Ella Christie

Shotlandiyalik sayohatchi va bogʻbon

IsabellaEllaRobertson Christie (1861-yil 21-aprel ― 1949-yil 29-yanvar) ― shotlandiyalik sayohatchi, tadqiqotchi, bogʻbon va yozuvchi.

Ella Christie

1909-yil
Tavalludi
Isabella Robertson Christie

21-aprel 1861-yil
Cockpen, Shotlandiya
Vafoti 29-yanvar 1949-yil(1949-01-29)
(87 yoshda)
Strathearn Road, Edinburg
Fuqaroligi Shotlandiya bayrogʻi Shotlandiya
Kasbi Sayohatchi, bog‘bon, mol-mulk egasi

Hayoti

tahrir

Christie 1861-yil 21-aprelda Shotlandiyada sanoatchi va mulkdor John Christie (1824—1902) oilasida dunyoga kelgan. Akasi — John Coldwells (1872-yilda 12 yoshida vafot etgan), singlisi — Alice Margaret[1]. 1865-yilda otasi Ochil Hillsda joylashgan Castleton uchastkasini sotib olib, nomini Cowden Castle deb oʻzgartiragan va oila bu yerga koʻchib oʻtgan. Christie va singlisi uyda ota-onasi va muallimlardan taʼlim olishgan. Ella yoshligidanoq ota-onasi bilan har yili Yevropaga, jumladan Ispaniya, Italiya va Germaniyaga sayohat qilgan. Onasining vafoti va singlisi turmushga chiqqanidan keyin Christie otasi bilan, yolgʻiz yoki doʻsti bilan sayohat qilishni davom ettirgan. Misr, Falastin va Suriya kabi davlatlarga borgan. Keyinchalik sayohatlari haqida yozishni boshlagan.

1902-yilda otasining oʻlimidan keyin Christie va singlisi merosdan mahrum etilganidan xabar topishgan. Maʼlum boʻlishicha, otasi butun mol-mulkini oʻzi tashkil etgan yetimxonaga qoldirgan. Ular vasiyatnomaga qarshi chiqishi natijasida 1903-yilda mulk ikki farzand va yetimxona oʻrtasida boʻlingan. Christie Cowden Castleda yashagan va mol-mulkka egalik qilgan[2][3][4].

Sayohatlari

tahrir

Otasining vafotidan soʻng, Christie yanada uzoqroq joylarga sayohat qila boshlagan. 1904—1905-yillarda xizmatkori Humphries bilan dastlab Hindistonga, keyin esa Kashmir, Tibet, Shri Lanka, Malakka va Borneoga sayohat qilgan. U Kashmirning Maharojasi bilan yaxshi aloqada boʻlgan va maktublar almashib turgan. Hatto, uning ziyofatida qatnashgan. Shuningdek, Lord Kitchener bilan birga ovqatlangan. Sayohatari davomida Chorbat dovonida qorda boshpana qurish, choʻchqalar bilan toʻla yuk kemasida suzish, Kashmir cho‘lida ot aravaga minish va Deosai togʻlarida piyoda 60 milya (97 km) yurish kabi sarguzashtlarni boshdan kechirgan[2].

1907-yilda Xitoy, Koreya va Yaponiyaga tashrif buyurgan. Yaponiyada boʻlganida, Christie yaponlarning anʼanaviy bog‘dorchilik uslubidan hayratda qolgan. Bu qiziqish uni Cowden Castleda yapon bogʻini yaratishga undagan[2].

1910-yilda oziq-ovqat va kerakli narsalarni olib, Turkiston general-gubernatorligiga sayohat qilgan. Christie Qora dengiz orqali Konstantinopolga, Gruziya orqali Kaspiy dengiziga, keyin esa Ashxobod va Marvga borgan. Buyuk Ipak yo‘li boʻylab poyezd va qayiqda sayohat qilib, Buxoro, Samarqand, Qoʻqon va Andijonga tashrif buyurgan[2].

1912-yilda Rossiya imperiyasiga navbatdagi safarini amalga oshirgan. Sankt-Peterburgdan boshlab poyezd, paroxod va droshkida Toshkent, Samarqand va Xivaga sayohat qilgan. Shu tariqa Ella Christie Xivaga sayohat qilgan birinchi ingliz ayol boʻlgan[2].

1914-yilda AQSh va Kubaga tashrif buyurgan[2]. Qoʻshma Shtatlarda boʻlganida, amerikalik amakivachchasi Miss Katherin M. Hill bilan uchrashgan.

Christie oʻz sayohatlari haqida kundaliklarida qayd etib borar va singlisi bilan muntazam yozishmalar olib borar edi. Keyinchalik Rossiya imperiyasiga qilgan sayohatlari haqida „Through Khiva to golden Samarkand“ kitobida yozgan[2][3][4].

Birinchi jahon urushi

tahrir

1916-yilda Christie Bar-sur-Aubedagi L’Oeuvre de la Goutte de Café menejeri boʻlish maqsadida Fransiyaga yoʻl olgan. Ushbu kafelar tarmogʻi Fransiya va British Red Cross tomonidan charchagan askarlar uchun dam olish joyi sifatida tashkil etilgan[5]. Christie boshqargan kafeda besh nafar shotlandiyalik ayol ishlagan va Verdun jangida qatnashayotgan askarlarga xizmat koʻrsatgan. 1918—1919-yillarda Mulhousedagi LOuevre de la Goutte de Café nomli kafeni boshqargan[3].

Cowden Castledagi yapon bogʻi

tahrir

Christie 1907-yilda Yaponiyaga qilgan sayohatidan keyin Cowden Castledagi uyida 7 akr (2.8 ga) maydonga teng yapon bogʻi yaratgan. Bogʻni loyihalashda yordam berish uchun Nagoyadagi Royal School of Garden Design talabasi Taki Handini ishga olgan. Soyni toʻsib, sunʼiy ko‘l yasattirgan. Bogʻda sayr qilish, hovuz boʻyida dam olish va choy ichish uchun qulayliklar yaratilgan. Oʻsimliklar, butalar, daraxtlar va anʼanaviy tosh chiroqlar Yaponiyadan olib kelingan. Bogʻ Shāh-raku-en deb nomlangan. Maʼnosi — zavq va rohat maskani[2][6].

Professor Jijo Soya Suzuki bogʻning tuzilishi, parvarishi va rivojlantirish boʻyicha Christiega tavsiyalar bergan. Suzuki bogʻni Gʻarb dunyosidagi eng yaxshi yapon bogʻi deb hisoblagan. Shinzaburo Matsuo 1925-yildan 1937-yilda vafot etgunigacha Cowdenda yashagan va bogʻbon boʻlib ishlagan. Qirolicha Mary 1930-yillarning oxirida bogʻga tashrif buyurgan[7][8].

Christie 1949-yilda vafot etganidan soʻng, bogʻni Cowden uchastkasidagi ishchilar parvarish qilishgan. 1963-yilda bogʻ vayron qilingan: choyxona va koʻpriklar yondirib yuborilgan hamda tosh chiroqlar va maqbaralar koʻlga qulatilgan[6].

2014-yilda Christiening jiyani Sara Stewart bogʻni qayta tiklash maqsadida mablagʻ yigʻish kampaniyasini tashkil etgan[4][6].

Vafoti

tahrir
 
Muckhart cherkovi qabristonidagi Christie maqbarasi

Christie 1949-yil 29-yanvarda Edinburgda leykoz kasalligidan vafot etgan[2][6].

U Cowdenning sharqida joylashgan Muckhart cherkovidagi Christie oilaviy maqbarasida dafn etilgan. Bogʻboni Matsuo ham shu yerga dafn etilgan[9].

Manbalar

tahrir
  1. Stewart, Averill. 'Alicella': a memoir of Alice King Stewart and Ella Christie. London: John Murray, 1955 — 4-bet. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 2,8 Baker. „Isabella Christie“. www.oxforddnb.com. Oxford University Press (2004). Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 Ewan, Elizabeth L.. The Biographical Dictionary of Scottish Women. Edinburgh University Press, 2006-03-08. ISBN 9780748626601. 
  4. 4,0 4,1 4,2 Horwood, Catherine. Gardening Women: Their Stories From 1600 to the Present. Little, Brown Book Group, 2010-05-06. ISBN 9780748118335. 
  5. „Full text of "For dauntless France, an account of Britain's aid to the French wounded and victims of the war;"“. archive.org 190–191. Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 Stewart, Sara. „The Japanese Garden, Cowden Castle, Scotland. A restoration appeal“ (2014). 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.
  7. „Recognition for Japanese garden at Cowden Castle“. BBC News. Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.
  8. The Japanese Garden at Cowden Castle, 2014-09-22, qaraldi: 2024-11-02
  9. „Ikuo Matsuo“. loi.uvic.ca. Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.