Xato: blok «Qoʻshimcha» andoza Geokarda yoʻq.


Qızılağac qoʻriqxonasi
ozarbayjoncha: Qızılağac dövlət təbiət qoruğu

Qızılağac davlat qoʻriqxonasi () – Ozarbayjon janubi, Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlat tabiat qoʻriqxonasi. Lənkəran tumanidagi Qizil-Ogʻoch qoʻltigʻi qirgʻoq hududlarida joylashgan. Qoʻltiq akvatoriyasi, Kichik Qizilagʻoch qoʻltigʻining shimoliy qismi va ularning qirgʻoq suvlari qoʻriqxona tarkibidadir[1]. Qoʻriqxona 1929-yilda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 88 360 gektar boʻlib, shundan 45 ming gektarini qoʻltiq akvatoriyasi tashkil etadi. Relyefi tekislikdan iborat boʻlib, hududi shoʻrlangan tuproqli chalachoʻl zona[2][3].

Qoʻriqxonaning diqqatga sazovor jihati koʻchib yuruvchi qushlarning koʻpligidir. Qishda bu yerda ham daryo, ham shoʻngʻiydigan oʻrdaklar, gʻozlar, oqqushlar, birqozonlar, qashqaldoqlar, sulton tovuqlar, turach, flamingolar uya quradi. Qushlardan qarqara, qoravoy, qoshiqburun, charadrii, hayvonlardan toʻngʻiz va boʻrilar uchraydi. Suv havzalarida koʻplab baliqlar mavjud boʻlib, qirgʻoq boʻyi hududi va suv havzasi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlari roʻyxatiga kiritilgan[1]. Ozarbayjon „Qizil kitobi“ga kiritilgan qushlarning aksariyati qoʻriqxona va unga tutash hududlarda yashaydi.

Qizilgʻoch qoʻriqxonasi Ozarbayjonda tashkil etilgan birinchi katta va tashkil etilgan sanasi boʻyicha uchinchi qoʻriqxona hisoblanadi. Yevropadagi suv qushlarining eng katta qishlov zonasi[1]. Koʻrfazning oʻrta va janubiy qismida joylashgan, 1978-yil fevral oyida tashkil etilgan „Qizil yarim oy“ davlat qoʻriqxonasi qoʻriqxona tarkibidadir (hududi – 10 700 ga)[1]. Qizilbogʻ qoʻriqxonasi olim va yozuvchi Ivan Yefremov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Yefremov shaxsi Siolkovskiy va Vernadskiy nomlari bilan bir qatorda tilga olinadi. Oʻtgan asrning 20-yillari oʻrtalarida fuqarolar urushidan demobilizatsiya qilingan oʻn yetti yoshli student Ivan Yefremov bu oʻlkalarga ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, unga boshchilik qilgan.

Etimologiyasi

tahrir

Qizilagach qoʻriqxonasi[1] [2] [3] Qizil-Ogʻoch koʻrfazi nomi bilan atalgan. Suv havzasi va qirgʻoq hududiida joylashgan. Koʻrfaz, unga quyiladigan Qizilgachchay daryosi – „qandogʻoch daryosi“ (ozarbayjoncha qizil agʻad – „qandogʻoch“, choy – „daryo“)[1] nomidan olingan.

Soʻzma-soʻz tarjima qilganda „qizil daraxt“ degan maʼnoni anglatuvchi „Qizilgʻoch“ nomi sayoz koʻrfazda yashovchi pushti flamingo tufayli paydo boʻlgan degan fikr mavjud.

Qoʻriqxona tarixi

tahrir

Qizil-Ogʻoch koʻrfazi birinchi marta 1720-yilda xaritaga tushirilgan[1]. 1926-yilda Katta va Kichik Qizilgʻoch koʻrfazlarining bir qismi, shuningdek, bu hududlarga tutash quruqlik uchastkalari buyurtmaxona deb eʼlon qilingan[1].

1929-yil 3-iyunda SSSR Xalq Komissarlari Kengashining 57-sonli qarori bilan Butunittifoq ovlanadigan qushlar qoʻriqxonasi oʻlaroq tashkil etiladi[1]. Hozirgi kunda qoʻriqxona hududida uchraydigan 19 turdagi qushlar „SSSR Qizil kitobi“ga kiritilgan. Kaspiy dengizining janubi-gʻarbiy qismida tabiat kompleksini oʻrganish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish, qulay sharoit yaratish[1] va SSSRdagi eng yirik qishlovchi suv qushlarini muhofaza qilish maqsadida qoʻriqxona tashkil etilgan. Qizilgʻoch qoʻriqxonasi SSSRdagi asosiy suv qushlari rezervatlaridan biri boʻlgan[1].

1935-yilda Qizil-Ogʻoch koʻrfazi Sovet partiya arbobi Sergey Kirov nomi bilan Kirov koʻrfazi deb oʻzgartirilgan[1], Shu sababli qoʻriqxona ham S. M. Kirov nomi bilan atala boshlangan[2]. Kichik va Katta Qizilgʻoch koʻrfazlarining suvlari oʻsha paytda yagona havzaad boʻlgan[1].

1929—1939-yillarda Kaspiy dengizi sathining pasayishidan soʻng qoʻriqxona maydoni qisqaradi, ularning bir qismi sovxozlarga berilib, haydab yuborilgan. 1936—1937-yillarda qoʻriqxonaning maydoni 180 ming gektarni tashkil etgan[1]. 1951-yilda qoʻriqxona maydoni ikki baravar qisqartirilgan. 1956-yilda qoʻriqxonaning maydoni 93 ming gektarga yaqin boʻlgan[1]. 1961-yilda qoʻriqxonadan yana 4600 gektar yer ajratib olingan. Hozirda uning maydoni 88 360 gektar[1].

1975-yilda qoʻriqxona, asosan, suvda suzuvchi va suv boʻyi qushlarining yashash hududi sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan hududlar qatoriga kiritilgan. 1976-yilda Qizilgʻoch qoʻriqxonasi Ramsar konvensiyasining „Suv qushlari yashash hududlari sifatida xalqaro ahamiyatga ega botqoqliklar“ roʻyxatiga kiritilgan va jahon ahamiyatiga ega qoʻriqxona maqomini olgan[1] [2].

1991-yilda SSSR parchalanishi munosabati bilan qoʻriqxona Qizilgʻoch qoʻriqxonasi deb atala boshlandi. 2001-yilga kelib qoʻriqxona va uning atrofidagi suv-botqoq yerlar maydoni 99 060 gektarni tashkil etdi[1]. Yaqin kelajakda mintaqaga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonining koʻpayishi munosabati bilan Ozarbayjonda birinchi dengizboʻyi milliy bogʻini yaratish maqsadida qoʻriqxona, buyurtmaxona va unga yaqin hududlar hududini 100 ming gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan[1].

Tabiiy-geografik xususiyatlari

tahrir

Qizilgʻoch davlat qoʻriqxonasi hududiy tarkibiga Sara yarim orolining bir qismi, Kichik va Katta Qizilgʻoch qoʻltiqlari suvlari, unga yondosh boʻlgan Lankoran pasttekisligi Salyan choʻlining dengizboʻyi qismi qirgʻoq polosasi va Kura yoyilmasining bir qismi kiradi. Qoʻriqxonaning butun hududi okean sathidan pastda joylashgan boʻlib, asta-sekin koʻrfaz qirgʻogʻiga tomon pasayib boruvchi bir oz koʻtarilgan tekislikdan iborat. Qoʻriqxona tuman markazi – Lenkorani shahridan 35 km uzoqlikda joylashgan. Umumiy maydoni 88 360 gektar. 40,5 ming gektarni Katta koʻrfaz va 5,2 ming gektarni Kichik koʻrfaz egallaydi[1].

Katta Qizilgʻoch qoʻltigʻi sharqda dengizdan uzun Kura tili bilan ajralib turadi va faqat janubda ochiq dengiz bilan tutashadi, Kaspiy dengizining gʻarbiy qirgʻogʻida joylashgan. Shimol va gʻarbda suvlari Salyan choʻli va Lankoran pasttekisligi qirgʻoqlarini yuvib turadi. Katta qoʻltiqning eng chuqur joyi 2,5 m. Pliotsendan keyingi davrda koʻrfaz butun Kura-Araksa pasttekisligini Mingeshauragacha boʻlgan hududlarini egallab turgan. Qirgʻoq chizigʻi aniq chegaralanmagan va Kaspiy dengizi sathining oʻzgarishiga qarab u yoki bu tomonga surilib turadi.

Kichik qoʻltiq 50-yillargacha shimoldan va gʻarbdan Lankoran pasttekisligi, sharqdan Sara yarim oroli bilan chegaralanib, janubda ochiq dengizga tutashgan. Qoʻltiqning maydoni taxminan 15 ming gektar boʻlib, uzunligi 16,7 km, kengligi 6,6 km, chuqurligi esa 0,5-2,5 metr orasida. Hozirgi kunda qoʻltiq Sara yarim orolining janubiy qismidan materikkacha choʻzilgan toʻgʻon bilan dengizdan ajratilgan va chuchuk suvli havzaga aylangan. Koʻrfazga Qumbashinka va Vilyashchay daryolari quyiladi, damba va kanallar tizimi orqali Katta Qizilgʻoch qoʻltigʻi va Kaspiy dengizi bilan bogʻlangan. Qoʻltiqning faqat shimoliy qismi qoʻriqxona tarkibiga kiradi[1].

Relyefi

tahrir

Qoʻriqxona hududi 2 ta: Kura-Araks va Lankoran pasttekisliklaridan iborat. Shimoliy va sharqiy (Kura tili) qismlari Kura-Araks pasttekisligiga, gʻarbiy va janubiy qismlari esa Lankoran pasttekisligi takibiga kiradi. Salyan choʻli Kura-Araks pasttekisligining eng yosh hosilasi boʻlib, allyuvial (choʻlning sharqiy va janubiy qismlari) va delta-dengiz (janubi-sharqiy) tekisliklartdan iborat. Qirgʻoqning eng past mintaqasi Qizilgʻoch koʻrfazi sayoz qismining yaqin oʻtmishdagi tubidir[1].

Asosiy relyefi qumli-chanoqsimon gruntli chalachoʻl boʻlib, unda balandligi bir metrgacha boʻlgan yassi va keng boʻlmagan joʻyak hamda ochiq yassi botiqlar – egri-bugri pastliklar ajralib turadi, ular daryolarning loyqa bosgan eski oʻzanlari tipida hisoblanadi. Baʼzi qismlarida oʻzanlar va ulardan ajralib, suv bilan toʻla „axmaz“ (oʻzbekcha: oqmas) deb nomlanadigan qolgan oʻzanlar uchraydi. Shuningdek, qumli tepaliklar hamda yassi va doʻngliklardan iborat oʻziga xos eol-shoʻrxok relyefi ham uchraydi.

Dengiz tekisligining anchagina qismi botqoqlashgan, qirgʻoq koʻtarmalari 1-2 m baland, lagunalar mavjud. Qadimgi irrigatsiya hududlarida sugʻorish kanallari boʻylab baland koʻtarmalar mavjud. Irrigatsion relyefning boshqa turi – kichikroq kanallarning izlari boʻlgan kichik vallar tarmogʻi shaklida[1].

Gidrografiyasi

tahrir

Qoʻriqxona hududidagi daryo tarmoqlari yaxshi rivojlanmagan. Shimoliy qismida, Kura-Araks pasttekisligida faqat bitta daryo – Akusha oqib oʻtadi. Ushbu daryo Kuraning irmogʻi boʻlib, Katta Qızılağac qoʻltigʻining qirgʻogʻigacha yetib bormaydi, yoz faslida toʻliq sugʻorishga sarflanadi. Bahor paytida daryo toshqinlar hosil qiladi, ushbu toshqinlar qoʻriqxona hududida Akusha toshqinlari deb nomlanadi.

Lankoran pasttekisligidan oqib oʻtuvchi daryolar kuzgi-qishki va bahorgi toshqinli daryolar guruhiga kiradi. Ularning asosiy manbai oktyabrdan martgacha, baʼzan aprelda yogʻadigan yomgʻirlardir. Daryo manbayini qor suvlaridan olmaydi. Daryolar koʻpincha yoz oylarida qurib qoladi. Tolish togʻlaridan boshlanadigan Goktepe va Vilyashchay daryolari qisman sugʻorishga ajraladi, qisman qoʻriqxona hududidagi botqoqliklarga singib ketadi[1].


Qoʻriqxona hududining katta qismi sizot suvlarining yuqoriligi bilan ajralib turadi, ularning sathi yil mavsumiga qarab juda kwskin oʻzgarib turadi. Suv sathi bahorda, yoz boshlarida eng yuqori, kuzda esa eng past boʻladi. Sizot suvlarining mineralizatsiyasi juda xilma-xil: chuchuk suvlar (Sara yarim oroli) va turli darajada minerallashgan, vaqti-vaqti bilan suvi barqarorlashadi. Minerallashuv yogʻinlar hisobiga faqat bahorda kamayadi, kuzga yaqin ortib boradi.

Tuzlarning kimyoviy tarkibi boʻyicha suv turli xil boʻlib, xloridli va xlorid-sulfatli suvlar ustunlik qiladi. Grunt suvlarining taqsimlanishi, joylashuv darajasi, kimyoviy tarkibi va tuzlarning konsentratsiyasi qoʻriqxonadagi tuproq hosil boʻlish jarayonlariga taʼsir qiladi[1].

Iqlimi

tahrir

Qoʻriqxonaning iqlimi iliq, yozi issiq va quruq, qishi yumshoq. Yanvar oyining oʻrtacha harorati 4 °C, yogʻingarchilik kam, yoz mavsumida shudring tushadi, bu esa koʻplab oʻsimlik va hayvonlarning omon qolishiga yordam beradi.

Yarim choʻl va quruq dasht iqlimi ustunlik qiladi, qishi yumshoq va yozi quruq issiq. Bunday iqlim turi uchun namlik darajasi past, qishi moʻtadil va yozi quruq issiq boʻladi. Yillik oʻrtacha harorat 14,40 °C. Qish moʻtadil, eng sovuq oyning oʻrtacha harorati 3,20 °C, eng issiq oyning oʻrtacha harorati esa 25,50 °C[1].

Qoʻriqxonaning shimoliy, shimoli-gʻarbiy va sharqiy qismida, yaʼni Kura-Araks pasttekisligida qish yumshoq va yozi quruq issiq iqlimi yarim choʻl va quruq dasht hududlarda kuzatiladi. Yozi quruq boʻlgan moʻtadil-iliq iqlim tipi Lankoran pasttekisligi tarkibiga kiruvchi janubiy va janubi-gʻarbiy qismlarga xosdir.

Kura-Araks pasttekisligi quyidagi meteorologik koʻrsatkichlar bilan tavsiflanadi: yillik yogʻin miqdori 200-400 mm atrofida; oʻrtacha yillik harorat +15 °C atrofida, koʻp yillik oʻrtacha oylik harorat yanvar +3 °C, iyul +27 °C, yildagi iliq kunlar soni 235 dan 265 gacha oʻzgarib turadi; dengizning taʼsiri havoning mutlaq namligining oshishiga taʼsir etadi, bu esa oʻsimliklarga ijobiy taʼsir qiladi.

Qoʻriqxona hududida Lankoran pasttekisligida oʻrtacha 400 dan 600 mm gacha yogʻin yogʻadi. Oylar boʻyicha yogʻingarchilik notekis taqsimlanadi: iyulda 16 mm dan oktyabrda 226 mm gacha. Shimoliy pasttekislikda Mugʻon choʻlining taʼsiri kuchayib, atmosfera yogʻinlari miqdori kamayib, salbiy namlik muvozanati kuzatiladi.

Qoʻriqxona hududi musson shamollari taʼsiridagi zonada joylashgan. Yilning iliq yarim yilligida dengizdan janubi-sharqiy yoʻnalishda, sovuq yarim yillikda esa quruqlikdan gʻarb va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda esadigan shamollar ustunlik qiladi.

Umuman olganda, qoʻriqxonaning iqlimi oʻsimliklarning rivojlanishi uchun qulay boʻlib, turli xil qushlar uchun ozuqa bazasi vazifasini oʻtaydi[1].

Oʻsimlik va hayvonot dunyosi

tahrir

Oʻsimlik dunyosi

tahrir

Qoʻriqxona hududida suv-botqoq oʻsimliklari, chalachoʻl va oʻtloq oʻsimliklari tarqalgan. Yulgʻunning ikki turi (Tamarix meyeri Boiss va Tamarix ramosissima Ledeb) keng tarqalgan boʻlib, baʼzi joylarda qalin butalar, qoraqaragʻay, maymunjon, yantoq, arenária, hind zubturumi, shoʻrak, shuvoq kabi oʻsimliklar tarqalgan. Sayoz yerlarda qamish, rdest, xara yoʻsini, myriophýllum, utricularia, zostéra, týpha angustifólia kabi oʻsimliklar changalzorlar hosil qilgan. Katta Qizilgʻoch koʻrfazining chuqur qismida dengiz oʻtlari, sayoz qismida yashil, diatom va koʻk-yashil suvoʻtlari keng maydonni egallaydi. Kichik Qizilgʻoch koʻrfazida nilfiya, ceratophýllum, gledichiya, scirpus va boshqalar oʻsadi[1].

Qoʻriqxona hududida 360 turdagi oʻsimliklar mavjud[1]. Hududdagi tomirsimon oʻsimliklar 215 turkum va 64 oilaga mansub. Qoʻriqxonaning zamonaviy florasida qoʻngʻirbosh, astra va dukkaklilar oilasiga mansub oʻsimliklar koʻp uchraydi. Qoʻriqxona hududida turlar notekis taqsimlangan: koʻrfaz va kanallar akvatoriyasida atigi 27 ta, quruqlikda 322 ta yuksak oʻsimlik turlari qayd etilgan. Lankoran pasttekisligi oʻsimliklarga eng boy hududdir[1].

Qoʻriqxonada 1975-yilda SSSRning Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlaridan anor, anjir va qizilmiya muhofaza qilinadi. Qoʻriqxona tashkil etilgandan beri oʻsimliklar dunyosining 6 turi, shu jumladan qimmatli relikt – Nelumbo nucífera (yoki Kaspiy nilufari) yoʻqolib ketgan[1].

Qirgʻoq boʻyidagi yulgʻunzorlar eng diqqatga sazovoz joylardir. Qoʻriqxonaning quruq tekisliklarida ushbu buta 1,5 m dan oshmaydi, qirgʻoqda esa balandligi 3,5-4 m ga yetadi. Yulgʻunzorlarda eshkakoyoqli va tovonli qushlarning ulkan galalari mavjud – bu yerda 60 mingga yaqin qush juftlari uya quradi [1].

Hayvonot dunyosi

tahrir

Qoʻriqxonada sutemizuvchilarning 26 turi, qushlarning 273 turi (koʻplab noyob turlar, jumladan, sultonqush, turna va boshqalar), sudralib yuruvchilarning 15 turi, amfibiyalarning 5 turi yashaydi[1]. Qoʻriqxonada qishlovchi suvda suzuvchi, suv-botqoq va dasht qushlarining katta galalari toʻplanadi. Qizilgʻoch qoʻriqxonasi suvda suzuvchi va suv boʻyi qushlarini muhofaza qilish maqsadida maxsus tashkil etilgan boʻlsa-da, sutemizuvchi turlar ham salmoqlidir. Bu yerda quyon, toʻngʻiz, boʻrsiq, boʻri, chiyaboʻri, tulki, toʻqay mushugi, qunduz uchraydi[1]. Koʻrfaz suvlarida Kaspiy tyuleni yashaydi.

Amfibiyalar orasida turli qurbaqalarni, sudralib yuruvchilar orasida – Kaspiy va botqoq toshbaqalari, yoʻl-yoʻl kaltakesak, oddiy va suv ilonlari, gyurza va boshqalarni uchratish mumkin. Katta va Kichik Qizilgach qoʻltiqlari suvlarida seld, omul, karp, leshch, kefal va boshqalar mavjud[1].

Qoʻriqxonadagi qushlar

tahrir

Qoʻriqxona, asosan, suv va qirgʻoqboʻyi qushlari (oqqushlar, oʻrdaklar, saqoqushlar, flamingolar) uyalash, migratsiya va qishlov davrida uchib keladigan suv-botqoqlik hududlarini muhofaza qilish uchun tashkil etilgan. Qishda muzlamaydigan sayoz suvlarda oʻrdaklar, gʻozlar, oqqushlar, shuningdek, flamingo koʻp uchraydi, baʼzan jingalaksoch saqoqushlar ham uchraydi. Qamishzorlarda choʻponlar, shuningdek, mayda qushlar yashaydi. Yozda tuz bilan qoplangan Kichik Qizilgʻoch koʻrfazi qirgʻogʻidagi chakalakzorlarda qoravoylar, Misr qarqaralari, tunqarqaralar, qoravoylar, qoshiqburunlar, qirgʻoqlarda chaykalar, krachkalar, charadriilar, maymunjon butazorlarida – turachlar, kamdan-kam hollarda qirgʻovullar katta toʻdalari bilan uya qurishadi[1].

Har yili qoʻriqxonada juda koʻp suv va qirgʻoqboʻyi qushlari: tuklilar – 3 milliongacha, daryo oʻrdaklari – 4 milliongacha, shoʻngʻuvchi oʻrdaklar – 900 minggacha, oqqushlar (ularning aksariyati soqov oqqushlar) – 6,5 minggacha, gʻozlar (kulrang, oq peshonali kichik g‘oz va qiziltomoq gʻozlar) – 70 minggacha, bir necha ming flamingo qishlaydi[1].

Qoʻriqxonada: qorabuzov, oqqanot krachka, dasht chagʻalayi, qashqaldoq, qoravoy, kulrang qashqaldoq, katta va kichik oqqarqara, tunqarqara, Misr va sariq qarqara[1] gala hosil qiladi. Kichik koʻrfazdagi ozuqalarning xilma-xilligi oʻrdaklar, qashqaldoqlar, chomgalar, kichik chomgalar, katta qorabuzovlarning qishlash uchun bu yerda qolishiga yordam beradi[1].

Qoʻriqxona hududida yashovchi kamyob qushlardan biri Qizil kitobga kiritilgan choʻponchilar kenja turkumi vakili sultonqush hisoblanadi. Ushbu tur asosan qishda koʻp koʻzga tashlanadi. Baʼzan ular guruh-guruh boʻlib qamishlar yonidagi tepaliklarda oziqlanadilar. Qizilgʻoch qoʻriqxonasi qushqoʻnmas oʻtloqlari qishlash uchun toʻda-toʻda boʻlib toʻplanadigan kam sonli hududlardandir. 1971—1972-yillarda Qizilgʻoch qoʻriqxonasida 24 mingga yaqin bizgʻaldoq qishlagan[1].

Qizilgʻoch qoʻriqxonasida yakka holda, shuningdek, katta toʻda boʻlib, baʼzan saqoqushlar bilan birga ov qiladigan qoravoylarni uchratish mumkin. Qushlar toʻda-toʻda boʻlib yoki girdikapalak boʻlib, shovqin-suron bilan baliq ovlaydilar.

Qizilagach davlat qoʻriqxonasi qishlovchi suv qushlarni, shu jumladan qiziltomoq gʻozlarni himoya qilishda juda muhim ahamiyatga ega[1]. Tadqiqotchilar N. K. Vereshchagin va Y. A. Isakov Qizilgʻoch koʻrfazini Ozarbayjondagi qiziltomoq gʻozlar qishlaydigan asosiy hududlardan biri deb hisoblashgan[1]. Qoʻriqxona hududida yashaydigan oʻrdaklarning noyob turlaridan marmar churrak va oqbosh oʻrdakdir. 1991-yilda koʻrfazda 520 tagacha tur yashagan. 1962-yilda rekord – 5 ming turgacha yetgan[1].

Qizilgʻoch qoʻriqxonasining asosiy diqqatga sazovor qismi – flamingolardir. Qushlarning uya qurishi ayni bir noyob hodisadir. Xususan, 1982 va 1983-yillarda 200 ga yaqin flamingolar uyalagan. Shoʻr koʻllar, lagunalar va dengiz qirgʻoqlarining sayoz joylarida yashaydi. Ini ustun shaklidagi boʻlib, tepasida urgʻochisi tuxum qoʻyadi. Ozuqasi turli suv umurtqasiz hayvonlari, asosan qisqichbaqasimonlar hisoblanadi[1]. 1974/1975-yil qishida Qizilgʻoch koʻrfazida 0,2 dan 1,2 minggacha flamingo hisobga olingan[1].

Galalarda uya quradigan koʻplab qushlar yirtqichlarni oʻziga jalb etadi. Ular orasida eng koʻp uchraydigani botqoq yoki qamishzor qirgʻiyi hisoblanadi. Bu yirtqich oʻrdaklar, qashqaldoqlar va baliqchi qushlarning joʻjalarini ovlaydi. Botqoq qirgʻiylari oʻz uyalarini qamishzorlarning pastqam joylariga quradi.

Qoʻriqxona hududidagi ayrim qush turlarining tarqalish xaritasi[1]
 

Qoʻriqxonaning Ozarbayjon Qizil kitobiga kiritilgan qushlar roʻyxati

tahrir

Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, qoʻriqxona hududida Ozarbayjon Qizil kitobiga kiritilgan 19 turdagi qushlar yashaydi[1].

Tasviri Nomi
(ozarbayjoncha nomi)
Ilmiy nomi Yashash joyi
  Katta flamingo
(Qızılqaz)
Phoenicopterus roseus Plankton va bentosga boy shoʻr koʻllar, lagunalar va dengiz qirgʻoqlarining sayoz suvlari (Kura qum tili, Qoraqush koʻli).
  Pushti saqoqush
(Çəhrayı qutan)
Pelecanus onocrotalus Qishda koʻrfaz qirgʻogʻida va yirik suv havzalarida (Kabanya qum tili, Sara yarim oroli yaqinidagi Kichik koʻrfaz qirgʻogʻida) uchraydi.
  Jingalaksoch saqoqush
(Qıvrımlələk qutan)
Pelecanus crispus Qishda koʻrfaz qirgʻogʻida va yirik suv havzalarida (Kabanya qum tili, Sara yarim oroli yaqinidagi Kichik koʻrfaz qirgʻogʻida) uchraydi.
  Qora laylak
(Qara leylək)
Ciconia nigra Koʻllar, daryolar, botqoqliklar yaqinidagi tekisliklardagi eski oʻrmonlarda yashaydi.
  Qoshiqburun
(Ərsindimdik)
Platalea leucorodia Pastqam qamishzorlar. Borish qiyin boʻlgan qamish bilan qoplangan va qushqoʻnmaslar oʻsadigan hududlarda uylaydi.
  Oq dumli suvburgut
(Ağquyruq dəniz qartalı)
Haliaeetus albicilla Qishda ozuqa izlab daryo, koʻl va dengiz qirgʻoqlariga boradi. Baland daraxtlarda tunaydi.
  Qironqora
(Məzar qartalı)
Aquila heliaca Siyrak oʻrmonlar, kichik daraxtzorlar va ochiq maydonlardagi daraxt toʻplamlari.
  Burgut
(Berkut)
Aquila chrysaetos Baland daraxtlarda in quradi. Ochiq maydonlarda ov qiladi.
  Turach
(Turac)
Francolinus francolinus Butazorlar bilan qoplangan maydonlar koʻpincha boshoqli ekinlar ekilgan dalalarda va daryo boʻyidagi toʻqaylarda uchraydi.
  To‘xta tuvaloq
(Dovdaq)
Otis tarda Salyan choʻlining yalangliklarida (tekisliklarda) yashaydi.
  Bizgʻaldoq
(Bəzgək)
Tetrax tetrax Asosan choʻl va chalachoʻl qishlaydi.
  Sultonqush
(Sultan toyuğu)
Porphyrio porphyrio Asosan qamishzorlarda uyalaydi.
  Qiziltomoq gʻoz
(Qırmızıdöş qaz)
Branta ruficollis Dengiz qirgʻoqlari, dasht koʻllari, daryolarning quyilish qismlari.
  Marmar churrak
(Mərmər cürə)
Marmaronetta angustirostris Kam suvli chuchuk va shoʻr suv havzalari hamda qamishzor orollar.
  Soqov oqqush
(Fısıldayan qu)
Cygnus olor Ochiq koʻllar, dengiz qirgʻoqlari.
  Kichik oqqush
(Kiçik qu)
Cygnus bewickii Kaspiy dengizi qirgʻoqlarida yashaydi.
  Torgʻoq
(Qırıldayan cüllüt)
Vanellus gregarius Choʻl va shoʻrxoklar, kamdan-kam sugʻoriladigan yerlarda uchraydi.
  Oqquyruq qizqush
(Ağquyruq çökükburun)
Vanellus leucurus Suv havzalarining botqoqlashgan qirgʻogʻi.
  Glareola pratincola
(Çöl haçaquyruq cüllütü)
Glareola pratincola Koʻllar tizimidagi orolchalar, qurib qolgan qum koʻtarmalari va kichik qamish zorlar.

Qoʻriqxona hududi muhofazasi va ahamiyati

tahrir

Kaspiy dengizi sathining pasayishi va qishloq xoʻjaligi melioratsiyasi oqibatida, qishda koʻp miqdordagi suv-botqoq qushlarini oʻziga jalb qilgan Lankaron pasttekisligidagi suv havzalari va botqoqliklarning umumiy maydoni bir necha barobar qisqarib ketdi. Shu sabab hudduga qishlash uchun uchub keladigan qushlar soni ham kamaydi. Masalan, qoʻriqxonada 1938/1939-yillar qishida 3,5 – 4 million daryo oʻrdaklari qishlagan. 1958-yil noyabr oyining oxirida bir koʻrfazning oʻzida 6 milliondan ortiq suv qushlari uchib kelgani kuzatilgan boʻlsa, 1967 va 1968-yillar yanvar oylarida qoʻriqxonaning butun hududida atigi 1,2 va 1,5 millionga yaqin, butun pasttekislik va uning atrofida esa 2 millionga yaqin oʻrdaklar qishlash uchun uchib kelgani qayd etilgan[1].

Qizilgʻoch qoʻriqxonasi asosan suv va suv-botqoq qushlari qishlaydigan huddularni muhofaza qilish uchun katta ahamiyatga ega. Shunday qilib, SSSR Fanlar akademiyasining tabiatni muhofaza qilish komissiyasi raisi, professor G. P. Dementyevning soʻzlariga koʻra, 1958-yilda qishlov hududlarida brakonerlikka qarshi yanada samarali kurashish va qishlov hududlarida suv qushlarini ovlashni taqiqlash masalasi qoʻyilgan[1]. Qishlovchi qushlarni muhofaza qilish maqsadida Qizilgʻoch qoʻriqxonasining toʻliq daxlsizligi eʼlon qilingan va belgilangan chegaralar doirasida ov qilish qatʼiy va butunlay yopilgan[1]. Hozirgi vaqtda qoʻriqxonada turach[1], qizil oyoqli kazarka, jingalaksoch saqoqush, kichik qorabuzov, bizgʻaldoq, oqbosh kichik gʻoz, flamingo va boshqa shu kabi noyob qushlar qoʻriqlanmoqda.

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi qoʻriqxonani Ia toifaga kiritgan. Yaʼni hudud toʻliq daxlsiz boʻlib kuchli qoʻriqlanadi. Bugungi kunda qoʻriqxona va unga yaqin hududlarning Ramsar suv-botqoq yerlari konvensiyasining „suv qushlarining yashash hududlari sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan botqoq yerlar“ roʻyxatiga kiritilgan va shuning uchun qoʻriqxona jahon ahamiyatiga ega hisoblanadi.

Ilmiy tadqiqotlar

tahrir

Qizilgʻoch qoʻriqxonasi tabiatni muhofaza qilish bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan yirik ilmiy markaz hisoblanadi. Qizilgʻoch ornitologik qoʻriqxona oʻlaroq tasniflanadi, chunki hudud Janubiy Kaspiydagi qushlarning qishlov hududlarini qoʻriqlaydigan (Ozarbayjonda S. M. Kirov nomidagi Qizil-Ogʻoch, Turkmanistonda Gasan-Kuli) ornitologik qoʻriqxonalar guruhiga mansubdir[1]. Qishlaydigan qushlarning koʻpligi va xilma-xilligi sabab Qizilgʻoch qoʻriqxonasi ilmiy va xoʻjalik nuqtai nazaridan gʻoyat qimmatlidir[31]. Ornitologlar har yili bu yerda qushlarni halqalaydilar. Maqsad ularning koʻchib oʻtish yoʻllarini aniqlash, shuningdek, turli qushlarning umr koʻrish davomiyligi va keyingi yili qancha voyaga yetgan joʻjalar oʻzlari tugʻilgan galaga qaytib kelishi haqida maʼlumot olishdir.

Qoʻriqxonada biologiya fakultetlari talabalari dala amaliyoti oʻtamoqda. Bundan tashqari, Sovet Ittifoqi davrida qoʻriqxona mamlakat biolog-talabalarining qishki dala amaliyoti oʻtaydigan eng mashhur hudud boʻlgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Заповедники Советского Союза, М., 1969. 
  • Главное управление по охране природы, заповедникам, лесному и охотничьему хозяйству.. Кызыл-Агачский государственный заповедник им. С. М. Кирова: к 50-летию заповедника. Баку: Азербайджанское гос. изд-во, 1979. 
  • Алиев Р. А.. Очерк растительности Кызыл-Агачского заповедника им. С. М. Кирова. Баку: Изд-во АН Азерб. ССР, 1954. 
  • Гаджиев В. Д., Юсифов Э. Ф.. Флора и растительность Кызылагачского заповедника и их биоразнообразие, Баку, 2003. 
  • А. Сушкина, Д. Виталь. О зимовке птиц в Кызыл-Агачском заповеднике // журнал «Охота и охотничье хозяйство», № 7, 1974. стр. 27
  • В. Мехтиев, А. Стенченко. Кызыл-Агачскому заповеднику — 50 лет // журнал «Охота и охотничье хозяйство», № 6, 1980. стр. 18-19

Manbalar

tahrir
  1. ГУГК СССР.. Атлас Азербайджанской ССР, М., 1979 — 21-bet. 

Havolalar

tahrir