Amir Abdulahadxon
Abdulahad (Amir Abdulahad, Amir Abdulahadxon, Amir Sayyid Abdulahad Bahodirxon) (1857-yil 16-mart, Karmana, Buxoro amirligi — 1911-yil 7-yanvar) — Buxoro amirligining hukmdori (1885—1911). Oʻzbek mangʻitlardan. Amir Muzaffarning oʻgʻli. Chor Rossiyasining general-adyutanti.
Abdulahad (Amir Abdulahad, Amir Abdulahadxon, Amir Sayyid Abdulahad Bahodirxon) | |
---|---|
Sayyid Abdulahad | |
Amir Abdulahad. Mashhur fransuz fotografi Pol Nadar tomonidan olingan surat. 1890-yil | |
Buxoro amirligi hukmdori | |
Mansab davri 1885-yil 16-dekabr – 1910-yil 22-dekabr | |
Oʻtmishdoshi | Amir Muzaffar |
Vorisi | Amir Olimxon |
Karmana viloyati hokimi | |
Mansab davri 1875-yil – 1885-yil 31-oktabr | |
Monarx | Amir Muzaffar |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
16-mart 1857-yil Karmana, Buxoro amirligi |
Vafoti |
7-yanvar 1911-yil (53 yoshda) Karmana, Buxoro amirligi |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi |
Bolalari |
Imatulloh Sayyid Mir Husayn Sayyid Mir Abdulloh Sayyid Mir Muhammad Olimxon |
Onasi | Shamshod |
Otasi | Amir Muzaffar |
Tarjimayi holi
tahrirSayyid Abdulahad Bahodirxon 1857-yil 16-mart kuni Buxoro amirligining Karmana shahrida tugʻilgan. Otasi Amir Muzaffar, onasi kelib chiqishi eroniy[1] boʻlgan Shamshodoyim. Shamshodoyim oʻz davrining aql-farosatli ayollaridan biri boʻlib, Amir Muzaffarning suyukli xotini hisoblangan. Abdulahad yoshligidan onasining tarbiyasini olgan. Hamid Maʼqul ismli ustozdan abjad va alifboni oʻrgangan[2].
Abdulahad yoshligidan sheʼriyatga qiziqqan, „Ojiz“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Ammo maxsus devon tuzmagan. Uning sheʼrlaridan namunalar ayrim ijodkorlarning tazkiralarida keltirib oʻtilgan[3].
Zamondoshlari uni xushmuomala, adolatparvar, xudojoʻy, oddiylik doirasidan chiqmagan va madaniyatli inson sifatida eslab oʻtishgan[1].
U 18 yoshida yaʼni 1875-yil Karmana hokimi etib tayinlangan[1].
1885-yil 13-dekabrda Amir Muzaffar Buxoroda vabo kasalidan vafot etgach, shu yil dekabr oyi oʻrtalarida Abdulahad rasman Buxoro amirligi taxtiga oʻtirgan[1].
Taxtga chiqishi
tahrirMangʻitlar sulolasining udumiga koʻra Buxoro amirligining valiahdi Karmana viloyatini boshqargan. Amir Muzaffar toʻngʻich oʻgʻli Abdulmalikni (1848—1909) taxt vorisi va Karmana viloyati hokimi etib tayinlagan, ammo 4 yildan keyin Abdulmalik Gʻuzor viloyatiga hokim qilib yuborilgan. Rus bosqini davrida (1868) Abdulmalik va Amir Muzaffar oʻrtasida nizolar kelib chiqishi oqibatida Amir Muzaffar uni taxt vorisi huquqidan mahrum etadi. Soʻng, amir taxt vorisi huquqini ikkinchi oʻgʻli, Chorjoʻy begi — Nuriddinga bermoqchi boʻlib turganida, Nuriddin toʻsatdan vafot etadi. Keyin, taxt vorisi etib navbatdagi oʻgʻli Abdulfattohni tayinlaydi. 1869-yil Abdulfattohni rus imperatori Aleksandr II huzuriga yuborib, taxt vorisligiga imperator roziligini ham oladi. Koʻp oʻtmay Abdulfattoh ham vafot etadi. Shundan soʻng Amir Muzaffar Abdulahadni taxt vorisi etib tayinlaydi[4].
1883-yil Amir Muzaffar Abdulahadni Aleksandr III (1881—1894) Rossiya imperiyasi taxtiga chiqqanligi munosabati bilan unga toj kiydirish tantanalarida ishtirok etish va Buxoro amirligi taxtiga boʻlajak vorisligini tasdiqlatish maqsadida uni imperiya poytaxtiga yuboradi[4].
