Sugʻd alifbosi — milodiy I-IX asrlarda mavjud boʻlgan, oromiy yozuvi asosida shakllangan harf-tovush yozuvi; u bir manba — oromiy yozuvidan tarqalganligiga koʻra suryoniy yozuviga yaqin turadi, lekin ular parallel holda mustaqil shakllanib, rivojlanganlar. Zarafshon daryosining vodiy va yuqori oqim qismlarida joylashgan Sugʻd (Sugʻdiyona) viloyatida qoʻllangan[3]. Sugʻdiy yozuv miloddan avvalgi III–II asrlarda shakllangan boʻlib, Markaziy Osiyo madaniyati tarixida muhim rol oʻynadi. Bu yozuv ijtimoiy va madaniy hayotning hamma sohalarida keng qoʻllangan[4].

Sugʻd yozuvi
Yozuv tipi konsonant
Tillar Sugʻd tili
Paydo boʻlish joyi Markaziy Osiyo
Yaratuvchi Sugʻdiylar
Yaratilgan sanasi mil. avv. III-II asr
Davr mil. I-IX asr
Yozuv yoʻnalishi gorizontal, oʻngdan chapga
Belgilar soni dastlab 22-23 harf, IV asrdan 17 ta harf
Kelib chiqishi Oromiy yozuvi
ISO 15924 Sogd[1][2]
Sugʻd yozuvi (585 yil)

Ishlatilishi tahrir

Sugʻdiy yozuv orqali bizgacha eramiz boshlaridan to X-XI asrlarga qadar yozilgan koʻplab noyob yodgorliklar yetib kelgan. Ular orasida turli davr va hududlarga oid koʻplab numizmatik materiallar (tanga yozuvlari), metall, sopol, yogʻoch, charm, qogʻoz va boshqa buyumlarga bitilgan matnlar, shaxsiy maktublar, diniy, axloqiy-falsafiy matnlarning parchalari, xoʻjalik, huquqiy va diplomatik hujjatlar bor[5].

Alifbo tahrir

Sugʻd alifbosi somiy alifbolar singari konsonant yozuv boʻlgan, yaʼni harflar asosan undosh tovushlarni ifoda qilgan; unli tovushlar maxsus belgilarga ega boʻlmagan. Dastlab unda 22-23 harf mavjud boʻlib, ularning deyarli barchasi qadimiy oromiy prototipiga borib taqalgan va joylashishi ham oromiy alifbosidagi singari boʻlgan. Keyinchalik, IV asr boshlarida baʼzi harflarning alifbodan chiqib ketishi, baʼzi harflarning shaklan bir-biriga yaqinlashuvi, oʻxshab qolishi natijasida harflar soni 17 tadan iborat boʻlib qolgan. Sugʻd yozuvi dastlabki paytlarda grafik shakllari boʻyicha oromiy yozuvidan unchalik farq qilmagan, ligaturalar koʻp boʻlmagan. VII asr oʻrtalarida esa Sugʻd yozuvining qiya (kursiv) shakli paydo boʻlishi bilan ligaturalar koʻpaygan, koʻplab harflarning yozilishi bir-biriga oʻxshab qolgan. Bu holat qiya yozuvni qiyinlashtirgan va qoʻshimcha diakritik belgilar qoʻllanishini taqozo etgan. Sugʻd alifbosi asosan gorizontal holatda oʻngdan chapga qarab yozilgan. Ammo sugʻdlar VI asr oxiridan boshlab vertikal yoʻnalishda ham (devorlar va qoyalarda) yozganlar, vertikal satrlar chapdan oʻngga tomon joylashib borgan[6].

Yozuvning ilk yodgorliklari tahrir

Sugʻd yozuvlari namunalari Markaziy Osiyo mintaqasidan, jumladan, Afrosiyob, Panjikent, Mugʻ togʻi, Yerqoʻrgʻon, Sharqiy Turkiston, Turkmaniston, Pokiston, Moʻgʻuliston, Janubiy Qozogʻiston va boshqa joylardan topilgan. Bu esa, sugʻd yozuvining mintaqalar boʻylab keng tarqalganligining isbotidir. Mutaxassislarning fikriga koʻra, sugʻd yozuvi dastlab mil.avv. III-II asrlarda paydo boʻlgan. Sugʻd yozuvlari dastlab Zarafshon vohasidan topilgan kumush tangalarda uchragan. Bu tangalar mil.av. II-I asrlarga taalluqli edi. Tangalarda sugʻd yozuvlari keng tarqalgan davr mil.av. I asrdan to milodiy IV asrlargacha toʻgʻri keladi, deyish mumkin. II-VIII asrlarga taalluqli bullalar ham topilgan boʻlib, ularda ham sugʻd yozuvlari bitilgan. Bullalarning biri Kalkutta muzeyida, ikkinchisi Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Sugʻd yozuvlari namunalari roʻzgʻor buyumlarida ham uchragan. Masalan, Uraldagi Kopchik qishlogʻidan sugʻd yozuvli kumush tavoq, Perm viloyatidan esa kumush koʻzacha topilgan. Ular hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitajda saqlanmoqda[7].

Sugʻd alifbosining milodiy I asrga oid eng qadimiy namunasi Samarqand yaqinidagi Talli Barzu degan joydan topilgan, eng soʻnggi namunalari esa VIII asr oxiri — IX asr boshlariga mansub. Yodgorliklarning kupi XX asrda Sharqiy Turkistondan topilgan. Shulardan biri 808—821 yillarda hukmronlik qilgan xoqon sharafiga bitilgan, uch tildagi (sugʻd, qad. turk va xitoy) qabr toshi yozuvidir. Sugʻd yozuvi namunalarining aksariyati IV-VIII asrlarga tegishli boʻlib, ulardan Mugʻ qalʼa xarobasidan topilgan hujjatlar (1933) muhim ilmiy ahamiyatga ega. Ushbu hujjatlar va Sugʻd yozuvining baʼzi boshqa yodgorliklarida sugʻd adabiy tili meʼyorlari, uning adabiy-badiiy uslubi yaqqol seziladi. Sugʻd yozuvi, oʻz navbatida, qadimiy turkiy runik yozuvi hamda uygʻur yozuv shakllantirish uchun asos boʻlgan[8].

Sharqiy Turkiston, Moʻgʻuliston va Fargʻona namunalari tahrir

1906-yilda Steyn boshchiligidagi ingliz ekspeditsiyasi Sharqiy Turkistonning Dunxuan yaqinidan sugʻd yozuvida yozilgan „Eski xatlar“ matnlarini topgan. „Eski xatlar“ toʻplamida 9 ta xat joy olgan boʻlib, ular Sharqiy Turkistondagi savdo faktoriyalarida yashagan sugʻdliklarning Samarqand, Dunxuan va boshqa joylardagi oʻz yaqinlariga va qarindoshlariga yozgan maktublaridir. Matnlar tarixiy-filologik nuqtai nazardan tahlil qilinib, IV asrda yozilgan degan xulosaga kelingan. 1956-yilda mongol arxeologi Dorjsuren Mongoliyaning Bugʻut qishlogʻidagi IV-VIII asrlarga taalluqli qabrlarni kovlayotganda toʻrtburchak toshga sugʻd yozuvi bitilgan yodgorlikni topgan. Tosh yodgorligining balandligi 1,98 sm, eni 70 sm, qalinligi 20 sm boʻlgan. Topilmaning uch tomonida sugʻd tilidagi sugʻd yozuvi, orqa tomonida esa braxma yozuvi yozilgan edi. Bu topilma tarixda Bugut yozuvi nomi bilan maʼlum. Bugut yozuvi epitafiya — qabr toshiga yozilgan matn boʻlib, uni Muxan (Mugʻon yoki Muqon) xoqon (553-572-yillar) akasi Maxan tekin vafoti munosabati bilan yozdirgan. Mazkur bitik Birinchi Turk xoqonligi davriga tegishli yagona yozma yodgorlik sanaladi. Sugʻd yozuvi va sugʻd tili Fargʻona vodiysida ham keng qoʻllanilgan. Bu haqida Quvadan topilgan xumdagi birgina soʻz xabar beradi[9].

Sugʻdiyona namunalari tahrir

Sugʻd yozuvi va sugʻd tili hududiy jihatdan Sugʻdiyonada keng amal qilgan. 1961-yilda Fyodorov Afrosiyobning sharqiy tomonini kovlayotgan mahalda chuqurlikdan sugʻd yozuvi bitilgan sopol boʻlagini topadi. Topilma V-VI asrlarga oid boʻlib, kulol ustaxona egasiga tegishli xoʻjalik hujjati ekanligi aniqlangan. Sopol parchasining boʻrtib turgan tomonida 5, ichiga kirgan tomonida 6 yoki 7 qator yozuv boʻlgan. Yozuvning saqlanib qolgan qismidan hujjat kiyim-kechak, yogʻ va uy-roʻzgʻor buyumlarining kirim-chiqimlari roʻyxati boʻlishi mumkin, degan xulosaga kelingan. 1975-yilda Shishkina rahbarligidagi arxeologlar tomonidan Afrosiyobdan yogʻoch matn topilgan. Tayoqning uzunligi 16 sm, eni 2,5 sm. Tayoqning boʻrtgan tomonida 5 qator yozuv yozilgan. Tayoqning oʻng tomoni singan boʻlib, oʻsha joy harflari shikastlangan. Shuning uchun tayoqning singan joyidagi toʻrt qator yozuvlarning boshlangʻich harflari yoʻq. Tayoqning singan joyi yonida teshik boʻlib, u maxsus arqon oʻtkazish uchun moʻljallangan. Arqon orqali yogʻoch belga bogʻlangan. V.A. Livshits hujjatni oʻrganib, VI asrga oid deb hisoblaydi. Livshits matnni oʻqib, u sher sotib olish toʻgʻrisidagi hujjat ekanligini aniqlagan. Afrosiyobdan sugʻd yozuvidagi talaygina hujjatlar topilgan. Masalan: shahar xarobasidan haykalcha boʻlagidagi yozuv, keramika idish sinigʻidagi yozuv, silindr shaklidagi sopol idishdagi yozuvlar. 1965-yilda arxeologlar Afrosiyobning shimoliy qismida sugʻd podsholarining saroy xarobalarini ochdilar. Saroy mehmonxonasining devorlari turli mazmundagi rasmlar bilan bezatilgan boʻlib, ular orasida oq kiyim kiygan Chagʻoniyon elchisining surati ham bor. Uning etagiga su‘gd tilida oʻn olti satrdan iborat elchilik ishonch yorligʻi yozib qoʻyilgan edi. Bu yozuvlar VII asr oʻrtalaridagi xalqaro munosabatlar tarixini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. 1947-yilda qadimgi Panjikent xarobalaridan moddiy madaniyat yodgorliklari qatorida 25 ta sugʻd yozuvining namunalari topilgan. Yozuvlar sopol boʻlaklarida, qovurgʻa suyaklarida uchragan. 1952-yilda bu yerdan sugʻd yozuvi bitilgan tarozi toshi topilgan[10].

Janubiy hududlardagi namunalar tahrir

Sugʻd yozuvlari mashqlari Turkmanistonda Gaur-Qaladan topilgan. 1974-yilda Qarshi yaqinida Yerqoʻrgʻondan sugʻd yozuvli bulla topilgan. Bulla loydan konussimon muhr koʻrinishida yasalgan. Unda „oʻlmas“ soʻzi oʻqiladi. 1979-yilda Pokistonda Hind daryosi yuqori qismida Shatial degan joyda qoya yozuvlarini topishgan. Yozuvlarning katta qismini sugʻd yozuvlari tashkil qilgan. Yozuvlar xronologiyasi V-VII asrlar bilan belgilangan[11].

Oʻrganilish tarixi tahrir

1906-1907-yillarda Steyn rahbarligidagi ekspeditsiya Sharqiy Turkistonda „Buddaning ming gʻori“dan xitoy, hind yozuvlari qatorida sugʻd tilidagi sugʻd yozuvlarini aniqlagan. Keyinchalik bu yerda Pelo rahbarligida fransuz ekspeditsiyasi, Oldenburg boshchiligida Rossiya ekspeditsiyasi ish olib bordi. Tadqiqotlar natijasida sugʻd matnlari kolleksiyasi paydo boʻldi va u hozirda Londondagi Britaniya kutubxonasida, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Leningrad boʻlimida, Turfon vohasidan topilgan sugʻd yozuvlari yodgorliklari esa Berlinda saqlanmoqda[12].

Mug‘ tog‘i Sug‘d hujjatlari M.N.Bogolyubov, V.A.Livshits, O.I.Smirnova, M.M. Is’hoqovlar tomonidan o‘rganilgan. Bir turkum sug’d hujjatlarining o‘zbek tiliga tarjimasi va izohlari professor M.M.Is’hoqov tomonidan “Unutilgan podsholikdan xatlar” nomli risolada e’lon qilingan[13].

Sugʻd alifbosini va sugʻd tilini oʻrganishga Sankt-Peterburglik olim V.A. Livshits katta hissa qoʻshgan. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham oʻziga xos sugʻdshunoslik maktabi vujudga kelgan: professor M. Ishoqov va uning shogirdlari sugʻd yozuvi, sugʻd tili va adabiyotining turli jihatlarini, xususiyatlarini oʻrganib kelmoqdalar. Sugʻd yozuvi yodgorliklarining asosiy qismi Sankt-Peterburg, London, Parij, Berlinda saqlanmoqda[14].

Adabiyotlar tahrir

  • L.Oranski y I.M., Vvedeniye v iranskuyu filologiyu, M., 1960.
  • Diringer D., Alfavit, Per. s angl., M., 1963.
  • Fridrix I., Istoriya pisma, Per. s nem., M., 1979.

Manbalar tahrir

  1. (unspecified title)
  2. (unspecified title)
  3. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild: Solnoma—Toʻytepa. T.:„Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti“, 2004. 177-bet. Abduvahob Madvaliyev maqolasi.
  4. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 77-bet.
  5. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 77-bet.
  6. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild: Solnoma—Toʻytepa. T.:„Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti“, 2004. 177-bet. Abduvahob Madvaliyev maqolasi.
  7. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 77-78-betlar.
  8. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild: Solnoma—Toʻytepa. T.:„Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti“, 2004. 177-bet. Abduvahob Madvaliyev maqolasi.
  9. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 78-bet.
  10. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 78-79-betlar.
  11. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 79-80-betlar.
  12. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 80-bet.
  13. Isʼhoqov M.M. Unutilgan podsholikdan xatlar. –T.: Fan, 1992
  14. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild: Solnoma—Toʻytepa. T.:„Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti“, 2004. 177-bet. Abduvahob Madvaliyev maqolasi.