Said Ahmad

Oʻzbek yozuvchisi
(S. Ahmaddan yoʻnaltirildi)

Said Ahmad (asl ismi Saidahmad Husanxoʻjaev; 1920-yil 10-iyun, Toshkent, OʻzSSR — 2007-yil 5-dekabr) — mashhur oʻzbek adibi.

Said Ahmad
Tavalludi 10-iyun 1920-yil
Vafoti 5-dekabr 2007-yil(2007-12-05)
(87 yoshda)
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Shoh asari "Jimjitlik", „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, „Ufq“
Mukofotlari Oʻzbekiston QahramoniOʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobiXalqlar doʻstligi ordeni
Ushbu maqolani tinglang (7 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 9-avgust, 2022-yil(2022-08-09) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Hayoti

tahrir

1920-yilning 10-iyunida Toshkent shahrining Samarqand darvoza mahallasida tugʻilgan. Uning bolaligi Elbek, Oybek, Gʻafur Gʻulom singari adiblar davrasida oʻtdi. Tabiatan qiziquvchan, tinib-tinchimas Said Ahmad adabiyotga kirib kelguncha juda koʻp sohalarda oʻzini sinab koʻrdi: agitplakatlar yozdi, artist boʻlishga urinib koʻrdi, doktorlik maktabida oʻqidi, qurilish texnikumida tahsil oldi, rassomlik maktabiga qatnadi, mashhur fotochi Pensonga shogird tushdi, gazetalarga xabarlar yozdi. U Nizomiy nomidagi pedinstitutda bir muddat oʻqigach, 1941-yilda „Mushtum“ jurnalida ishladi. 1942-1943-yillarda respublika radiosida, 1943-1947-yillarda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida, 1948-1950-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnalida mehnat qildi. 50-yillar boshida millatchi sifatida bir necha yil qamalib ham chiqdi. Milliy istiqlol yoʻlidagi xizmatlari uchun Said Ahmad 1999-yilda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Adib „Oʻzbekiston xalq yozuvchisi“ unvoniga, Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan, „Buyuk xizmatlari uchun“, „Doʻstlik“ ordenlari bilan mukofotlangan.

Asarlari

tahrir

Said Ahmad hikoyanavis sifatida tanilgan. Uning „Choʻl burguti“, „Lochin“, „Boʻston“, „Toʻyboshi“, „Jimjitlik“, „Turnalar“, „Hayqiriq“, „Alla“, „Muhabbatning tugʻilishi“, „Qorakoʻz Majnun“ singari oʻnlab hikoyalarida sadoqat, mehr, odamgarchilik, ishonch, eʼtiqod singari maʼnaviy qadriyatlar taʼsirchan aks ettirilgan. Adib hikoyalarida inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga katta eʼtibor berganligi uchun ham bitganlari zavq bilan oʻqiladi va u prozaning shoiri hisoblanadi. Yozuvchi hajviy hikoyalar yaratish boʻyicha Qahhor anʼanalarini davom ettirgan ijodkordir. Uning „Sobiq“, „Qoplon“, „Oʻrik domla“, „Mening doʻstim Babbaev“, „Muzey“, „Boʻri ovi“, „Xandon pista“ kabi koʻplab hajviyalarida inson tabiatidagi qusurlar badiiy tatqiq etiladi. Said Ahmad hajviy soʻz jilolarini nozik payqaydi va undan mohirona foydalanadi.

Uning qishloq mavzusidagi „Qadrdon dalalar“ (1949), „Hukm“ (1958) qissalari, chalkash insoniy taqdirlar mahorat bilan aks ettirilgan „Qirq besh kun“, „Hijron kunlari“ (1964), „Ufq boʻsagʻasida“ (1969) romanlaridan iborat „Ufq“ trilogiyasi, inson qismati turgʻunlik davri qabohatlari fonida tasvirlangan „Jimjitlik“ (1988) romani, Bolalar hayoti ifodalangan „Sherzod va Gulshod“ (1945), dunyoning yetti burchiga yoyilgan „Kelinlar qoʻzgʻoloni“ (1976), yolgʻiz moʻysafidning ruhiy iztiroblari aks ettirilgan „Kuyov“ (1986) singari sahna asarlari adibning katta ijodiy mahoratlaridan dalolatdir.

Vafoti

tahrir

Said Ahmad 2007-yilning 5-dekabr kuni 87 yoshida vafot etdi[1].

Hikoyalar toʻplami

tahrir

Said Ahmadning birinchi hikoyalar toʻplami — "Tortiq" (1940). "Er yurak" (1942), "Fargʻona hikoyalari" (1948), "Choʻl burguti" (1960), "Choʻl oqshomlari", "Odam va boʻron" toʻplamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. Said Ahmad oʻz hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, Gʻafur Gʻulomning yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmdan oʻrganishga intilgan va ular ijodi Said Ahmadning yozuvchi boʻlib yetishishida „darslik“ vazifasini oʻtagan. Ayni paytda u hajvchi, yumorist sifatida tanilgan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. Romanlarida ham yumoristik yoʻnalish muhim oʻrin tutadi. Uning yumoristik mahorati "Kelinlar qoʻzgʻoloni" (1976), "Kuyov" (1986) komediyalarida yorqin namoyon boʻlgan. „Kelinlar qoʻzgʻoloni“dagi xalqona yumor bilan yoʻgʻrilgan Farmonbibi millat mentalitetini, oʻzligini, kuchli va ojiz jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan betakror obraz darajasiga koʻtarilgan.

