Matniyoz Devonbegi madrasasi

(Matniyoz devonbegi madrasasidan yoʻnaltirildi)

Matniyoz (Muhammad Niyoz) Devonbegi madrasasi – Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1871-yilda qurilgan boʻlib, bugungi kunda Xiva shahridagi „Ichan qalʼa“ mahallasining Pahlavon Mahmud koʻchasida, 19-uyga joylashgan. Tarixiy obyekt „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishlidir[1].

Matniyoz Devonbegi madrasasi
Muhammad Niyoz Devonbegi madrasasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Meʼmoriy yodgorlik
Turi Madrasa
Manzili „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 19-uy
Shahar Xiva shahri
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°22′42″N 60°21′30″E / 41.37822390549404°N 60.358276187650375°E / 41.37822390549404; 60.358276187650375 G OKoordinatalari: 41°22′42″N 60°21′30″E / 41.37822390549404°N 60.358276187650375°E / 41.37822390549404; 60.358276187650375 G O
Qurilishi boshlangan 1871-yil
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Balandligi
Balandligi 36,45 m
Texnik holati
Qavatlar soni 1 qavat
Binoning ichki maydoni 21X17 m
Map
Matniyoz Devonbegi madrasasi xaritada
Matniyoz Devonbegi madrasasi

Madrasa binosini dastlab 1871-yilda oʻzbek hukmdori Muhammad Rahimxon II davrida uning oliy martabali mulozimi, moliya vaziri – Muhammad Niyoz (shevada Matniyoz) devonbegi oʻzining mablagʻi hisobidan barpo ettirgan. U Muhammad Rahimxon II madrasasining sharqiy devori oldida joylashgan.

Madrasa Ichan qalʼaning bir qismi sifatida 1990-yilda UNESCOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Hozirda turistlarga xizmat koʻrsatish va koʻrgazma obyekti boʻlib, unda Xiva turistik majmuasi restorani joylashgan. Obyekt 1979-yildan Muhammad Aminxon madrasasi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatishga moslashtirilgan.

Tuzilishi tahrir

Matniyoz Devonbegi madrasasi xon devonbegisi Matniyoz (Muhammad Niyoz) qurdirgan. Bosh tarzi Muhammad Aminxon madrasasiga qaragan. Madrasa bir qavatli, toʻgʻri toʻrtburchak tarxli (36,45x31,8 m). U dastlab darsxona zallari, qishki masjid va hovlidan iborat boʻlib, atrofi hujralar bilan oʻralgan. Ularning umumiy soni 19 tani (qolgan 2 ta hujra ikkinchi qavatda joylashgan) tashkil etadi. Hujralar hovli (21X17 m) atrofida joylashgan. Bosh tarzi ulkan peshtoqli, uning yonlariga 3 tadan yoysimon ravoqlar ishlangan. Burchaklaridagi minoralar tepasi gumbazli mezanalar bilan yakunlangan. Kiraverishdagi yogʻoch oʻymakorligida bezatilgan eshik orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroy gumbazi qalqonsimon bagʻallarga tayangan. Miyonsaroy yonlarida hovli bilan oʻzaro bogʻlangan darsxonalar joylashgan. Hovli atrofidagi hujralar oldi ravoqli. Janub tomonidagi peshtoq gumbazli masjiddan ayvon sifatida foydalanilgan. Darsxona va masjid gumbazlari oʻzaro kesishgan toqilar ustiga oʻrnatilgan, hujralar balxi gumbazli. Bosh tarzi Xorazm meʼmorligiga xos uslubda (koʻk, oq va havo rangli koshinlar bilan) bezatilgan[2].

Madrasaga kiraverish eshigi tepasida nastaʼliq yozuvida bagʻishlov misralari bitilgan. Ular xorazmlik tarixchi va shoir Ogahiy qalamiga mansubdir[3].

Boshqa bir manbada esa eshik tepasidagi marmar toshga arab yozuvida matn bitilganligi va bu matnni 1871-yil (hijriy 1288-yil)da Devoniy dastxati ostida Xudaybergan Devon bitganligi keltiriladi[4]:

Ilm olishda chegara boʻlmaydi.
Ilm olgan saodatli boʻlur.
Ilmli odamlar orasida hurmatda boʻlur.
Hamma narsani bilish uchun ilm kerak.
Naqshkor Muhammad degan usta oʻz hissasini qoʻshgan.
Ilmli insonni ikki dunyosi obod boʻlur.
Ilmlini nomi oʻchmaydi, tarixda qolib ketadi.

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-oktyabr.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Архитектурная эпиграфика Узбекистана 2015, s. 222—228.
  4. „Matniyoz Devonbegi madrasasi“. Qaraldi: 2023-yil 13-oktyabr.