Roxshanak (soʻgʻdcha — yogʻdu sochuvchi, yorqin) (yun. Roksana), Ravshanak (? — mil.av. 310) — turonzamin goʻzali, Baqtriya hokimi Oksiartning qizi, Aleksandr (Iskandar) ning suyukli xotini.

Aleksandr Oʻrta Osiyoni zabt etishi chogʻida (mil. av. 329327) koʻplab togʻ qalʼalarini qamal qilishiga toʻgʻri kelgan. Aleksandrning yurishi boshlaridayoq Oksiart xotini, farzandlarini Soʻgʻd qoyasiga yashirgandi. Aleksandr qalʼani zabt etgach, koʻp asirlar, jumladan, Oksiartning xotini, qizi R. va boshqa farzandlari uning qoʻliga tushadi. Arrianning yozishicha, Aleksandr bir koʻrishdayoq R.ka oshiq boʻlib qolgan va u oʻzining asirasi boʻlishiga qaramay unga uylanishga axd qilgan. Aleksandrning askarlari R. Doro III ning xotinidan soʻng "Osiyoda eng goʻzal ayol" ekanligini aytganlar. Bu nikoh oqibatida Aleksandrning eng kuchli raqiblaridan biri, Soʻgʻdda katta obroʻga ega boʻlgan Oksiart "dadillanib" Aleksandr huzuriga kelgan, u qaynatasini izzatikrom bilan kutib olib, unga Baqtriya satrapligini topshirgan. R.ning takdiri ham quvonchli, ham ayanchli boʻlgan. Plutarxning yozishicha, Aleksandr vafot etganda R. homilador edi, shu tufayli makedoniyaliklar unga izzatikrom kursatishgan. R. ulkan saltanat malikasi sifatida 10 yildan ortiqdavr surgan. R. kundoshi Statira (Doroning qizi)ni eridan rashk qilardi. U soxta xat yordamida Statirani huzuriga chaqirtirgan va u singlisi bilan kelganda har ikkisini qatl ettirgan, jasadlarini quduqqa tashlashni, quduqni esa koʻmib yuborishni buyurgan. Bularni u Aleksandrning safdoshi Perdikka yordamida amalga oshirgan. Mil. av. 310-yil diadoxlar kurashi davrida Diadox Kassandr buyrugʻiga koʻra, R. yosh oʻgʻli Aleksandr IV bilan birga qatl etilgan.

Faxriddin Hasanov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil