Qovunchitepa
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Qovunchitepa — arxeologik yodgorlik (miloddan avvalgi 6-asr — milodiy 8-asr va 15— 16-asrlarga oid shahar xarobasi). Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahridagi Kurkuldak kanalining chap sohilida joylashgan. Arxeolog G. V. Grigoryev qazish ishlari olib borgan (1934— 37), bu yerdan kulolchilik va qurilish muhandisligiga mansub buyumlar topilgan. Keyinchalik Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti (Yu. F.Buryakov rahbarligida) tomonidan oʻrganilgan (1970, 1976, 1978). Maydoni 25 ga. Q. baland ark (50×50 m), toʻgʻri toʻrtburchakli shahriston (150×100 m) va raboddan iborat. Madaniy qatlamlar (4—12,5 m qalinlikda) Burganli madaniyati va Qovunchi madaniyatiga oid meʼmorlikqurilish qoldiqlaridan tashkil topgan. Arkning ostki qatlamlarida yertoʻlalar, kulxona, qoʻlda yasalgan dagʻal sopol idishlar Burganli davri (miloddan avvalgi 6—3asrlarga)ga tegishlidir. Qazish natijasida tubi yumaloq, tumshuqli qozonlar, yarim yumaloq togʻorachalar, yuza kosalar, tubi tekis xumchalar topilgan. Ayrim idishlarga qizil, jigarrang angob bilan keng chiziq yoki romb shaklida naqshlar berilgan. Qovunchi davri 2 bosqichga boʻlingan. Miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 2-asrda xom gʻisht va paxsadan istehkom hamda turar joy binolari qurilgan. Milodiy 3—8-asrlarda shahar va rabodda hayot ancha rivojlangan. Moddiy madaniyatga Sirdaryoning quyi qismida yashagan qad. aholining madaniyati katta taʼsir qilgan. 8-asrning 1-yarmida arablarning Chochga qilgan bosqinchiligidan soʻng Q. tashlandiq holga kelgan. 15—16-asrga kelib, unda hayot qayta tiklangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |