Afrigʻiylar madaniyati - Xorazmdagi 48-asrlarga oid madaniyat, afrigʻiylar sulolasi nomi bilan bogʻliq. Afrigʻiylar madaniyatiga oid yodgorliklar 1937—40 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan oʻrganilgan. Afrigʻiylar madaniyati shakllanishida qoʻshni koʻchmanchi qabilalar muhim rol oʻynagan. Bu davrda antik hunarmandchilik markazi — qad. shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy, 795iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qoʻrgʻoni va qasrlari atrofida jonlangan. Burgut qal’a vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sugʻorish kanali va ariqlar, dalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar toʻp-toʻp joylashgan, katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida boʻlib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Xorazmda bu davr istehkomlari asosan paxsadan toʻrtburchak tarxda qurilgan, devori burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki toʻrtburchak tarhli (soʻnggi mudofaa minorasi) boʻlgan. Yirik qal’alar (Yakka Porson, Qum qalʼa, Uy qalʼa, Teshikqala) mudofaa istehkomlariga ega boʻlgan. Eng yirik istehkom — Burgut qalʼa (maydoni 6 ga dan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar daxliz, asosiy va yordamchi xoʻjalik xonalaridan iborat boʻlgan. Imoratlarning tarhi, qiyofasi aholining ijtimoiy mavqeiga bogʻliq boʻlganligi aniqlandi.Harobalardan mis tangalar, jez, qoʻlda va charxda yasalgan sopol idishlar (xum, koʻzacha) siniqlari, bezak buyumlari, temirdan yasalgan dehqonchilik va hunarmandchilik qurollari (ketmon, oʻroq, pichoq va boshqalar), shoyi, ip, jun gazlama parchalari, uch parrakli temir paykonlar, xanjarlar, yorgʻuchoqlar, tegirmon toshlari, yozma yodgorliklar topilgan. Marhumlarni ostodon (sopol tobut)larda koʻmish rasm boʻlgan. Tarixiy manbalarda 8-asrga oid Kat, Hazorasp, Urganch sh. eslatib oʻtilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Afrigʻiylar madaniyati" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar tahrir

Tolstov S. P., Po drevnim del-tam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Nerazik Ye. Ye., Selskiye poseleniya afrigidskogo Xorezma, M., 1966; Nerazik Ye. Ye., Sel-skoye jilishe v Xorezme (I—XIV vv.), Trudi Xorezmskoy arxeologo-etnografi-cheskoy ekspeditsii, t. IX, M., 1976.