Eduard Anatolyevich Streltsov (ruscha: Эдуа́рд Анато́льевич Стрельцо́в; 1937-yil 21-iyul – 1990-yil 22-iyul) – sovet futbolchisi, 1950—1960-yillarda Moskvaning „Torpedo“ klubi va Sovet milliy terma jamoasida hujumchi sifatida oʻynagan. Kuchli va mohir hujumkor oʻyinchi boʻlgan Streltsov, Sovet Ittifoqi terma jamoasida eng koʻp gol urgan futbolchilari ichida toʻrtinchi boʻlgan va „Rossiya futboli tarbiyalagan eng zoʻr oʻyinchi“ deb hisoblanadi. Uni baʼzan „rus Pelesi“ deb ham atashgan.

Eduard Streltsov
Bir tutam sochli, kirill alifbosidagi „CCCP“ harflari tushirilgan oq koʻylak kiygan yigit.
Streltsov, SSSR libosida suratga olingan, 1955—1958-yillar
Shaxsiy maʼlumot
Toʻliq ismi Eduard Anatolyevich Streltsov
Tavallud sanasi 21-iyul 1937-yil
Tavallud joyi Perovo, Moskva, Rossiya SFSR, USSR
Vafot sanasi 22-iyul 1990-yil(1990-07-22)
(53 yoshda)
Vafot joyi Moskva, Rossiya SFSR, SSSR
Ampluasi Hujumchi
Hujumkor yarim himoyachi
Yoshligida aʼzo boʻlgan klublar
1950–53 Fraser
Professional faoliyati*
Yillar Jamoa Isht. (Gol.)
1953–1958 Torpedo Moskva 89 (48)
1965–1970 Torpedo Moskva 133 (51)
Total 222 (99)
Milliy terma jamoa
1955–1968 Sovet Ittifoqi 38 (25)
*Professional klublardagi gollari (ichki chempionat)

Sharqiy Moskvada tugʻilib oʻsgan Streltsov 1953-yilda 16 yoshida „Torpedo“ klubiga qoʻshilgan va ikki yildan soʻng terma jamoadagi debyutini oʻtkazgan. Eduard 1956-yilgi Melburn Olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgan va 1957-yilgi „Oltin toʻp“ soʻrovnomasida yettinchi oʻrinni egallagan. Keyingi yili uning istiqbolli faoliyati 1958-yilgi Jahon chempionatidan biroz oldin jinsiy zoʻravonlik ayblovlari bilan toʻxtatilgan. Sovet hukumati, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, keyinchalik ham futbolda oʻynashi mumkinligiga vaʼda bergan, shundan soʻng u oʻz aybiga iqror boʻlgan. Aybiga iqror boʻilishi natijasida Sovet hukumati oʻz vadasini bajarmagan va buning oʻrniga jinoiy javobgarlikka tortilgan va Gulag tizimi boʻyicha oʻn ikki yillik majburiy mehnatga hukm qilingan (1960-yilda bekor qilingan va oʻrniga qamoqxonalar qurilgan). Sud hukmi juda ziddiyatli boʻlib, koʻpchilik Streltsov va hukumat amaldorlari oʻrtasidagi ziddiyatlarga ishora qilgan.

Streltsov jazo muddatining qariyb yarmini oʻtab boʻlgach, ozodlikka chiqgan va 1965-yilda Moskvaning „Torpedo“ jamoasidagi faoliyatini davom ettirgan. Futbolga qaytishining birinchi mavsumida jamoasi bilan birgalikda Sovet chempionligini qoʻlga kiritgan 1968-yilda esa Torpedo klubi Sovet Kubogini qoʻlga kiritgan. Streltsov 1966-yilda Sovet terma jamoasiga qayta chaqiruv olgan va 1967 va 1968-yillarda Sovet futbolida yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. 1970-yilda nafaqaga chiqqishidan avval, Eduard Rossiyada „Streltsov uzatmasi“ nomi bilan mashhur boʻlgan toʻpni orqa tovoni bilan uzatma kabi yangiliklarni yaratgan. Streltsov 1990-yilda Moskvada tomoq saratonidan vafot etgan. Birinchi xotinining soʻzlariga koʻra, bu qamoqda oʻtirganida unga berilgan nurlangan ovqatni isteʼmol qilish natijasidir. Vafotidan olti yil oʻtgach, Torpedo oʻz uy arenasi nomini uning sharafiga „Eduard Streltsov stadioni“ deb oʻzgartirgan. Streltsovning haykallari hozirda uning nomi bilan atalgan stadion va Moskvadagi Lujniki olimpiya majmuasi oldida turadi.

Hayoti

tahrir

Eduard Anatolyevich Streltsov 1937-yil 21-iyulda Moskvaning sharqiy tumani Perovo shahrida frontchi askar va razvedkachi Anatoliy Streltsov va Sofiya Frolovnaning oilasida tugʻilgan. Ikkinchi Jahon urushidan keyin Anatoliy oilasiga qaytmagan va Kiyevda yolgʻiz qolishni afzal koʻrgan. Shu sababdan Sofiya oʻgʻlini yolgʻiz oʻzi tarbiyalagan. Eduard va oʻzini boqish uchun Freyzer kesish asboblari zavodida ishlagan. Natijada, Streltsov kamtarona tarbiya olgan, uning asosiy jihati futbol oʻynash va Moskvaning „Spartak“ jamoasi futbol maktabiga qatnash edi.

Zavod uning isteʼdodini yoshligidan tan olgan: Streltsov 13 yoshida Fraser Factory futbol jamoasining eng yosh futbolchisiga aylangan. Uch yil oʻtgach, 1953-yilda Freyzer va Moskvaning „Torpedo“ yoshlar jamoasi oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etilgan. Streltsov „Torpedo“ murabbiyi Vasiliy Provornovni hayratda qoldirdi va u bilan doʻstlashgandan keyin Freyzer zavodi jamoasi ni „Torpedo“ klubida oʻynash uchun tark etgan[1].

Faoliyati

tahrir

Dastlabki muvaffaqiyat

tahrir

16 yoshli Streltsov 1954-yilgi mavsumda „Torpedo“ safida debyut qilgan. Mavsum davomida liganing har bir oʻyinida maydonga tushdi va toʻrtta gol muallifi boʻlgan[2]. Jamoa mavsum yakunida ligada toʻqqizinchi oʻrinni egallagan, bu oʻtgan yilgi uchinchi oʻrinni agallagan jamoaning natijalaridagi pasayish edi. Oʻzining ikkinchi mavsumida Streltsov liganing eng koʻp gol urgan futbolchisi boʻlgan va 22 oʻyinda 15 ta gol muallifi boʻlgan. Mavsum yakunida jamoasi toʻrtinchi oʻringa koʻtarilgan. Streltsov birinchi marta 1955-yilda, mavsumning yarmida Sovet terma jamoasi tarkibiga jalb etilgan. Uning debyuti 26-iyun kuni Stokgolmda Shvetsiyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida boʻlib oʻtgan. Oʻsha oʻyinda Shvetsiya jamoasini 6:0 hisobida magʻlub etib, dastlabki 45 daqiqa ichida xet-trik qayd etgan[3]. Ikkinchi oʻyinida Hindistonga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida ham yana uchta gol urgan. Vengriyadagi navbatdagi oʻyin va Fransiyaga qarshi oʻyindagi gol 1956-yil boshida Streltsov Sovet Ittifoqi tarkibidagi toʻrtta oʻyinda yettita gol urganini anglatar edi. 1956-yil aprel oyida Daniyaga qarshi oʻyinda gol urganidan soʻng, Eduard uchta xalqaro oʻyinni oʻtkazib yuborgan va sentyabr oyida Gʻarbiy Germaniya ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozonilgan oʻyinda zahiradan maydonga tushib, uch daqiqadan soʻng gol muallifi boʻlgan. Streltsov 1956-yilgi mavsumda ham „Torpedo“ uchun muntazam ravishda gol urishni davom ettirdi va ligada 12 ta gol urgan. 1956-yil noyabr oyida Melburndagi Olimpiyada oʻyinlariga borishdan oldin Sovetlar jamoasi ketma-ket ikkita magʻlubiyatga uchragan. Streltsov 15-noyabr kuni norasmiy oʻyinda Avstraliya ustidan 16:2 hisobida gʻalaba qozonib, uchta gol urgan va toʻqqiz kundan keyin Germaniya Birlashgan jamoasiga qarshi turnirning birinchi oʻyinida, oʻyin yakunlanishiga oz vaqt qolganda gʻalaba golini kiritgan[4]. Sovetlar chorak finalda Indoneziya ustidan gʻalaba qozonish uchun takroriy oʻyinni talab qilishgan va yarim finalda Bolgariya bilan uchrashishgan.

 
SSSR Bosh vaziri Nikita Xrushchyov 1961-yilda. Milliy futbol jamoasini boshqargan Gavriil Kachalinning soʻzlariga koʻra, Xrushchyov Streltsovni zoʻrlash ishida shaxsan ishtirok etgan[5].

Bolgariyaga qarshi uchrashuv 90 daqiqadan soʻng 0:0 hisobi bilan tugadi, va himoyachi Nikolay Tishchenko va Streltsovning „Torpedo“ klubidagi jamoadoshi, hujumchi Valentin Ivanov jarohat olgan, Bolgariya qoʻshimcha boʻlim boshida gol urgan vaqtida Sovet jamoasida atigi 9 nafar sogʻlom oʻyinchi bor edi. Streltsovning oʻyin davomidagi ijrosi keyinchalik jurnalist Jonatan Uilson tomonidan „ajoyib“ deb taʼriflangan. 112-daqiqadan soʻng Eduard hisobni tenglashtirgan va toʻrt daqiqadan soʻng Moskvaning „Spartak“ jamoasi futbolchisi Boris Tatushinni gʻalaba toʻpini kiritgan. Streltsov Yugoslaviyaga qarshi final oʻyinini oʻtkazib yuborgan, chunki jamoa murabbiyi Gavriil Kachalin oldindagi ikki forvardning jamoadoshi boʻlishi kerak deb hisoblagan. Ivanov jaroxat olgani uchun Streltsov ham zahirada qoldirilgan. Uning oʻrnini egallagan Nikita Simonyan Yugoslavlar ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonganidan soʻng Streltsovga oltin medalini taklif qildgan. „Torpedo“ futbolchisi bu taklifni rad etib, „Nikita, men boshqa koʻplab sovrinlarni qoʻlga kiritaman“ degan. Streltsov mavsum yakunida 1956-yilgi „Oltin toʻp“ soʻrovnomasida ikkita ovoz olgan[6].

Streltsov Polshada boʻlib oʻtgan Jahon chempionati saralash pley-off oʻyinida 2:0 hisobida gʻalaba qozongan oʻyinda birinchi golni urgan. Bu gʻalaba Sovet Ittifoqining 1958-yilgi Jahon chempionatiga yoʻllanmasini anglatar edi. TOrpedo klubi safidagi faoliyatida 1957-yilgi mavsumda 15 liga oʻyinida 12 ta gol urgan. Hech qachon bu davrgacha liga chempioni boʻlmagan va anʼanaga koʻra CSKA, Dinamo va Spartak kabi kuchli mahalliy raqiblar soyasida qolgan „Torpedo“ Sovet Oliy Ligasida ikkinchi oʻrinni egallagan. Oʻsha mavsum oxirida Streltsov 1957-yilgi „Oltin toʻp“ soʻrovnomasida 12 ta ovoz toʻplagan holda yettinchi oʻrinni egallagan[7]. Jahon chempionatining 1958-yil turniri olididan uning terma jamoasi safidagi natijalari 20 oʻyinda 18 ta golni tashkil etgan. Streltsov 1958-yilgi mavsum boshida Oliy liganing dastlabki sakkizta oʻyinida beshta gol urgan va 1958-yil 18-mayda Moskvada Angliya bilan oʻrtoqlik oʻyinida (1:1) maydonga tushgan.

Zoʻrlash ayblovi

tahrir

Ayblov

tahrir

Streltsov xotinbozlik, koʻp ichish va futboldan tashqari ekstravagant hayot kechirishi, shuningdek, sochlarini Britaniyaning „Teddy Boy“ bolalari uslubida turmaklashi bilan mashhur edi. Oʻz klubi va sovet milliy jamoasi uchun asosiy oʻyinchi sifatida bu xususiyatlar hukumat doiralarida, Uilson taʼbiri bilan aytganda, „Streltsov juda mashhur boʻlib ketayotgan edi“ degan taassurot uygʻotgan. Muammo futbolchi va Politbyuroning birinchi ayol aʼzosi Yekaterina Furtsevaning 16 yoshli qizi Svetlana Furtseva oʻrtasidagi taxminiy munosabatlar tufayli yuzaga kelgan. 19 yoshli „Torpedo“ hujumchisi yosh Svetlana bilan birinchi marta 1957-yil boshida 1956-yilgi Olimpiada oʻyinlaridagi gʻalabasini nishonlash uchun Kreml balida uchrashgan. Furtseva Eduardning qizi bilan oila qurishi taklif qilgan, unga Streltsov „mening xotinim bor va men unga (Svetlana) uylanmayman“ deb javob bergan. Keyinchalik u mast holatda „men bu maymunga hech qachon uylanmayman“ yoki „bunday qizga uylangandan koʻra osib oʻldirilganim maʼqul“ (har ikki iqtibos ham keltirildi) degan soʻzlari eshitilgan va Sovet Bosh vaziri Nikita Xrushchyovga yaqin vazir Furtsevani haqorat qilgan.

Streltsov Olimpiadaga ketishdan oldin Alla Demenko bilan yashirincha unashtirilgan va er-xotin 1957-yil 25-fevralda, futbol mavsumiga tayyorgarlikning yarmida turmush qurishgan[8]. Sovet futboli departamenti marosim vaqti boʻyicha futbolchini ham, uning klubini ham tanqid qilgan. Kommunistik partiya ham unga ishonmagandek tuyuldi, chunki u Torpedo bilan xorijda gastrol safarlarida fransuz va shvetsiya klublarining qiziqishini uygʻotganidan keyin uni ehtimoliy defektor deb hisoblagan. Uning partiya arxividagi faylida shunday izoh bor edi: „Tasdiqlangan manbaga koʻra, Streltsov 1957-yilda doʻstlariga chet el safarlaridan keyin SSSRga qaytib kelganidan doimo afsusda ekanligini aytgan“. 1957-yil aprel oyida Odessadagi oʻyinda maydondan chetlatilganidan soʻng, rasmiy hukumat sport gazetasi, „Sovetskiy sport“ roʻznomasida Eduard haqida „Bu qahramon emas“ sarlavhali maqola, shuningdek, proletariat aʼzolari tomonidan yozilgan maktublar chop etilgan. Streltsovni „gʻarbiy imperializmning yovuzliklari namunasi“ deb taʼriflagan.

1958-yilgi jahon chempionati uchun Moskvadagi tayyorgarlik oʻyinida Angliyaga qarshi maydonga tushganidan bir hafta oʻtgach, Streltsov 25-may kuni boʻlib oʻtadigan Sovet harbiy ofitseri Eduard Karaxanov tomonidan ziyofatga taklif qilingan. Streltsov va qolgan sovet jamoasi JCh oldidan Moskva yaqinidagi Tarasovkada oʻquv-mashgʻulot yigʻinida, ammo jamoaga bu kun taʼtil sifatida berilgan edi. Bunday kunlar oxirida futbolchilar soat 16:30 da „Dinamo“ stadionida rasmiylarga xabar berishlari kerak edi, lekin Streltsov va terma jamoadagi ikki jamoadoshi, „Spartak“ futbolchilari Mixail Ogonkov va Boris Tatushin bu qoidaga eʼtibor bermay, stadionga ketishgan. Karaxanovning dacha uyida boʻlib oʻtgan ziyofatda Streltsov hech qachon koʻrmagan 20 yoshli Marina Lebedeva ismli ayol ham ishtirok etgan. Ertasi kuni ertalab Streltsov, Ogonkov va Tatushin zoʻrlashda aybi bilan hibsga olingan.

Jurnalist Kevin OʻFlinning yozishicha, ziyofatda koʻp spirtli ichimliklar ichilganligi sababli, Streltsovga qarshi dalillar hatto Lebedevaning oʻzidan ham „chalkash va qarama-qarshi“ edi. Ammo sovet terma jamoasi bosh murabbiyi Gavriil Kachalin Streltsovning bu xolatga tushishidan sal oldin Kommunistik partiyaning yuqori taʼsiri tufayli oʻyinchiga yordam berishning iloji yoʻqligini taʼkidlagan. Kachalinning soʻzlariga koʻra, politsiya unga bu ishda Xrushchyovning shaxsiy ishtiroki Furtsevaning ginasi tufayli boʻlgani haqida gapirgan. Sovet Ittifoqidagi jamoadoshi Nikita Simonyanning 2006-yilda soʻzlagan soʻzlariga koʻra, Streltsov onasiga „aybni boshqa birovning zimmasiga olganini aytgan“ deb yozgan. Streltsov va Lebedeva birga boʻlishgan, dedi Simonyan va ularning uchrashuvi soxtalashtirilganiga ishonmasligi toʻgʻrisida ham aytgan. Streltsov qizni uni zoʻrlaganmi yoki yoʻqmi, ishonchi komil emas. Simonyan rozilik asosida jinsiy aloqa „tizim“ tomonidan zoʻrlash aybloviga aylantirilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan. Biroq, xuddi shu intervyuda Simonyan sud paytida Lebedeva ham, Streltsovning ham ayblovchi fotosuratlarini, jumladan, „Torpedo“ oʻyinchisining yuzi „burundan yonoq suyagigacha uchta parallel tirnalgan“ suratlarini oshkor qilgan. Streltsovning bir yildan koʻproq vaqt yashagan rafiqasi Alla ayblovlar qoʻyilgach, tez orada ajrashish uchun ariza bergan. Uning sudida Streltsovning oʻzidan tashqari jamoaning yagona aʼzolari Ogonkov va Tatushin boʻlib, ular guvoh sifatida qatnashgan.

Sudlanganlik; Gulag

tahrir

Streltsov bu ayblarni 1958-yilgi Jahon chempionatida qatnashish va Sovet terma jamoasidagi oʻrnini saqlab qolish imkonini berishi aytilganidan keyin jinoyatni tan olgan. Biroq, bu sodir boʻlmagan. Streltsov milliy jamoadan chetlatilgan, oʻn ikki yilga Gulagning majburiy mehnat lagerlariga qamalgan va har qanday turdagi professional futbolga qaytishi taqiqlangan. Moskvadagi „Torpedo“ klubining bazasi boʻlgan ZiL avtomobil zavodida 100 000 ishchining sud jarayonida yordam koʻrsatish uchun marsh oʻtkazish rejalari, Streltsovga hukm oʻqilishi bilanoq, marsh uyushtirilishidan oldin bekor qilingan. Ogonkov va Tatushin esa uch yilga har qanday uyushgan futbol oʻynashdan va umrbod SSSR vakili boʻlishdan chetlashtirilgan. Oʻzi qamoqqa olingan lagerda Streltsov dastlab yosh jinoyatchining qurboniga aylangan va unga shunchalik jismoniy shikast yetkazganki, u toʻrt oyni qamoqxona kasalxonasida oʻtkazgan va „temir yoki oʻtkir tigʻli buyum“ zarbalari natijasida jarohat olgan. Keyinchalik lager maʼmuriyati qiyin paytlarda mahbuslarni tinchlantirish uchun Streltsovni futbol oʻyinlariga qoʻshishni boshlagan. Mahbuslardan biri Ivan Lukyanov keyinchalik shunday degan: „Biz Streltsovni yaxshi koʻrardik, uning futbolga qaytishiga ishonardik“.

1958-yil Sovet terma jamoasi Shvetsiyaga, Jahon kubogida ishtirok etish uchun Streltsov, Ogonkov va Tatushinsiz yoʻl olgan. Jahon matbuoti raqib jamoalardan ikkitasi kuchli zaiflashganini taʼkidlagan. Angliya Myunxendagi havo halokati va Sovetlarning Streltsovning jamoaga qabul qilmagani matbuoatning asosiy voqeasi boʻlgan. Sovetlar chorak finalga chiqgan va mezbon Shvetsiyaga 2:0 hisobida magʻlub boʻlgan. Streltsovsiz qolgan „Torpedo“ klubi 1957-yilda ikkinchi oʻrindan 1958-yilda yettinchi oʻringa tushib ketgan, ammo jamoa Sovet kubogi finaliga qadar yetib borgan va final „Spartak“ klubiga yutqazgan. Streltsovning klub toʻpurari sifatidagi oʻrnini 21 yoshli hujumchi Gennadiy Gusarov egallagan va 1957-yilda „Torpedo“ klubi bilan professional shartnoma imzolagan. Torpedo jamoasi 1959-yilda beshinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, keyingi yili Oliy liga va Kubok turnirlarida gaʼalab qozonib oltin dublini qayd etgan. Gusarov 20 gol bilan ligada peshqadamlik qilgan. 1961-yilda „Torpedo“ ikkala musobaqada ham ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, Gusarov 22 gol muallifi boʻlgan. Torpedo 1962 va 1963-yilgi mavsumlarda ham ikkinchi oʻrinni egallaganidan soʻng Gusarov shahardagi asosiy raqibi „Dinamo“ jamoasiga sotib yuborilgan. „Torpedo“ 1964-yilda „Dinamo Tbilisi“ jamoasiga qarshi chempionat pley-offida ikki klub ochkolar boʻyicha tenglashganidan keyin oʻyinda ishtirok etib magʻlub boʻlgan, yana ikkinchi oʻrinni egallagan[9][10].

Streltsovning qaytishi

tahrir
 
Birinchi kotib Leonid Brejnev (1967-yildagi surat) Streltsovga professional futbolga qaytishiga yordam bergan.

Havaskor faoliyat

tahrir

Streltsov 1963-yil 4-fevralda ozodlikka chiqdi, oʻn ikki yillik qamoq muddatidan besh yili oʻtgan va professional oʻyindan mahrum boʻlganligi sababli vaqtini ZiL zavodida ishlash va biriktirilgan texnik kollejda avtomobilsozlik boʻyicha oʻqish oʻrtasida taqsimlay boshlagan[11]. Alla bilan kelishmovchiliklarini bartaraf eta olmagach, 1963-yil sentyabr oyida Raisa Mixaylovna bilan oila qurgan. Eduard zavod havaskorlar jamoasida oʻynay boshlagan. 1964-yilgi mavsum oxirida ZiL jamoasi Gorkiy jamoasiga qarshi safardagi oʻyinda, jamoa murabbiyi KPPSdan Streltsov bilan oʻynamaslik toʻgʻrisida buyruq olgan. Bu xolatni tomoshabinlar oʻyin boshlanganda darhol payqashgan va birinchi boʻlimda gʻalayon koʻtara boshlashgan. Streltsov nomini aytib, stadionni yoqib yuborish bilan tahdid qilishgan. Gʻazablangan olomonning bundan ham yomonroq xolatlarga olib kelishi mumkunligidan xavotirlangan Gorkiy zavodi boshligʻi ZiL murabbiyiga Streltsovni ikkinchi boʻlimda maydonga tushirishini soʻragan. Sobiq Gulag mahbusi maydonga tushganidan soʻnga, muxlislar uni olqishlay boshlagan.

ZiL jamoada Streltsov bilan birgalikda barcha 11 uchrashuvda gʻalaba qozonib, zavodlar oʻrtasida oʻtkaziladigan ligada birinchi oʻrinni egallagan. „Torpedo“ jamoasida oʻynashga ruxsat berilmagan boʻlsa-da, Streltsov butun mavsum davomida oʻzining eski klubidagi oʻyinlarga tashrif buyurgan. 1964-yil oktyabr oyida Leonid Brejnev Kommunistik partiyaning birinchi kotibi etib saylangan va lavozimga kirishganidan koʻp oʻtmay oʻn minglab odamlar, jumladan Sotsialistik mehnat qahramonlari, milliy va mintaqaviy Oliy Sovet deputatlaridan Streltsovning professional taqiqini bekor qilish haqida imzolagan xat olgan. Baʼzi partiya aʼzolari Streltsovning Gʻarbiy Evropaga muntazam ravishda boradigan „Torpedo“ klubi arkibiga qoʻshilishi xalqaro voqeaga olib kelishi mumkinligidan qoʻrqib, potentsial qaytishdan ehtiyot boʻlishgan, ammo Brejnev taqiqni bekor qilgan va Streltsov erkin odam sifatida oʻzi talim olgan kasbidagi imkoniyatlaridan foydalanishi kerak, deb taʼkidlagan. U 1965-yilgi mavsum oldidan Torpedo klubiga va professional futbol oʻynash uchun qaytishga ruxsat olgan.

Professional futbolga qaytish

tahrir

Streltsovni tarafdorlar hayajon bilan kutib olishgan. Garchi Eduard yoshroq vaqtidagi biroz kuch va chaqqonligini yoʻqotgan boʻlsa-da, uning futbol aql-zakovati hali ham saqlanib qolgan edi. Uning mavsum davomidagi ishtiroki Torpedo jamoasiga 1965-yilgi Sovet chempionligini qoʻlga kiritishga yordam bergan. Streltsov esa ligada 26 oʻyinda 12 ta gol urgan. Mavsum yakunida u Sovet Ittifoqining yilning eng yaxshi futbolchisi uchun ovoz berishda Torpedo jamoadoshi Valeriy Voronindan keyin ikkinchi oʻrinni egallagan. Bu „Torpedo“ klubining Sovet oliy ligasida ikkinchi marta chempion boʻlishi edi. Klub oʻzining birinchi chempionligini besh yil oldin, Streltsov qamoqda boʻlganida qoʻlga kiritgan edi. Streltsov 1966-yilning 28-sentyabrida Yevropa kubogi doirasida Milanning „Inter“ klubiga 1:0 hisobida magʻlub boʻlgan oʻyinda oʻzining xalqaro klublar oʻrtasidagi turnirdagi ilk debyutini 1966-yilning 28-sentyabrida oʻtkazgan. U 1966-yilning 16-oktyabrida Turkiya terma jamoasiga qarshi oʻz maydonida 2:0 hisobida magʻlub boʻlgan oʻyinda SSSR terma jamoasiga chaqirilgan va bir hafta oʻtib Sharqiy Germaniya bilan 2:2 hisobidagi durang oʻyinda oʻzining xalqaro maydondagi, yetti yillik faoliyatidan soʻng birinchi golini kiritgan. Ikki haftadan soʻng Sovet Ittifoqi jamoasi Italiyaga qarshi safardagi oʻyinda 1:0 hisobida magʻlub boʻlgan. Torpedo 1966-yilda Sovet Kubogi finaliga chiqgan, ammo „Dinamo“ klubiga 2:0 hisobida magʻlub boʻlgan. Streltsov 1966-yiloliy liga mavsumida oʻzining oldingi mavsumdagi kabi 12 ta gol muallifi boʻlgan[12].

1967-yil may oyida Glazgoda Shotlandiya ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozongan holda SSSR terma jamoasining ketma-ket sakkizta oʻyinida qatnashgan Streltsov keyingi yil oʻzini sovet jamoasi tarkibidagi muvaffaqiyatli oʻyinini qayta tiklay olgan. 1967-yil 3-iyunda Parijda Fransiya jamoasiga qarshi oʻyinda 4:2 hisobida gʻalaba qozongan va sakkiz kundan soʻng Yevropa chempionati saralash bosqichida Avstriya ustidan 4:3 hisobida gʻalaba qozongan. 1967-yil 30-avgustda Finlandiyaga qarshi 1968-yilgi Yevropa chempionati saralash oʻyinidagi oʻrnini boy berganidan soʻng, Streltsov Sovet Ittifoqining keyingi uchta oʻyinini oʻtkazib yuborgan. Eduard 8-oktyabr kuni Bolgariyaga qarshi safarda oʻtkazilgan oʻrtoqlik oʻyinida tarkibga qaytgan va sovetlar 2:1 hisobida gʻalaba qozongan oʻyinda gollardan biriga mualliflik qilgan. Streltsov keyinchalik ham terma jamoada oʻz oʻrnini saqlab qolgan va 17-dekabr kuni Chiliga qarshi mehmonda xet-trik qayd etgan. Mavsum oxirida Sovet futbolida yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan[13][14]

Streltsov 1968-yilda Sovet terma jamoasidagi dastlabki uchta oʻyinida terma jamoaga jalb etilmagan. Aprel oyida Belgiyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida gʻalaba qozonganidan soʻng, Eduard 1968-yilgi Yevropa chempionati chorak finalida SSSR terma jamoasi tarkibida soʻnggi uchrashuvini oʻtkazgan. 1968-yil 4-mayda Vengriyaga magʻlub boʻlgan. Sovetlar bir hafta oʻtgach, Moskvada Streltsovsiz Vengriyani 3:0 hisobida magʻlub etib, umumiy oʻyn natijasiga koʻra final turniriga yoʻllanma olgan. Streltsov final oʻyini tarkibidan chetda qolgan va boshqa SSSR terma jamoasida oʻynamagan. Streltsov soʻnggi oʻyinidan soʻng, terma jamoa tarkibida 38 oʻyinda 25 gol muallifi boʻlgan. Torpedo 1968-yilgi mavsumda SSSR kubogi finalida Oʻzbekistonning „Paxtakor“ jamoasini 1:0 hisobida magʻlub etib, Sovet Kubogini qoʻlga kiritgan. Streltsov oʻz faoliyatidagi eng yuqori, mavsum davomida 21 (ligada) ta gol kiritganidan soʻng, navbatdagi yil ham Sovet futbolida yilning eng yaxshi futbolchisi unvonini saqlab qolgan. 1969-yilgi mavsum oldidan Eduard oʻyinidagi pasayish sababli yarim himoya pzoitsiyasiga oʻtkazilgan va ligada 23 oʻyinda ishtirok etib gol ura olmagan. Eduard 1970-yilda, 33 yoshida futbolni tark etgan, 222 oʻyinda 99 ta gol urib, Torpedo tarkibida bu natijaga erishgan dastlbki futbolchi boʻlgan.

Futboldan keyingi faoliyat

tahrir

"Torpedo" klubida oʻtkazgan futbolchilik faoliyatidan soʻng, Moskvaning „Spartak“ klubi tarafdori Streltsovni sevimli jamoalarida oʻynay olmaganidan qayta-qayta shikoyat qilishgan. Eduard nafaqaga chiqqanidan soʻng ham, Torpedo jamoasi uning Jismoniy tarbiya institutida futbol murabbiyligi boʻyicha oʻqishini moliyalashtirish uchun maoshini toʻlashda davom etgan. Streltsov malakasini oshirgandan soʻng „Torpedo“ klubiga yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida qaytgan. 1982-yilda yoshlar jamoasi bilan ishlashidan avval asosiy jamoada qisqa vaqt davomida bosh murabbiy sifatida ishlagan[15].

1990-yilda tomoq saratonidan vafot etishidan oldin sobiq futbolchilar oʻrtasidagi oʻyinlarda ham sihtirok etgan. Birinchi rafiqasi Allaning takidlashicha, qamoqdagi mehnat lagerlarida unga berilgan nurlangan ovqatlar uning kasallik ortirishiga sabab boʻlganini aytgan. Streltsov zoʻrlaganini tan olgan ayol Marina Lebedeva Streltsov vafotining bir yilligining ertasiga Moskvadagi qabriga gul qoʻyganini koʻrishgan.

1956-yilgi Olimpiada siyosati sababli, oltin medallarni faqat final oʻyinida oʻynagan gʻolib futbol jamoasi aʼzolariga berishar edi. Streltsov finalda oʻynamagani uchun medal ololmagan. 2006-yilda Olimpiya qoʻmitasi Olimpiada ishtirok etgan va faqat final turnirida ishtirok etmagan barcha futbchilarga medal berish siyosatini qayta koʻrib chiqqanidan soʻng, Eduardning vafotidan 16 yil oʻtganidan soʻng oltin medal berilgan.

Oʻyin uslubi

tahrir

Koʻpgina tanqidchilar Streltsovni Rossiya yoki Sovet Ittifoqining eng zoʻr futbolchilaridan biri deb bilishadi. Britaniyalik jurnalist va yozuvchi Jonatan Uilson uni „Rossiyada taʼlim olgan eng zoʻr futbolchi… baland boʻyli, kuchli hujumchi“ deb taʼriflagan. Streltsovning mohir, innovatsion oʻyin uslubi unga sovet futbolida ajralib turishiga yordam bergan va uning orqa tovonida sheriklariga beradigan uzatmasi Rossiyada „Streltsov pasi“ nomi bilan mashhur boʻlgan[16]. Faoliyatining dastlabki davrida bu texnik qobiliyat sezilarli tezlik va jismoniy mavjudligi bilan birlashib, har tomonlama kuchli hujumchini yaratgan edi. Oʻzining keyingi yillarida jismoniy sifatlari pasayganligi sababli, mahorati va maydondagi aql-zakovati bilan koʻproq pleymeyker boʻlishga, orqada oʻynashga va jamoadoshlarini oʻzi boshqarishdan koʻra hujumkor harakatlarini oʻrnatishga urgʻu bergan. Darhaqiqat, faoliyatining soʻnggi ikki mavsumida Streltsov oldinda emas, balki hujumkor yarim himoyada oʻynagan. „Rossiya Pelesi“ laqabli Streltsov Sovet terma jamoasi safida ikki marta oʻtkazgan oʻyinlari oʻrtasidagi sakkiz yillik tafovutga qaramay mamlakat tarixidagi eng koʻp gol urgan futbolchilar ichida toʻrtinchi oʻrinni egallagan.

 
Eduard Streltsov stadioni 2007 yil

1996-yilda Moskvaning „Torpedo“ stadioni Eduard xotirasiga „Eduard Streltsov stadioni“ nomini olgan[17]. Bir yil oʻtib, Rossiya futbol ittifoqi „Strelyets“ mukofotlarini Rossiya futbolidagi eng nufuzli individual mukofot sifatida joriy qilgan va har yili eng yaxshi murabbiyga beriladi[18]. 1998-yilda Moskvadagi Lujniki olimpiya majmuasida Streltsov haykali qurilgan[19] va yana bir haykali Torpedo tomonidan uning nomi bilan atalgan stadion tashqarisida oʻrnatilgan[20].

2001-yilda tuzilgan Streltsov qoʻmitasi Streltsovga nisbatan zoʻrlash ayblovini oʻlimdan keyin bekor qilishga urinish uchun tashkil etilgan. Kampaniya rahbari, shaxmat boʻyicha chempion Anatoliy Karpov 2001-yilda sudlanganlik Streltsovga dunyoning eng yaxshi futbolchisi boʻlishiga toʻsqinlik qilganini aytgan. Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki 2010-yilda Streltsov xotirasiga uning rasmi tushirilgan ikki rubllik esdalik tangasini zarb qilgan xolda uning xotirasiga hurmat koʻrsatilgan. Tanga „Rossiyaning taniqli sportchilari“ turkumidagi zarb qilingan uchta tangadan biri edi. Qolgan ikkita qismda mos ravishda Lev Yashin va Konstantin Beskov kabi Rossiya futbolining yuzlari tasvirlangan[21].

Sovrinlar va yutuqlar

tahrir
 
2010-yilda Streltsovning oʻxshashligi boʻlgan ikki rubllik esdalik tanga chiqarildi.
 
Streltsov „Futbol afsonalari“ turkumidagi 2016-yilgi rus markasida

Torpedo Moskva

tahrir
  • Sovet oliy ligasi: 1965
  • Sovet Kubogi: 1968
Ikkinchi oʻrin egasi
  • Sovet oliy ligasi: 1957
  • Sovet Kubogi: 1966

Xalqaro

tahrir

Terma jamoa safidagi natijalari

  • 1955–1968: 38 oʻyin, 25 gol[22]
  • Yozgi Olimpiya oʻyinlari oltin medali: 1956

Individual

tahrir
  • Sovet Ittifoqining eng yaxshi 33 nafar futbolchisi (7): 1-son (1955—1957, 1965, 1967, 1968), 2-son (1966).
  • Yilning sovet futbolchisi: 1967, 1968; Ikkinchi oʻrin: 1965-yil
  • Sovet oliy ligasining eng yaxshi toʻpurari: 1955 (22 oʻyindan 15 ta gol)[23]
  • „Oltin toʻp“: 13-oʻrin (1956), 7-oʻrin (1957)[24][25]

Faoliyat statistikasi

tahrir
1968-yilgi Sovet kubogini saqlab qolgan, qolgan ichki kubok musobaqalari statistikasi hozircha nomaʼlum[26][27][28].
Klub faoliyati Liga Kubok Liga kubogi Xalqaro Jami
Mavsum Klub Liga Oʻyin Gol Oʻyin Gol Oʻyin Gol Oʻyin Gol Oʻyin Gol
Sovet Ittifoqi Liga Sovet kubogi Federatsiya kubogi Yevropa Jami
1954 Torpedo Moskva Sovet oliy ligasi 22 4 22 4
1955 22 15 22 15
1956 22 12 22 12
1957 15 12 15 12
1958[29] 8 5 8 5
1965 Torpedo Moskva Sovet oliy ligasi 26 12 26 12
1966 31 12 2 0 33 12
1967 20 6 4 3 24 9
1968 33 21 6 3 3 0 42 24
1969 11 0 11 0
1970 12 0 12 0
Mamlakat Sovet Ittifoqi 222 99 6 3 9 3 237 105
Total 222 99 6 3 9 3 237 105

[30][31]

Sovet Ittifoqi terma jamoasi
Yil Oʻyin Gol
1955 4 7
1956 8 4
1957 8 7
1958[29] 1 0
1959[29] 0 0
1960[29] 0 0
1961[29] 0 0
1962[29] 0 0
1963[29] 0 0
1964[29] 0 0
1965 0 0
1966 3 1
1967 12 6
1968 2 0
Jami 38 25

Terma jamoada gollar

tahrir
Hisob va natijalar birinchi navbatda Sovet Ittifoqining gollari roʻyxatini koʻrsatadi[32].

Manbalar

tahrir
  1. Рыжков (Rizhkov) 2008
  2. Lauzadis, Almantas „USSR (Soviet Union) – Final Tables 1924–1992“. RSSSF. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  3. Courtney, Barrie „Soviet Union – International Results 1952–1959 – Details“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  4. „Eduard Streltsov“. Olympedia. Qaraldi: 2021-yil 1-dekabr.
  5. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named Wilson
  6. Pierrend, José Luis „European Footballer of the Year ("Ballon d'Or") 1956“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  7. Pierrend, José Luis „European Footballer of the Year ("Ballon d'Or") 1957“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  8. Нилин (Nilin) 2002, ss. 78–79
  9. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named topleaguetables2
  10. Кашинцев, Александр (Kashintsev, Alexander) „Геннадий Гусаров (Gennadiy Gusarov)“ (ru). Сборная России по футболу. Qaraldi: 2011-yil 6-fevral.
  11. Нилин (Nilin) 2002, Основные даты жизни Эдуарда Стрельцова
  12. Courtney, Barrie „Soviet Union – International Results 1960–1969 – Details“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  13. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named Wilson2
  14. Movsumov, Rasim „Soviet Union – Player of the Year Awards“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  15. Шпиз, Елена (Shpiz, Elena) „Эдуард Анатольевич Стрельцов“. Истории Людей (Istroii Lyudey). Qaraldi: 2011-yil 6-fevral.
  16. White, Jim. „As Quinn sheds fat, Jones sees fit to play the fool“. The Daily Telegraph (2006-yil 13-aprel). Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  17. Wilson, Jonathan. „Torpedo's traumas suggest the Russian renaissance may be short-lived“. The Guardian (2008-yil 23-dekabr). Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  18. „ru:Индивидуальные и командные призы“ (ru). ФК «Зeнит» Санкт-Петербург (FC Zenit St. Petersburg). 2010-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  19. „ru:Памятник Стрельцову“ (ru). visualrian.ru. РИА Новости (RIA Novosti) (1998-yil 10-may). Qaraldi: 2009-yil 7-noyabr.
  20. {{Yangiliklar manbasi}} andozasidan foydalanishda title= parametri belgilanishi kerak.
  21. „Commemorative Coins“. The Central Bank of the Russian Federation (2009-yil 28-dekabr). 2010-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-mart.
  22. Mamrud, Roberto „Soviet Union/CIS – Record International Players“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 6-noyabr.
  23. Cherny, Michael „Soviet Union/CIS – Record International Players“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation. Qaraldi: 2009-yil 7-noyabr.
  24. Wilson 2006
  25. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named ballondor19572
  26. Цыбулько, Валерий (Tsibul'ko, Valeriy) „ru:Эдуард Стрельцов“ (ru). Журнал «Футбол» (Zhurnal Futbol). 2009-yil 2-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 7-noyabr.
  27. Пугло, Евгений (Puglo, Yevgeniy) „ru:Стрельцов, Эдуард Анатольевич“ (ru). Клуб любителей истории и статистики футбола (KLISF). 2013-yil 12-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 29-yanvar.
  28. Мороз, Андрей (Moroz, Andrey) „Streltsov, Eduard A.“. Клуб любителей истории и статистики футбола (KLISF). 2011-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 11-fevral.
  29. 29,0 29,1 29,2 29,3 29,4 29,5 29,6 29,7 In the Gulag from 1958 to 1963; returned to professional football in 1965
  30. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named ussr5259
  31. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named ussr6069
  32. Кашинцев, Александр (Kashintsev, Alexander) „Эдуард Стрельцов (Eduard Streltsov)“ (ru). Сборная России по футболу. Qaraldi: 2011-yil 29-yanvar.

Gazeta va jurnal maqolalari

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Kuper, Simon. Football Against The Enemy. London: Phoenix, 1998. ISBN 0-7538-0523-5. 
  • Нилин, Александр (Nilin, Aleksandr). Стрельцов: Человек без локтей (ru). Москва (Moscow): Молодая гвардия (Molodaya Gvardiya), 2002. ISBN 5-235-02438-9. 

Havolalar

tahrir