Usmoniy — Mamluk urushi (1516—1517)

Usmoniy — Mamluk urushi — 1516—1517-yillardagi Usmoniy-Mamluk urushi Misr hududidagi Mamluk sultonligi va Usmoniy imperiyasi oʻrtasidagi ikkinchi yirik toʻqnashuv edi. Bu urush Mamluk sultonligining qulashi hamda Levant, Misr va Hijoz hududlarining Usmoniy imperiyasi viloyatlariga aylanishiga sabab boʻldi[1]. Urush Usmoniy imperiyasini Islom dunyosining chekkasida, asosan Onadoʻli va Bolqonda joylashgan davlatdan, Makka, Qohira, Damashq va Halab kabi tarixiy islomiy yerlarni o‘z ichiga olgan ulkan imperiyaga aylantirdi. Bu ekspansiyalarga qaramay, imperiyaning siyosiy hokimiyat markazi Konstantinopolda saqlanib qoldi[2].

Usmoniy — Mamluk urushi
Yaqin Sharqdagi Usmoniylar urushlari]]ning bir qismi.

Usmoniylar va Mamluklar oʻrtasidagi urush (1516-1517) haqida yangiliklar risolasi. Shuningdek, Sulton Salimning Quddusga tashrifi toʻgʻrisidagi hisobot. 1518-yil Bazelda nashr etilgan.
Sanalar 1516 — 1517-yil 22-yanvar
Urush yeri Onadoʻli, Levant, Misr
Natija Usmoniylar gʻalabasi
Raqiblar
Usmoniylar imperiyasi


Qoʻmondonlar

Kelib chiqishi

tahrir

Usmoniylar va mamluklar 1453-yilda Usmoniylar Konstantinopolni zabt etganidan beri oʻzaro dushmanlik munosabatida boʻlgan. Har ikki davlat ziravorlar savdosini boshqarish uchun raqobatlashgan. Shuningdek, Usmoniylar oxir-oqibat Islomdagi muqaddas shaharlarni oʻz nazoratiga olishni maqsad qilgan[3]. 1485-yilda 1491-yilgacha davom etgan mojaro boshi berk koʻchaga kirib qoldi. 1514-yilgi Chaldiron jangida safaviy forslarni magʻlub etgan sulton Salim I Suriya va Misrda hukmronlik qilgan Mamluklar sultonligini sabt etishni maqsad qilgan edi[2]. Shunday qilib, boshqa muammolardan xalos boʻlgan Usmoniy imperiyasi 1516-yildga kelib Oʻrta Sharqni zabt etishni yakunlash maqsadida butun qudratini mamluklarga qarshi yoʻnaltirdi[2].

Sulton Salim mamluklarni musulmon zolimlari deb atab, ular shia safaviylar bilan ittifoqchi ekanligini daʼvo qildi. Ushbu ayblovlar asosida „kimki adashganlarga yordam bersa, u ham bidʼatchidir“, degan fatvo paydo boʻlgan[4].

Mamluklar qishloqlardagi dehqonlarni Usmoniylar bilan boʻlajak urush uchun askarlikka jalb qilishdi. Bu harakatga javoban erkaklar harbiy xizmatga chaqirilmaslik uchun qochib ketishdi. Ularning qochib ketishi oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan qishloq ishchilarining yetishmasligi va non tanqisligini keltirib chiqardi. Natijada, Qohiradan Onadoʻligacha shaharlarni vayron qilgan ocharchilik boshlanib ketdi[5].

Usmoniylar ham, Mamluklar ham 60 000 atrofida askar toʻplashdi. Biroq, mamluklarning atigi 15 000 askari harbiy taʼlim olgan edi. Qolgan qismi oddiy askarlar boʻlib, hatto miltiqdan otishni ham bilishmasdi. Oqibatda, mamluk askarlarining aksariyati frontdan qochib, hatto oʻz joniga qasd qilishgacha borgan. Bundan tashqari, Chaldiron jangida Safaviylar bilan boʻlgani kabi, Usmoniy zambakarlari va toʻplarining ovozlari mamluk otlarini qoʻrqitib yuborgan[5].

Harbiy harakatlar

tahrir
 
Ogʻir qurollangan Usmoniy sipohiysi. tax. 1550. Musée de l'Armée

Urush davomida bir nechta janglar boʻlib oʻtdi. Mamluklar qoʻshini birmuncha anʼanaviy boʻlib, asosan kamon va oʻqlar bilan qurollangan otliq askarlardan iborat edi. Usmoniylar qoʻshini esa yanicharlardan iborat boʻlib, arqebuzlar bilan qurollangan anchagina zamonaviy qoʻshin edi[6]. Mamluklar anʼanalarga sodiq boʻlib, oʻqotar quroldan foydalanishga nafrat bilan qarashar edi[7][8].

Levantdagi harakatlar (1516)

tahrir

Usmoniylar dastlab Onadoʻli janubi-sharqidagi Diyorbakir shahrini egallab olishdi[2]. Marj Dabiq jangi (24-avgust) hal qiluvchi jang boʻlib, unda mamluk hukmdori Qansuh al-Gʻuriy oʻldirildi[2]. Usmoniylar qoʻshini mamluklardan uch baravar koʻp boʻlgan[8]. Ushbu jangdan soʻng Suriya Usmoniylar qoʻliga oʻtgan[8].

Gʻazza yaqinida boʻlib oʻtgan Younisxon jangida (28-oktyabr) mamluklar yana magʻlubiyatga uchradi.

Misrdagi harakatlar (1517)

tahrir

Mamluk sultoni al-Gʻuriyning vorisi Tuman Bay jamiyatning turli qatlamlari va badaviylardan shoshilinch ravishda qoʻshin toʻpladi. Yangi qoʻshinni maʼlum miqdordagi toʻp va oʻqotar qurollar bilan jihozlashga urinib koʻrdi. Biroq, mazkur harakatlar soʻnggi lahzalarda va cheklangan miqdorda amalga oshirilgan edi[7][8]. Nihoyat, Qohira ostonasida Ridaniya jangi (24-yanvar) boʻlib oʻtib, unda Usmoniylar qoʻmondoni Hadim Sinan Posho halok boʻldi[9]. Ushbu jangda Salim I va Tuman Bay shaxsan toʻqnash kelishdi. Usmoniylar orqa tomondan hujum qilishga muvaffaq boʻlgani sababli Tuman Bay joylashtirgan oʻqotar qurollar va toʻplar deyarli foyda bermadi[8].

Janubga yurish davomida qoʻshinlar taʼminotini yetkazib turgan taxminan 100 ta kemadan iborat flot harbiy harakatlarni qoʻllab-quvvatlagan edi[10].

Bir necha kundan soʻng Usmoniylar Qohirani egallab[8], xalifa Al-Mutavakkilni qoʻlga olishdi va shaharni talon-taroj qilishdi[11]. Tuman Bay oʻz qoʻshinlarini Gizada qayta toʻplab, oxir-oqibat u yerda qoʻlga olingach, Qohira darvozasi oldida dorga osildi[2][12].

Qizil dengizdagi harakatlar (1517)

tahrir

1517-yilga kelib, Portugaliya floti Bob ul-Mandabdagi qamalni davom ettirishidan xavotirga tushgan Usmoniylar Selman Reis boshchiligidagi flotni allaqachon Qizil dengizda joylashtirgan edi. Selmanning floti Hindiston bilan savdo yoʻlini erkinlashtirish va muqaddas Hijoz yerlarini himoya qilish maqsadida portugallar bilan toʻqnashishga intilgan. Mamluklar bilan boʻlayotgan urushga qaramasdan, Usmoniylar 1517-yil dekabr oyida Mamluk tuzumining soʻnggi tayanchi boʻlgan Jidda shahrini himoya qilishdi.

Jidda Usmoniylar imperiyasining bevosita beylarbeyligi boʻlsa-da, sakkiz yildan soʻng Makka sharifi Barakat ibn Muhammad ham Usmoniylarga boʻysunib, muqaddas Makka va Madina shaharlarini Usmoniylar qoʻl ostidagi vassal sifatida boshqara boshladi[2][13].

Natijada, Usmoniylar chegarasi Qizil dengizning janubiy qirgʻoqlarigacha choʻzildi. Shunday boʻlsa-da, Yamandagi hokimiyat mustahkam boʻlmay, vaqti-vaqti bilan nazoratdan chiqib turardi[2].

Oqibatlari

tahrir
 
Mamluk sultoni al-Gʻuriyning boshi sulton Salim I ga topshirilmoqda. Usmoniylar davri tasviri.

Mamluklar madaniyati va ijtimoiy anʼanalari mintaqaviy darajada saqlanib qolib, mamluk „qul“ askarlarini yollash va tarbiyalash ishlari davom etgan. Misr hukmdorining maqomi Usmoniy kuchlari himoyasi ostidagi Usmoniy noibiga oʻzgardi[2][14]. Mamluk sultonligining qulashi Portugaliya — Mamluk dengiz urushini amalda toʻxtatdi. Biroq, keyinchalik Usmoniy turklarning oʻzlari Portugaliyaning Hind okeanidagi ekspansiyalariga qarshi kurashishga majbur boʻlishdi.

Mamluklar davlatining bosib olinishi Usmoniylar uchun Afrika hududlariga yoʻl ochib berdi. XVI asr davomida Usmoniylar chegaralari Qohiradan gʻarbga, Shimoliy Afrika qirgʻoqlari boʻylab kengayib bordi. Qaroqchi Xayriddin Barbarossa Jazoirda oʻz bazasini yaratib, 1534-yilda Tunisni zabt etishga muvaffaq boʻldi[2].

Xalifa al-Mutavakkil III Qohirada qoʻlga olingach, Konstantinopolga olib kelinib, xalifalik lavozimini Salimning vorisi Sulaymon Buyukka topshirdi[12]. Bu voqea bilan Usmoniylar xalifaligiga asos solinib, shu tariqa diniy hokimiyat Qohiradan Usmoniylar qoʻliga oʻtdi[11].

1798-yilda Napoleon mamluklarni yoʻq qilish daʼvosi bilan chiqmaguncha Qohira Usmoniylar qoʻl ostida qoldi[15].

Mamluklar davlatini bosib olish har bir Usmoniy sulton urinib koʻrgan eng yirik tashabbus edi. Bundan tashqari, ushbu istilo oʻsha paytda dunyodagi eng yirik ikki shahar — Konstantinopol va Qohira ustidan Usmoniylar hokimiyatini taʼminladi. Rim imperiyasi davridan beri Qora, Qizil, Kaspiy va Oʻrta yer dengizlari yagona imperiya boshqaruvi ostiga olinmagan edi[5].

Misrning bosib olinishi Usmoniylar uchun juda ham foydali boʻldi. Chunki ushbu hudud boshqa Usmoniy hududlaridan koʻproq soliq tushumi keltirib, mamlakatda isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatning qariyb 100 foizini yetkazib berardi. Biroq, Makka va Madina rasman Salim va uning avlodlarini butun musulmon dunyosi xalifalari boʻlishini taʼminlaganidan 20-asr boshlarigacha zabt etilgan barcha shaharlar ichida eng muhimi edi[5].

Manbalar

tahrir
  1. Tony Jaques. Dictionary of Battles and Sieges. Greenwood Press, 2006 — xxxiv-bet. ISBN 9780313335365. 
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 Saraiya Faroqhi. The Ottoman Empire: A Short History. Markus Wiener Publishers, 2009 — 60ff-bet. ISBN 9781558764491. 
  3. Palmira Johnson Brummett. Ottoman seapower and Levantine diplomacy in the age of discovery. SUNY Press, 1994 — 52ff-bet. ISBN 9780791417027. 
  4. Firdaus, Yelmi Eri, Elfia Elfia, and Meirison Meirison. "RISE AND FALL OF MAMLUK SULTANATE: The Struggle Against Mongols and Crusaders in Holy War." Al-Adyan: Journal of Religious Studies 1, no. 1 (2020): 14-28.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Mikhail, Alan. God's Shadow: Sultan Selim, His Ottoman Empire, and the Making of the Modern World. Liveright, 2020. ISBN 978-1631492396. 
  6. ; Bob MoulderDaily Life in Ancient and Modern Cairo. Lerner Publications, 2001 — 41-bet. ISBN 9780822532217. 
  7. 7,0 7,1 Kenneth Chase. Firearms: A Global History to 1700. Cambridge University Press, 2003 — 104-bet. ISBN 9780521822749. 
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 8,5 ; Carl F. PetryThe Cambridge History of Egypt. Cambridge University Press, 1998 — 498ff-bet. ISBN 9780521471374. 
  9. Martijn Theodoor Houtsma. E. J. Brill's First Encyclopaedia of Islam, 1913–1936. BRILL, 1987 — 432-bet. ISBN 9789004082656. 
  10. Palmira Johnson Brummett. Ottoman Seapower and Levantine Diplomacy in the age of discovery. SUNY Press, 1994 — 110-bet. ISBN 9780791417010. 
  11. 11,0 11,1 Drews, Robert „Chapter Thirty – The Ottoman Empire, Judaism, and Eastern Europe to 1648“, . Coursebook: Judaism, Christianity and Islam, to the Beginnings of Modern Civilization. Vanderbilt University, August 2011. 
  12. 12,0 12,1 Muir, William. The Mameluke; Or, Slave Dynasty of Egypt, 1260–1517, A. D.. Smith, Elder, 1896 — 207–213-bet. 
  13. „The Emirs of Mecca and The Ottoman Government of Hijaz 1840 1908 Mekke Emirleri Ve Hicazda Osmanli Idaresi 1840 1908“. Scribd. Qaraldi: 2021-yil 16-sentyabr.
  14. Caroline Williams. Islamic Monuments in Cairo: The Practical Guide. American University in Cairo Press, 2008 — 6-bet. ISBN 9789774162053. 
  15. André Raymond. Cairo. Harvard University Press, 2000 — 189-bet. ISBN 9780674003163.