Abdolbobo maqbarasi
Abdolbobo maqbarasi (yoki Abdol bobo maqbarasi) – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Maqbara davri XVIII—XIX asrlarga oid boʻlib, bugungi kunda „Qumyasqa“ mahallasi, Polvon Qoriy koʻchasi, 21-uyda, Ichan qal’aning sharqiy darvozasi tashqarisida joylashgan.
Abdolbobo maqbarasi | |
---|---|
Abdol bobo maqbarasi | |
Abdolbobo maqbarasining old tomondan koʻrinishi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Maqbara |
Manzili |
„Qumyasqa“ MFY, Polvon Qoriy koʻchasi, 21-uy |
Shahar | Xiva shahri |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′37″N 60°21′55″E / 41.37680858814771°N 60.365384442302506°E |
Qurilishi boshlangan | XVIII asr |
Qurilishi tugagan | XIX asr |
Egasi | Davlat mulkiga tegishli |
Balandligi | |
Balandligi | 10 m |
Binoning ichki maydoni | 3,4×3,4 m |
Abdolbobo maqbarasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi va „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan[2].
Tarixi
tahrirAbdolbobo maqbarasi Dishan qal’aning sharqiy qismida, Abdulla Nosfurush madrasasining janubida, Polvonqori madrasasining sharq tomonida joylashgan. Maqbara asl ismi Polvon Ahmad Zamchi boʻlgan Abdolbobo sharafiga XVIII—XIX asrlar oraligʻida qurilgan. Arablar istilosidan keyin Abdolbobo Xivadagi Islom dinining tarafdorlaridan biriga aylanadi. Oʻlimidan soʻng dafn etilgan joyi atrofida qishki va yozgi masjidlar, Abdolbobo minorasi, hovuz qurilgan. Abdolbobo maqbarasi buxorocha uslubda bunyod etilgan. Asli Buxoro yaqinidagi Zamchi qishlogʻidan boʻlgan Abdolbobo Muhammad paygʻambarning uzoq avlodlaridan biri boʻlgan.
Qurilish uslubi
tahrirAbdolbobo maqbarasining atrofida minora, masjid, hovuzdan iborat majmua barpo qilingan. Majmua Polvon darvoza va Qoʻshdarvozalarning oʻrtasida, ularning yoʻllari kelib tutashgan joyda bunyod etilgan. Abdolbobo majmuasi uncha katta boʻlmagan shahar tashqarisidagi qabristongacha choʻzilib ketgan. Uning yonida qullar bozori boʻlgan[3].
Majmua tarkibiga yana XIX asrda qurilgan minorali yirik mahalla masjidi va hovuz kirgan. Minora ixcham boʻlishiga qaramay, koʻrinishi koʻrkam, yoʻgʻon asosi yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Choʻqqisidagi bezakli sharafa alohida ajralib turadi. Majmua tarkibidagi minora balandligi – 10 m, poydevori diametri – 3,2 m ni tashkil qiladi[4].
Maqbara murabba tarhli bir xona (tashqi 5,7×5,4 m, ichki tomoni 3,4×3,4 m) dan iborat, gumbaz tomli. Gumbaz osti bagʻallari ikki qator muqarnaslar bilan bezatilgan. Peshtogʻi maqbara bilan tutashib ketgan. Uning tepasiga ikki qatorli gʻishtin sharafalar ishlangan. Masjid (17,2×8 m) chortoq targʻli, ikki ustunli, oʻng va ters ayvonli, shifti toʻsinli, minora (ost diametri 3,45 m, balandligi 10 m)ning tepasi mezanali, tanasi yashil koshin belbogʻlar bilan bezatilgan. Chorsi hovuzning (14,6×13 m) cheti pogʻonali[5].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Abdolbobo majmuasi va minorasi“. Qaraldi: 2023-yil 30-oktyabr.
- ↑ „Abdol bobo maqbarasi“. Qaraldi: 2023-yil 30-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |