Amal (arabcha — ish, faoliyat, harakat) — 1) mansab, lavozim, hunar; 2) meʼmorlikda koʻpincha eski imoratlarda meʼmor yoki ustaning dastxati shu soʻz bilan boshlanadi. „Amali usto…“ kabi; 3) hisoblashdagi toʻrt amal — qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish, boʻlish; 4) tibbiyotda taʼsir qilish. Masalan, chechakka qarshi emlangan joy boʻrtib, qora qoʻtir boʻlib koʻchib tushsa yoki biror kasallikka qarshi dori berilganda bemor sogʻayib ketsa, dori amal qilgan boʻladi; 5) islom ilohiyotida din aqidalariga ishonishdan tashqari dindor oʻz faoliyati va harakati bilan bajarishi lozim boʻlgan barcha vazifalar va savob ishlarni ifoda etuvchi tushuncha. Amal umumiy mazmunda diniy marosimlar, urf-odatlar bilan bogʻliq vazifalarni oʻz ichiga oladi. Qur’onda „amal“ soʻzi juda koʻp suralarda keladi, bunda musulmonlar tomonidan bajariladigan yaxshi, foydali ishlar ham, shayton tomonidan odamlarga qarshi qilinadigan yomon, zararli ishlar ham tushuniladi; 6) musiqada — oʻtmishda kuy yoki ashulaning maʼlum uslubda yaratilgan shakli. Navoiy va Bobur asarlarida, Kavkabiy va Darvishali Changiyning „Risolai musiqiy“ asarlarida amallar va ularni yaratgan bastakorlar haqida maʼlumotlar berilgan. Kavkabiyning yozishicha, agar bir necha kuy tuzilmalarida sarxona, miyonxona va bozgoʻy kabi unsurlar boʻlib, unga maʼlum oʻlchovdagi sheʼr asos qilib olingan boʻlsa, amal hisoblanadi. Darvishalining aytishicha, amal cholgʻu muqaddima (mustahal) bilan boshlanadigan ashuladir. Unda oʻrta registrda ijro etiladigan miyonxona va qaytarma qism — bozgoʻy boʻlishi shart. Amal hozirgi Shashmaqomda ham uchraydigan taronalarning yirikroq shaklidir. Yozma manbalarda amali tarona ham uchraydi. Bu tarona shaklidagi amaldir.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil