Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom

Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom sahoba

Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom (arabcha: عبد الله بن الزبیر بن العوام — Abu Bakr Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom al-Qurashiy — 2/624, Madina — 73/692,?) — sahoba.

Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 624-yil (hijriy 2-yil)
Vafoti 692-yil (hijriy 73-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • Zubayr ibn Avvom (otasi)
  • Asmo bint AbuBakr (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba

Oilasi tahrir

Quraysh qabilasining Asad ibn Abduluzzo nasliga mansub. Otasi asharai mubashsharadan bo‘lgan — Zubayr ibn Avvom, onasi — Abu Bakrning qizi Asmodir. Hijratning ikkinchi yili zul-qaʼda oyida (624-yil, may) tug‘ilgan. Muhojirlarning Madinada tug‘ilgan ilk farzandi bo‘lgani uchun uning tug‘ilishi juda katta xursandchilik sifatida qarshi olingan hamda ismi Payg‘ambar tomonlaridan qo‘yilgan. Yoshligidanoq otasi bilan birga Shom fathida qatnashgan va Yarmuk jangida ishtirok etgan.

Urushlardagi ishtiroki tahrir

Amr ibn Os Misr fathiga yuborilganidan keyin, uning ortidan jo‘natilgan Zubayr ibn Avvomning qo‘mondonligi ostidagi 5000 kishilik yordamchi qo‘shin orasida Abdulloh ibn Zubayr ham bor edi. Misrni fath etishdagi butun harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Usmon davrida Misr voliysi Abdulloh ibn Saʼd ibn Abu Sarhning markazi Subaytila bo‘lgan Ifriqiyya mintaqasiga uyushtirgan safarida ham qatnashgan (647-yil).

Vizantiyaga qarshi isyon qilib o‘z istiqlolini qozongan Ifriqiyya hokimi Grigoriusning (Gregorius) musulmonlarga nisbatan shiddatli harakatiga qarshi chiqadi va har ikki tarafning og‘ir yo‘qotishlariga sabab bo‘lgan jangda Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomning Grigoriusni o‘ldirishi musulmonlarga g‘alaba keltiradi. Uning bu qahramonligi Madinada katta shov-shuv bo‘lgan.

Ayniqsa, Kufa voliysi Saʼid ibn Osning 650-yilda Tabariston va Jurjonga qilgan safariga ham qo‘shilib katta foydalar keltiradi. Usmon Abu Bakr tomonidan mushaf holiga keltirilgan Qur’oni karim nusxalarini ko‘paytirish uchun tashkil etgan to‘rt kishilik hay’atga uni ham aʼzo qilgan. Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom Usmonning uyi misrliklar tomonidan qurshab olinganida boshqa sahobalarning o‘g‘illari bilan xalifani himoya qilsa-da, uning shahid etilishining oldini ola olmaydi. Bu fojiadan keyin sodir bo‘lgan voqealarda uning faol rol o‘ynagani tarixdan maʼlum. Aliga qarshi muxolifatning eng faol aʼzolaridan biri bo‘ladi. Oyshaning yonida to‘plangan Makkadagi muxolif guruh Basraga yuzlanib, uning voliysini hibsga oladi va shaharni egallaydi. Imomat xususida Talha bilan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom orasida chiqishi mumkin bo‘lgan ixtilof, Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomning Oysha tomonidan imom qilib tayinlanishi bilan hal etilgan.

Jamal voqeasida piyo­da askarlarga qo‘mondonlik qiladi va xolasi Oyshaning tuyasi oldida qahramonlarcha jang qiladi. Alining g‘olib kelishi asnosida Oysha bilan birgalikda Madinaga qaytishga majbur bo‘ladi. Amr ibn Os va Abu Muso al-Ash’ariyning Azruhdagi yig‘ilishlarida qatnashgan bo‘lsa-da (658-yil, fevral), hakamlarning faoliyatlariga aralashmaydi.

Muoviya davrida Madinada o‘tirgan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, xalifa o‘z o‘g‘li Yazidni valiahd deb tayin etishni istaganida, Husayn, Abdulloh ibn Umar va Abdurrahmon ibn Abu Bakrlar bilan birga unga qattiq qarshilik qiladi. Muoviya ular bilan uchrashish uchun Madinaga kelganidan xabar topganlarida, u bilan ko‘rishmaslik uchun Makkaga safar qiladilar. Muoviya orqalaridan yo‘lga chiqib ular bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘lsa-da, kelisha olmaydi. Yazid ibn Muoviya xalifalikka tayinlanganida Madina voliysi Valid ibn Utbaga maktub yozib, Husayn, Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomdan majburan bay’at olishini xohlaydi. Biroq voliyning sust harakat etishi oqibatida ular Makka safariga chiqib ketadilar. Husayn Kufaga chaqirilganida, bu daʼvatni qabul etish tarafdorlaridan biri ham Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom bo‘lgan. Karbalo fojiasidan so‘ng Yazidga qarshi muxolifatning rahbariga aylangan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, Yazidning xalifaligini qabul qilmaslik bilan birga unga qarshi harakat ham qilmay, o‘ziga qulay vaziyat bo‘lishini kutadi. Yazid uning bu tadbiriga jahl qilgan holda, Madina voliysi Amr ibn Saʼidga Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom ustiga qo‘shin tortishini buyuradi. U ham bo‘lsa, Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomga dushman bo‘lgan ukasi Amr ibn Zubayr qo‘mondonligi ostidagi qo‘shinni yuboradi. Amr hech qanday qarshiliksiz Makkaga kirgan bo‘lsa-da, qo‘qqisdan berilgan zarba oqibatida asir olinib, qamab qo‘yiladi. Bir yildan so‘ng Yazid Makkaga Muslim ibn Uqba qo‘mondonligida yangi kuch yuboradi. Muslimning yo‘lda vafot etishi oqibatida uning o‘rniga tayinlangan Husayn ibn Numayr as-Sakuniy Makka yaqiniga kelib shaharni o‘rab oladi (683-yil, 24-sentabr).

Shomlik askarlardan tashkil topgan Yazid qo‘shini yog‘li lattalarni uloqtirib Kaʼbada yong‘in chiqaradilar. Bu qurshov Yazidning o‘limi xabari Makkaga yetishiga qadar (683-yil, 27-noyabr) 64 kun davom etadi. Yazidning vafot etgani xabarini topgan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, „Amir al-mu’miniyn“ unvoni bilan o‘z xalifaligini eʼlon qiladi (64/683-yil). Husayn ibn Numayr Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom bilan muzokara qilib, agar u Damashqqa kelsa, uni xalifa deb tan olishini aytgan. Biroq u bu taklifni qabul etmaydi. Shomliklar Yazid vafot etganidan keyin avval uning o‘g‘li Muoviya II ga, ikki oydan so‘ng uning ham o‘limidan keyin esa Marvon ibn Hakamga bay’at beradilar. Ikki xalifaning ketma-ket o‘limi oqibatida sodir bo‘lgan bo‘shliq va anarxiya davrida Falastin, Xims o‘rdugohlari Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomga bay’at etishga tayyorlanadilar. Biroq Marvon ibn Hakam tezda vaziyatni nazoratga oladi. Bu vaqtda Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom Falastinni olish uchun ukasi Mus’ab boshchiligida yuborgan qo‘shin muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bu kurashlar davom etayotgan vaqtda Marvon vafot etadi (685-yil, 7-may). O‘rniga o‘g‘li Abdulmalik xalifa etib tayinlanadi. Hijoz bilan sharqiy viloyatlarga Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, Shom, Falastin va Misrda Abdulmalik ibn Marvon hokimlik qiladi. Biroq har ikkalasining hududlarida tartibsizliklar davom etayotgan edi. Makka iskanjasi chog‘ida Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomga yordam bergan xorijiylar tahlikaning o‘rtadan ko‘tarilishidan so‘ng u bilan kelishmovchilikka boradilar. Ulardan Najda ibn Omir boshchiligidagi guruh Najd va O‘mon hududlarini qo‘lga kiritadi. Nofeʼ ibn Azraqqa bog‘liq va unga nisbat berilgan azoriqa deb nomlangan guruh esa, o‘ta qatʼiy tamoyillarga ega hamda quvvat eʼtiboridan ularning eng xavflisi edi.

Nofeʼ ibn Azraq atrofida to‘plangan kuch bilan Basraga yurish boshlaydi. Basra voliysi ularga biror jiddiy qarshilik ko‘rsata olmaydi. Bu kurashlar davomida Nofeʼ ibn Azraq o‘ldiriladi, uning o‘rniga Ubaydulloh ibn Mohuz chiqadi. Ubaydulloh yangi kuchlar bilan Bas­raga yaqinlashganida shahar xalqi xavotirlanib, Muhallab ibn Abu Sufradan qo‘mondonlikni qo‘lga olishini so‘raydilar. Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom ham ushbu taklifni rasman so‘ragach, Muhallab qo‘shin boshiga o‘tadi. Uning ilk muvaffaqiyati xorijiylarga katta talafot yetkazish bilan birga, ular ustidan g‘alabaga erishishi bo‘lgan (686-yil, may). Ubaydulloh ibn Mohuz jangda o‘ldiriladi va xorijiylar Ahvazning tog‘lik hududlariga chekinib, yo‘lto‘sarlik qila boshlaydilar. Bu vaqtda Abdulmalik ibn Marvon ham ichki muammolarni hal qilish bilan band bo‘lib, jiddiy harakat boshlay olmaydi. Bir tarafdan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, ikkinchi tomondan Abdulmalik bilan kurashayotgan Muxtor as-Saqafiy 685-yil oktabr oyida Abdulmalikka qarshi isyon ko‘tarib, u tomonidan yuborilgan kuchlarni mag‘lubiyatga uchratadi. Keyinchalik Kufa markaz bo‘lganida Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvomga tegishli bo‘lgan Bas­ra tashqarisidagi sharqiy hududlarni egallaydi va amalda tasarrufida bo‘lgan viloyatlarning voliyligini daʼvo qiladi. Biroq Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom bu taklifni qabul qilmaydi va Abdulmalikka bo‘lganidek, Muxtorga ham qarshi chiqadi. Avval xavfliroq hisoblangan Muxtorni bartaraf etishga qaror qilgan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom, 686-yilning boshlarida ukasi Mus’abni Basra voliyligiga chaqirib, Muxtor bilan kurashishga mas’ul qiladi. Basrada najotkor sifatida kutib olingan Mus’ab qisqa vaqt ichida katta qo‘shin yig‘adi va Kufada bo‘lgan Muxtor ustiga yurish uyushtiradi. Asosiy kuchlarini al-Jaziraga yuborgan Muxtor, ular qaytib kelgunicha Mus’abni chalg‘itish maqsadida saroyiga yashirinadi hamda to‘rt oy davomida qurshov ostida qoladi. 687-yilning aprel oyida qamaldan chiqish harakati chog‘ida o‘ldirilganidan so‘ng, Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom yana butun sharqiy hududlarga hokimlik qiladi. Boshqa tomondan xalifa Abdulmalik 689 va 690-yillarda Mus’abga qarshi harbiy harakatlardan natija ololmagandan keyin, 691-yilning oxirlarida yana yangidan harakatga kirishadi. Mus’abning eng tajribali qo‘mondoni Ibrohim ibn Molik al-Ashtarning jang boshlanishidanoq o‘ldirilishi va ayrim to‘dalarning jangga kirmasdan qochishlari sababli Mus’ab kam sonli qo‘shin bilan jang qilishga majbur bo‘ladi hamda jangni boy beradi, o‘zi ham vafot etadi. Natijada, Hijoz bilan birga barcha viloyatlar Abdulmalik qo‘l ostiga o‘tadi. Abdulmalik vaqtni boy bermasdan Hajjoj ibn Yusuf as-Saqafiyni 2000 kishilik qo‘shin bilan Makkaga yuboradi (692-yil, yanvar).

Uch oydan keyin Hajjoj Makkaga 5000 kishilik harbiy qo‘shinni joylashtiradi. O‘zi istagan yordamga erishgan Hajjoj, Makka atrofiga kelib shaharni qurshab oladi. Haj vaqtida o‘zi va askarlarining haj qilishlariga ruxsat berilmaganidan keyin Makkani manjanaqlar bilan to‘pga tutadi. Bu vaqtda Makkada bo‘lgan Abdulloh ibn Umarning iltimosiga ko‘ra, haj marosimlarining tugaguniga qadar shaharga hujum qilishni to‘xtatib turadi. Hojilarning katta qismi Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom qo‘shinida bo‘lish uchun Makkada qoladilar. Qamal uzoq davom etganidan shahar qiyin ahvolda qoladi. Manbalarda qayd qilinishicha, qiyinchilikda qolgan musulmonlar minib yurgan ulovlarini, hatto haqorat maqsadida manjanaqlardan uloqtirilgan itlarni yeyishgacha borib yetadilar. Biroq qamalning oltinchi oyida ozuqalarining batamom tugashi natijasida Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom tarafdorlari uni tark qilishni boshlaydi. O‘g‘lining atrofida juda ham kam kuch qolganini ko‘rgan Asmo bint Abu Bakr unga tanlagan yo‘li to‘g‘ri ekaniga ishonayotgan bo‘lsa, oxirigacha kurashishini tavsiya qiladi. Onasining so‘zlaridan so‘ng Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom taslim bo‘lish o‘rniga o‘limni afzal ko‘radi. Qamaldan chiqishga harakat boshlaydi, ammo jangda mardlarcha halok bo‘ladi (hijriy 73-yil, 14-jumodul-avval/692-yil, 1 oktabr). Hajjoj uning boshini kesib Shomga jo‘natadi. Bir muddat dorda osilib turgan jasadi onasining iltimosidan keyin dafn qilinishiga rusxat beriladi.

Xalifalik yillari tahrir

Islom olamining yarmiga yaqin qis­mida o‘n yilcha xalifa sifatida hukm­ronlik qilgan Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom yosh sahobalarning peshqadamlaridan biri edi. Jasur as­kar, yaxshi qo‘mondon, tajribali siyosatchi bo‘lgan. Makkaning nufuzli oila­laridan biriga mansub bo‘lib, yaxshi taʼlim-tarbiya ko‘rgan edi. Payg‘ambar, otasi, onasi, bobosi Abu Bakr va xolasi Oysha, Umar va Usmonlar kabi ulug‘ sahobalardan hadis rivoyat qilgan. Rivoyat qilgan hadislarining soni o‘ttiz uchtani tashkil qiladi. Bulardan oltitasi „Sahӣh al-Buxārӣ“dan, ikkitasi „Sahӣh Muslim“dan, bittasi har ikkala „Sahӣh“dan o‘rin olgan. Uning o‘zidan hadis ri­voyat qilgan mashhur tobeʼinlar orasida ikki o‘g‘li Abbod va Omir, ukasi Urva, jiyanlari Hishom va Muhammad ibn Urva, Tovus, Ato, Ibn Abu Mulayka kabi shaxslar bor. Abdulloh ibn az-Zubayr ibn al-Avvom tafsirda ham so‘z sohibi bo‘lgan sahobalardan hisob­lanadi. Ibodatga bo‘lgan yuqori mayli sababli „hamoma al-masjid“ („masjid kabutari“) nomi bilan tilga olinar edi. Namozni chuqur vajd bilan ado qilar edi. Makka qamali vaqtida manjanaqlardan otilgan toshlar uning yoniga kelib tushsa-da, bu holat uning namozini buza olmagan. Uzoq vaqt qiyomda, ruku’ va sajdada qolar edi. Payg‘ambarning iftor qilmasdan ro‘za tutishni man qilganlarini eshitmagandek, yetti kun davomida ro‘za tutar va bundan biror bir rohatsizlikni his qilmas edi. Jasorat, ibodat va xitobat sohasida unga teng keladigan kishi bo‘lmaganligi manbalarda qayd qilingan.

Adabiyotlar tahrir

  1. Xalifa ibn Xayyot. Tarӣx. — Najaf: 1386/1967. I, 24, 134, 140, 199-204, 222-224, 246-270;
  2. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Anqara: 1987. 67, 68, 305, 325, 545, 578;
  3. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. I, 244, 272;
  4. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. IV, 39, 143, 269-270, 452-454, 520, 525; V, 57, 343-346, 496-498, 530-536, 563-566, 572-575; VI, 34-39, 44, 117-119, 174-178, 187, 192, 195, 211;
  5. Ibn al-Asir. Usd al-g‘oba. — Qohira: 1970-73. III, 242-245;
  6. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Bayrut: 1979. II, 42, 414, III, 112,159, 174, 240, 250-251, 330-331; IV, 14-20, 98-102, 127-132, 142-148, 266-268, 273-279, 294-296, 303-306, 345-361, 365, 381;
  7. Az-Zahabiy. Siyar. III, 363-380;
  8. F. Wüstenfeld. Geschichtsbüchern der Stadt Mekke. — Beyrut: 1964. I, 138, 307; II, 19, 167; III, 52, 80; IV, 129-145;
  9. L. Caetani. Chranoqraphia Islamica. — Roma: 1912. 862, 866-868;
  10. J. Wellhausen. Arap Devleti ve Sukutu. — Ankara: 1963. 67-74, 77-87, 92-96;
  11. M. A. Shaban. Islamic History I. — Cambridge: 1976. 92-99;
  12. Hakkı Dursun Yıldız. Doğuştan Günümüze Büyük İslâm Tarihi. — İstanbul: 1986. II, 343-347;
  13. Rudolf Sellheim. "Fitnetü ‘Abdillah b. ez-Zübeyr". MMLAD. XLIX (1974). 829-870;
  14. M. Seligsohn. "Abdullah". İA. I, 44-46; H. A. R. Gibb. „‘Abd Allah b. al-Zubayr“. EI2 (İng.). I, 54-55;
  15. Hakki Dursun Yildiz. „Abdullah b. Zübeyr b. Avvâm“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 145-146.