Abdulaziz ad-Dabbog‘
Abdulaziz ad-Dabbogʻ (arabcha: عبد العزیز الدباغ – Abdulaziz ibn Mas’ud ibn Ahmad ad-Dabbogʻ al-Hasaniy al-Bakriy) – Hiziriyya tariqatining asoschisi sifatida tanilgan foslik mutasavvif.
Abdulaziz ad-Dabbog‘ | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1679-yil (hijriy 1090-yil) |
Vafoti |
milodiy 1720-yil (hijriy 1132-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Hiziriyya tariqatining asoschisi sifatida tanilgan foslik mutasavvif |
Hayoti
tahrirFikr-mulohazalari naql qilingan „Al-Ibrӣz“ nomli asarda oʻz davrining gʻavsi sifatida zikr qilingan Abdulaziz ad-Dabbogʻning hayoti haqida maʼlumot oz. U bilan hijriy 1125-yilda (milodiy 1713) tanishgan, pirining oʻsha davrda 35 yoshda boʻlganini aytgan muridi hamda „Al-Ibrӣz“ asarini toʻplovchisi boʻlgan Ahmad ibn Muborak (1156/1743-yilda vafot etgan), ustozini misli yoʻq tasarruf sohibi boʻlgan valiy sifatida tilga oladi. Shuningdek, uning Alloh, Qur’on, koinot va inson haqida soʻzlagan har bir soʻzini mutlaqo qabul etilishi kerak boʻlgan ilohiy sir kabi koʻrsatishga harakat qilgan. Biroq bular hayoti haqida mukammal maʼlumot bermaydi. Asarda ustozining qirq bir yoshga toʻlmasdan vafot etganini bir necha marta takrorlashiga qaramay, oʻlim tarixi va sababi haqida maʼlumotlar berilmagan. Shuningdek, Abdulaziz ad-Dabbogʻ „Al-Ibrӣz“da oʻzini paygʻambarning roʻyodagi amrlari taʼsirida boʻlgan nikohning mevasi boʻlganligini va ulugʻ valiy boʻlishini tugʻilishidan oldin xabar berilganiga diqqatni tortadi. U Imom al-Hasan avlodidan boʻlgani, olim va tasavvufga qiziqqan oilaning ikkinchi farzandi sifatida 1679-yilda dunyoga kelgani, 1699-yilda onasi vafot etganidan soʻng, otasining ikkinchi marta oila qurganini aytadi. Bundan tashqari, naslining va tariqat silsilasining Abu Bakrga taqalishini hamda sunniy va siddiqiy boʻlganini, uning sirlarining vorisi boʻlganligini maʼlum qiladi. Ilk ustozi Xizrdan tashqari oʻnta Siddiqiy shayxdan fayz olganini, onasini yoʻqotgan yil, u uylanadigan ayol va undan tugʻilajak ikki oʻgʻil va qizi unga aniq koʻrsatilgani, har biri koʻrsatilganidek roʻyobga chiqqanini ifoda qiladi.
Ahmad ibn Muborakning uni „ummiy“ bir zot boʻlganini tez-tez takrorlashi hamda butun olamlarga, tillarga, oʻtmishga, hozirgi zamon va kelajakka oid bilmagan va bila olmagan hech bir narsaning topilmaganini bayon etishi, xullas, uni "komil inson" sifatida koʻrsatishga boʻlgan istagi deyish mumkin. Chunki „Al-Ibrӣz“ning mazmunidan Abdulaziz ad-Dabbogʻning hadis, tafsir, fiqh va kalom ilmlarini yaxshi bilgani, mukammal tasavvuf madaniyatiga ega boʻlgani, Boyazid Bistomiy, Halloj, Hakim at-Termiziy, Imom al-Gʻazzoliy, Ibn al-Arabiy, Ibn al-Foriz kabilarning nubuvvat, valoyat, kashf va borliq haqidagi qarashlaridan xabardorligi maʼlum boʻladi.
Zohiriy ilmlarni oʻrganmagan kishiga „buyuk fath“ (kashf)ning voqyeʼ boʻlmasligini, zohiriy va botiniy ilmlarni bilmagan hamda har ikki ilmda komil boʻla olmaganlar murshidlik qila olmasligini maʼlum qilgan Abdulaziz ad-Dabbogʻning fikricha, komil ilm – bu Alloh tomonidan ato qilingan ilmi ladundir. Hissiyotlar bilan erishilgan ilm, bu ilmning oldida xayol, tush kabidir. Botiniy ilm quyoshga, zohiriy ilm esa chiroqqa oʻxshar: inson tunda chiroqqa muhtoj boʻlgani kabi, botiniy ilm ham zohiriy ilmga muhtojdir.
Abdulaziz ad-Dabbogʻning fikricha, paygʻambarlar doimiy Haqni mushohada holatida, yaʼni Allohning zikri bilan mashgʻul boʻlganlari tufayli hatto uyquda ham ularning mushohadalari toʻxtamagani uchun ulardan gunoh sodir boʻlmagan. Paygʻambarlar singari kashfi zohir boʻlgan komil valiylar ham har on Allohning zikri bilan mashgʻuldirlar, qalblari va fikrlari Allohdan boshqa har narsadan mosuvo. Paygʻambarlar yoshlikdan, valiylar esa kashfdan soʻng maʼsumdirlar. Paygʻambarlar kabi valiylarga ham farishta tushadi, amr va nahiylar keltiradi. Ular hech bir mazhabga bogʻliq boʻlmaslar. Har doim, bir vaqtning oʻzida va bir xil quvvatda ruhlari bilan Allohni, zotlari bilan Rasulullohni zikr qiladilar. Alloh gʻaybning eshigini Muhammadga ochgani kabi, Ul Zotning ummatlaridan boʻlgan haqiqiy valiylarga ham ochgan. Biroq ularni Alloh va Rasuli ila muqoyasa qilmaslik kerak.
Abdulaziz ad-Dabbogʻ shayx-murid munosabatlarini ham tilga oladi hamda shayxning zarurligini taʼkidlaydi. Murid uchun katta gunohlarning eng kattasi bir soat, hatto bir lahza boʻlsa-da, pirini xotirlamaslikdir. Faqat bandaning sevgisidan Allohning bandasini sevishi muhim boʻlgani kabi, muridning sevgisidan koʻra, ustozining sevgisi muhimroqdir. Murid Rasululloh davrida boʻlganida Ul Zotga qanday itoat qilishi kerak boʻlsa, piriga ham xuddi shunday itoat va eʼtimod qilishi lozim[1],[2].
Adabiyotlar
tahrir- Abdussalom ibn Tayyib al-Qodiriy. Ad-Durr as-saniy fӣ baʼz man bi-Fās min ahl an-nasab al-Hasanӣ. – Fos: 1303;
- Ahmad ibn Muborak as-Sijilmosiy. Al-Ibrӣz. – Qohira: 1278. I-II;
- Muhammad ibn Tayyib al-Qodiriy. Nashr al-masānӣ li-ahl al-qarn al-hādӣ ’ashara va-s-sānӣ. – Rabot: 1407/1986. III, 245-246;
- Yusuf an-Nabhoniy. Jāmi’ karāmāt al-avliyā – Qohira: 1381/1962. II, 173-194; Az-Zirikliy. Al-Aʼlām (Zuhayr Fathulloh nashri). IV, 28;
- „Abdülazîz ed-Debbâğ“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 188.
Manbalar
tahrir- ↑ Turk Islom Ensiklopediyasi.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |