Ahmad ibn Buvayh forscha: احمد بن بویه; 967-yil 8-aprelda vafot etgan) Iroqning birinchi buvayhiy amiri. 945-yilda vafotiga qadar hukmronlik qilgan. 945-yildan keyin Muizz ud-Davla (arabcha: معز الدولة البويهي, „Sulolaning mustahkamlovchisi“) laqabi bilan mashhur boʻlgan.

Muizz ud-Davla
Iroq amiri
Amir ul-umaro

Muizz ud-Davla tangasi
Saltanat 945—967
Davomchisi Izz ud-Davla
Tugʻilishi 915
Daylam
Vafoti 967-yil 8-aprel (52 yoshda)
Iroq
Farzandlari
Toʻliq nomi
Ahmad ibn Buvayh
Sulola Buvayhiylar
Otasi Buvayh
Dini Islom (Shialik)

Islomni qabul qilgan daylamiy baliqchining oʻgʻli Ahmad ibn Buvayh togʻli Daylam hududida tugʻilgan. 928-yildan ikki ukasi bilan Daylamlik harbiy boshliq Makan ibn Kakiga xizmat qila boshlagan. Biroq ular tezda Ziyoriy hukmdor Mardavij foydasiga bay’atlarini o‘zgartirgan. Bir necha yil o'tgach, Mardaviy aka-ukalardan birini oʻldirishni rejalashtirganini bilib, hukmdorga qarshi isyon koʻtarishgan. 935/36-yilda Kirmonga muvafaqqiyatsiz bosqin uyushtirgan Ahmad ibn Buvayh keyinchalik Istahrga yuborilgan. Ushbu hududdan avval Xuziston, keyinchalik esa Iroqqa bosqin uyushtira boshladi. 945-yilda rasman Iroq va Xuziston hukmdori deb tan olingach, xalifadan „Muizz ud-Davla“ unvonini olgan. Ikki ukasi esa boshqa hududlar hukmdorlari boʻlib, xalifadan unvonlar olishgan.

Hukmronligi davrida Muizz ud-Davla Iroqni nazorat qilish uchun boshqa sulolalar bilan to‘qnashuvlarga kirishgan. 946-yilda Bag‘dodda Muizz ad-Davla va Hamdoniylar amiri Nosir ud-Davla o‘rtasida bir necha oy davom etgan muhim jang bo‘lib o‘tib, unda Muizz ud-Davla g‘alaba qozondi. Muizz ud-Davla Batiha amirligiga qarshi bir necha bor jang qilsa-da, ularni qatʼiy magʻlubiyatga uchratmagan. Muizz ud-Davlaning baʼzi daylamiy qarindoshlari bilan ham muammolari boʻlib, ular baʼzan isyon koʻtarishgan. Shunaqa isyonlardan eng xavflisi 955—957-yillarda boʻlib oʻtgan Ruzbahan qoʻzgʻoloni edi. Muizz ud-Davla 967-yilda vafot etgunga qadar barcha dushmanlarini magʻlub etib, Iroqning mutlaq hukmdori boʻlgan. Vafotidan keyin oʻrniga oʻgʻli Izz ud-Davla kelgan.

Oilasi va faoliyati

tahrir

Ahmad zardushtiylik dinini tark etib, islomni qabul qilgan lahijonlik daylamiy baliqchi[1] Buvayhning oʻgʻli boʻlgan[2]. Ahmadning Ali va Hasan ismli ikki akasi va Kama ismli singlisi boʻlgan[3].

Taxminan 928-yilda Ahmadning akasi Ali Rayning somoniy hukmdori Makan ibn Kaki xizmatiga kirgan. Keyin Ali Ahmad va ukasi Hasan ham harbiy lavozimlarni egallashiga muvaffaq boʻldi. Bu vaqtda Ahmad taxminan 13 yoshda edi. Makan oʻzining somoniy hukmdorlariga hujum qilib, keyinchalik ziyoriy shahzodasi Mardavijdan magʻlubiyatga uchragach, aka-ukalar Mardavijga xizmat qila boshlagan. Keyingi yillarda Ali Mardavijga xizmat qilishdan voz kechib, bir muncha vaqt oʻtgach Forsda oʻz imperiyasini tuzishga muvaffaq boʻlgan. Boʻlib oʻtgan janglarda Ahmad oʻzini koʻrsatgan.

935 yoki 936-yilda Ali Kirmonni Banu Ilyosdan tortib olish uchun ushbu hududga joʻnatadi. Ahmad Kirmonning katta qismini bosib oldi. Shundan soʻng, balujlar va arab qafslarining qarshiligiga duch kelib[4], jangda boshidan yaralangan, bir qoʻli, boshqa qoʻlining esa bir nechta barmogʻini yoʻqotgan. Kirmon ustidan buvayhiylarning bevosita nazoratini oʻrnatish imkoni boʻlmadi. Ali Ahmadni ortga chaqirib oldi. Soʻngra Ahmad Istahrga yuborilib, u yerda keyingi buyruqni kuta boshladi.

Ahmadning buvayhiylar mulkini kengaytirish uchun navbatdagi imkoni Baridiylar Alidan yordam soʻragan vaqtda paydo boʻldi. Xuzistonda hukmronlik qilgan baridiylar rasman Abbosiylar xalifaligiga boʻysunib, mustaqil boʻlishga harakat qilgan. Ali Ahmadni bu hududga yuborgan. Ahmad baridiylar hokimiyatini yoʻq qilib, viloyatni boʻysundirishga muvaffaq boʻldi.

Iroqning bosib olinishi

tahrir
 
Iroqning 9-10-asrlardagi holati xaritasi

Xuzistondan tartibsizlik ichida qolgan Iroqqa bir necha bor yurish qilgan. Bu yurishlar shaxsiy tashabbus bilan amalga oshirilgan boʻlib, Ali ularga buyruq ham bermagan, yordam ham joʻnatmagan edi. Ahmad 944-yilda Vositni egalladi. Al-Madain yaqinida uni xalifalikning amalda hukmdori boʻlgan Tuzun boshchiligidagi Abbosiylar qoʻshini kutib turardi. Oxir-oqibat, Ahmad jangda gʻalaba qozonib, Bagʻdod tomon yura boshladi. 28-iyul kuni Tuzun Bagʻdodga olib boradigan koʻprikni buzib tashlagach, Ahmad Ahvozga chekinishga majbur boʻldi[5]. 945-yilda Abbosiy zobit Yanal Kusha Ahmad tomonga oʻtgach, Ahmad qisqa vaqt ichida yana Iroqqa bostirib kirdi[6].

Ahmad 945-yil 19-dekabrda hech qanday jangsiz Bagʻdod ustidan nazoratni qoʻlga kiritgach, amir ul-umaro lavozimini egallab, xalifalik boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi. Xalifa al-Mustakfiy unga „Muizz ud-Davla“ (Davlatni ulugʻlovchi) faxriy unvonini berdi. Aliga „Imod ud-Davla“ (Davlatni qoʻllovchi) unvoni berildi. Ahmadning shimoliy Forsni boshqarayotgan akasi Hasanga esa „Rukn ud-Davla“ (Davlatning ustuni) unvoni berildi. Daylamiy koʻplab daylamiy askarlarni Iroqqa koʻchirib kelib, shu yerga joylashtirdi. Shuningdek, koʻplab mashhur fors davlat amaldorlarini, jumladan Basra moliya vaziri lavozimida ishlagan, fasanjas oilasi vakili Abu Fadl al-Abbos ibn Fasanjasni ham olib keldi[7].

Muizz ud-Davla Iroq nazoratini oʻz qoʻliga olganiga qaramay, Sherozda hukmronlik qilgan Imod ud-Davlaga boʻysunishda davom etgan. Oʻzi hamda Imod ud-Davla nomi yozilgan tangalar zarb qildirgan. Nazariy jihatdan uni katta amirga aylantirgan hamda tez orada Imod ud-Davla daʼvo qila boshlagan amir ul-umaro unvoni ham qisman maʼnoga ega edi. Muizz ud-Davla maʼlum darajada mustaqillikni saqlab qolgan boʻlsa-da, asosan Imod ud-Davlaga boʻysungan.

Hamdoniylar bilan birinchi urush

tahrir

Kelib chiqishi

tahrir

Bu voqea haqidagi xabar Mosul va sharqiy Jazira hududlarida hukmronlik qilayotgan Hamdoniylar amiri Nosir ud-Davla tomonidan salbiy qabul qilindi. Nosir ud-Davla biroz avval, 942-yilda Bagʻdodni nazorat qilgan hamda hali ham shaharni qaytarib olish umidida edi[8].

Nosir ud-Davla, agar Bagʻdodni egallashga urinsa, Muizz ud-Davlani magʻlub eta olishiga ishonishi uchun asos bor edi. Muizz ud-Davla poytaxtga kirishidan biroz oldin Bagʻdoddan qochib ketgan koʻplab turkiy askarlarining huzuriga kelishi uning qoʻshinini yanada kuchaytirgan edi[9]. Bundan tashqari, u Mosul va Bagʻdod oʻrtasidagi hududni raqibiga nisbatan ancha yaxshi bilardi. Muizz ud-Davla esa, aksincha, nisbatan beqaror vaziyatda edi. Bagʻdod koʻp yillik notoʻgʻri boshqaruv oqibatida ogʻir ahvolga tushib qolgani sababli Muizz ud-Davla shahardagi moliyaviy va harbiy muammolar oldida qiyin ahvolda qolgan edi[10]. 946-yilning yanvarida Muizz ud-Davla xalifa al-Mustakfiyni taxtdan agʻdarib, koʻzini koʻr qilgach, uning oʻrniga itoatkor al-Mutiyni tayinlashi Nosir ud-Davla uchun urushga bahona boʻldi[11]. Natijada, Nosir ud-Davla buvayhiylarga nisbatan dushmanona munosabatda boʻla boshladi. Jumladan, Bagʻdodga toʻlanadigan xiroj toʻlovini toʻxtatdi[12], al-Mutiyni xalifa deya tan olishdan bosh tortdi va al-Mustakfiy nomidan tanga zarb etishni davom ettirdi[13].

Dastlabki harbiy harakatlar

tahrir

Tez orada ikki amir oʻzaro kelishuvga erisha olmasligi maʼlum boʻldi. 946-yilning fevralida Muizz ud-Davla Mosulni zabt etish uchun yurishga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Muso Fayoz va Yanal Kushoh boshchiligidagi qoʻshinni Ukbara shahriga joʻnatdi. Biroq, Yanal Kushoh toʻsatdan Musoga hujum qilib, Hamdoniylar tomonga oʻtib ketgach, yurish tugatildi. Nosir ud-Davla bu bosqinchilik harakatiga javob berib, keyingi oyda turklardan iborat qoʻshinini Samarraga boshlab keldi. Muizz ud-Davla ham xuddi shunday qoʻshin yigʻib, xalifa al-Mutiy bilan birga Bagʻdoddan Ukbaraga joʻnab ketdi[14].

Nosir ud-Davla Samarrada turganida, ukasi Jubayrni buvayhiylar qoʻshinini aylanib oʻtib, janubga, Bagʻdodga yurish uchun yubordi. Jubayr shaharga yetib kelgach, uni shahar aholisi va Muizz ud-Davlaning sobiq kotibi Muhammad ibn Shirzod kutib oldi. Ibn Shirzod Hamdoniylar sulolasiga sodiqligini bildirib, ular nomidan Bagʻdod shahrini boshqarishni oʻz zimmasiga oldi. Shundan soʻng Nosir ud-Davlaning oʻzi Bagʻdod tomon yoʻl olishga qaror qildi. Amakivachchasi al-Husayn ibn Saidni Muizz ud-Davlani chalgʻitish uchun jang maydonida qoldirib, janubga yoʻl oldi. 15-aprel kuni Bagʻdod gʻarbiga yetib keldi. Bir guruh daylamiylar yuklarini tortib olish bilan tahdid qilgani sababli, ularni yoʻq qilishga majbur boʻlgan boʻlsa-da, Nosir va uning qoʻshinlari shahar ustidan nazoratni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi[15].

Muizz ud-Davla Bagʻdod boy berilganidan xabar topgach, Tikrit va Samarrani talon-taroj qilish bilan band boʻlgan Daylamiy askarlarini yigʻib, shaharga qaytib ketdi. Shaharga yetib kelgach, Nosir ud-Davla Dajla daryosini kesib oʻtib, Bagʻdodning sharqiy qismidagi Shammasiya dahasi tashqarisida qarorgoh qurganini koʻrdi. Shu sababli, Muizz ud-Davla shaharning gʻarbiy tomonida oʻrnashib, ikki tomon ham jangga hozirlik koʻra boshladi[16].

Turgʻunlik

tahrir

Keyingi uch oy davomida Bagʻdod nazorati va Dajla daryosi qirgʻoqlari Hamdoniylar va Buvayhiylar oʻrtasida boʻlindi. Hamdoniylar tomonida Nosir ud-Davla Ibn Shirzodni asosiy qoʻmondonlardan biri etib tayinlagan boʻlsa, gʻarbiy tomondagi Muizz ud-Davlaning bosh kotibi Abu Ja’far Saymariy buvayhiylarning harbiy harakatlariga boshchilik qilgan[17].

Ikkala tomon ham shaharni toʻliq nazorat ostiga olishga qatʼiy qaror qilishdi. Jang tez orada boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Bagʻdodning turli hududlarida janglar yuz berdi. Hamdoniylar kuchlari ham, buvayhiylar kuchlari ham bir-biriga qarshi hujumkor harakatlarni amalga oshirdilar. Biroq, hech bir tomon shahar ustidan toʻliq nazoratni qoʻlga kiritish uchun yetarlicha gʻalabaga erisha olmadi. Qoʻshinlarni Dajla daryosidan muvaffaqiyatli olib oʻtish qiyin edi. Hatto qoʻshin narigi qirgʻoqqa chiqishga muvaffaq boʻlgan taqdirda ham, qisqa vaqt ichida chekinishga majbur boʻlardi[18].

Har ikki tomonning ham asosiy maqsadi Dajla qirgʻoqlarini nazorat qilish edi. Hamdoniylar va Buvayhiylar qoʻshinlari zabzablar yoki kichik daryo qayiqlari yasab, ulardan bir-birlariga hujum qilish uchun foydalanishgan. Ibn Shirzod har kuni Dajla daryosi boʻylab yuqori va quyiga turklar bilan toʻla bir qancha zabzoblarni boshqarib borardi. Ular shaharning gʻarbiy qismida joylashgan daylamiylarga qarata oʻq otardilar. Muizz ud-Davla ham zabzablardan iborat flot qurdi. Uning askarlari bu kemalardan foydalanib, daryoni nazorat qilayotgan Hamdoniylar kuchlariga qarshi jang olib bordilar[19].

Sharqiy tomondagi Nosir ud-Davla Bagʻdodni oxirgi marta nazorat qilgan 942—943-yillardagi tangani qayta zarb qilish orqali shaharni egallab olishni qonuniylashtirishga harakat qildi. Aholining bir qismi uning da’volariga ishonib, urush davomida uni qoʻllab-quvvatladi. Ibn Shirzod mahalliy fuqarolar va jinoyatchilarni safarbar etish orqali Hamdoniylar qoʻshini saflarini kengaytirishga erishdi. Ushbu askarlar Muizz ud-Davlaning daylamiy askarlariga qarshi hujumlarda ishtirok etdilar[20].

Boʻlib oʻtgan urushlar davomida Bagʻdod iqtisodi katta zarar koʻrdi. Har ikki tomon ham oʻz qoʻshinlarini boqish uchun mahalliy dehqonlarning hosilini tortib oldi. Sharqiy Bagʻdod Mosuldan kelib turgan yuklar tufayli jiddiy taqchillikdan qutulgan boʻlsa, gʻarbiy qismi nizolar davomida taʼminotsiz qoldi. Nosir al-Davla qoʻshinlari gʻarbiy tomondagi fuqarolarning sharqiy tomonga oʻtishiga yoʻl qoʻymadi. Shu bilan birga, bir qancha ittifoqchi arab qabilalari gʻarbiy Bagʻdodni qurshab olib, ta’minot oqimini toʻxtatib qoʻydi. Qamal samarali boʻlib, tez orada Buvayhiylar tomonida tanqislik avj oldi. Non narxi daryoning sharqiy qirgʻogʻidagi narxdan olti baravargacha koʻtarilib ketsa-da, ba’zan umuman topilmay qoldi[21]. Och qolgan odamlar oʻt va oʻlik yeyish bilan cheklandi. Bir nechta ayollar kannibalizm harakatlari uchun qatl qilindi[22].

Buvayhiylar gʻalabasi

tahrir

945-yil iyul oyiga kelib, jang tugashiga hech qanday umid yoʻqligi va qamal tufayli ta’minotning tobora kamayib borayotganini koʻrgan Muizz ud-Davla gʻarbiy Bagʻdodni tark etib, Ahvozga chekinish haqida oʻylay boshladi[23]. Oxirgi marta sharqiy qirgʻoqni egallash uchun urinib koʻrishga qaror qilib, agar bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, chekinish haqida buyruq berishini ma’lum qildi. Oʻzining bosh kotibi Saymariyga bir necha tanlab olingan daylamiylar bilan sharqiy sohilga oʻtishni buyurdi. Oʻzi esa Hamdoniylar qoʻshinlarini chalgʻitish uchun hiyla ishlatishga harakat qilmoqchi edi.

Reja 1-avgust kuni tunda amalga oshirildi[24]. Muizz ud-Davla bir guruh odamlarni shimolga boshlab, yoʻl davomida mash’alalar yoqib, karnaylar chalishni buyurdi. Hamdoniylar qoʻshini bu harakatlarni koʻrib, qoʻshinning daryodan oʻtishiga toʻsqinlik qilish uchun shimolga tomon harakat qildi. Vaziyatdan foydalangan Saymariy va uning askarlari sharqiy qirgʻoqqa oʻtishga kirishdilar. Hamdoniylar qoʻshini vaziyatni anglab yetgach, askarlarni toʻxtatish uchun bir qancha askarlarni zabzablarda joʻnatdi. Ikki oʻrtada shiddatli jang boshlanib ketdi. Oxir-oqibat daylamiylar gʻalaba qozonib, Hamdoniylar qoʻshinlarini shaharning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Shammasiya darvozasiga qadar chekinishga majbur qilishdi.

Daylamiylar qoʻshini Sharqiy Bagʻdod boʻylab yoyila boshlagach, Hamdoniylar qoʻshini tartibsiz ravishda parchalana boshladi. Nosir ud-Davla shaharni yoʻqotish xavfi borligini anglagan holda, Ibn Shirzodga qoʻshinlarga boshchilik qilib, daylamiylarni daryoning narigi qirgʻogʻiga siqib chiqarishni buyurdi. Ibn Shirzod yoʻlga tushdi. Biroq sarosimaga tushgan askarlarni qayta toʻplashning uddasidan chiqa olmagani bois qochishga qaror qildi. Shundan soʻng Nosir ud-Davla magʻlub boʻlganini anglab, chekina boshladi. Hamdoniylar qoʻshinlari Bagʻdoddan chiqib ketgach, buvayhiylar shahar ustidan nazoratni qoʻlga olish imkoniga ega boʻldilar.

Sharqiy Bagʻdod esa hali ham notinch edi. Daylamiylar qoʻshini shaharning sharqiy dahalarini egallab, hamdoniylarni qoʻllab-quvvatlagani uchun mahalliy aholidan qasos ola boshladi. Muizz ud-Davlaning talonchilikdan tiyilish haqidagi buyrugʻini eʼtiborsiz qoldirgan askarlar bosqinchilikni boshlab yubordilar. Jumladan, uylarga oʻt qoʻydilar, koʻplab tinch aholi vakillarini qatl etdilar. Vahimaga tushgan koʻpchilik aholi shimoldagi Ukbara tomon qochishga uringan. Biroq yozning jaziramasi tufayli yoʻlda halok boʻlgan. Saymariy bir necha talonchilarni qatl etib, tartibni qayta tiklash uchun soqchilarni joʻnatganidan soʻnggina tartibsizlik barham topdi[25].

Oqibati va mahalliy hukmdorlarga qarshi kurash

tahrir

Bagʻdoddan haydab chiqarilgan Nosir ud-Davla, Ibn Shirzod va Hamdoniylar qoʻshini qayta toʻplanish uchun Dajla daryosi boʻylab Ukbara shahriga yoʻl oldi[25]. Shaharga yetib kelgach, Nosir ud-Davla Muizz ud-Davla huzuriga tinchlik taklifi bilan elchi yubordi. Muizz ud-Davla shartlarga rozi boʻlgach, ikki tomon oʻrtasidagi urush tugadi. Muizz ud-Davla Hamdoniylarni Tikritdan shimoldagi hududlar hukmdori deya tan olishga, ularni Mosul hamda Diyor Bakr viloyatlaridan olinadigan soliq daromadlarini topshirish majburiyatidan ozod etishga rozilik bildirdi. Buning evaziga Nosir ud-Davla Ixshidiylar Misri va Suriyaning soliq tushumlarini Bagʻdodga yetkazib berish mas’uliyatini oldi hamda shaharga muntazam ravishda har qanday soliqlardan tashqari ta’minotlarni yuborib turishga va’da berdi[26]. Bundan tashqari, al-Mutiyni qonuniy xalifa deya tan olishga rozilik bildirdi[13].

Hamdoniylar qoʻshini tarkibidagi turkiy yollanma askarlar Muizz ud-Davlaning Bagʻdodni egallab turishiga qarshi edilar. Ularga Nosir ud-Davlaning buvayhiylar bilan sulh tuzishga urinayotgani haqida ma’lum qilinmagan edi. Ikki amir shartnoma tuzishga kelishganini eshitgan askarlar Nosir ud-Davlaga qarshi isyon koʻtarib, uni qochishga majbur qilishdi. Nosir ud-Davla Muizz ud-Davladan yordam soʻrashga majbur boʻldi. Saymariy boshchiligidagi buvayhiylar qoʻshini turkiylarni boʻysundirish hamda shartnomani kuchga kiritish uchun yuborildi. Saymariy qoʻzgʻolonchilarni magʻlub etib, Nosir ud-Davlaning mavqeyini tikladi. Biroq, bir qator ta’minotlarni musodara qildi va tinchlik shartlariga rioya qilinishini kafolatlash uchun Nosir ud-Davlaning oʻgʻlini garovga olib, Bagʻdodga qaytib ketdi[27].

Muizz ad-Davla endi e’tiborini Basra va Vositni hamon oʻz nazoratida ushlab turgan Baridiylarga qaratdi. 947-yilda ularni yengib, yerlarini oʻziga boʻysundirdi. Ushbu magʻlubiyat yirik janglarning yakun topganini bildirardi.

Buvayhiylar va Hamdoniylar oʻrtasidagi ziddiyat 948-yilda qayta avj oldi. Bu safar Muizz ad-Davla yana Mosulga qarshi yurish boshladi, biroq Forsda qiyinchiliklarga duch kelgan akasi Rukn ud-Davlaga yordam berish uchun oʻz harbiy yurishini toʻxtatishga majbur boʻldi. Buning evaziga Nosir ud-Davla Jazira va Suriya uchun oʻlpon toʻlashni qayta boshlashga, shuningdek, juma xutbasida xalifa nomidan soʻng uchta Buvayhiy aka-ukalarning ismlarini qoʻshishga rozilik bildirdi[28].

Batiha amirligiga qarshi urush va Imod ud-Davlaning vafoti

tahrir

Muizz ud-Davla akasiga yordam bergach, Abu Ja’far as-Saymariyni Batiha amirligini boʻysundirish uchun yubordi. U Batiha hukmdori Imron ibn Shohinni magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻldi. Natijada, Imron ibn Shohin qochishga majbur boʻlib, oila a’zolari qamoqqa olindi. Ayni shu paytda, Muizz ud-Davla oʻz qaynogʻasi Ispahdostni al-Mutiy bilan birga fitna uyushtirganlikda ayblab, qamoqqa tashladi.

949-yilda Imod ud-Davla vafot etgach, Rukn ud-Davla katta amir unvonini oldi. Muizz ud-Davla hukmdorlar almashinuvini ma’qullagach, Rukn ud-Davlaning oʻgʻli hamda Imod ud-Davlaning vorisi boʻlgan Fano-Xusravning Sherozda hokimiyatni qoʻlga olishini ta’minlash maqsadida al-Saymariyni u yerga joʻnatdi. Shunga qaramay, Fano-Xusrav „Toj ud-Davla“ unvonini talab qilganda eʼtiroz bildirdi. „Toj“ unvoni Fana-Xusravning otasi va amakilaridan ustunligini anglatishi Muizz ud-Davlaning noroziligiga sabab boʻlgan. Buning oʻrniga boshqa munosibroq unvon (Adud ud-Davla) tanlangan[29]. Koʻp oʻtmay, Muizz ud-Davla Batihaga qarshi yana bir harbiy yurish amalga oshirdi. Daylamiy zobit Roʻzbahan boshchilik qilgan bu harbiy yurish muvaffaqiyatsiz tugadi. Ruzbahon Imronning joylashgan yerini aniqlab, unga hujum qildi. Biroq jiddiy magʻlubiyatga uchrab, chekinishga majbur boʻldi.

Shundan soʻng Imron yanada dadillashib, uning odamlari yoʻllaridan oʻtgan har kimdan, hatto hukumat amaldorlaridan ham, himoya puli talab qila boshladilar. Natijada, Basraga boruvchi suv yoʻli amalda toʻsib qoʻyildi. Muizz ud-Davlaning bosh kotibi Abu Ja’far as-Saymariy 650/651-yilda vafot etgach, oʻrniga Abu Muhammad al-Hasan al-Muhallabiy tayinlandi. Muizz ud-Davla oʻz zobitlaridan Imron masalasida koʻplab shikoyatlar olgach, 950 yoki 951-yilda al-Muhallabiy va Ruzbahon qoʻmondonligida yana bir qoʻshin joʻnatdi.

Vazirni yoqtirmaydigan Roʻzbahan uni Imronga toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilishga undadi. Roʻzbahan oʻz qoʻshinlarini orqa tomonda ushlab turib, ikki tomon oʻrtasida jang boshlanishi bilanoq qochib ketdi. Imron hududning oʻziga xos xususiyatlaridan unumli foydalanib, pistirmalar qoʻydi va al-Muhallabiy qoʻshinini chalgʻitishga erishdi. Vazirning koʻplab askarlari jangda halok boʻldi. Oʻzi esa asir tushishdan arang qutulib, suv orqali xavfsiz joyga qochdi. Shundan soʻng Muizz ud-Davla Imron bilan kelishuvga erishib, uning shartlariga rozi boʻldi. Asirlar almashtirilib, Imron buvayhiylar vassaligini qabul qildi va Batiha noibi etib tayinlandi.

Ikki tomon oʻrtasidagi tinchlik taxminan besh yil davom etdi. 955-yilda Muizz ud-Davlaning vafoti haqidagi yolgʻon mish-mishlar Imronni Ahvozdan Bagʻdodga ketayotgan buvayhiylar karvonini qoʻlga kiritishga undadi. Muizz ud-Davla musodara qilingan mahsulotlar qaytarilishini talab qildi. Imron faqatgina pulni qaytarib, mahsulotlarni oʻzida saqlab qoldi. Muizz ud-Davla Ruzbahanni uchinchi marta botqoqlikka joʻnatdi. Bu safar Ruzbahan isyon koʻtargani tufayli Imron yangi hujumdan qutulib qoldi. Roʻzbahanga al-Muhallabiyning daylamiy askarlari ham qoʻshildi.

Ruzbahan qoʻzgʻoloni

tahrir

Muizz Iroq janubida boshlangan Ruzbahan boshchiligidagi daylamiy askarlar isyoni bilan band bo‘lgan paytda, Nosir ud-Davla janubga yurish qilib, Bag‘dodni egalladi. 957-yilda Muizz ud-Davla Ruzbahan bilan hal qiluvchi jangga kirdi. Ruzbahan g‘alabaga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, Muizz ud-Davlaning turkiy gʻulomlardan iborat qo‘shinidan mag‘lubiyatga uchradi. Bu magʻlubiyat Ruzbahan qoʻzgʻolonining tugaganini anglatardi[30]. Ruzbahan jang paytoda asir olinib, Sarat nomli qalʼaga qamab qoʻyilgan. Ruzbahanning daylamiy tarafdorlari qalʼani egallab, Ruzbahanni qutqarish rejasini tuza boshlagan.

Daylamiylarning rejasidan xabar topgan Muizz ud-Davlaning zobiti Abul Abbos Musofir Muizz ud-Davlani Ruzbahanni oʻldirishga undagan. Muizz aud-Davla dastlab ikkilandi. Biroq boshqa bir qancha zobitlar uni fitna xavfi haqiqatan mavjudligiga ishontirdilar. Kechga yaqin Muizz ud-Davlaning qoʻriqchilari Ruzbahanni Dajla daryosiga choʻktirib yuborishdi.

Shundan so‘ng Muizz ud-Davla Ruzbahanga tarafdor boʻlgan daylamiylarni lavozimlaridan chetlatishni boshladi. Ularning bir qanchasini qamoqqa oldi. Ayni paytda, oʻziga tarafdor boʻlgan turkiy g‘ulomlarni yuqori lavozimlarga tayinlab, ularga ko‘proq yerlar in’om etdi.

Hamdoniylar bilan ikkinchi urush

tahrir

Shundan so‘ng, Muizz ud-Davla Nosir ud-Davlaga qarshi hujumga o‘tdi. Nosir ud-Davla o‘z mavqeini saqlab qola olmay, Bag‘dodni tark etishga majbur bo‘ldi[28][31]. Xiroj to‘lovi va qo‘shimcha tovon evaziga tinchlik o‘rnatildi, biroq Nosir ud-Davla ikkinchi yil to‘lov yuborishdan bosh tortgach, Buvayhiy hukmdori shimolga yurish boshladi. Jang maydonida Buvayhiy qo‘shiniga dosh bera olmagan Nosir ud-Davla Mosulni tark etib, avval Mayyafariqinga, so‘ngra Halabdagi akasi Sayf ud-Davlaning huzuriga qochishga majbur bo‘ldi. Buvayhiylar Mosul va Nasibinni egallashdi. Biroq Hamdoniylar va ularning tarafdorlari o‘z xazinalari, barcha davlat hujjatlari hamda soliq qaydnomalarini olib, shimoldagi tog‘larda joylashgan ona yurtlariga chekinishdi. Natijada, Buvayhiylar qo‘shini bosib olingan hududda o‘zini ta’minlay olmadi. Buning ustiga, asosan daylamiylardan iborat bo‘lgan qo‘shinlarni mahalliy aholi yoqtirmagani uchun qo‘shinga qarshi partizanlik hujumlari uyushtirardi[32][28]. Sayf ud-Davla Muizz ud-Davla bilan kelishuvga erishishga uringan bo‘lsa-da, uning dastlabki sa’y-harakatlari rad etilgan. Faqatgina ukasining butun Diyor Robiya uchun to‘lanadigan o‘lponini o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘lganidan so‘nggina Muizz ud-Davla sulh tuzishga ko‘ndi.

964-yilda Nosir ud-Davla Muizz al-Davla bilan tuzgan kelishuv shartlarini qayta koʻrib chiqish va to‘ng‘ich o‘g‘li Fazlulloh Abu Tag‘lib al-G‘adanfarni vorisi sifatida Buvayhiylar tan olishini ta’minlashga urinib ko‘rdi. Muizz ud-Davla Nosir ud-Davlaning taklifini rad etib, yana Hamdoniylar hududiga bostirib kirdi. Mosul va Nasibin yana egallandi. Hamdoniylar esa togʻdagi qalʼalarga qochib ketishdi. 958-yildagi kabi Buvayhiylar Jazira hududida uzoq muddat o‘z mavqelarini saqlab qola olmadilar. Tez orada Hamdoniylarning Mosulga qaytishiga imkon beruvchi kelishuv imzolandi. Bu safar Abu Tog‘lib otasidan koʻra kuchli rahbar ekanligini namoyon qildi. Muizz ud-Davla keksa Nosir ud-Davla bilan emas, balki aynan u bilan shartnoma tuzdi[32][28][33].

Hayotining soʻngi va vafoti

tahrir

Rukn ud-Davlaning sharqiy Forsda turli dushmanlarga qarshi kurashlari Muizz ud-Davlaning bir necha yillar davomida harbiy yordam yuborib turishiga sabab boʻldi. Bu holat Hamdoniylar bilan doimiy ravishda kurashish zarurati bilan birgalikda Muizz ud-Davlaning bir necha yil davomida o‘z davlati chegaralarini kengaytirishiga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, Adud ud-Davlaning harbiy yordami bilan Ummonni qo‘shib olishga muvaffaq bo‘lib, ko‘p o‘tmay Mesopotamiya botqoqliklaridagi Shohiniylarga qarshi yurish boshladi. Aynan shu yurish paytida, 967-yilda Muizz ud-Davla vafot etdi[34]. 955-yilda ogʻir xasta boʻlganda voris deb eʼlon qilgan oʻgʻli Izz ud-Davla vafotidan keyin hokimiyatni egalladi. Muizz ud-Davlaning boshqa o‘g‘illari ham bor boʻlib, ular Habashiy („Sanad ud-Davla“ unvoni bilan tanilgan), Abu Is’hoq Ibrohim, Abu Tohir va Marzuban edi. Zubayda ismli bir qizi ham bor edi[35][36].

Taʼsiri va tarixiy bahosi

tahrir

Muizz al-Davlaning 945-yilda Bag‘dodga kirishi Iroqda bir asrdan ortiq davom etgan Buvayhiylar hukmronligi va shu bilan birga shia buvayhiylarning sunniy xalifalik ustidan nazoratini boshlab berdi. Shunga qaramay, o‘limiga qadar hal qilinmagan bir qator muammolar bor edi. Buvayhiylar Bagʻdodga moslashishda qiyinchilik sezishgan. Muizz ud-Davla shaharni deyarli tark etib, Ahvozga koʻchib ketmoqchi boʻlgan[37]. Buvayhiylarning Hamdoniylar va [[Vizantiya imperiyasi|Vizantiya kabi dushmanlari tahdid ham bartaraf etilmadi. Muizz ud-Davlaning hayotlik paytidayoq oʻzini namoyon etgan Bag‘dod va Sheroz o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash vafotidan so‘ng tez orada zo‘ravonlikka aylanib ketdi.

Nihoyat, turklar va daylamiylar oʻrtasidagi dushmanlik Bagʻdodda muammo keltirib chiqarishda davom etdi. 945-yilda o‘z yetakchisi bilan Bag‘dodga kirib kelgan daylamiy qo‘shinlari tufayli imtiyozlarini yo‘qotgan sunniy turklar davlatning ichki barqarorligiga doimiy tahdid solardi. Bu ahvol davlatning ichki tinchligi uchun ham xavf tug‘dirardi. Muizz ad-Davla dastlab Daylamiy qo‘shinlarini qoʻllagan bo‘lsa-da, keyinchalik ikki guruh o‘rtasida muvozanat o‘rnatishga harakat qilib, Sebuktakin ismli turkni o‘zining bosh qo‘mondoni etib tayinladi. Izz ud-Davlaning hokimiyatga kelishi esa muvozanatni buzib, ichki tarqoqlikka olib keldi.

Manbalar

tahrir
  1. Wolfgang Felix & Wilferd Madelung, pp. 342–347
  2. Iran Under The Buyids, Heribert Busse, The Cambridge History of Iran, 274.
  3. Kennedy (2004), p. 244
  4. Iran Under The Buyids, Heribert Busse, The Cambridge History of Iran, 257.
  5. Miskwaihi, p. 80
  6. Miskwaihi, p. 87
  7. Kennedy (2004), p. 220
  8. Kabir, p. 7
  9. Miskawaihi, p. 88
  10. Donahue, p. 34
  11. Canard, "Histoire," p. 513; Miskawaihi, pp. 89-90
  12. Miskawaihi, p. 86, notes that Nasir al-Dawla had effectively stopped paying the required tribute even before the Buyid takeover of Baghdad
  13. 13,0 13,1 Bacharach, p. 58
  14. Miskawaihi, pp. 92-3; Canard, "Histoire," p. 513
  15. Miskawaihi, p. 93; Canard, "Histoire," pp. 513-4
  16. Miskawaihi, p. 93; Canard, "Histoire," p. 514
  17. Miskawaihi, pp. 93-4
  18. Miskwaihi, pp. 93-5
  19. Miskawaihi, pp. 93, 95; Canard, "Histoire," p. 514
  20. Miskawaihi, p. 95; Canard, "Histoire," pp. 514-5
  21. Miskawaihi, pp. 94-5; Canard, "Histoire," p. 514; Donahue, p. 34
  22. Miskawaihi, p. 99
  23. Miskawaihi, pp. 95-6; Canard, "Histoire," p. 515; Donahue, p. 34
  24. Miskawaihi, pp. 96-7. August 1 was the last day of 334 A.H.
  25. 25,0 25,1 Miskawaihi, p. 97
  26. Miskawaihi, p. 111
  27. Miskawaihi, pp. 112-4; Donahue; p. 35; Canard, "Hamdanids," p. 127
  28. 28,0 28,1 28,2 28,3 Bowen (1993), p. 995
  29. Iran Under The Buyids, Heribert Busse, The Cambridge History of Iran, 263.
  30. Kennedy (2004), p. 217
  31. Kennedy (2004), pp. 221, 271
  32. 32,0 32,1 Kennedy (2004), p. 271
  33. Canard (1986), p. 127
  34. Iran Under The Buyids, Heribert Busse, The Cambridge History of Iran, 264.
  35. Zettersteen and Busse, p. 484
  36. Gil, pp. 350, 945
  37. Iran Under The Buyids, Heribert Busse, The Cambridge History of Iran, 261.

Adabiyotlar

tahrir
Oldingisi Abbosiylar xalifaligining amir ul-umarosi
945—967
Keyingisi
Yangi daraja Iroqning buvayhiy amiri
945—967