Bosh menuni ochish

Mutal (Mutavakkil) Burhonov (1916-yil 5-may — 2002-yil 15-iyun) — bastakor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1964), Oʻzbekiston xalq artisti (1974). Burhonov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan (1947-, 1978- va 1992-yillardagi talqinlarini).[1] Shuningdek, qator kamer-vokal va kamer-cholgʻu asarlarini yozgan, bir necha opera va film, jumladan, „Maftuningman“ filmi musiqasini bastalagan. Oʻzbeklar orasida eng sevimli qoʻshiqlarga aylangan „Doʻppi tikdim“ va „Maftuningman“ qoʻshiqlari musiqasini bastalagan.

Mutal (Mutavakkil) Burhonov
Tavalludi sanasi

5-may 1916-yil(1916-05-05)
Tavalludi joyi Buxoro, Buxoro Amirligi
Vafoti sanasi

15-iyun 2002-yil(2002-06-15)
(86 yoshda)
Vafoti joyi Buxoro, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Kasblari bastakor
Janr oʻzbek milliy musiqasi
klassik musiqa
opera
Mukofotlari

Burhonov Oʻzbekistonda koʻp ovozli xor hamda a kapella janri asoschilaridan biri hisoblanadi. Burhonov bir necha orden va medal, jumladan, „Shuhrat“ medali (1994), „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni (1998) hamda „El-yurt hurmati“ ordeni (2001) bilan taqdirlangan. Bastakor oila qurmagan va kamtarona hayot kechirgan.[2]

Hayoti va ijodiTahrirlash

Mutal (Mutavakkil) Muzayyinovich Burhonov 1916-yik 5-mayda Buxoro shahrida tugʻilgan. Oilada besh farzand boʻlgan – Mutal Burhonovning Minhojiddin va Misbohiddin ismli ikki akasi va Mohida va Fotima ismli ikki opasi boʻlgan. (Opasi Fotima Fitratga turmushga chiqqan.) Otasi madrasada matematikadan saboq bergan. Otasining aka-ukalari, xususan, Mazhariddin Burhonov, Mukammil Burhonovlar jadidchilar boʻlgan.

Burhonov sakkiz yoshida amakisi Mukammil unga tanbur olib bergan. Keyinchalik Burhonov Otagʻiyos Abdugʻaniyevdan tanbur chalishni oʻrgangan.

1919-yil Burhonovning otasi vafot etgan. Oʻn yoshida onasidan ayrilgan. 1934-yil akasi Misbohiddin Burhonovga xalq dushmani ayblovi qoʻyilib, Sibirga surgun qilingan. 1937-yil akasi va amakilari jadidchilikda ayblanib qatagʻon qilingan, 1938-yil otib tashlangan.

Burhonov 1928—32-yillarda Samarqand musiqa va xoreografiya institutida, 1939—41- va 1946—49-yillarda esa Moskva konservatoriyasida taʼlim olgan. Konservatoriyada Sergey Vasilenkodan kompozitsiya, Grigoriy Stolyarovdan dirijyorlik boʻyicha saboq olgan. Oʻsha yillari Uygʻun va Izzat Sulton yozgan „Alisher Navoiy“ dramasiga musiqa, qator kamer-vokal va kamer-cholgʻu asarlar yaratgan.

Burhonov 1941-yil Ikkinchi jahon urushida Moskva mudofaasida qatnashgan. 1949—51-yillarda „Oʻzbekiston“ radiosida badiiy rahbar, 1955—60-yillarda Oʻzbekiston Kompozitorlar uyushmasi boshqaruvining raisi lavozimida ishlagan.

Burhonov ijodida vokal musiqasi, ayniqsa, romans, joʻrsiz xor va vokal-simfonik janrlar asosiy oʻrin tutadi: „Tabassum qilmading“, „Namedonam Chi nom dorad“, „Ishqida“ va boshqa romanslari, „Alisher Navoiyga qasida“ (Abdulla Oripov, 1968) va boshqa Sharq xalqlari qoʻshiqlarini joʻrsiz xor uchun „mahorat bilan, milliy musiqaga xos nafislik va jozibalilikni toʻla saqlagan holda qayta ishlagan“.[1] Burhonov qozoqcha „Dudaray“, eroncha „Goʻle gandum“, oʻzbekcha „Goʻzal qizga“, afgʻoncha „Chashmi siyoh“ va boshqa koʻpgina bolalar qoʻshiqlarini bastalagan va xor uchun qayta ishlagan.[3]

Shuningdek, Burhonov qator filmlarga, xususan, „Surayyo“, „Abu Ali Ibn Sino“, „Maftuningman“, „Orol baliqchilari“, „Boy ila xizmatchi“ kabi filmlarga musiqa bastalagan. „Alisher Navoiy“ operasi (1986) hamda „Abadiy xotira“ rekviyemini (1996) yozgan. 1992-yil mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan. Oʻzbekiston SSRning 1947- hamda 1978-yillardagi madhiyalari musiqasini ham Burhonov yaratgan.

Burhonov oila qurmagan va kamtar hayot kechirgan.[2] 1998-yil „Koʻngil xazinasi (Burhonnoma)“ kitobini yozgan. Bastakor 2002-yil 15-iyunda 86-yoshda vafot etdi. 2016-yil „Oʻzbekkino“ milliy agentligi Burhonov hayoti va ijodi haqida „Mutal Burhonov. Ohanglarda yashayman hamon...“ hujjatli filmini suratga olgan.

AsarlariTahrirlash

  • „Yurak ovozi“ (?) romansi (ruscha: Голос сердца)
  • „Oʻzbekiston qizi“ (?) syuitasi (1938) (ruscha: Дочь Узбекистана)
  • „Ishq oʻti“ balladasi (Mashrab sheʼri, 1939) (ruscha: Огонь любви)
  • „Gullayotgan Oʻzbekiston“ (?) kantatasi (Hamid Olimjon va Uygʻun sheʼri, 1949) (ruscha: Цветущий Узбекистан)
  • „Abu Ali Ibn Sino“ simfonik syuitasi (1957) (ruscha: Авиценна)
  • „Lenin partiyasi“ qasidasi (?) (Gʻafur Gʻulom sheʼri, 1959) (ruscha: Ода партии Ленина)
  • „Alisher Navoiyga qasida“ (Abdulla Oripov sheʼri, 1968) (ruscha: Ода Алишеру Навои)
  • „Namedonam Chi nom dorad“ romans-poemasi (Sheroziy sheʼri, 1979) (ruscha: Имени её не знаю)
  • „Alisher Navoiy“ operasi (1986-yilda yozilgan, 1990-yilda sahnalashtirilgan) (ruscha: Алишер Навои)
  • „Abadiy xotira“ rekviyemi (Fitrat, Usmon Nosir, Choʻlpon va Burhonov sheʼri, 1996) (ruscha: Вечная память)

FilmografiyasiTahrirlash

  • 1953 — „Boy ila xizmatchi“ (ruscha: Бай и батрак)
  • 1956 — „Abu Ali Ibn Sino“ (ruscha: Авиценна)
  • 1957 — „Orol baliqchilari“ (ruscha: Рыбаки Арала)
  • 1958 — „Maftuningman“ (ruscha: Очарован тобой)
  • 1961 — „Rad etilgan kelin“ (?) (ruscha: Отвергнутая невеста)
  • 1963 — „Samolyotlar qoʻnmadi“ (?) (ruscha: Самолеты не приземлились)
  • 1964 — „Hayot tunda oʻtdi“ (?) (ruscha: Жизнь прошла ночью)
  • 1968 — „Ikki yurak poemasi“ (?) (ruscha: Поэма двух сердец)

MukofotlariTahrirlash

Burhonov bir necha sovrin va mukofot bilan taqdirlangan. 2016-yil 6-may kuni Oʻzbekiston boʻylab Burhonov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi.[3] 2018-yil Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband koʻchasida Burhonovning uy-muzeyi ochildi.[4]

ManbalarTahrirlash

  1. 1,0 1,1 "Burhonov Mutal (Mutavakkil) Muzayyinovich Burhonov". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 2006. 
  2. 2,0 2,1 (1999) The Hundred Thousand Fools of God, The: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York), 2-nashr (in inglizcha), Bloomington: Indiana University Press, 22-29. ISBN 025321310X. 
  3. 3,0 3,1 "Katta yurakdan musiqa gimni" (ruscha). Jahon News. 06.05.2016. http://jahonnews.uz/ru/obshchestvo/161/19967/. Qaraldi: 24.11.2019. 
  4. "Davlat madhiyasi bastakoriga atalgan muzey ish boshladi". Xabar. 28.08.2018. https://www.xabar.uz/uz/madaniyat/davlat-madhiyasi-bastakoriga-atalgan-muzey-ish-boshladi. Qaraldi: 24.11.2019. 

HavolalarTahrirlash