Yuqori chirchiq tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. 1959-yilda Parkent tumani, 1962-yilda Boʻstonliq tumani qoʻshildi. 1964-yildan Boʻstonliq, 1979-yildan Parkent tumani ajralib chiqdi.

Yuqori Chirchiq tumani
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Yangibozor (shaharcha)
Asos solingan sanasi 1926
Hokim Atemov Uskenbay Businovich[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2021) 136 046 [2]
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 440 km²
Balandligi
dengiz sathidan
 Baland choʻqqisi


 469 m
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998
Rasmiy sayti http://www.yuqorichirchiq.toshvil.uz/
Xaritada
Yuqori Chirchiq tumani xaritada
41°19′12.4″N 69°31′53.0″E / 41.320111°N 69.531389°E / 41.320111; 69.531389

Geografik joylashuvi

tahrir

Shimoli-sharqdan Boʻstonliq va Parkent tumanlari, janub va janubi-sharqdan Ohangaron tumani, janubi-gʻarbdan Oʻrta Chirchiq, gʻarbdan Toshkent shahri va Qibray tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km². Aholisi 136 046 kishi (2021). Tumanda 1 shaharcha (Yangibozor), 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Argʻinchi, Sosbaqa, Bordonkoʻl, Jambul, Oqovul, Navroʻz, Saksonota, Surankent, Tinchlik) bor. Tuman markazi — Yangibozor shaharchasi[3].

Tabiati

tahrir

Tuman hududi Chirchiq daryosining chap sohilidagi tekislikda, oʻrtacha 550 m balandlikda joylashgan. Iqlimi kontinental. Sharq va shimoldan Chatqol tizmasi bilan oʻralgan. Qishi birmuncha sovuq, yozi issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —1,5° dan —2° gacha, eng past temperatura — 20°. Iyulniki 25—28°, eng yuqori temperatura 41—42° gacha. Yillik oʻrtacha yogʻin 350-400 mm. Vegetatsiya davri 200 kun. Tuman hududidan oʻtgan Qorasuv, Chirchiq daryolari, Parkent, Hondam kanallari, Oqqulik, Yoyilma, Qizilsoy soylaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda foydalaniladi. Tuproqlari boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, qamish, yulgʻun; kiyikoʻt, isiriq, gulxayri, qoraandiz, qizilmiya, ermon singari dorivor giyohlar va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, ondatra, yumronqoziq, suvilonlar; qushlardan yovvoyi oʻrdak, tustovuq, qirgovul va boshqalar uchraydi.

Aholisi

tahrir

Aholisi asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoqlar, koreyslar, ruslar, tatarlar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 256 kishi (2005). Shahar aholisi 12950 kishi, qishloq aholisi 99550 kishi (2005).

Xoʻjaligi

tahrir

Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, qishloq xoʻjaligi mashinalari ishlab chiqarish tajriba zavodi, bosmaxona, MTP, toshshagʻal maydalash va saralash kti, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, 300 kichik korxona va boshqalar ishlab turibdi. 6 qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 5 shirkat, 830 fermer xoʻjaligi mavjud. Sugʻoriladigan yerlarda paxta, bahorikor yerlarda donchilik; shuningdek, chorvachilik, pillachilik rivojlangan. Yuqori Chirchiq tumanida foydalaniladigan yerlarning 6,3 ming ga maydoniga paxta, 12,8 ming ga maydoniga gʻalla, 1,1 ming ga yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Tutzor, pichanzor va yaylovlar bor. Bogʻdorchilik, tokchilik rivojlangan. Tuman xoʻjaliklarida 29,5 ming qoramol, 14,9 ming qoʻy va echki boqiladi.

Ijtimoiy soha

tahrir

Tumanda 40 umumiy taʼlim maktabi (24,2 ming oʻquvchi), bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kolleji faoliyat koʻrsatadi. 24 kutubxona, 6 madaniyat uyi, 10 klub muassasasi aholiga xizmat koʻrsatadi. 3 stadion, 35 sport zali, 37 futbol, 40 basketbol, 14 qoʻl toʻpi maydonlari bor. Tuman markaziy kasalxonasi va uning boʻlimlari, tugʻruqxona, poliklinika, 19 qishloq vrachlik punkti, 2 ta dispanser, 4 feldsherakusherlik punkti va boshqalar tibbiy muassasalarda 149 vrach, 850 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1932-yildan „Surʼat — qarqsh“ tuman gaz. (oʻzbek va qozoq tillarida) nashr etiladi (adadi 2396).

Manbalar

tahrir