Xiva tarjima maktabi
Xiva tarjima maktabi — Xiva xonligida vujudga kelgan va XVI asr boshidan XX asr boshlarigacha mavjud boʻlgan tarjima maktabi. Bu davrda koʻplab mashhur fors va arab tilidagi badiiy, tarixiy adabiyotlar oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Xiva tarjima maktabi | |
---|---|
Joylashgan yeri | |
Xiva, Xiva xonligi | |
Maʼlumot | |
Maktab turi | tarjimonlik |
Asos solingan sanasi | XIX asr |
Status | tugatilgan |
Closed | XX asr |
Tarixi
tahrir1556-yilda Urganch hokimi Ali Sulton (?—1565) davrida tarixchi Salirbobo uning koʻrsatmasi bilan Rashiduddinning „Jome at-tavorix“ asarini fors tilidan tarjima qilgan. Uning sharofati bilan mahalliy turkiyzabon aholining bilimdon qatlami birinchi marta jahon tarixi bilan tanishish imkoniga ega boʻlgan[1]. Shunda keyin Xiva xonlari saroyida ikki tilni biluvchi mutaxassislar tarjima bilan shugʻulla boshlashgan.
XIX asrda Muhammad Rahimxon Feruz tashabbusi bilan Xiva tarjima maktabiga asos solinadi[2]. Mutaxassislarga koʻra, XIX asrning oʻrtalarida Xivada saksondan ziyod kishi tarjimonlik bilan muntazam ravishda shugʻullanishgan. Ular tomonidan 120 ta asar tarjima qilingan. Ayrimlari 2—5 marta oʻzbekchaga oʻgirilgan. Aksar fors-tojik tilidan oʻzbekchaga tarjima qilingan. Bu asarlar janrlariga koʻra turlicha boʻlib, ular orasida badiiy-didaktik asarlar, ishqiy-sarguzasht qissalar katta oʻrin egallagan. Tarjimonlar orasida Ogahiy, Komil, Bayoniy, Tabibiy kabi mashhur nomlar bilan bir qatorda Muhammadrasul Mirzo, Bobojon Sanoiy, Rojiy, Tolibxoʻja, Habibiy, Magʻfurxoʻja kabi uncha tanish boʻlmaganlari ham boʻlgan[3].
Bu yoʻnalishdagi asosiy voqea Mirxondning forscha „Ravzat as-safo“ yilnomasining oʻzbek tiliga tarjimasi boʻldi. Tarjimani Munis Xorazmiy (1778—1829) boshlagan, lekin u faqat birinchi jildni yakunlashga muvaffaq boʻlgan. Kitobning qolgan qismlarini jiyani Muhammad Rizo Ogahiy (1809—1847) tarjima qilgan.
Xiva ziyolilarining mashhur namoyandalaridan biri Xudoyberdi ibn Qoʻshmuhammad 1823—1826-yillarda Munis topshirigʻiga asosan Sharofiddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“ asarining qisqacha tarjimasini yaratadi.
Xiva xonlari buyrugʻiga koʻra, mashhur „Temur tuzuklari“ ikki marta tarjima qilingan. Birinchi tarjima 1856—1867-yillarda Muhammad Yusuf ar-Rojiy tomonidan, ikkinchi tarjimasi 1858-yilda Pahlavon Niyoz Devon tomonidan amalga oshirilgan.
Xiva tarjima maktabining eng yirik vakili Ogahiydir . Ogahiy jami 19 ta kitobni oʻzbek tiliga tarjima qilgan, xususan, Sharafoddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“ va Zayniddin Vosifiyning „Badoyeʼ ul-vaqoe“ asarlarini toʻliq tarjima qilgan. Yana Ogahiy boshqa tarixiy kitoblar „Tarixi jahonkushoyi Nodiriy“, „Tabaqoti Akbarshohiy“, „Tazkirai Muqimxoniy“, „Ravzat us-safoyi Nosiriy“ tarjimalari muallifi hamdir.
Ogahiy yilnomalardan tashqari badiiy, falsafiy, didaktik yoʻnalishdagi asarlarni ham tarjima qilgan. Kaykovusning „Qobusnoma“, Saʼdiy Sheroziyning „Guliston“, Xusrav Dehlaviyning „Haft Paykar“, Husayn Voiz Koshifiyning „Axloqi Muhsiniy“, Jomiyning „Yusuf va Zulayho“ va boshqalar tarjimalari shular jumlasidandir. Bizgacha uncha maʼlum boʻlmagan „Miftoh at-tolibin“, „Shoh va gado“, „Zubdat al-hikoyat“, „Sharhi daloyil al-hayrat“ning oʻzbekcha tarjimalari ham saqlanib qolgan.
Yirik tarjimalar Muhammad Yusuf ibn Bobojonbek Bayoniy (1858—1923) tomonidan ham amalga oshirilgan. Bular Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariyning „Kitob ar-rusul val muluk val xulafa“, Darvish Ahmadning „Sahoyif al-akbar“ va Kamoliddin Binoiyning „Shayboniynoma“ asarlaridir[4].
Manbalar
tahrir- ↑ Агаджанов С.Г.. Очерки истории огузов и туркмен Средней Азии IX-XIII вв., Ашхабад: «Ылым», 1969 — 35-bet.
- ↑ „MUHAMMAD RAHIMXON FERUZ (1845-1910)“ (2013-yil 28-oktyabr).
- ↑ „Xiva adabiy muhiti“.
- ↑ Abdumajid Madraimov „Manbashunoslik“ 228-bet. Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti (2008).
Adabiyot
tahrirAhmedov B. Oʻzbekiston tarixi manbalari. – Toshkent: „Oʻqituvchi“, 2001.