„Ufq“ trilogiyasi

tahrir

"Ufq" trilogiyasi[2] (1964-1974) adib ijodida alohida oʻrin tutadi. „Ufq“ romani XX-asr millat hayotining oʻn yillik davri — Ikkinchi jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini oʻz ichiga oladi. Trilogiyada oʻsha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar koʻksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi isteʼdodiga xos ehtiros, oʻziga hos ilhom bilan aks ettirilgan. Asarda Ikromjon, Jannat, Azizxon, Dildor, Asrora kabi teran, xalqchil, yorqin milliy obrazlar yaratilgan.

„Jimjitlik“ romani

tahrir

Jimjitlik (1988) romanida sirtdan tinch, sokin koʻringan shoʻro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan koʻrsatilgan. Asardagi deyarli barcha yetakchi personajlar fojiyaviy qismat egalaridir. Roman oʻzining asov, „bebosh“ ifoda tarzi bilan jozibalidir.

Istiqlol yillarida yaratilgan asarlari

tahrir

Said Ahmad istiqlol yillarida ham hayotdagi oʻzgarishlar haqida koʻplab maqola, badialar yozdi, avvalgidek quvnoq yumoristik, joʻshqin lirik hikoyalar yaratdi. "Xandon pista" (1994), "Bir oʻpichning bahosi" (1995) hajviy toʻplamlari, "Yoʻqotganlarim va topganlarim" (1998), "Qorakoʻz majnun" (2001), "Kiprikda qolgan tong" (2003) kitoblari, 3 jildli „Tanlangan asarlari“ (2000) chop etildi. „Yoʻqotganlarim va topganlarim“da Gʻafur Gʻulom, Oybek, Mirtemir, Shayxzoda, Saida Zunnunova va boshqa bir qator zabardast oʻzbek yozuvchi va shoirlarining jonli qiyofasini badiiy boʻyoqlarda ifodalab berdi. Istiqlol tufayli odamlar qismati va ruhiyatidagi yemirilishlar haqida bahs qiluvchi "Qorakoʻz majnun", "Ot bilan suhbat", "Azroil oʻtgan yoʻllarda" hikoyalari, qatagʻon davri xotiralari bilan bogʻliq. "Borsa kelmas darvozasi", "Taqdir, taqdir...", "Oftoboyim" hikoyalari, adibning oʻzi yaqindan muloqotda boʻlgan ustoz adiblar, tengdoshlari, shogirdlari va nihoyat, oʻz hayot va ijod yoʻli haqidagi xotira esselari mustaqillik davri oʻzbek adabiyotida muhim hodisa boʻldi.

Said Ahmadgagina xos nozik kuzatishlar, erkin, asov bir ruh, ham hazin, ham nurli, pokiza tuygʻular, begʻubor hazil mutoibalar bilan yoʻgʻrilgan xotira esselar bu janrning zamonaviy oʻzbek adabiyotidagi eng yaxshi namunalari qatorida turadi. Felyeton janrida ham samarali ijod qilgan. 1947-yil „xalq dushmani“ sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan soʻng oqlangan. „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, „Kuyov“ komediyalari hozirgi Oʻzbek milliy akademik teatrida, „Kelinlar qoʻzgʻoloni“ dunyoning koʻplab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. „Ufq“ asari asosida dramalar, „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida "Muhabbat mojarosi" filmi (1970) va boshqalar yaratilgan. "Doʻstlik" (1996), "Buyuk xizmatlari uchun" (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.[3][4]

Adabiyotlar

tahrir
  • Normatov U., Sayd Ahmad [Adabiy portret], T., 1971;
  • Gʻafurov I., Prozaning shoiri, T., 1984.
  • Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. -T.: „Yozuvchi“, 2000.
  • Karimov N.va boshqalar 20 asr oʻzbek adabiyoti tarixi.-T.: „Oʻqituvchi“, 1999.
  • Q. Yoʻldoshev va boshqalar Adabiyot (6-sinf). -T.: „Oʻqituvchi“, 2000.
  • Ufq, T., 1976; Saylanma [3 j.li], 1982;
  • Tanlangan asarlar [3 j.li], T., 2000;
  • Qorakoʻz majnun, T., 2001;
  • Kiprikda qolgan tong, T., 2003.

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston Qahramoni Said Ahmad[sayt ishlamaydi]
  2. uchlik
  3. Normatov, Umarali. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. * OʻzLib kutubxonasi (Wayback Machine saytida 2022-10-03 sanasida arxivlangan)

Havolalar

tahrir