Said Mir Muhammad Olimxon — Buxoro amirligini 1910 — 1920-yillarda boshqargan soʻngi oʻzbek mangit hukmdor. 1880-yilning 3-yanvar kuni Buxoroda tugʻilgan.

Said Olimxon
(Amir Olimxon, Amir Said Olimxon,
Amir Sayyid Olimxon)
Sayyid Mir Olimxon

Amir Olimxon
(1911-yil; Buxoro)
Buxoro amirligi hukmdori
Mansab davri
1910-yil 24-dekabr – 1920-yil 2-sentabr
Oʻtmishdoshi Amir Abdulahad
Vorisi lavozim tugatilgan
Karmana viloyati hokimi
Mansab davri
1910-yil boshi – 1910-yil 24-dekabr
Monarx Amir Abdulahad
Qarshi viloyati hokimi
Mansab davri
1898-yil – 1910-yil boshi
Monarx Amir Abdulahad
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1880-yil 3-yanvar
Karmana, Buxoro amirligi
Vafoti 28-aprel 1944-yil(1944-04-28)
(64 yoshda)
Qalʼayi Fotu, Kobul, Afgʻoniston qirolligi
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Afgʻoniston qirolligi
Turmush oʻrtogʻi Nazira
Bolalari Sultonmurod, Shohmurod Olimov, Abdurahimxon, Qilich, Sayyid Orifxon, Muslima, Nazokat, Shukriya Raad.
Otasi Amir Abdulahad

Said Muhammad Olim Turkiylarning Mangʻit ulusi Oʻzbeklari oilasida tugʻilgan. Said Olim oʻn uch yoshdaligida otasi Abdulahad tomonidan uch yilga davlatni boshqarish va harbiy maʼlumotlarni oʻzlashtirish uchun Sankt-Peterburgga yuboriladi. 1896-yilda u Rossiyadan Buxoro Shahzodasi sifatida Buxoroga qaytib keladi.

Ikki yildan soʻng u Nasaf xokimi etib tayinlanadi va ushbu lavozimida oʻn ikki yil faoliyat yuritadi. Keyingi ikki yilda u Karminning shimoliy provinsiyasini boshqaradi. 1910-yilda otasi Abdulahad Xon vafot etadi. Oʻsha yili Rossiya Imperiyasi Imperatori Nikolay II tomonidan Oliy martabaga koʻtariladi. 1911-yilda Said Olimxonga Hazrati Oliylari Imperator Svitasida general-mayor unvoni beriladi.

Taxtga 1910-yilda oʻtirdi. Boshqaruvining boshida u sovgʻalar olmasligini, boshqa vazir va boshliqlarga pora olishni man etishini va soliqchilar va boshliqlarni xalqdan olgan soliqni oʻz manfaatlarida qoʻllamaslikni amr etdi. Biroq vaqt oʻtib vaziyat oʻzgarib ketdi, ushbu intrigalar oqibatida yangi qonunlar chiqarmoqchi boʻlganlar Moskva va Qozonga yuborildi. Said Olimxon esa boshqaruvini anʼanaviy tarzda davom ettirdi.

Buxoro amirligi Rossiya Imperiyasiga qaram hisoblansada Said Olimxon oʻz davlatida Amir maqomiga ega edi. Said Olimxinning pullariga Sankt-Peterburgda Masjid va Buxoro Amiri Uyi qurildi. 1915-yilning 30-dekabr kuni general-leytenent maqomiga ega boʻldi va Ter Kazaklari qoʻshinida general-adyutant maqomigacha koʻtarildi.

1920-yilda Qizil Armiya Buxoroni egallab olganida Said Olimxon Buxoro amirligining sharqiga, keyinroq esa Afgʻonistonga qochib ketadi.

Mamlakatidan tashqariga qochib ketganidan keyin Qorakoʻl sotib tirikchilik qilgan. Bosmachilikni qoʻllab-quvvatlagan. Qariligida koʻzi deyarli koʻr boʻlib qolgan. Uning bankdagi hisob raqamlari SSSR Hukumati tomonidan yopib qoʻyilgan.

Said Muhammad Olimxon 1944-yilning 5-may kuni 64 yoshida Qobulda vafot etgan.

Uning koʻp sonli avlodlari (qariyb 3000 kishi) butun dunyoga tarqalib ketgan. Ular asosan AQSH, Turkiya, Olmoniya, Afgʻoniston va boshqa davlatlarda istiqomat qilishadi.

Uning oʻgʻillaridan biri boʻlgan Shohmurod (Olimov familiyasini olgan) 1929-yilda otasidan voz kechgan va Qizil Armiya safida xizmat qilgan va Ikkinchi jahon urushida qatnashib oyogʻini yoʻqotgan. U oʻtgan asrning 60-yillarida Moskvadagi Frunze nomidagi Harbiy Akademiyada faoliyat yuritgan.

Amir Olimxonning Qarshidagi hokimligi

tahrir

Amir Said Olimxon —

 

Buxoro amirligini boshqargan mangʻit hukmdorlari orasida eng soʻnggisi Amir Said Olim Toʻra tarixda ziddiyatli shaxs sifatida gavdalanib kelgan. Amir Said Olimxon yoshligidan boshlab Toʻrajon deb eʼzozlangan. Onasining ismi Davlat Baxt oyim. Amir Abdulahadxon xonadonida Olimxon Toʻra yolgʻiz oʻgʻil farzand boʻlgan. Amir Said Olimxon oʻz davri uchun kerakli bilimlarni otasi saroyida egallagan. Said Olimxonning avlodlaridan biri Sayyid Mansur Olimiyning yozishicha diniy hamda oʻsha davrda keng tarqalgan bilimlarni zamonasining olimlaridan oʻrgangan.

Taʼlim olishi

tahrir

Amir Said Olim Toʻra 13 yoshida otasi amir Abdulahadxon buyrugʻi bilan harbiy taʼlim olish uchun Peterburgga borib, harbiy muhandislik mutaxasisligi boʻyicha bilim oladi. Said Olim Toʻra Nikolaev kadet korpusida imperator oliy hazratlarining faxriy qorovullari vazifasini bajaradigan „pajlar“ boʻlimida oʻqishni boshlaydi. Uch yil oʻqigach, 1897-yilda diplom olib otasi yoniga Karmanaga qaytadi va oʻz otasidan iqtisodiy, siyosiy, savdo, davlat boshqaruvi, ichki taʼlim masalalarini oʻrganadi. SHu oʻrinda Yosh buxoroliklar partiyasining asoschilaridan biri Fitratning yozishicha Abdulahad oʻgʻlining tahsilni tugatishi munosabati bilan Peterburgga borib, katta ziyofat va inʼomlar berib, Amir Said Olimxonni oʻzining valiahdi deb eʼlon qilgan ekan.

Hukmdorlik faoliyati

tahrir

Amir Said Olimxon Qarshida 12 yil hukmronlik qilgach, Amir Abdulahadxonning sogʻligi yomonlashgach, Karmanaga hokim etib tayinlanadi. 1910-yil 22-dekabr kuni Amir Abdulahadxon vafot etdi. Bu vaqtda maxsus topshiriq bilan Toshkentga yuborilgan Amir Olimxon esa zudlik bilan Buxoroga qaytdi va 30-dekabr kuni amirlik taxtiga oʻtiradi. Amir Said Olimxon Buxoro taxtini egallagach ham qator islohotlarga qoʻl urdi. Xususan, bu haqida Amir Said Olimxonning oʻzi shunday deydi: „ Taxtga oʻtirganimdan soʻng bu banda dargohi oliyda mamlakatimning bir yillik xiroj toʻlashdan ozod qilish farmoyishini berdim. Buxoro minorasining past tomonida bozorning ichki tomonida oʻz nomimdan Dorul-ulum — Bilim uyi boʻlgan bir madrasa qurdirdim; har xil ilmdan dars beruvchi muallimlar tayin ettirdim. Mazkur madrasada istiqomat qiladigan talabalar sarf-xarajatlari, maosh va kiyim-kechagi xam oʻz tarafimdan belgilanib, unga bir nafar nozir tayin etdim; ularning yemak-ichmak, maosh va kiyim-kechaklarini muayyan bir vaqtda yetkaztirardim. Bozor va yoʻl obodligiga koʻp harakat kildim, uch yil ichida Buxoro mamlakati ancha obod boʻldi, unga zeb-ziynat va tartib-intizom oʻrnatdim“. Amir Olimxon Yevropa va Osiyoning rivojlangan davlatlaridan mamlakat hududiga kirib kelayotgan taʼlim tizimiga oid oʻzgarishlarga ijobiy munosabatda boʻlib, dunyoviy fanlarni oʻqitilishiga qarshilik qilmagan. SHu oʻrinda turkiyalik tarixchi olim Nurettin Hatinogʻlu Olimxonning dunyoqarashi va shaxsi haqida sotqin, mustabid, yangilikka qarshi, sivilizatsiya dushmani, layoqatsiz va xudbin shaxs degan fikr jamiyatda hukm suradi. Biroq Olimxon haqidagi bu fikrlar siyosiy maqsadlarni koʻzlab yuritilgan siyosat natijasidir deydi.

Tarixiy faktlarga ko‘ra:

Uning bakovuli Safar bakovul bo‘lgan.

Amir Olimxonga tegishli bo‘lgan va sobiq amirlik hududida bo‘lgan ayrim qarorgoh va tarixiy obektlar saqlanib qolgan.

Uning uchun qadrdon joylardan biri Karmana (hozirgi Navoiy viloyati, Karmana tumani) bo‘lgan.

Said Olimxon ham otasi kabi qator davlatlar, jumladan, Rossiya imperiyasi, Britaniya imperiyasi, Afgʻoniston amirligi, Eron davlati, Usmonlilar imperiyasi bilan yaxshi aloqada boʻlgan. Qoʻshni Xorazm davlati (Xiva xonligi), shuningdek, Buxoro amirligining janubi-gʻarbidagi turkman qabilalalari bilan munosabatlar sovuq edi.

Otasi Abdulahad hukmronligi davridan boshlab amirlikda jadidlar harakati vujudga kelib, ular erkin taʼlim, demokratik islohotlar, maorif, adabiyot, xususan, sheʼriyat va publitsistikani rivojlantirish tarafdorlari edi. Rossiya imperiyasining Oʻrta Osiyo mulklari hududiga qrim-tatar pedagogi Ismoil Gasprinskiy tashrif buyurgan[1]. U 1893- va 1907-yillarda Buxoro amiri Said Abdulahadxon va mahalliy ziyolilar vakillari bilan uchrashdi. Amirlikda jadidchilar tomonidan bir qancha yangi usuldagi dunyoviy maktablar ochilib, ularda aholining turli qatlamlari farzandlariga dunyoviy ilmlar va fanlardan bepul o‘qitilgan. Ijtimoiy-siyosiy gazeta va jurnallar nashr etila boshlandi, jadidlar oʻzlarining alohida risola va kitoblarini nashr eta boshladilar. Bu davriy nashrlarda ular amir va uning safdoshlarini masxara qiluvchi maqolalar, satirik sheʼrlar ham chop etganlar.

1917-yildan keyin bularning barchasi Said Olimxon atrofidagilar tomonidan amirlik siyosatiga qarshi harakat sifatida qabul qilindi; jadidchilarning bir qismi hibsga olinib, Buxoro zindoniga qamalgan, baʼzilari shariat bo‘yicha turli jazolarga, jumladan, qamchilashga hukm qilingan[2]. Sadriddin Ayniy ham shunday jazoga mahkum qilingan. Jadidlar ommaviy quvgʻinga uchragach, ularning koʻpchiligi amirlikni tark etishga qaror qilib, asosan Samarqand va Toshkentda qoʻnim topgan. Bu ikki shahar Rossiya imperiyasining Turkiston oʻlkasi tarkibiga kirgan va ularda amirlik qonunlari amal qilmasdi. U yerda jadidlar o‘zlarining gazeta-jurnallari va boshqa adabiyotlarini nashr eta boshladilar, ular yashirincha Buxoroga olib ketildi. Shunga qaramay, amirga yaqin bo‘lganlarning bir qismi hamon jadidlarni qo‘llab-quvvatlardi. Biroq Said Olimxonga uning dunyoviy ishonchli kishilari emas, balki o‘ta radikal islomga amal qilgan islomiy (maʼnaviy) ishonchli va maslahatchilar katta taʼsir ko‘rsatgan. Amirlikda shariat qonunlari amalda bo‘lgan va Buxoro musulmon dunyosini „islomning mustahkam qal’asi“ sifatida butun dunyoga tanilgan edi.

1917-yil bahorigacha amir qurshovida boʻlgan taniqli shaxslar orasida Rossiya podshosi armiyasining birinchi oʻzbek generallaridan biri Mir Haydar Mirbadalev ham bor edi.

1913-yil 22-fevralda Said Olimxon Xiva xoni Asfandiyorxon bilan birgalikda Sankt-Peterburgdagi birinchi sobor masjidining ochilishida qatnashgan[3].

1917-yil Rossiya imperiyasida inqilob boshlanganidan va Buxorodagi koʻrinishlardan soʻng amir demokratik islohotlar tarafdorlariga (qarang: Yosh buxoroliklar) qatagʻonlar bilan hujum qildi. Qizil askar Buxoroga bostirib kirganida u qushbegi, mamlakat bosh vaziri Nizomiddin Urganjiy kabi bir guruh amaldorlarni U.Frunze huzuriga elchi qilib jo'natadi. Amir Said Olimxon iloji boricha tarixiy obidalarni va muqaddas joylarni saqlab qolish, katta vayronagarchiliklarni kamaytirishmaqsadida Buxoroni tashlab chiqishga majbur bo'ldi. Shundan so'ng Buxoro amirligining sharqiy tomoniga, soʻngra Afgʻonistonga qochib, oʻsha yerda boshpana topdi.

Surgunda qorako‘l savdosi bilan tirikchilik qilgan; baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u bosmachilarni qoʻllab-quvvatlagan. Keksaligida deyarli koʻzlari koʻr boʻlib qolgan.

 

Nasafning boshqarilishi

tahrir

Amir Said Olim hozirda Qarshi deb ataladigan Nasaf viloyatiga hokim etib tayinlanadi. Nasaf Buxoro amirligining sharqiy qismida joylashgan muhim, maʼmuriy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazlardan biri boʻlgan. Bu shaharning tarixi miloddan avvalgi asrlarga tutash boʻlib, ilk oʻrta asrlarda Janubiy Soʻgʻdning muhim hududlaridan biri hisoblangan. Soʻnggi oʻrta asrlarda bu beklik Buxoro amirligi tarkibida juda muhim mavqega ega boʻlib kelgan. Ayniqsa XVIII asr oxiridan boshlab bu shahar Buxoro davlatining sharqiy hududlarini boshqarishda harbiy-siyosiy tayanch va ikkinchi poytaxt vazifasini oʻtab kelgan. Nasaf SHarq va Janubiy SHarq davlatlaridan Buxoroga boriladigan tranzit yoʻli ustida joylashganligi tufayli barcha karvonlar bu shaharni chetlab oʻtolmas edi. Nasaf bekligi Buxoro vohasini SHahrisabz va Hisor vohasi bilan bogʻlar va shular hisobidan Qarshi muntazam rivojlanib taraqqiy etib bordi. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning maʼlumoticha: „Qarshi va Gʻuzor bekliklari (viloyatlari) Buxoro amirligi tarkibidagi 27 ta viloyatning ikkitasi sifatida XX asr boshlariga kelganda ham oʻz mavqeini saqlab qolgan edi. Bu paytda Qarshi viloyati 10 ta, Gʻuzor viloyati 8 ta amlokdan iborat boʻlgan. Xususan, Qarshi shahri ikki viloyatning qolaversa, Qarshi vohasining muhim siyosiy va maʼmuriy markazi sifatida Buxoro amirligida poytaxtdan keyin turuvchi shahar mavqeini yuqotmaslik uchun Karmana bilan raqobatda boʻlgan“. Amir Said Olim Toʻra Qarshida 12 yil hukmronlik qiladi. Oʻsha yillar davomida muayyan oʻzgarishlarga bosh boʻldi. Amir Said Olim Toʻra oʻzining Qarshidagi hukmdorlik davrida qator islohotlarni amalga oshirgani haqida oʻzining „Buxoro xalqining hasrati tarixi“ asarida quyidagilarni keltirib oʻtadi: „Bu ojiz bandaning Nasaf viloyatidagi xukmronligi muddati oʻn ikki yil davom etdi. Bu muddat ichida mening hukmatim hamisha faqirparvar va gʻaribnavozlikka intilardi, mazlumlarni zolimlardan asrab, xaqni karor topdirardi. SHunday qilib, mazkur viloyat axolisini oʻzimdan xursand-u mamnun ettirardim. Mazkur viloyatga yaqin joyda Qashqa degan shoʻx daryo oqardi. Undan kambagʻal beva-bechoralarning kechib oʻtishida rohati buzilib, doimo gʻam-tashvishda edilar. Axolining osoyishtaligini koʻzlab mazkur daryoga tosh-u temirdan bir koʻprik qurdirdim, koʻprikni esa oʻz nomim bilan atadim. SHoyad faqir-u fuqarolar suv kechish tashvishidan qutilib, tinch-u osuda yashasalar, deb oʻyladim. SHu bilan yana boshqa bir qancha madrasa va ibodatxonalar qurib, bu borada anchagina yumushlarni yuzaga keltirdim.“ . Viloyat hududidan oqib oʻtadigan daryo ustidan uzunligi 122m, eni 8,2m daryo tubidan balandligi esa 5,35m boʻlgan koʻprik qurdirgan. Koʻprik ustida esa toʻrtta ravoq (qorovulxona) bunyod etadi. Amir Said Olim Toʻraning Qarshidagi hokimlik davri xususida uning avlodi hisoblangan Sayyid Mansur Olimiy oʻzining „Buxoro- Turkiston beshigi“ risolasida quyidagicha taʼkidlaydi: „12 yillik hukmronlik davrida katta Qarshi nahri ustiga koʻprik qurdirdi, madrasa barpo etdi“ . Ammo Amir Said Olim Toʻraning Qarshidagi faoliyati xususida Fitrat Olim Toʻra Qarshiga kelgan zahotiyoq viloyatning barcha ish, yumushlarini Usmonbek ixtiyoriga qoldirib, oʻzi aysh-ishrat bilan shugʻullandi. Mamlakatning ahvoli va ishlaridan shunchalik uzoq ediki, hech kim biror ish yuzasidan unga murojaat etmasdi deydi.

 
Amir Olimxonning Afgʻonistondagi qabri
 
Sankt-Peterburgda qurdirilgan masjid

Mukofotlari

tahrir
  • Avliyo Stanislav Ordeni: 1901
  • Brilliantli Shashka (qurol): 1902
  • Avliyo Anna Ordeni: 1906
  • Avliyo Vladimir Ordeni: 1910
  • Brilliantli Oq Burgut Ordeni: 1911
  • Brilliantli Nikolay II portreti koʻkrak nishoni: 1913
  • Avliyo Aleksandr Nevskiy Ordeni: 1916

Manbalar

tahrir
  1. I.Qodirov, F.Shirinova. So'nggi sulola tarixi. Toshkent Muharrir 2009 — 69-bet. ISBN 978-9943-354-44-9. 
  2. Rustambek Shamsutdinov. Vatan tarixi. 3-kitob. Toshkent: Sharq nashriyoti 2016 — 179-bet. ISBN 978-9943-26-566-0. 
  3. "Sankt-Peterburgskie vedomosti", 23 fevralya (8 marta) 1913, № 44, 3-bet

Havolalar

tahrir