Marvon ibn Muhammad ibn Marvon (arabcha: مروان بن محمد بن مروان; tax. 691-yil – 750-yil 6-avgust), asosan, Marvon II nomi bilan tanilgan, Umaviylar xalifaligining oʻn toʻrtinchi va oxirgi xalifasi. 744-yildan to vafotiga qadar hukmronlik qilgan. Uning hukmronligi davrida Uchinchi fitna sodir etilgan va Marvon II Abbosiylar inqilobi Umaviylar sulolasini agʻdarishidan oldin birlashgan xalifalikni boshqargan oxirgi Umaviy hukmdor boʻlgan.

Marvon II
arabcha: مروان بن محمد

Marvon II davrida zarb etilgan dirham
Umaviylarning 14-xalifasi
Saltanat 744-yil 4-dekabr – 750-yil 25-yanvar
Oʻtmishdoshi Ibrohim ibn al-Volid
Davomchisi lavozim bekor qilingan
as-Saffoh (Abbosiy xalifa sifatida)
Tugʻilishi taxminan 691-yil
Bilod ash-Shom, Umaviylar xalifaligi (hozirgi Suriya
Vafoti 750-yil 6-avgust (59 yoshda)
Al-Misr, Umaviylar xalifaligi (hozirgi Misr)
Turmush oʻrtogʻi Muzna
Farzandlari
  • Ubaydulloh
  • Abdulmalik
  • Abdulloh
Toʻliq nomi
Marvon ibn Muhammad ibn Marvon
Uy Marvoniylar
Sulola Umaviylar
Otasi Muhammad ibn Marvon
Onasi Ummu Marvon
(Ummu valad)
Dini Islom

Tavalludi va ota-onasi

tahrir

Marvon ibn Muhammad Umaviylar xalifaligining marvoniylar xonadonidan boʻlgan. Buvisining ismi Zaynab edi. Marvonning otasi Muhammad ibn Marvon toʻrtinchi Umaviylar xalifasi Marvon I ning (h. 684–685) oʻgʻli, beshinchi Umaviylar xalifasi Abdulmalik ibn Marvonning (h. 685–705) ota bir ukasi boʻlgan[1][toʻliq boʻlmagan qisqa iqtibos][2].

Onasining ism-sharifi aksar manbalarda oshkor etilmagan, baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Rayya yoki Taruba deb atalgan, arab millatiga mansub boʻlmagan (koʻp maʼlumotlarga koʻra kurd) ayol edi. Baʼzilar uning onasi Marvonnning qonuniy otasi Muhammad bilan birga boʻlmasidan avval farzandiga homilador boʻlgan va shu sababli Marvon Muhammadning farzandi emas deya taʼkidlagan[3]. Ayrim manbalarda keltirilishicha, Muhammad uni Ibn az-Zubayr qoʻzgʻoloni bostirilgan vaqtda asirga olgan, u bundan oldin Ibn Zubayrning Zumriy ismli quli yoki oshpazi boʻlgan[4][toʻliq boʻlmagan qisqa iqtibos]. Umaviylarning raqiblari ushbu ikki kishini Marvonning haqiqiy biologik otasi deb hisoblagan[5]. Onasining ismi haqida juda koʻp shubha va bahslar mavjud, biroq koʻpincha Ummu Marvon (Marvonning onasi) nomi bilan mashhur boʻlgan.

Yoshlik yillari

tahrir

732–733-yillarda xalifa Hishom ibn Abdulmalik Marvonni Armanistonga hokim etib tayinlagan. 735–736-yillarda Marvon Gruziyaga bostirib kirgan, u yerni vayron qilib, Alanlarning uchta qalʼasini egallab olgan va Tumanshoh bilan sulh tuzgan. 739–740-yillarda oʻzining navbatdagi yurishlarini amalga oshirgan va bosib olgan yerlaridan oʻlpon olgan.

744–745-yillarda Volid II ni hokimiyatdan agʻdarish fitnasi haqidagi xabarni eshitgan Marvon bundan qattiq taʼsirlanib, Armanistondan kelgan qarindoshlariga xat yozgan. Ularni Umaviylar xalifaligining barqarorligi va farovonligini uygʻun tarzda saqlashga chaqirgan, ammo ular bunga eʼtibor bermagan, koʻplab qurollangan kishilar Damashqqa kirib borgan. Yazid III Damashqqa kirib, davlat toʻntarishi oʻtkazgan va al-Volidni taxtdan agʻdargan[6].

Xalifalikning shimoli-gʻarbiy chegaralarida bir necha yil davomida vizantiyaliklar va xazarlarga qarshi yurishlarga boshchilik qilgan Marvon II al-Volid II ning vafotidan keyin xalifalik taxtiga daʼvogarlik qilishni oʻylab koʻrgan, biroq Kalbiy qoʻzgʻoloni uni kutishga majbur qilgan. Yazid III uni Yuqori Mesopotamiyaga hokim etib tayilagan va u Qays hukmronlik qiluvchi Harran shahrida istiqomat qilgan[7]. Yazid III xalifaligi davrida Marvon hokim boʻlib qolgan va bu vaqt davomida xalifalik taxtiga daʼvo qilmagan.

Hukmronligi

tahrir
 
Musulmon xalifaligi hududlarining 750-yilga qadar kengayishi, William R. Shepherdning tarixiy atlasidan.  Muhammad vafot etgan vaqtda musulmon davlati   Roshidun xalifaligi davrida kengayishi  Umaviylar xalifaligi davrida kengayishi

Yazid III al-Volid II ni taxtdan agʻdarishga urinayotganida, Marvon avvaliga unga qarshilik koʻrsatgan, keyin esa unga boʻysunib, bay’at qilgan. Yazidning erta vafotidan soʻng (Yazid oʻzining ukasi Ibrohim ibn al-Volidni merosxoʻr sifatida belgilagan edi. U miya shishidan aziyat chekkan[8]), Marvon oʻzining ambitsiyalarini yangilagan va Yazidning Ibrohimni merosxoʻr sifatida belgilaganiga qaramay, xalifa boʻlgan. Ibrohim avvaliga yashirinib yurgan, soʻngra Marvondan shaxsiy xavfsizligini taʼminlashni soʻragan. Marvon uning bu soʻrovini qabul qilgan va hatto Ibrohim yangi xalifaga hamrohlik qilib, u bilan Hishomning Rusofadagi qarorgohiga birga borgan.

Marvon ikki oʻgʻli Ubaydulloh va Abdullohni oʻzining voris etib belgilagan. Xalifalikka hokimlar tayinlab, oʻz hokimiyatini kuch bilan taʼminlashga kirishgan. Biroq Umaviylarga qarshi munosabat, ayniqsa, Eron va Iroqda juda keng tarqalgan edi. Buning ketidan Abbosiylar katta yordamga ega boʻlganlar. Shunday qilib, Marvonning xalifa sifatidagi hukmronligi deyarli Umaviylar imperiyasini butunlay saqlab qolishga qaratilgan edi.

Oʻn oylik kuchli qamaldan soʻng Marvon Emesani (Hims) egallab oldi. Dahhok ibn Qays ash-Shayboniy xorijiylar qoʻzgʻoloniga boshchilik qildi va Suriya qoʻshinlarini magʻlub etib, Kufani egalladi. Sulaymon ibn Hishom Marvonga qarshi chiqdi, biroq kuchli magʻlubiyatga uchradi. Xorijiylar ham Mosulga keldilar va magʻlub boʻldilar. Sulaymon ham ularga qoʻshildi. Dahhokning vorisi al-Xaybariy dastlab Marvon qoʻshining markaziy qismini ortga qaytarishga muvaffaq boʻldi, hatto xalifaning qarorgohini ham oʻz nazorati ostiga oldi. Yaʼni Marvonning gilamiga oʻtirdi, bu esa ramziy maʼnoda hokimiyat egallanganligining tasdigʻi edi. Biroq dastlabki muvaffaqiyatiga qaramay, al-Xaybariy va uning izdoshlari orasida ichki mojaro yuzaga keldi va bu ularning kuchini zaiflashtirdi. Mojaroda Shaybonning qoʻli baland keldi. Marvon Shaybon va Sulaymonni Mosulga qadar taʼqib qildi va 6 oy davomida qamalda ushlab turdi. Shundan keyin Marvonning qoʻli baland kelib, ularni quvib yubordi. Shaybon Bahraynga qochib ketdi va oʻsha yerda oʻldirildi, Sulaymon esa Hindistonga suzib ketdi.

Xurosonda ichki ixtilof boʻlib, Umaviylar hokimi Nasr ibn Sayyor Horis ibn Surayj va al-Kirmoniyning qarshiliklariga duch keldi. Horis ibn Surayj va al-Kirmoniy nafaqat Nasrga qarshi, balki bir-birlariga ham qarshi jang olib borishdi. Bundan tashqari, Abbosiy elchilari ham u yerga yetib keldi. Bu davrda Abbosiylar harakatini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, Abbosiylarning Umaviylarni agʻdarib, yangi, adolatli boshqaruv oʻrnatishiga ishongan xalqning bunga boʻlgan umidi kuchayib bordi. 747-yilning Ramazon oyida (16-may – 14-iyun) Abbosiylar qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolonni bostirish maqsadida Nasr Yazidni Abbosiylarga qarshi yubordi, biroq Yazid magʻlubiyatga uchradi va asirga olindi. Asirdalik paytida Yazidning Abbosiylar haqidagi qarashlari oʻzgardi va ozodlikka chiqqach, u Nasrga Abbosiylarga qoʻshilmoqchi ekanligini aytdi. Biroq Nasrga sodiqligi va majburiyatlari uni oldingi vazifasiga qaytardi.

Abbosiylar kuchayib borishi bilan Xuroson boʻylab janglar davom etdi. Nihoyat, Nasr betob boʻlib, 748-yil 9-noyabrda sakson besh yoshida Ray shahrida vafot etdi.

Marvon boshmuriylar qoʻzgʻolonini bostirish va orqa tomondan keluvchi tahdidlardan himoya qilish maqsadida 749-yilda Misrda yurish boshladi, ammo uning yurishi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi[9]. Abbosiylar esa Hijozda muvaffaqiyatga erishdilar. Marvon Buyuk Zab qirgʻogʻida boʻlib oʻtgan Zab jangida Abu al-Abbos as-Saffoh qoʻshini tomonidan tomonidan hal qiluvchi magʻlubiyatga uchradi. Birgina shu jangda Umaviylar oilasining 300 dan ortiq aʼzosi halok boʻldi. Marvon qochib, Damashq, Iordaniya va Falastindan oʻtib, Misrga yetib keldi va u yerda 750-yil 6-avgustda qoʻlga olinib, oʻldirildi. Uning merosxoʻrlari Ubaydulloh va Abdulloh Eritreyaga qochib ketishdi. Abdulloh u yerdagi janglardan birida halok boʻldi.

Marvonning oʻlimi Sharqda Umaviylar hukmronligining yakuniga yetganidan darak berdi. Soʻngra Abbosiylar tomonidan Umaviylar ommaviy qirgʻin qilindi. Ispaniyaga qochib ketgan va u yerda Umaviylar sulolasiga asos solgan shahzoda Abdurahmon I dan tashqari deyarli butun Umaviylar sulolasi vakillari oʻldirildi. Misrda Marvonning tili mushukka yem qilindi[10].

Jismoniy tavsifi

tahrir

Marvon oq tanli, koʻk koʻzli, keng soqolli, boshi katta va oʻrta boʻyli kishi boʻlgan. Soqoli oqargan paytda ham xina bilan boʻyamagan[11].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Zetterstéen (1993), p. 408
  2. Donner (2014), p. 110
  3. Women and the State in Early Islam (1942), p. 361
  4. Hawting (1991), p. 623
  5. Dennett, Daniel C.. Marwan Ibn Muhammad: the passind of the Umayyad caliphate (en). University Microfilms, 1985 — 189-bet. 
  6. Theophilus. Quoted Robert Hoyland, Seeing Islam as Others Saw It (Darwin Press, 1998), 660
  7. Hawting 2000.
  8. Dionysius of Telmahre apud Hoyland, 661 n 193
  9. Gabra 2003.
  10. Bobrick, Benson. The Caliph's Splendor: Islam and the West in the Golden Age of Baghdad. Simon & Schuster, 2012 — 12-bet. ISBN 978-1416567622. 
  11. Kathir. „البداية والنهاية“. — „وكان أبيض مشرباً بحمرة، أزرق العينين، كبير اللحية، ضخم الهامة، ربعة الجسم، ولم يكن يخضب لحيته لا بالحناء ولا الكتان ويتركها بيضاء“. 2018-yil 19-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-iyun.

Adabiyotlar

tahrir
Marvon II
Tavalludi: 691 Vafoti: 750-yil 6-avgust
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Umaviylar xalifaligining soʻnggi xalifasi
Islom xalifalari
Umaviy xalifa

744-yil – 750-yil 6-avgust
Keyingisi
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Umaviylar sulolasi yetakchisi
744-yil – 750-yil 6-avgust
Keyingisi