QizilqumMarkaziy Osiyodagi qumli choʻl. Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, qisman Turkmaniston hududida) joylashgan. Shimoli-gʻarbda Orol dengizi, sharqda Tyan-Shan va Pomir-Olay togʻ tizmalari bilan chegaradosh. Umumiy maydoni 300 ming km². Hududining koʻp qismi tekislik. Qizilqumda oʻrtacha balandlik janub va janubi-sharqida 300 metr, shimoli-gʻarbida 53 metr. Qizilqum hududidagi Sulton Uvays togʻi, Boʻkantov, Yetimtogʻ, Tomditov, Quljuqtov va boshqa past togʻlar yuvilib ketgan alp antiklinalining oʻzagidir. Vaqtinchalik oqar suvlar togʻlardan yuvib tushgan materiallar togʻ etaklariga toʻplanib nishab prolyuvial tekisliklarni hosil qilgan. Ular togʻlardan uzoqlashgan sari pasayib boradi. Shuningdek, Qizilqum hududida qirlar (Beltov va boshqalar), yassi plitalar, berk botiqlar (Mingbuloq, Oyoqogʻitma, Qoraxotin, Moʻlali va boshqalar) hamda qadimiy suvsiz daryo oʻzanlari: Aqchadaryo, Janadaryo, Daryosoy, Quvonchdaryo, Mahandaryo va boshqalar mavjud.

Qizilqum
qozoqcha: Қызылқұм
Qizilqum xaritasi. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan surat
Qizilqum xaritasi. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan surat
42°26′28″N 63°27′41″E / 42.44111°N 63.46139°E / 42.44111; 63.46139
MamlakatlarOʻzbekiston Oʻzbekiston
Qozogʻiston Qozogʻiston
Turkmaniston Turkmaniston
JoylashuviMarkaziy Osiyo
Maydoni300 000 km²
DaryolarJanadaryo
Yanvar oyi oʻrtacha harorati0°С —9 °C
Iyul oyi oʻrtacha harorati26°С — 29 °C
Yillik yogʻingarchilik miqdori100 — 200 mm
Qizilqum (Oʻzbekiston)
Qizilqum

Toğlar va ularni oʻrab turgan togʻ oldi tekisliklari bir-biridan qum massivlari bilan ajralib turadi. Qum massivlari uchun qator tepa va koʻzanak qumlari xosdir. Qizilqumning katta qismini qum massivlari: Juranqum, Toshquduq, Yomonqum, Kemirekqum va boshqalar egallagan. Qum massivlarida eol relyef shakllari — qum marzalari, doʻng qumlar, barxanlar uchraydi. Qum marzalari koʻproq meridianal yoʻnalishga ega, oʻsimliklar bilan mustahkamlangan. Ularning. nisbiy balandligi 3—30 metr, baʼzan 75 metrga yetadi. Qizilqumning markaziy qismida koʻpincha doʻng qumlar tarqalgan (ular ham oʻsimliklar bilan mustahkamlangan). Barxanlar nisbatan kam boʻlib, bular aholi yashaydigan joylar va quduqlar atrofida uchraydi. Barxanlarning harakatga kelishi insonning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq. Marza qumlar orasidagi past joylarda taqirlar hosil boʻlgan, ular Qizilqumning shimoli-ģarbiy va shimoli-sharqiy qismida, ayniqsa, keng tarqalgan. Tektonik jihatdan Qizilqum Turon plitasida joylashgan. Qizilqumdagi past togʻlar paleozoy davriga mansub metamorfizlashgan slanets, rogovik, ohaktosh, marmar, granitlardan tashkil topgan. Tekislik qismida mezokaynozoy davri gillari, qumtoshlar, konglomeratlar, mergellar, shimoliy qismida esa Amudaryo va Sirdaryoning qadimiy daryo yotqiziqlari tarqalgan.

Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Havoning oʻrtacha yillik temperaturasi shimoliy qismida 9,8°—10,5°, janubida 13°—15°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0° dan –9° gacha, eng past temperatura –30, –31°, ayrim joylarda –34°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 29°, ayrim joylarda 30—31°. Eng yuqori temperatura (iyulda) 46—49°. Qizilqumda yozda yer yuzasi qizib ketadi. Namlik serob va oʻsimliklarga boy boʻlgan Amudaryoning quyi oqimiga qaraganda Qizilqumda vegetatsiya davrida musbat tralar yigʻindisi ancha yuqori, nisbiy namlik esa kunduzi oʻrtacha 10—12% past. Havoning nisbiy namligi iyulda kunduz kunlari hech qayerda 20% dan oshmaydi. Qizilqumga yillik temperatura amplitudasining kattaligi xos. Amudaryo etagiga qaraganda bu yerda yogʻin kam. Yillik yogʻin 80–160 mm, asosan, qish (30%) va bahor (48%) fasllarida yogʻadi. Yozda yogʻinning faqat 3% tushadi. Yozda havo quruq keladi va temperatura yuqori, tuproq qurgʻoqchiligi birmuncha vaqtliroq boshlanadi. Qumli massivlar va qumoq tuproqlardagi oʻsimlik oʻdgan joylarda qumoq va gilli joylarga qaraganda tuproq u qadar kuchli emas.

Qizilqumda yil davomida shimoliy, shimoli-sharqiy va shimoli-gʻarbiy shamollar tezligi oʻrtacha (3–4 m/sek.) esib turadi. Baʼzida kuchli boʻronlar ham boʻladi. Iqlimi quruq boʻlganidan Qizilqumda doimiy oqar suvlar yoʻq. Past togʻlardan boshlanuvchi quruq soylarda faqat bahorgi yogʻingarchilik paytlaridagina suv oqadi. Qizilqum yer osti suv zaxirasiga boy, lekin, ularning koʻp qismi shoʻr. Faqat Turon plitasi poydevorida joylashgan karstlashgan ohaktoshlardagi yer yoriqlarida chuchuk suvlar zaxirasi mavjud boʻlib, ular qulay joylarda yer yuzasiga buloqlar sifatida (Tomdibuloq, Irlir va boshqalar) chiqadi.

Qizilqumda qumli massivlar va past qirlar katta maydonni egallaydi. Qumli massivlar uchun choʻl qumli tuproqlari, qirlar uchun boʻz qoʻnģir tuproqlar xos. Taqir, shoʻrxok tuproqlar tarqalgan. Bularda chirindi moddalari kam. Qizilqum oʻsimliklari xilma-xil. Choʻl sharoitida namlikning taqchilligi va havo, tuproq haroratining balandligiga oʻsimliklar ham moslashgan. Oʻsimlik turi 900 ga yaqin, shundan 226 turi (25%) Oʻrta Osiyo uchun xos va 34 turi (3,5%) Qizilqumga xos oʻsimliklardir. Qizilqumda oʻsimliklar rivojlanishining tez yetiluvchanligi (efemerligi), qurgʻoqchillikka moslashuvchanligi (kseromorfligi), baʼzi oʻsimlik ildizlarining tuproqqa chuqur kirib borishi (freatofit), shoʻr muhitda ham vegetatsiya qilish xususiyatiga ega ekanligi (galofit) bilan ajralib turadi. Oq va qora saksovul, ularga aralash holda oʻsuvchi cherkez, qandim, chogon, borjok (qizilcha), shuvoq va boshqalar keng tarqalgan. Oq saksovulzorlar biyurgʻun, boyalich, keyreuk shoʻralar bilan, goho yulgʻun aralash ham uchraydi. Shuvoqzorlar Qizilqumning katta hududlarini egallagan. Shoʻr bosgan tuproqlarda sarsazan, qorashoʻra, shohilak, yulgʻun va boshqalar bor.

Sutemizuvchilardan jayron, saygʻoq, choʻl mushugi, barxan mushugi, qoʻshoyoq, yumronqoziq, qumsichqon, tulki, boʻri, quyon, olakoʻzan, uzun quloq tipratikan; sudralib yuruvchilardan qum boʻgʻma iloni, oʻqilon, uzun quloqli va taqir dumaloqbosh kaltakesak, agama, echkemar; qushlardan boyqush, chil, xoʻjasavdogar, saksovul toʻrgʻayi, choʻl qargʻasi, bulduruq, burgut, boyqush; hasharotlardan chayon, qoraqurt, biy, chigirtka va boshqalar uchraydi. Qizilqumda mayin junli va qorakoʻl qoʻylar boqiladi. Artezian havzalardan suv chiqarilib, chorvachilikni rivojlantirish maqsadida kichik vohalar vujudga keltirilmoqda. Qoldiq togʻlardan marmar, grafit, feruza, Muruntovdan oltin, uran, shuningdek, fosforit, korund, boksit konlari topilib, qazib olinmoqda. Gazli hamda Qandim gaz-kondensat konlaridan foydalanilmoqda.

Adabiyot

tahrir
  • Fyodorovich B.A., Lik pustshi, M., 1954;
  • Baratov P., Oʻzbekiston tabiiy geografiyasi, T., 1996;
  • Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002.