Buvayhiylar
Buvayhiylar — Gʻarbiy Eron va Iroqda hukmronlik qilgan sulola (932—1055). Asoschilari — akauka Ahmad, Hasan va Ali. Ularning otasi Buvayh (sulola nomi shuning ismidan olingan) Eron podshohi Bahrom Goʻr naslidan boʻlib, Daylam (Gilon viloyatining togʻli qismi)dagi jangari qavmlar sardori edi. Shu boisdan mazkur sulola vakillari "daylamiylar" deb ham atalgan. Buvayh 930 yil somoniylardan ajrab chiqib, ziyoriylarta qoʻshilgan. Ziyoriylar hukmdori Mardovij (928—935) Buvayhning oʻgʻillaridan Alini Karaj shahriga voliy, Ahmad va Hasanni esa yirik harbiy qismlarga boshliq qilib tayinlagan. Soʻng, B. 932—945 yillarda Arrajon, Nubinjon, Isfahon, Hamadon, Ray, Kirmon, Ahvoz, Sheroz shaharlarini bosib olganlar. Shunda Bagʻdod xalifasi AlMustakfiy Billoh (Abdulloh) (944— 946) akauka B.ni oʻzlari istilo qilgan viloyatlarga noib etib tayinlashga majbur boʻlib, Aliga "Imoduddavla" ("Davlat tayanchi"), Hasanga "Ruknuddavla" ("Davlat ustuni") va Ahmadga "Muizzuddavla" ("Davlat qudrati") degan faxriy unvon bergan. Keyin, B. 945 yil Bagʻdodni ham bosib olib, abbosiylar xalifaligining siyosiy mavjudligiga chek qoʻyganlarda, amalda davlatni oʻzlari boshqara boshlaganlar. 10-asrning 2-yarmida B. qad. Eron hukmdorlarining "shahanshoh" degan unvonini qabul qilganlar. B.ning eng mashhur vakili — Adududdavla (949—983) mamlakatdagi barcha uluslarni birlashtirishga muvaffaq boʻlgan. Uning davrida sugʻorish tarmoqlari kengaytirilgan, Sheroz, Bagʻdod va boshqa shaharlarda katta qurilish ishlari olib borilgan, iqto yerlari koʻpaytirilgan, ilmfan va sanʼat birmuncha taraqqiy etgan. Adududdavla vafotidan soʻng mamlakatda boshlangan taxt uchun kurash oqibatida B. zaiflashib qolib, mamlakat yerlarining sharqiy qismi Mahmud Gʻaznaviy tomonidan ishgʻol etilgan (1029). Saljuqiylarnint 1055-yil qilgan bosqini esa B. sulolasi hukmronligini butunlay tugatgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |