Molibden rudalari — tarkibidagi Mo miqdori sanoat yoʻli bilan ajratib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlgan tabiiy mineral hosilalar. Yirik konlardagi rudalarda Mo ning oʻrtacha miqdori 0,06—0,3%, maydaroq konlarda esa 0,5—1%. Boshka rudalardan esa yoʻldosh komponent sifatida ajralib olinadi. Molibden rudalari endogen va ekzogen sharoitlarda hosil boʻladi. Endogen yoʻl bilan hosil boʻlgan rudalar skarnli, greyzenli va gidrotermal guruh konlar bilan bogʻliq. Asosiy mineral rudasi molibdenit (MoS2) boʻlib, unda Mo miqdori 60% ni tashkil qiladi. Molibden rudalarida Mo bilan turli nisbatlarda Si, W, ozroq miqdorda Bi, Be, Sn uchraydi; bundan tashqari, molibdenitda Re doimiy mavjud. Molibden rudalari hududiy va genetik jihatdan intruziv jinslar (mismolibdenli turi monotsit, granodiorit, granosiyenitlar; monometall molibdenli turi biotitshox aldamchili granitlar; volframmolibdenlisi leykokrat kamroq ishqorli granitlar) bilan bogʻliq. Ekzogen Molibden rudalari esa baʼzan koʻmir qatlamlarida gil, kremniyli slanetslarda, shunin-gdek, qattiq neft bitumlarida uchraydi. Ulardagi Mo organik moddalar bilan uzviy bogʻliq boʻlib, Y, U, Ge bilan bir assotsiatsiyada boʻladi. Bu konlarda Mo juda oz miqdorni tashkil etadi. Molibden rudalarining asosiy qismi yirik skarnli va shtokverli konlardan qazib olinadi. Molibden rudalari boyitilib, tarkibida 51% gacha boʻlgan konsentrat olish mumkin. Molibden rudalarining yirik konlari Oʻzbekistonda (Olmaliq, Qoramozor, Zirabuloq-Ziyovuddin, Nurota), Qozogʻiston, AQSH, Kanada, Chili, Meksika, Xitoy, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda mavjud.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil