tobeʼinlarning peshqadamlari tiriklik vaqtlarida Payg‘ambarning masjidida Qur’ondan dars bergan, qiroatiga hech kimsa qarshilik qilmagan olim qiroati uchun shoz atamasini qo‘llash to‘g‘ri emasligini taʼkidlagan.
Qiroatdagi yoʻnalishi
tahrirAbu Jaʼfar al-Qoriyning qiroatdagi yo‘nalishidan namuna:
1. "Tavba" surasidan boshqa barcha suralar boshida „basmala“ aytiladi. "Anfol" surasining oxirgi oyatidan „Tavba“ surasiga o‘tishda uchta vajh joiz: „vaqf“, „sakta“, „vasl“;
2. Muttasil mad tavassut - 4 harakat, munfasil mad qasr — 2 harakat;
3. Bir kalimada ketma-ket kelgan hamzaning orasiga alif kirishiga qaramasdan ikkinchisi xoh zammali, xoh fathali, xoh kasrali bo‘lsin, tashil qilinadi.
4. Harakati bir xil ketma-ket hamzaning ikkinchisini tashil qilinadi. Ammo harakati boshqa-boshqa bo‘lganini Nofeʼ, Ibn Kasir va Abu Amr qiroatidagi kabi o‘qiladi.
5. Hamza kalimaning „fe“si, „ayn“i yoki „lom“i bo‘lishidan qatʼi nazar ibdol qilinadi.
6. arabcha: فَأَلۡقِهۡ , نُوَلِّهِۦ , وَنُصۡلِهِۦ , يُؤَدِّهِۦٓ kabi kalimalardagi „hoi havvaz“ sukun bilan o‘qiladi.
7. „Jam mimi“ni o‘zidan keyingi harf harakatli bo‘lsa zammali qilib, unga „vov“ qo‘shiladi.
8. arabcha: لَبِثۡتَ , وَأَخَذۡتُمۡ kabi kalimalarda „zol“ va „se“ harflari „te“ga idg‘om qilinadi: arabcha: لَبِثتَّ , وَأَخَذتُّمۡ
9. Sukunli „nun“ va tanvin „xe“ va „g‘ayn“ harflariga yo‘liqqanda g‘unna bilan ixfo qilinadi: arabcha: عَفُوًّا غَفُورا مِّنۡ خَوۡفِۢ :أَبَت
10. arabcha: أَبَتِ kalimasida, qayerda kelsa ham, „hye“ bilan vaqf qilinadi.
11. „Izofa yo“sini Qolun fathali qilgan joyda fathali, sukunli qilgan joyda sukunli qilinadi, baʼzi o‘rinlar mustasno.
12. „Zoida yo“ vaslda talaffuz qilinishida Qolunga va ayrimlarida Varshga muvofiq. Ayrimlari o‘ziga xos.
13. arabcha: لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ ٱسۡجُدُواْ dagi „toi marbuta“ni barcha o‘rinlarda zamma bilan o‘qiladi.
14. arabcha: الٓمٓ , كٓهيعٓصٓ kabi suralarning boshida keladigan hijoiyya harflarining har birida nafas olmasdan yengil sakta qilinadi.
15. "Isro" surasida arabcha: وَنُخۡرِجُ لَهُ يَوۡمَ ٱلۡقِيٰمَةِ oyatidagi „nun“ o‘rniga „yo“ o‘qiladi.
16. "Mu’minun" va "Nahl" surasidagi arabcha: نُّسۡقِيكُم مِّمَّا jumlasi arabcha: تَسۡقِيكُم مِّمَّا o‘qiladi.
17. arabcha: وَلِتُصۡنَعَ عَلَىٰ عَيۡنِيٓ oyatidagi „lom“ va „ayn“ sokin qilinadi: arabcha: وَلۡتُصۡنَعۡ عَلَىٰ عَيۡنِيٓ.
18. „Yusuf“ surasidagi arabcha: لَا تَأۡمَ۬نَّاni sof idg‘om bilan o‘qiladi.
19.arabcha: مُسۡتَهۡزِءُونَ , وَٱلصَّٰبِِٔينَ , شَانِئَكَ kabi kalimalaridagi harakatli hamzalarni yo ibdol qilinadi, yo tushirib qoldiriladi.
20. "Nur" surasidagi arabcha: وَلَا يَأۡتَلِ أُوْلُواْ ٱلۡفَضۡلِ مِنكُمۡ oyatida arabcha: وَلَا يَتَأَلَّ o‘qiladi.
21. "Soffat" surasida arabcha: أَصۡطَفَى ٱلۡبَنَاتِ oyati vasliyya hamza bilan boshlanadi.
22. "Sod" surasidagi arabcha: بِنُصۡب kalimasi arabcha: بِنُصُب o‘qiladi.
23. arabcha: إِسۡرَٰٓءِيلَ kalimasidagi hamza tashil qilinadi.
Abu Jaʼfar al-Qoriy ko‘p hadis rivoyat qilmagan. Ibn Saʼd, Yahyo ibn Maʼiyn va Imom an-Nasoiylar uni siqa (ishonchli) muhaddis deb bilganlar. Molik ibn Anas uni „solih kimsa“, deb taʼriflagan. Abu Hotim ar-Roziy esa, undan rivoyat qilingan hadislarni dalil sifatida qo‘llash mumkinligini naql qilgan.
Vafoti
tahrirIbodatga harisligi va go‘zal qiroati bilan mashhur bo‘lgan Abu Jaʼfar al-Qoriy 747-748-yillar (hiriy 130-yil) Madinada to‘qson yoshida vafot etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. VIII, 353-354;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. 151-152;
- Ibn Mujohid. Kitāb as-sab’a. — Qohira: 1972. 56-58;
- Ibn Hibbon. As-Siqāt. V, 543-544;
- Az-Zahabiy. Maʼrifa al-qurrā. I, 72-76;
- Tayyar Altıkulaç. „Ebû Cafer el-Kārî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 116.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |