Past Dargʻom tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrida tashkil etilgan. 1929—1938-yillarda Akmal Ikromov tumani deb atalgan. 2001-yilda Past Dargʻom tumaniga Goʻzalkent tumani qoʻshildi. Shimoldan Oqdaryo va Ishtixon, gʻarbdan Kattaqoʻrgʻon, Nurobod tumanlari, janubdan Qashqadaryo viloyati va sharqdan Samarqand tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,87 ming km². Aholisi 325 990kishi (2019). Past Dargʻom tumanida 1 shahar (Juma), 12 shaharcha, 107 mahalla fuqarolari yigʻini, 151 qishloq aholi punktlari bor. Markazi — Juma shahri.

Past Dargʻom tumani
Паст Даргомский район
tuman
Tarkibida Samarqand viloyati
Maʼmuriy markazi Juma (shahar)
tuman hokimi Vahobjon Murodqobilov
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2019) 325251
Zichligi 1km. kv.ga 374 kishi kishi./km²
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 0,87 ming km. kv. km²
Uzunligi Samarqand shahrigacha 24 km
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 140500
Avtomobil raqami kodi 30
Rasmiy sayti http://linkfly.to/PastdargomLive
Xaritada
Past Dargʻom tumani xaritada
Koordinatalari: 39°43′2″N 66°39′29″E / 39.71722°N 66.65806°E / 39.71722; 66.65806 G O

"Past Dargʻom" nomining kelib chiqishi tahrir

Tuman nomining kelib chiqishini mahalliy tilshunos, toponimistlar daryo (Dargʻom)ning quyisi (quyisidagi yer, hudud) deb izohlaydilar. Darhaqiqat, Zarafshon daryosining pastki qismida joylashgan Dargʻom kanali tuman hududidan oqib oʻtadi. 1141-yilning 9-sentabrida Kotvon dashtida Saljuqiylar va Qoraxitoylar oʻrtasidagi jang Dargʻom daryosi boʻyida boʻlib oʻtgan va tarixchilarning taʼkidlashicha „… jangda Saljuqiylardan 30 ming kishi halok boʻlgan, 10 ming kishini Dargʻom daryosi oqizib ketgan“. Daryo nomi „Boburnoma“da ham uchraydi.

Tabiati tahrir

Tuman relyefi yassi tekislik boʻlib, sharqdan gʻarbga nishab. Yerining yuzasi uchlamchi davr choʻkindi jinslaridan tashkil topgan. Ustki qismini Zarafshon va uning irmoqlari oqizib kelgan allyuvial yotqiziqlar qoplagan. Tuman hududining janubiy-sharqi Zafarfshon togʻ tizmalarining gʻarbiy uchi bilan band. Eng baland nuqtasi 2204 metrgacha yetadi. Janubiy-gʻarbiy qismi QARNOBCHOʻL dashtining sharqiy va QARSHI choʻlining shimoliy chekkalaridan iborat chala choʻllardir. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproq. Choʻl hududida ozroq shoʻrxoklar bor. Togʻ etaklarida jigarrang va qoʻngʻir togʻ-oʻrmon tuproqlari tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklari: shuvoq, bugʻdoyiq va togʻchala choʻl oʻsimliklaridan iborat. Daryolarning qayirlarida roʻvak, qamish, shoʻrajriq, suvrang, kampirsoch, itgunafsha, yulgʻun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvon va parrandalardan: boʻri, tulki, quyon, chiyaboʻri, jayron, jayra, qobon, kaltakesak, toshbaqa, sariq ilon, echkiemar, koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush, qirgʻovul, loyxoʻrak, oʻrdak, soʻfitoʻrgʻay, chugʻurchiq, zargʻaldoq va bboshqalar uchraydi. Tuman hududining shimolidan ZARAFSHON daryosining tarmogʻi — QORADARYO va boshqa soylar oqib utadi, gʻarbida yozda qurib qoladigan soylar bor. Tuman hududi orqali DARGʻOM kanali, ESKI ANHOR kanali oʻtadi. Iqlimi keskin kontinental. Lekin, shimol, shimoliy-sharq va sharq tomondan togʻlar bilan oʻralganligi uchun qishi iliqroq. Yanvar oyida oʻrtacha harorat — 1,9°, iyulda 27,2°, eng past harorat —26°, eng yuqori harorat 44°. Yillik yogʻin 328 mm boʻlib, asosan, qish va bahorda yogʻadi.

Aholisi tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 374 kishi.

Xoʻjaligi tahrir

Tuman xoʻjaligida yetakchi tarmoq qishloq xoʻjaligi Past Dargʻom tumanida paxta tozalash zavodlari (Juma va Charxin), „Oʻzbiokom-binat“ korxonasi, „Agrokimyotaʼminot“ aksiyadorlik birlashmasi, „Agromashservis“ aksiyadorlik jamiyati,’ qurilish tashkilotlari, gʻisht zavodi, „Paxtabank“, „Tadbirkorbank“, Milliy bank boʻlimlari, Mebellar uyi, supermarket, 346 savdo doʻkonlari, bozorlar, 99 umumiy ovqatlanish, 239 maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari mavjud. Qoʻshma, kichik va xususiy korxonalar faoliyat koʻrsatadi.

Pastdargʻom tumanida 10 ga yaqin shirkat xoʻjaligi, Past Dargʻom ijara xoʻjaligi va boshqa bor.

Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarning 16,8 ming ga yeriga paxta, 14,7 ming ga yeriga don va boshqa ekinlar ekiladi (2003).

Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, ot, par-randa boqiladi.

Maorifi tahrir

Past Dargʻom tumanida 128 umumiy taʼlim maktabi (2022), 3 kasb-hunar kolleji, respublika badiiy akademiyasi tasarrufidagi 1 sanʼat litseyi, Oʻzbekiston — Koreya hamkorligida ochilgan sanʼat kolleji, 2 musiqa maktabi mavjud, 59 kutubxona, 22 klub, madaniyat uylari va saroylari, mada-niyat va istirohat bogʻlari, 22 xalq teatri, 6 xalq ansambli faoliyat koʻrsa-tadi. Tumanda 12 stadion, 890 sport maydonchalari, sportning milliy ku-rash, karate, real-aykido turlari va boshqa boʻyicha sport klublari ishlab turibdi.

Tibbiy muassasalari tahrir

Past Dargʻom tumanidagi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 4 kasalxona, 5 shifoxona, 76 feldsher-akusherlik punktlari, 200 qishloq-davolash ambulatoriyalari, 16 qishloq vrachlik punktlari, 21 dorixona mavjud.

Transporti tahrir

Tuman hududi orqali Toshkent — Dushanba, Toshkent — Qarshi poyezdlari oʻtadi. Kattaqoʻrgʻon—Juma—Samarqand, Samarqand—Sazagʻon—Jom, Juma—Xoncharvoq va boshqa yoʻnalishlarda avtobuslar qatnaydi. Toshkent—Urganch, Toshkent—Navoiy yoʻnalishlari boʻylab qatnaydigan avtobuslar ham tuman hududi orqali oʻtadi. Juma—Sazagʻon oʻrtasida qattiq qoplamali avtomobil yoʻli oʻtkazilgan. 1931-yildan „Past Dargʻom haqiqati“ tumani gaz.si chiqadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar tahrir