Chiroqchi

Aholisi 2021 yil hisobiga koʻra 400000dan ortiq

Chiroqchi — Qashqadaryo viloyatidagi shahar va tuman markazidir. Aholisi — taxminan 270 ming nafardan ortiq.[1] Joylashuvi: 39°2’23" shimoliy kenglik va 66°33’36" sharqiy uzunlik.[2] Shaharda asosan oʻzbeklar istiqomat qilishadi. Juda kam miqdorda tatarlar bor. Qashqadaryo daryosidan oʻtuvchi koʻprik oldida, shahar markaziy bozorining orqa tomonida loʻlilar yashaydi. Mustaqillikgacha bir nechta juhud xonadoni ham boʻlgan. Shaharda „Chiroqchi“, „Chiroqchi fermeri“ nomli gazetalar chop etiladi. Oʻz bosmaxonasiga ega. „Chiroqchi chiroqlari“ nomli xalq-milliy ansambli ham mavjud. Shaharda 3 ming tomoshabin uchun moʻljallangan, yangi taʼmirlangan stadion bor. Futbol klubi — „Chiroqchi“.[3] Shaharda aikido klubi faoliyat koʻrsatmoqda.[4]

Chiroqchi
shahar
39°02′01″N 66°34′26″E / 39.03361°N 66.57389°E / 39.03361; 66.57389 G OKoordinatalari: 39°02′01″N 66°34′26″E / 39.03361°N 66.57389°E / 39.03361; 66.57389 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Qashqadaryo viloyati
tuman Chiroqchi tumani
Aholisi
270 mingdan ko'proq
Vaqt mintaqasi UTC+5
Chiroqchi xaritada
Chiroqchi
Chiroqchi

Til tahrir

Shahar aholisi adabiy tilga yaqin shevada gaplashishadi. Boshqa katta shahar aholisiga teskari oʻlaroq ular men, sen, deyishadi. Hozirgi zamon davom feʼlini ham xuddi adabiy tildagidek qoʻllashadi: kelayapti, borayapti va hk. Katta yoshdagilar orasida qipchoq lahjasi keng tarqalgan.

Tarixi tahrir

Ilk tarixi. Kishmishtepa (V-XIII asrlar) tahrir

Hozirgi Chiroqchi shahri atrofida, „Mehnatkash“ jamoa xoʻjaligi hududida Kishmishtepa deb ataluvchi qadimgi shahar qoldiqlari mavjud. Bu shahar taxminan eramizning V-VI asrlarida tashkil topgan. Shahar sitadel, shahriston va keng rabotdan iborat. Shahriston 24 ga maydonni egallagan va devor hamda handaq bilan oʻralgan. Shahriston devorlari VII-VIII asrlarga oid boʻlib, IX-X asrlarda mustahkamlangan. Shahriston VII-VIII asrlarda kengaya boshlaydi, IX-X asrlarda esa kengayib katta shaharga aylanadi. XIII asrda moʻgʻullar bosqinidan soʻng shahar inqirozga yuz tutdi va asta-sekin hozirgi Chiroqchi shahri hududiga koʻchadi.

Kishmishtepani bevosita tadqiq qilgan olim S. B. Lunina shahar haqida oʻzining "Janubiy Soʻgd shaharlari" asarida hikoya qiladi. Kishmishtepa haqida maʼlumot kam boʻlganligi sababli kitobdagi iqtibosni toʻligʻicha keltirib oʻtish joizdir.

"Chiroqchi tumani markazining chekkasida, Qashqadaryo qirgʻoqlari yonida, oʻrta asr shahrining qoldiqlari sifatida qarash mumkin boʻlgan Kishmishtepa xarabolari joylashgan. Shahar bizning zamonimizda uning hududida joylashgan gʻisht zavodi tomonidan uzoq vaqt davomida vayron etilgan. Shaharning markaziy tepaligida buldozerlar tomonidan kovlangan va odatda juda chuqur botgan koʻpgina izlarni koʻrish mumkin. Qolgan maydon esa zavod va boshqa inshootlar qurilishi vaqtida buzilgan.

1963-yilda shaharni S. K. Kabanov, 1967-yilda Z. I. Usmanova rahbarligi ostida KATE (Kesh Arxeologik Ekspeditsiyasi) guruhi tadqiq qilgan. 1969-yildan boshlab, biz N. P. Stolyarova bilan bir-necha marta yodgorlikni borib koʻrdik va kichikroq qazuv ishlarini olib bordik, dastlabki materiallarni yigʻdik, chizuvga oldik va kesiklarni tozaladik.

Shahriston, aftidan, 700 x 350 m (hozir balandligi baʼzida 15 m.ga yetadi) boʻlgan. Shahar arigʻi kesigidan, zavod hududi va boshqa maydonlardan yigʻilgan materiallarga koʻra, shahar kengina yonqishloqlarga (yaʼni shahar bilan birlashib ketgan, shaharoldi maskanlariga) ega boʻlgan.

Yigʻilgan materiallarni sinchiklab tekshirish shularni koʻrsatdiki, ilk oʻrta asrlarga oid sopol buyumlar, asosan, markaziy tepalik hududida, uning kesiklarida va ustki qismida uchraydi. Shahar atrofidagi keng maydon, aftidan, faqatgina rivojlangan oʻrta asrlarda yuzaga kelgan va bu bizga shaharning IX-X asrlarda hududiy jihatdan oʻsganligi haqida xulosa qilishimizga imkon beradi.

Markaziy tepalikning chetidagi chuqurning kesigida 5 m.dan baland, 1.6 m.gacha 70 va 90 sm.lik qatlamli paxsadan koʻtarilgan, undan yuqorida esa, 1.7 m.gacha 46-48x25-26x8 sm oʻlchamli xom gʻishtdan terilgan devor tozalandi. Qurilish sanasi, taxminan, VII-IX asrlardir.

Yigʻilgan soʻrovnoma materiallari ham qiziqarlidir: shahar haqida koʻpgina afsonalar aytiladi, hatto, ulardan birida, xuddi shu tepalikdan Chiroqchi tarixi boshlanganligi taʼkidlanadi. Qariyalarning aytishicha, shaharning haqiqiy nomi hozirda notoʻgʻri talqin qilinadi. Ilgari u „Kisht“ yoki „Shahri Kish“ — Kesh shahri deb atalgan. Hamma bir narsani taʼkidlashadi: bu yerda katta shahar boʻlgan. Bu maʼlumotlar, Kitobda yigʻilgan soʻrovnomalardagi materiallar bilan ham qisman tasdiqlanadi. U yerdagi yoshi oʻtgan qariyalar bu shaharning oldingi nomi „Kish'“ yoki „Kisht“ boʻlib, shahar inqirozidan keyin, aholisi bilan boshqa joyga koʻchgan." (iqtibos tugadi)[5]

XII asrda Oʻrta Osiyoga safar qilgan Abdulkarim ibn Muhammad as-Somoniyning "Kitab-al-ansab" asarida nomi tilga olingan Xushminjakas yoki Xushminchkat shahri, olim Shamsuddin Kamoliddinovning fikricha, xuddi shu Kishmishtepa boʻlishi mumkin.[6]

Kishmishtepa, tasodifan, topilgan. Mahalliy bolalar kumush va tilla tangalari bor xazina topib olishgan. Hozirgacha, aholi bu yerdan uy-roʻzgʻor buyumlari topishadi. Topilmalar orasida eng mashhuri, Ummaviylar sulolasi vakili hamda butun dunyo sevib oʻqiydigan „Ming bir kecha“ning qahramoni Horun ar-Rashidning ukasi Ma'mun ar-Rashidning surati solingan kumush tangadir.[7]

Chiroqchi nomining kelib chiqishi tahrir

 
Oʻzbek Jangchisi tasviri, taxminan 1557—1564-yillar, Chiroqchiliklarning ajdodi shunday koʻrinishga ega boʻlishgan. Safaviylar[8]

XVIII asrning oʻrtalariga doir manbalarda Chiroqchi qal’asi borligi haqida maʼlumot berilgan. Akademik V. V. Bartoldning fikricha, Chiroqchi undan ham avvalroq, Ubaydulloxon davrida ham mavjud boʻlgan.[9][10]

Poyon Ravshanning „Sohibqiron tugʻilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi“ asarida „Chiroqchi“ soʻzining kelib chiqishi haqida qiziq fikr keltiriladi. Aytishlaricha, Temurning onasi Buxoroga ketayotganida, uni toʻlgʻoq tutadi. Kechqurun boʻlganligi sababli ular xotirjam bir yer izlashadi. Uzoqdan chiroq koʻrishadi. Borishsa, bir chayla, ichida esa bir momo oʻtiribdi. Shu kecha, oʻsha chaylada, Temur dunyoga keladi. Taxmin qilganingizdek, bu yerda keyin „Chiroqchi“ nomidagi qishloq paydo boʻladi.

Chiroqchi soʻzi „chiroq alangasiga qarab fol ochuvchi“ maʼnosini ham bildiradi.[11] Balki, bironta chiroqchi yashagan boʻlsa, oʻshaning nomi qishloq nomiga oʻtib ketgan boʻlishi ham mumkin.

„Chiroqchi“ soʻzining tarixi haqida, bu yerga 1882-yil sayohat qilgan rus zobiti V.Krestovskiy ham oʻz fikrini bildirib oʻtgan. Uning fikricha, shaharning nomi sopoldan chiroq yasovchi hunarmand va butun chiroqchilarning piri, avliyo Chiroqchi ota nomiga qoʻyilgan.[10] Ammo tarixda bunday inson oʻtganligi haqida boshqa biron bir maʼlumot qolmagan. Chiroqchi ota qabrining qayerdaligi ham nomaʼlum. Bu xalq orasidagi afsonadan boshqa narsa boʻlmasa kerak. Shuning uchun ham bu soʻzning etimologiyasi hali koʻp izlanish va mehnatni talab qiladi.

Boshqa taxminga koʻra[12], shahar nomi sirakchi yoki siroqchi - qadimgi turkiy qabila-urugʻning otidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.

Chiroqchi Buxoro amirligi davrida (XVIII asrning ikkinchi yarmi — 1920) tahrir

Chiroqchi Buxoroning katta bekliklaridan edi. Chiroqchi shahri amirlikning muhim shaharlaridan biri boʻlgan.[13] Chiroqchi atrofidagi yirik shaharlar Qarshi va Shahrisabzga qaramasdan toʻgʻridan toʻgʻri Buxoro amiriga boʻysungan.[14] Bu shaharda shahzodalardan biri beklik qilgan.

Chiroqchi bekligidan amirlik ehtiyojlari uchun birqancha soliqlar yigʻilgan: avorizot (favqulodda holatlarda yigʻiladigan soliq), qoracherik (amirlik qoʻshinlarini boqish uchun beriladigan soliq), yaksara (qoʻsh puli; qoʻsh hoʻkizi borlardan olingan), choʻp puli, xarbuz puli (lalmikor yerlarga ekiladigan tarvuzlardan olingan), muhrona (qozi, mufti, rais va boshqa hukmdorlarning muhri uchun soliq), xizmatona (qozilarga, beklarga berilgan toʻlov), vasiqa puli va boshqalar.[15]

Shahrisabz orqali oʻtuvchi karvon yoʻli togʻli va oʻtish qiyin boʻlganligi uchun Chiroqchidan oʻtuvchi yoʻl (Jom orqali) Samarqand va Qarshini bogʻlovchi eng qulay yoʻl boʻlgan. Bu yerdan hatto Afgʻoniston va Hindistondan kelayotgan karvonlar ham oʻtishgan.[16]

1820-yilda Buxoro amirligiga safari chogʻida, tarixchi va sayohatchi Meyendorff Chiroqchi va Gʻuzorni oʻzining Voyage d’Orenbourg à Boukhara, fait en 1820 … asarida villes considerables yani „kattagina shaharlar“ deb ataydi.[17]

XIX asrda Chiroqchi himoya devori bilan oʻralgan kichik istehkom boʻlgan. Bu haqda mojoristonlik (asli yahudiy) mashhur sayohatchi va tarixchi Herman Vamberi oʻzining „Oʻrta Osiyoga sayohat“ asarida keltirib oʻtadi.[16] Uning shohidlik qilishicha, Buxoro amiri Muzaffar ad-Din (yoki Muzaffariddin) bosh koʻtargan shahrisabzliklarni bostirishga kelganda Chiroqchida turgan.

1873-yilda Buxoroga safar qilgan AQShning Moskvadagi konsuli Yujin Shuylir, Chiroqchida bir kun qoladi. Uning guvohlik berishicha, Chiroqchi oʻsha paytlarda aksar qismi xarobaga aylangan kichik shahar boʻlgan.[18]

Bu davrda Chiroqchi bekligi hududi Shahrisabzning Tezob-Qand qishlogʻicha yoyilgan.[19]

Abdulahadxon davrida Chiroqchida qoʻzgʻolon koʻtarishga urinish boʻlganini Sadriddin Ayniy oʻzining „Xotiralar“ kitobida soʻzlab beradi. Unda aytilishicha, mahalliy mulozimlarning bedodliklaridan bezor boʻlgan chiroqchiliklar qoʻzgʻolon koʻtarishga ahd qilishadi. Lekin, keyinchalik fikrlarini oʻzgartirib, Buxoro amiriga 200 kishilik hay’at jonatishga qaror qilishadi. Oʻzlarining gʻarib hayotini bildirish uchun ular eski anʼanaga koʻra qora kigizdan meksikaliklarning ponchosiga oʻxshagan kiyim hozirlaydilar. „Qora kigizli“ ikki yuz odam Buxoroda ancha mishmish va xavotir oʻygʻotadi. Buxoro amiri avvaliga ularga yaxshi muomala qiladi ammo keyinchalik xiyla ishlatib ularni hibsga otadi. Baʼzi qismini esa qatl qildiradi.[20]

1880-yildan 1886-yilgacha Chiroqchi bekligini Muzaffar ad-Dinning oltinchi oʻgʻli va boʻlgʻusi Buxoro amiri Abdulahadning ukasi, Sayyid Olimxonning amakisi Sayyid Mir Abdussamad boshqargan. Nokamtarona xulqi va isrofgarchiligi uchun otasi tomonidan Chiroqchi qozisining toʻliq nazorati ostiga olingan. 1882-yilda Chiroqchiga boʻlgan V.Krestovskiyning tavsiflashicha, Sayyid Mir Abdussamad „oʻzining kichik ukasi Sayyid Mir Mansurga juda oʻxshaydigan, soqol-moʻylabsiz, 20 yoshlar chamasidagi, oriqdan kelgan yosh yigit“ boʻlgan. Uning yana guvohlik berishicha, „amir (Muzaffar ad-Din) bu oʻgʻlini choʻrtkesarligi uchun unchalik yoqtirmagan, hatto Shahrisabzga kelsa ham, uni koʻrish uchun Chiroqchiga kirib oʻtmagan“. Mir Abdussamadni akasi amir Abdul-Ahad ham xush koʻrmagan. 1886-yil 4-sentabr tunida, Chiroqchi begi hibsga olinadi va Buxoroga joʻnatiladi. Umrining qolgan qismini, bek Buxoroning Xoʻja Gʻofur mahallasida „uy qamogʻida“ oʻtkazadi".[21]

Krestovskiyning gaplarini oʻsha-yilda Chiroqchida boʻlgan ingliz sayohatchisi Henri Lansdell ham tasdiqlaydi. Uning „Rus Oʻrta Osiyosi“ nomli kitobida Chiroqchi begi huzurida boʻlganligi tasvirlangan:

"Biz Shaharni ertalab 9.20 da, amirning izvoshida tark etdik va Qarshiga Qashqadaryo vodiysi orqali oʻtadigan yoʻl boʻyicha safarimizni davom ettirdik. Biz bogʻlar va haydalgan yerlar boʻylab bir soatcha sekin izvosda yurdik, keyin qumli lekin oʻsimliklar bilan qoplangan ochiq choʻlga chiqdik. Shahrdan uncha uzoq boʻlmagan yerda Sharmitan qishlogʻi joylashgan ekan va shahardan olti milcha masofada ikkinchi qishloq bor ekan, ammo biz birontasida ham toʻxtamadik. Bir qancha irmoqlarni kesib oʻtdik va chap tomonimizda Hisor tizimiga tegishli togʻlar uzoqdan koʻrinib turardi.

Chiroqchiga bir millar qolganda olti nafar bashang kiyingan otliqni uchratdik va ular amirning oʻgli Chiroqchi begi tarafidan meni kutib olish va ahvolimni soʻrash uchun joʻnatilganliklarini aytishdi. Ular bizni shaharga boshlashdi, devor bilan oʻralgani uchun uni shahar deyish toʻgʻriroq boʻladi, boʻlmasa, katta bozorli qishloq desa ham boʻlardi; va ular yana bekning juma kuni boʻlganligi uchun masjidga ketganligini, lekin qaytgandan keyin bizni qabul qilishini aytishdi. Bizni ikki soatcha keyin chaqirishdi va bekning uyi deyarli daryo qirgʻogʻida joylashganini koʻrdik. Uning qarorgohi loy devor bilan oʻralgan va kichikcroq kvadratlarga boʻlingan toʻrtburchak shaklidagi hovlidan iborat ekan. Uning bir tarafida devor boʻylab bir qator xonalar ketgan. Kirayotganimizda qarorgoh xodimi mening sovgʻalarimni qabul qildi va soʻng bizni 18 yoshlar chamasidagi lekin biroz kattaroq koʻrinuvchi, zarrin chopon va oltin hoshiyali qizgʻish rangli salla oʻragan yosh yigit oʻtirgan xonaga boshlashdi. U biz uchratganlar ichida eng koʻrkam kiyingani edi va biz koʻrgan oddiy kiyimdagi otasidan ziynat bobida ancha oʻzib ketgan edi. U bizga ilgari bironta ham ingliz bu yerlarga kelmaganini va ularning mamlakatini koʻrgani kelganim uchun mendan juda xursand ekanligini aytdi.

Men undan Angliyaga tashrif buyurishini soʻradim. U esa „Bu faqat otamga boʻgliq“, deb javob berdi.

U mening qadimgi noyob buyumlar bilan qiziqishimni eshitgan va Buxoroga bironta qadimiy buyum topish uchun odam joʻnatgan ekan. Menimcha, u meni yozuvchi deb eshitgan boʻlsa kerak, deb oʻylayman va buni undan yashirganim ham yoʻq. Yozuvchiligimni aytish orqali nima uchun tinmay yozib olayotganimni tushuntirdim. Chunki yozib olayotganim sharqliklar koʻzida katta jinoyat boʻlib koʻrinishi va mendan shubhalanishlari uchun yoʻl ochishi mumkin edi. Menimcha, shuning uchun ham bek menga, suhbatimizning oxirdida, ularning yurti haqida biron yomon narsa yozmasligimni umid qilishini qoʻshib qoʻydi. Meni qay darajada mehmondoʻstlarcha kutib olishgani haqida oʻz yurtimga borib koʻp narsalar ayta olishim mumkinligini aytdim, aytganda ham samimiy, yurakdan aytdim.

Men bildimki, otliq xabarchi Buxorodan, qushbegidan bu yergacha ikki kunda yetib kelishibdi. Bu narsa biroz shoshilish ishtiyoqimizni oshirdi, chunki oʻsha kun biz bor-yoʻgʻi 13 milgina yoʻl bosib oʻtgan edik; rus sahrosida esa biz bu masofani bir soatdan sal koʻproq vaqtda bosib oʻtardik. Undan tashqari, biz 12 ga 8 fut oʻlchamli xonaga nochorgina joylashtirilgan edik; xonaning devorlari loydan qilingan boʻlib, hatto suvalmagan edi. Teshiklarga tiqilgan yoʻgʻoch choʻplar kiyimlarimizni osib qoʻyish uchun ekan. Xonada yana ikkita shaloq karavot bor edi. Shaharda sayohatimizni kechiktirishimizga arzigulik biron narsa yoʻq edi. Chiroqchi oldin Shahrisabzga boʻysungan, ammo hozirda, hisobotga koʻra, pulini isrof qilib sovuruvchi va har-yilgi poytaxtdan Kitobdagi yozgi qarorgohiga kelayotganida yoʻlda oʻgʻlinikiga toʻxtab oʻtmaydigan otasidan shikoyat qiluvchi mana shu bekbola tarafidan boshqarilardi.

Amir oʻz oʻgʻillarini — baʼzilari juda yosh edi — xuddi Chiroqchidagidek xonlik boʻyicha bek yoki voliy sifatida taqsimlab chiqqan edi. Shunga qaramasdan, mening kuzatishimcha, amirning oʻgʻillari ularga katta hurmat koʻrsatuvchi katta yoshli qozilar bilan oʻralgan edi. Chiqqanimizdan keyin bekdan yana bir yasalgan ot va bir nechta sarpo sovgʻa oldik.

Ertasi kuni ertalab 6.30 da, quyosh chiqqandan keyin, biz Qarshiga qarab yoʻl oldik. Qarshi bu yerdan 47 mil masofada edi va uni biz oʻsha kunning oʻzidayoq bosib oʻtmoqchi edik. Bir qancha mulozimlar bizni shahardan tashqarigacha kuzatib qoʻyishdi, ular bilan birga yigirma nafarcha otliq guruhi boʻldik. Ulardan biri mendan qizamiqqa qarshi dori berishimni iltimos qildi. Men unga keyingi bekatda narsalarimizni ochgan paytimizda berishimni aytdim. Yoʻlimiz Chiroqchida 1300 fut balandlikdan Qarshiga kelib 800 fut balandlikkacha tushuvchi Qashqadaryo vodiysi boʻylab ketgan edi. Chiroqchidan Qoratikangacha vodiy biroz qisqaradi, lekin hamma joyda suv, oziq-ovqat va yonilgʻi topsa boʻladi."[22]

1883-yilda Buxoro amirligiga sayohat qilgan harbiy kapitan Arxipov, Chiroqchini ham oʻrganadi. Uning aytishicha, Chiroqchi shahrida oʻsha paytda 500 atrofida oila istiqomat qilgan. Uning yana guvohlik berishicha, shahar devorlari deyarli xarobaga holiga tushgan. Ichimlik suvi, yem-xashak va yoqilgʻi moʻl-koʻl boʻlgan. Qashqadaryo sersuvligi dehqonchilik uchun qulay sharoit yaratgan. Hatto, ekin payti, Qarshi va Samarqanddan ham kelib ishlashgan. Chiroqchi bekligidan olinadigan xiroj (hosilning beshdan bir qismi) 100,000 tanga, yoki 25,000 rus rubliga teng boʻlgan.[23]

1920-yil Chiroqchi Shahrisabz, Kitob, Yakkabogʻ bilan bir qatorda, Buxoro Xalq Sovet Respublikasiga qarshi bosh koʻtardi va Sharqiy Buxorodagi bosmachilar harakatining markazlaridan biriga aylandi.[24] Ammo Qizil Armiya tomonidan shavqatsizlarcha bostirildi.[25] 1920-yil 1-sentabrda, Chiroqchi oʻz mustaqilligini yoʻqotdi va shoʻrolar hukumatiga boʻysundirildi.[26]

Shoʻrolar davri tahrir

Ikkinchi Jahon Urushidan keyin bu yerda bir qancha nemis va polyak asirlar, qochoqlar ham vaqtinchalik boshpana topgan. Ularning baʼzilari bu yerda vafot etishgan. Chiroqchida 11 polyak asiri dafn etilgan. Oʻsha vaqt bu yerda polyaklar armiyasining 18-piyoda polki joylashgan.[27][28]

1977-yilgacha Chiroqchi shahar tipidagi qishloq boʻlgan. 1977-yil 24-noyabrida Ozbekiston Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan Chiroqchiga tumanga qarashli shahar maqomi berildi[29].

Osori atiqalari tahrir

Chiroqchi shahri binolari asosan xom gʻisht va paxsadan qurilgani bois, bizgacha qadimgi binolar yetib kelmagan. Shaharni orab turgan devorlar ham shoʻrolar hujumi natijasida vayron etilgan.

XIX asrda Chiroqchida, vohaning boshqa yirik shaharlari kabi, katta jome masjid boʻlgan. Lekin u hozirgi kunimizgacha saqlanib qolmagan.[30]

Shoʻrolar meʼmorchiligiga oid yozgi va yopiq ikkita kinoteatr, madaniyat klubi, kutubxona, Ulugʻ Vatan Urushi qatnashchilariga bagʻishlangan muzey-majmua mavjud.

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tahrir

Shaharda paxta tozalash zavodi va remont-texnika stansiyasi ishlab turibdi. Bundan tashqari gilamchilik fabrikasi ham bor. Shahar aholisi asosan mayda tijorat, tomorqa xoʻjaligi va uy chorvachiligi orqasidan daromad qiladi.

2005-yilda „Ulugʻ“ masʼuliyati cheklangan jamiyati, Turkiyaning „Kitsan sanayi“ korxonasi bilan hamkorlikda paxta tolasini qayta ishlab undan kalava va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona ochdi. Nizom jamgʻarmasi 600,000 AQS dollari boʻlgan bu korxona 100 ga yaqin yangi ish joylarini ochdi.[31]

Qiziqarli maʼlumotlar tahrir

  • „Gorod detstva“ („Bolalik Shahrim“), Aleksandr Rajanovning Chiroqchiga atalgan sheʼri.
  • Eronda 80-yillarning oxirida Chirogʻchi degan sogʻliqni saqlash vaziri faoliyat yuritgan.
  • Istanbulda Chiroqchi nomli masjid bor.
  • Hoqon Chiroqchi (Hakan Çırakçı) ismli turk aktyori bor. Herşeye Rağmen, 1988-yil.
  • Anqara viloyatida Chiroqchi nomli kichik togʻ mavjud.
  • Tojikiston Respublikasidagi Yovon tumanida "Chiroqchi" nomli qishloq bor.
  • Shevada "chiroqchi" — elektrik maʼnosini ham berishi mumkin.
  • Turkmanistonda "Chiroqchi" nomli quduq bor.[32]
  • Yevgeniy Berezikovning „Qizil Buxoro“ romanida chiroqchilik Sobir nomli personaj mavjud.
  • Afgʻoniston Badaxshonida yashovchi hazoriylarda "chiroqchi" deb ataluvchi urugʻ yoki etnik guruh bor.[33]
  • "Chiroqchi" qadimgi turkiy shomonlarining unvonlaridan biri boʻlgan.[34] Hozirgacha „chiroq yoqish“ iborasi ishlarning yurishishi, qiyinchiliklarning ketishi uchun qilinadigan marosim maʼnosini bildiradi. Bunda baxshi momo choʻplarning uchiga paxta bogʻlab, yogʻ solingan idishga botirib oladi va supradagi unga botirib qoʻyadi. Shundan soʻng, paxtalik tayoqchalar yoqiladi. Supraning atrofidagilar yoqilgan choʻplardagi olov ustida qoʻllarini biroz ushlab turib, yuzlariga surtishadi. Baʼzan bu marosim uchun xoʻroz ham soʻyilishi mumkin. Bu islomdan tashqari odat shomonlik anʼanasi boʻlib, Chiroqchi qishloqlarida hali ham oʻtkazilib turiladi.
  • Oʻrta asrlarda chiroqchi deb maqbaralarga qarovchi va imomga yordam beruvchi kishiga aytilgan.[35]
  • Shahrisabz darvozalarining biri "Chiroqchi darvozasi" deb atalgan.[36]
  • N. P. Stremuxov nomli yozuvchining qalamiga mansub „Musulmonlar orasida“ („Sredi Basurmanʼ“) asarda hikoya qilingan baʼzi voqealar Chiroqchi atrofida yuz beradi. Ushbu roman 1883-yil Sankt-Peterburg shahrida, „Svet“ gazetasiga ilova oʻlaroq nashr qilingan.
  • Sufiylarning Bektoshiylar degan tariqatida „chiroqchi“ vazifasi bor.
  • Qirim qorayimlarida toʻy marosimini „chiroqchi“ deb ataluvchi kishi boshqaradi. Qorayimlar turkiy tilli yahudiylardir.

Mavzuga oid bogʻlamalar tahrir

Manbalar tahrir

  1. „arxiv nusxasi“. 2013-yil 31-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 25-iyul.
  2. http://wikimapia.org/2994590/Chiroqchi
  3. http://www.uza.uz/sport/?id1=21720[sayt ishlamaydi][sayt ishlamaydi]
  4. arxiv nusxasi, 2010-03-28da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-11-16
  5. Lunina S. B. Goroda yujnogo Sogda v VIII-XII vv. C. 34-35
  6. Kamoliddinov, S. S. „Soʻgʻd va Toharistonning tarixiy joʻgʻrofiyasi“, Toshkent, 1996
  7. Jahon.mfa.uz, 2007-11-08da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2009-01-13
  8. A HEAVILY ARMED UZBEK. SAFAVID IRAN, MID 16TH CENTURY
  9. Bartold V. V. „K istorii orosheniya Turkestana“, C. 129
  10. 10,0 10,1 http://www.vostlit.info/Texts/rus2/Sami/primtext3.phtml
  11. Teniщev, Edgem Raximovich. U tyurkskix narodov Kitaya: (Dnevniki 1956-1958 gg.). „Nasledie“, 1995. S. 114
  12. „Ғазалкент, Чироқчи, Буйрак – кутилганидан бошқа маънога эга жой номлари“ (15 декабр, 15:05). 15 декабр, 15:05da asl nusxadan arxivlangan.
  13. arxiv nusxasi, 2008-05-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-11-16
  14. Soviet Literature. „Soyuz pisateley SSSR“, International Union of Revolutionary Writers. p. 136
  15. http://hidoyat.uz/index.php?option=com_content&task=view&id=362&Itemid=45
  16. 16,0 16,1 http://librari.org.ua/HISTORY/WAMBERI/azia1867.txt.htm[sayt ishlamaydi][sayt ishlamaydi]
  17. Meyendorff E. K. „Voyage d’Orenbourg à Boukhara, fait en 1820, à travers les steppes qui s'étendent à l’est de la mer d’Aral et au-delà de l’ancien Jaxartes“, Parij, 1826, 162-bet
  18. Schuyler, Eugene. Turkistan: Notes of a Journey in Khokand, Bukhara, and Kuldja. 1877.
  19. Western Turkestan: An Account of the Statistics, Topography, and Tribes of the Russian Territory and Independent Native States in Western Turkestan. 1882. p. 191
  20. Ayni, Sadriddin. Vospominaniya. „Izdatelstvo Akademii Nauk SSSR“, Moskva, Leningrad, 1960. ss. 758-767. Istoriya s lyudmi, odetimi v chernie koshmi i posledstviya dela Mullo-Amona
  21. arxiv nusxasi, 2015-02-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-11-09
  22. Lansdell, Henry. Russian Central Asia: including Khuldja, Bokhara, Khiva, and Merv. London, 1885. 40-43 betlar
  23. Sbornikʼ geograficheskixʼ, topograficheskixʼ i statisticheskixʼ materialovʼ po Azii. Vipuskʼ X. S.-Peterburgʻ, 1884 str. 175-176
  24. arxiv nusxasi, 2012-07-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2012-07-21
  25. arxiv nusxasi, 2009-08-03da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-11-16
  26. Koyunliev Z. F., Pavlova J. F. Boevoy put Pervoy Revolyutsionnoy armii Vostochnogo i Turkestanskogo frontov: iyun 1918 — fevral 1921 g. (Sbornik dokumentov i materialov). Tsentralniy gosudarstvenniy arxiv Sovetskoy Armii, Tsentralniy gosudarstvenniy arxiv Turkmenskoy SSR. „Ylym“, 1972. 229-bet
  27. arxiv nusxasi, 2015-02-18da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-02-18
  28. http://www.amp96.ucoz.ru/news/2006-10-12-62
  29. Axmedov Erkin, Tesnabaev Mamatxan. Novie goroda Uzbekistana. Uzbekistan, 1984, str.63
  30. Kochnev, Boris Dmitrievich. Srednevekovie zagorodnie kultovie soorujeniya Sredney Azii. Fan, Tashkent, 1976. str.64
  31. „arxiv nusxasi“. 2014-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 16-noyabr.
  32. http://iguide.travel/Turkmenistan/Getting_Around/By_plane
  33. Sovetskaya etnografiya, str. 15, 1931
  34. Shotayevna, R. D. Etnicheskaya onomastika. „Nauka“, 1984. 170-bet
  35. Jeff Sahadeo, Russell G. Zanca. Everyday Life in Central Asia: Past and Present. Indiana University Press, 2007. 337-bet.
  36. B. V. Lunin, B. A. Axmedov. Istoriya Uzbekistana v istochnikax. Tashkent, „Fan“, 1990. S. 182