Imperator huzuriga Abdulahad bilan birga ichki ishlar vaziri Salim parvonachi, Hisor hokimi Ostonaqul qushbegi va yana bir necha buxoroliklar ham yuboriladi. Ularning vazifasi Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashdan iborat edi. Abdulahad bilan birga ushbu safarga chiqqan tarixchi Muhammad Salim oʻzining „Kashkuli Salimiy“ asarida shunday yozadi:
U vaqtlar rels [poyezd] yoʻq edi. Biz Orunburg hududigacha pochtali arobada, u yerdan esa poyezdda Peterburgga qarab harakat qildik. Rus podshosining buyrugʻi bilan bizni „Karontodel“ mehmonxonasiga joylashtirdilar. Rus imperatori har birimizga nishonlar, tillo soatlar, olmos bilan bezatilgan uzuklar sovgʻa qildi. Bizlar bogʻlar va qasrlarni tomosha qilishga chiqdik. Bu rasmiy mehmondorchilik oltmish ikki kun davom etdi. Soʻng Buxoroga qaytib Rossiya bilan doʻstlik aloqalari mustahkamlanganligini amirga yetkazdik[5].
Vabo kasaliga chalingan Amir Muzaffar 1885-yil 13-dekabr kuni Buxoro tashqarisidagi Shirbudun saroyida toʻshakka mixlanib qoladi. Amir mahramlari zudlik bilan bu haqda Karmanada turgan Abdulahadga xabar yuborishadi. Mamlakatda notinchliklar boshlanib ketishidan xavotir olishgani uchun Abdulahad yetib kelgunicha Amir Muzaffarning ahvoli ommadan sir tutiladi. Qushbegi Mulla Mahmudbiy buyrugʻi bilan Amir Muzaffar tunda, yashirin tarzda Buxoro arkiga olib boriladi va oʻsha yerda joni uziladi[6].
Xabarni olgan Abdulahad 1000 nafar navkari bilan yoʻlga otlanadi, yoʻl-yoʻlakay Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qilib, Buxoroga yetib keladi. Marhum Muzaffarning jasadi Buxorodagi Hazrati Imlo qabristoniga qoʻyiladi[7].
Bundan bir necha kun oʻtib, Abdulahadxonning rasman Buxoro amirligi taxtiga oʻtirishi marosimi oʻtkaziladi. Marosimda saroy aʼyonlari, hukumat vakillari, diniy mulozimlar va oʻzbek urugʻlari oqsoqollari qatnashadilar[7].
Abdulahadxon taxtga chiqqan paytdagi amirlikning ahvoli
tahrirAmir Abdulahadxonga bu davrda Buxorodan uzoqda yashayotgan akasi — Abdumalik Toʻra xavf solib turardi. Abdumalik Toʻra otasining kasalligidan xabar topgandan soʻng, 1885-yilning kuzidan boshlab amirlik taxtini egallashga harakat qiladi. Abdumalik Toʻra Hisor hokimi boʻlgan inisi Abdulmoʻmin (1852—1894) bilan birgalikda hokimiyatni egallashni niyat qiladi. Birlashgan aka-ukalarga inglizlar, Afgʻoniston amiri Abdurahmon, Koʻlob begi Sarixon qoʻllab-quvvatlashga vaʼda beradilar. Xuddi shu paytda Chorjoʻy begi Muzaffarxonning yana bir oʻgʻli Siddiqxon ham taxtga davogarlik qiladi. otasi Abdulahadxonning oʻlimidan xabarsiz holatda Buxoroga kelgan Siddiqxon amirlik qoʻshbegisi tomonidan hibsga olinadi va uy qamogʻiga tashlanadi. 35 yil davomida siyosiy hayotdan chetda saqlanadi. 1920-yilda Buxoro amirligi barham topgach, Afgʻonistonga ketadi. U „Hashmat“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.
Tarixchilar Abdulahadxon taxtga chiqqan paytdagi Buxoro amirligining ahvolini mamlakat tanazzuli davri sifatida qayd etadilar[8]. Maʼmurlarning davlat gʻaznasidan yulgʻichligi, xalqning ahvoliga befarqligi oshib borgan. Davlat xizmatchilari ustidan nazoratsizlik, mamlakatni tanazzulga olib kelgan[9].
Bundan tashqari, Amir Muzaffar davrida boʻlib oʻtgan urushlar amirlikni iqtisodiy jihatdan kuchsizlantirgan. Savdo-sotiq ishlari toʻxtab qolib, xalq kundan-kunga nochorlashib boravergan. Koʻpchilik nochorlik tufayli Turkiston general-gubernatorligi, Qashqar, Afgʻoniston tomonlarga koʻchib ketgani uchun amirlikda aholi soni kamaya borgan[9].
Amirlikning zamonaga moslashmagan, harbiy amaliyotlarda ancha noʻnoq boʻlib qolgan armiyasini saqlab turish uchun amirlik iqtisodidan doimiy ravishda katta mablagʻ sarflab turilgan[9].
Islohotchiligi
tahrirAmir Abdulahadxon taxtga chiqqan paytida amirlikda holat yaxshi emas edi. Amir Muzaffar, zamondoshlarining fikriga koʻra ancha zehnli inson hisoblansa ham, ammo oʻz davri qarichi bilan oʻlchaganda biroz eskicha qarashli kishilardan boʻlgan. Uning davrida mamlakatga oʻz zamonasining ilgʻor yangiliklari kirib kelmagan[8].
Abdulahadxon taxtga oʻtirganidan soʻng Buxoroning Rossiya bilan aloqalari birmuncha rivojlangan. Amirlik armiyasini birmuncha qisqartirilib, askarlarga harbiy taʼlim berish uchun rus harbiy mutaxassislari Buxoroga keltirilgan, yaʼni harbiy sohani isloh qilingan[1].
Amir Abdulahadxon sud-huquq tizimini isloh qiladi. Poraxoʻrlik hamda taʼmagarlik qilgan amaldorlarni lavozimidan ozod qiladi. Barcha viloyat qozilari va tuman oqsoqollarini ishdan boʻshatib, yangi qozi va oqsoqol tayin etadi. Amirlikda xizmat qilayotgan mufti askar lavozimida xizmat qilayotgan Badriddin maxsumni rais mansabiga koʻtaradi. Orifjon maxdumni esa rais mansabiga tayinlaydi. 1886-yilda amirlikdagi zindonlarning bir qismini yoptiradi. Buxoro shahrida joylashgan kanaxona koʻmib yuboriladi[10]. Jamiyatda avj olib ketgan nashavandlik, taʼmagirlik, qimorbozlik, poraxoʻrlik, bachchabozlikni hamda qul savdosini, jinoyatchilarga jismoniy jazo berishni, jinoyatchilarni qatl etishni taqiqlovchi farmonlar chiqargan[11]. Xotinlarni sotish, poraxoʻrlik, ochkoʻzlik va hokazolarni jazolaydigan qonunlarning jiddiyligi ikki baravar oshirildi. 1897-yilda Abdulahadxon buyrugʻiga koʻra, Buxoro shahrida nogiron va muomalaga layoqatsizlar uchun barcha sharoitlar mujassam nogironlar uyi barpo etiladi. U yerda joylashganlar uchun kuniga ikki marta issiq ovqat tashkil qilingan[12]. Bundan tashqari amir nazorati va buyrugʻi ostida Buxoro shahrida zamonaviy shifoxona va dorixona tashkil etilgan[13].
Abdulahadxon 1885-yilda tarkibi 2000 kishilik amirlikning yirik shaharlarida xizmat qilishi rejalashtirilgan Buxoro militsiyasini tashkil qiladi.
Rossiya imperatori Amir Abdulahadxonga general-adyutant harbiy unvonini bergan[1].
Ismoil Gaspirali 1904-yilda amir ruxsati bilan Buxoroda yangi usul maktabini ochgan va bu maktabni Abdulahadxonning otasi sharafiga „Muzaffariya“ deb nomlagan[11].
Bunyodkorlik ishlari
tahrir1892-yilda Amir Abdulahadxon davrida Kattaqoʻrgʻondan Buxoroga telegraf simi tortilgan. Bu sim Karmana shahri orqali oʻtgan[11].
Undan tashqari, Samarqandni Chorjoʻy bilan bogʻlaydigan temir yoʻl oʻtkazilgan[11].
Amir Abdulahadxon Sankt Peterburgda masjid, Arabiston, Misr, Qrim va Kavkazda bir qancha rabotlar, saroylar, mehmonxona va hammomlar qurdirgan[11].
Buxoro amirligi va Chor Rossiyasi
tahrirAmir Abdulahadxon davrida Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi oʻrtasidagi aloqalar rivojlanib bordi. Amirlik ustidan Rossiya protektorati uzil-kesil oʻrnatildi. Buxoro amirligi Rossiya imperiyasi bojxona xizmati taʼsir doirasiga kirishi buxorolik va rossiyalik savdogarlarning ikki mamlakat hududida erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratdi. Shu asnoda rus sanoatchilarining Buxoro amirligi hududiga sanoatni olib kirishiga imkon yaratildi[2].
Amirlik hududida aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va kichik sanoat korxonalari ochila boshladi. Kaspiyorti temir yoʻli ishga tushirilganidan soʻng bu jarayon yanada kuchaydi[2].
Tarixiy asarlarda
tahrirBuxorolik tarixchi Mirzo Salimbek Abdulahadxon toʻgrisida quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan:
U hurmatli va juda obroʻli podishah edi, barcha xizmatkorlari va boʻysunuvchilariga bir xil darajada hamdard, rahmdil edi. Ayniqsa, akalariga nisbatan u taʼriflab boʻlmaydigan darajada va cheksiz saxiy va mehribon edi. Birinchidan, u hurmatga sazovor boʻlgan otasining irodasiga binoan shahzoda Sayid Mir Akramxonni Gʻuzor viloyatining hukmdori sifatida tasdiqladi va shahzoda Sayyid Mir Qosimxonni Chiroqchiga hokim qilib tayinladi. U boshqa akasi Sayyid Mir Siddiqxonni Buxoro shahrida kerakli lavozimni berdi. Qolgan shahzodalar: Sayyid Mir Azimxon, Sayyid Mir Sodiqxon Buxoro arkidan uy-joy bilan taʼminladilar va ularni katta maosh bilan taʼminladilar. Amir Abdulahadxon birodarlarini, juda munosib birodarlarini har doim yuqori hurmat qilib turar edi[14].
Said Abdulahadxon davrida chor hukumati Buxoroda rus siyosiy agentligi taʼsis etib (1886), Turkistonni, jumladan Buxoro xonligini xom ashyo bazasiga aylantirish va bu yerdagi boyliklarni Rossiyaga tashib ketish maqsadida Amudaryoga koʻprik qurdi, Chorjoʻy-Samarqand temir yoʻl oʻtkazdi (1900—1901). Shuningdek Abdulahadxon davrida jadidchilik harakati kuchaydi[15].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Hotamov, Bekniyozov 2007, s. 56.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Inoyatov, Toʻrayev, Haitova 2004, s. 15.
- ↑ Inoyatov, Toʻrayev, Haitova 2004, s. 17.
- ↑ 4,0 4,1 Inoyatov, Toʻrayev, Haitova 2004, s. 16.
- ↑ Inoyatov, Toʻrayev, Haitova 2004, s. 16—17.
- ↑ Шубинский 1892, s. 121.
- ↑ 7,0 7,1 Шубинский 1892, s. 122.
- ↑ 8,0 8,1 Шубинский 1892, s. 123.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 Шубинский 1892, s. 124.
- ↑ Шубинский П. „Очерки Бухары“. Qaraldi: 2023-yil 19-iyul.
- ↑ 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 Hotamov, Bekniyozov 2007, s. 57.
- ↑ Dilnoza Jamolova. Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati. Toshkent, 2021 — 41-bet. ISBN 978-9943-6834-8-8.
- ↑ „Ismoilbek G‘asprali. Turkiston sayohatlari“ (14-fevral 2015-yil). Qaraldi: 19-iyul 2023-yil.
- ↑ Мирза Салимбек. Тарих-и Салими (Источник по истории Бухарского эмирата). Ташкент. Академия. 2009, ст. 44—45
- ↑ "Amir Abdulahadxon" OʻzME. A-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
tahrirKitoblar
tahrir- A. Hotamov, N. Bekniyozov. Karmana — qadimiy diyor. Toshkent: Oʻzbekiston, 2007 — 152-bet. ISBN 978-9943-01-070-3.
- Inoyatov S., Toʻrayev H., Haitova O.. Amir Abdulahadxon davrida Karmana. Toshkent: Sharq, 2004 — 48-bet.
Maqolalar
tahrir- Шубинский П. „Очерки Бухары“ // Исторический вестник. Историко-литературный журнал. — Санкт Петербург: Типография А. С. Суворипа, 1892. — Т. XLIX, № 2.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |