Muhammad ibn Maslama
Muhammad ibn Maslama al-Ansoriy (arabcha: محمد بن مسلمة الأنصاري; tax. 588 yoki 591-yilda tugʻilib, 663 yoki 666-yilda vafot etgan) — Islom paygʻambari Muhammadning sahobalaridan. U „Paygʻambarning sarkardasi“ nomi bilan[1], shuningdek, Abu Abdulloh yoki Abu Abdurahmon kunyasi bilan mashhur boʻlgan[2]. Ibn Maslama Muhammad va uning izdoshlari Madinaga hijrat qilishlaridan oldin Islomni qabul qilgan. U Tabuk gʻazotidan boshqa barcha janglarning guvohi boʻlgan, Tabuk gʻazoti vaqtida esa Madina valiyi oʻrinbosari etib tayinlangan.
Rashidun xalifaligi davrida Ibn Maslama Zubayr ibn Avvom boshchiligidagi musulmonlarning Misrni zabt etishida ishtirok etgan. Xalifa Umar hukmronligining qolgan davrida esa Umarning shaxsiy vakili sifatida valiylar faoliyatini nazorat qilish uchun mas’ul shaxs etib tayinlangan.
Biografiyasi
tahrirMuhammad ibn Maslama taxminan 588 yoki 591-yilda Madinadagi Banu Avs qabilasida tugʻilgan[3][1]. Ibn Osirning „Usd al-gʻoba“, asarida Ibn Saʼdning „Tabaqat al-kabir“ asarida taʼkidlanishicha, uning toʻliq nisbasi Muhammad ibn Maslama ibn Xolid ibn Adiy ibn Majdaʼa ibn Horis al-Xazraj ibn Amr ibn Malik al-Avsiy[2] boʻlgan. Zahabiy tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra ushbu nisba biroz boshqacharoq va qisqaroq koʻrinishda, yaʼni Muhammad ibn Maslama ibn Salama ibn Xolid bin Adiy ibn Majdaʼa ibn Abu Said al-Avsiy boʻlgan[4]. Muhammadning onasi Saida qabilasidan Ummu Sahm Hulayda binti Abu Ubayda hisoblanadi[5][1].
Muhammad boshchiligidagi yurishlardagi ishtiroki
tahrirIbn Maslama Musʼab ibn Umayr qoʻlida oʻzining Banu Avsdan boʻlgan qabiladoshlari Saʼd ibn Mu’oz va Usayd ibn Huzayr bilan birga paygʻambar Muhammad va Makka musulmonlari Madinaga hijrat qilishidan 621–622-yillarida Islomni qabul qilgan[6]. Makkaliklar Madinaga kelganlaridan soʻng, Muhammad shahar aholisiga zudlik bilan ular bilan birodarlik rishtalarini bogʻlashni buyurganida Ibn Maslama Abu Ubayda ibn Jarroh bilan birodar tutinadi[6][7].
Makka musulmonlari kelganidan keyin Ibn Maslama turli xil harbiy yurishlarda ishtirok etgan. Ular orasidagi eng shiddatli janglardan biri 624-yilning mart oyida Badr jangida boʻlib oʻtgan[8][6]. Keyinchalik, aprel oyida musulmonlar Banu Qaynuqo qabilasini magʻlub etgach, Ibn Maslama ularning Madinadan quvib chiqarilishi va ularga tegishli mol-mulkni tortib olishni nazorat qiladi[9]. Xuddi shu yilning taxminan sentyabr oyida Muhammad ibn Maslama qarindoshlari va ittifoqdosh Banu Avs qabilasi bilan birga tuhmatli sheʼrlar oʻqiydigan yahudiy shoir Kaʼb ibn al-Ashrafni oʻldirish uchun yuboriladi. Kaʼb paygʻambar Muhammad, shuningdek, musulmon ayollar haqida ularni qoralovchi ruhdagi sheʼrlar yozgan[10].
625-yil aprel oyida musulmonlar Abu Sufyon ibn Harb qoʻl ostida Qurayshga qarshi Uhud jangida qatnashadilar. Jangdan oldin tunda qarorgohni qoʻriqlash vazifasi ellik nafar askarlar zimmasiga yuklanadi, ularga bosh qilib esa Ibn Maslama tayinlanadi[11][12]. Ushbu jangda Xolid ibn Valid kutilmaganda yon qanotdan hujum qiladi, buning natijasida musulmonlar katta talofat koʻradilar. Koʻpchilik musulmon askarlari orqaga chekinishadi, Ibn Maslama esa shunday ogʻir damda Muhammadning yonida turgan kam sonli askarlardan biri bo'ladi[1]. Keyinchalik, 625-yilning avgust oyida Ibn Maslama tomonidan yahudiylarning Banu Nodir qabilasiga Muhammad ularni shahardan quvib chiqarmoqchi ekanligi haqidagi xabar yetkaziladi. Ibn Maslamaning bu xatti-harakati Banu Nodir qabilasi vakillarini hayratga soladi, chunki ular Banu Avs qabilasining ularga qarshi bunday tahdidli harakatni amalga oshirishlariga jur’at eta olishmaydi deb oʻylaydilar[9][13]. Keyinchalik, Banu Nodir qabilasi Muhammadga taslim boʻlib, Madinadan haydalayotgan vaqtda ularning shaharni tark etishlari hamda musodara qilingan barcha mol-mulki va qurol-yarogʻlarini yigʻib olish ishlarini ham aynan Muhammad ibn Maslamaga topshiriladi[9].
626-yilning avgust–sentyabr oylarida, Ibn Maslama Dumat al-Jandal gʻazotida ishtirok etadi[9]. Ushbu gʻazotda Ibn Maslama bir kishini asirga oladi, keyinchalik asirga olingan shaxs Markaziy Arabistonning Najd shahrida istiqomat qiluvchi Banu Hanifa qabilasi boshligʻi Tumama ibn Utal ismli muhim arab boʻlib chiqadi[14]. So'ngra Muhammad Tumamani hech qanday toʻlovsiz ozod qiladi, bundan taʼsirlangan Tumama esa Islomni qabul qiladi va Banu Hanifa tarafdorlarini ham ushbu dinga e'tiqod qilishga undaydi. Tumama ibn Utalning Islom dinini qabul qilishi Madina aholisiga ikki sababga koʻra muhim siyosiy taʼsir koʻrsatadi:
- Banu Hanifa qabilasi Markaziy Arabistondagi qishloq xoʻjaligi sohasida rivoj topgan va Arab choʻlidagi koʻplab qabilalar uchun muhim hisoblangan bugʻdoy yetkazib beruvchi qabilalardan biri edi. Ushbu qabila vakillari Islomni qabul qilganidan soʻng, Tumama Makkada Qurayshga boykot eʼlon qiladi, bu esa Qurayshning madinalik musulmonlarga nisbatan bosqinchiliklarini maʼlum darajada toʻxtatilishiga sabab boʻladi[14].
- Keyinchalik Abu Bakr Siddiq Rashidun xalifaligi davridagi murtadlar qoʻzgʻolonlari paytida Banu Hanifaning Tumama boʻlimi shu qabilaning Musaylama firqasidan voz kechadi va buning oʻrniga xalifalikka yordam berishni boshlaydi. Buning natijasida Tumama boʻlimi ahli Islomni qabul qiladi va Yamoma jangida xalifalik tomonidan kurash olib borayotgan Xolid ibn Valid qoʻl ostidagi askarlar boʻlinmasiga yetarlicha jangchilarni yetkazib turadi[14].
Ibn Maslama ishtirok etgan navbatdagi yirik jang 627-yilning bahorida boʻlib oʻtgan Xandaq jangi hisoblanib, unda Quraysh, Gʻatafon va boshqa 10 000 kishidan iborat kichik qabilalar koalitsiyalari Madinani qamal qiladi. Muhammad ibn Maslama esa tunda paygʻambar Muhammadning chodirida qorovul boʻlib turadi[9][1]. Keyinchalik Madinani qamal qilgan askarlar ortga chekinishadi, ertasi kuni Ibn Maslama Madinadagi boshqa bir yahudiy qabilasiga, yaʼni xiyonatkor Banu Qurayzaga qarshi qamalda, Xandaq jangida koalitsiya qoʻshinlari tarkibidan jangga kiradi[9]. Banu Qurayza qabilasi taslim etilgach, Ibn Maslama mahbuslarning bilaklarini bogʻlab qoʻyadi[9]. Unga qatl qilinishi kerak boʻlgan yahudiy qabilasi asirlarini qoʻriqlash vazifasi yuklanadi. Amr ibn Suda ismli bir yahudiy tunda soqchilardan yashirinib oʻtib, Madinadan qochib ketishga muvaffaq boʻladi. Ibn Maslama Muhammadga ushbu asir Banu Qurayza qabilasining Madinaga qarshi harakatlarida ishtirok etmagani sababli uning qochishiga ataylab ruxsat berganini aytadi. Muhammad bu voqeaga nisbatan, Amrni sodiqligi tufayli Alloh uni qutqarib qolganligini aytadi[5][9][15]. Keyinchalik Banu Qurayza qabilasidan olingan asirlar sotilayotgan vaqtda Ibn Maslama ular orasidan bir ayol va uning ikki oʻgʻlini 45 dinorga sotib oladi. Ushbu tangalar Ibn Maslamaga urushdan olingan o'ljaning ma'lum bir qismi sifatida mukofot qilib berilgan edi, chunki fiqh hukmiga koʻra jangda ishtirok etgan otliq askarlarga piyodalardan kattaroq oʻlja olishga ruxsat berilgan, Ibn Maslama ham ushbu qamalda otliq askarlar safida jang qilgan edi[9].
Ibn Maslama 627-yilning iyun oyida al-Qurotaga qarshi bosqinda 30 nafar otliq askarlariga boshchilik qilgan. Ular kechasi yurish qilib, kunduzi yashiringan holda harakatlanishgan. Al-Sharaba hududida ular Kilob qabilasining Bakr urugʻiga hujum uyushtirib, ulardan oʻn nafarini oʻldirishadi. Soʻngra chorva mollari, 150 ta tuya va 3000 ta qoʻyni Madinaga haydab ketadilar[5][9][1]. Keyingi oyda Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi oʻn kishilik boʻlinmani Zul-Qassadagi Gʻatafon hududiga yuboradi. Ibn Maslama va uning odamlari tunda uxlab yotishgan bir vaqtda dushman vakillari pistirmadan hujumga oʻtishadi. Raqib tomon askarlari musulmonlarga qarshi oʻq otishni boshlaganlarida, birinchi boʻlib Ibn Maslama uygʻonib ketadi va oʻz yigitlarini himoyaga chaqiradi. Badaviylar nayzalarni uloqtirib, raqibning uch nafar askarlarini oʻldirishadi, keyin pistirmachilar yana yetti nafar kishini oʻldirishadi. Musulmonlardan Ibn Maslama dushman hujumidan omon qolishga va qochib qutulishga muvaffaq boʻlganiga qaramay, toʻpigʻi bilan yiqilib, jarohat oladi. Keyinroq bir musulmon Maslama yotgan yerdan oʻtayotgan vaqtda uni tirik topgach, unga ovqat va suv berib, Madinaga olib ketadi[9][1][15]. Shuningdek, Ibn Maslama 628-yilning yanvarida boʻlib oʻtgan Muraysi gʻazotida ham ishtirok etadi[9].
Daraxt bay’ati chogʻida Ibn Maslama Hudaybiyaga qoʻriqchi sifatida yuborilgan yigirmata otliq askarlaridan biri boʻlib[9], tungi qoʻriqchilar roʻyxatidan joy oladi. Bir kuni kechasi Quraysh musulmonlar qarorgohiga ellik kishini yuboradi. Ibn Maslama esa ularni qoʻlga olib, Muhammadning huzuriga olib kelishga muvaffaq boʻladi[9]. Bir rivoyatga koʻra, Ibn Maslama Hudaybiya shartnomasiga ham guvoh boʻlgan deb aytiladi[9], biroq aslida ushbu voqeaga guvoh boʻlgan shaxs uning ukasi Mahmud hisoblanadi[5].
Haybarni qamal qilish
tahrir628-yilning may–iyul oylarida boʻlib oʻtgan Haybar jangida musulmonlarning qarorgoh tuzishlari uchun zarur hisoblangan eng yaxshi joyni Ibn Maslama topadi[9]. Jangning birinchi kuni uning ukasi Mahmud Naim qal’asi soyasida oʻtirgan vaqtida ogʻir yaralanadi. Qal’a ichidagi yahudiy jangchisi Marhob tegirmon toshini uloqtirib yuboradi va tosh Mahmudning boshiga tushadi[5][9]. Ogʻir jarohat olgan Mahmud uch kun toʻshakka mixlanib, vafot etadi, Ibn Maslama ukasiga uning qizlarini oʻz himoyasiga olishga vaʼda beradi[9].Oʻsha kuni Ibn Maslama ukasining qasosini oladi va Marhob bilan kechgan shafqatsiz jangda uni oʻldiradi. Oʻrtadagi jang juda shiddatli kechadi, qal’a devori tashqarisida joylashgan bogʻdagi palma daraxtlari butunlay kesib tashlanadi[16]. Jangda Ibn Maslama raqibining bir oyogʻini kesib tashlaydi[16]. U Marhobga soʻngi zarbani berishidan oldin Ali uni toʻxtatib qoladi va Marhobning boshini oʻzi kesib tashlaydi. Bu narsa Aliga urushdan ma'lum miqdorda oʻlja olish huquqini beradi. Shundan keyin Ibn Maslama Alining ustidan payg'ambar Muhammadga daʼvo qiladi, bir qancha bahs-munozralardan keyin Muhammad Marhobning qilichi, qalqoni, qalpogʻi va dubulgʻasini Ibn Maslamaga beradi[16][5][9][15]. Keyinroq Ibn Maslama Yusayr ismli boshqa bir yahudiy askarini ham oʻldiradi[9].
Muhammad ibn Maslama, shuningdek, as-Saab ibn Muoz qal’asi qamal qilinayotgan bir vaqtda Muhammadni qalqon qiluvchi otryad tarkibida bor edi[9]. Jangdan keyin Zubayr ibn al-Avvom Kenana ibn al-Robiyni Abulhuqayq qabilasiga tegishli xazina qayerga yashirganini aniqlash maqsadida qiynoqqa soladi. Undan kerakli maʼlumotlarni olomagach, Muhammad bu ishni Ibn Maslamaga topshirishni buyuradi. Soʻngra unga Kenananing boshini kesishga ham ruxsat beriladi[5][9][15][17].
Muhammadning vafotiga qadar egallagan mansabi
tahrirHaybardagi sakkizta qal’aning hammasi boʻysundirilgach, Ibn Maslama va musulmon qoʻshinlari yana yurish qilib, yahudiylarning Vodiy al-Qura qabilasini boʻysundirishadi. Musulmonlar oʻljalarni boʻlishib olayotgan vaqtlarida Ibn Maslamaga Vodiy al-Quradan bir ulush beriladi[5][9].
629-yilgi birinchi haj safarida Muhammad oʻzidan oldin Ibn Maslama boshchiligidagi yuz otliqni Madina tomon yuboradi, bu harakat Quraysh ahlining qoʻrquviga sabab boʻladi, ammo Muhammad ularga qarshi hech qanday harbiy niyatlari yoʻqligini maʼlum qiladi[1][15].
Ibn Maslama 630-yilning yanvarida Makkani fath qilishda ham ishtirok etadi. Tuyada yoʻlga chiqqan Muhammad Kaʼbani tavof qilganida Ibn Maslama paygʻambarning tuyasi jilovini ushlab turgan edi[9]. Qayd etilishicha, Muhammad in Maslamani Tabuk gʻazotidan tashqari barcha harbiy yurishlarga safarbar qilgan, Tabuk gʻazoti vaqtida esa uni Madinaga hokim etib tayinlagan[1][9].
Oʻlimi
tahrirMuhammad ibn Maslama 663-yilning may–iyun oylarida yoki 666-yilning aprel–may oylarida taxminan 75 yoshida Madinada vafot etadi[3][1]. Ibn Saʼdning xabar berishicha, Muhammad ibn Maslama fuqarolar urushi paytidagi betarafligi sababli Iordaniya fuqarosi tomonidan oʻldirilgan[6].
Muhammad ibn Maslamaning janoza namozi Usmon ibn Affon va Muoviya I ning amakivachchasi Marvon ibn Hakam tomonidan oʻqilgan[1][3]. Boshqa bir xabarga koʻra esa, janoza namoziga Muoviya imomlik qilgan[6].
Hadislari va xususiyatlari
tahrirIbn Maslama baland boʻyli, baquvvat, qora terili va kal kishi boʻlgan deb taʼriflangan[1].
Ibn Maslama, asosan, otliq askarlar safida jang olib borgani bois, al-Voqidiy uning otiga Zu al-Limma deb nom berilganini qayd etgan[9].
Bir qancha maʼlumotlarga koʻra, Muhammad ibn Maslamani muhojirun sahobalardan biri Abu Ubayda ibn Jarrohga oxshatishgan[7]. Ibn Maslama ham Abu Ubayda singari kam soʻzlaydigan kishi boʻlgan, uatto yahudiylar boshligʻi Kaʼb ibn Ashrafni oʻldirish kabi qiyin topshiriqlar berilganida hma hech qachon shikoyat qilmagan.
Oilasi
tahrirIbn Maslamaning yetti ayoldan oʻn nafar va olti qizi boʻlgan[1]. Ular:
- Avs qabilasining Abdulashhal urugʻidan Ummu Amr binti Salama. Akasi Aqabadagi ikkinchi bay’atda ishtirok etgan, uning oʻzi ham Muhammadga bay’at qilgan ayollardan[18]
- Abdulrahmon
- Ummu Iso
- Ummul Horis
- Avs qabilasining Zafar urugʻidan Amra binti Masud. U, qizi, onasi, singlisi va jiyani bilan Madinada Muhammadga bay’at qilgan birinchi ayollardan[18]
- Abdulloh
- Ummu Ahmad
- Qays ibn Aylon qabilasining Murra boʻlimidan Qutayla binti al-Husayn
- Saʼd
- Jafar
- Ummu Zayd
- Qays ibn Aylan qabilasining Murra boʻlimidan Zahro binti Ammar
- Umar
- Kalb qabilasining Atba urugʻidan bir necha ayollar
- Anas
- Amra
- Kanizaklari
- Qays
- Zayd
- Muhammad
- Boshqa kanizaki
- Mahmud
- Hafsa
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir vol. 3. Translated by Bewley, A. (2013). The Companions of Badr. London: Ta-Ha Publishers.
- ↑ 2,0 2,1 ibn Sa‘d. „sahaba.rasoolona; Quoting Tabaqat al-Kabeer“. Qaraldi: 2021-yil 27-noyabr.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by Morony, M. G. (1987). Volume 18: Between Civil Wars: The Caliphate of Mu’awiyah. Albany: State University of New York Press.
- ↑ ad-Dhahabi. „Siyar A'lam Nubala“. Qaraldi: 2021-yil 27-noyabr.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 Muhammad ibn Ishaq. Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad. Oxford: Oxford University Press.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Ibn Sa'd, Muhammad. Major Classes. IslamKotob — 338-bet. Qaraldi: 2021-yil 27-noyabr.
- ↑ 7,0 7,1 Singh, Nagendra K.. Prophet Muhammad and His Companions (Hardcover) (English), Global Vision Publishing House, 2003. ISBN 9788187746461. Qaraldi: 2021-yil 27-noyabr.
- ↑ Ibn Ishaq, Muhammad. Sirah Nabawi translation (English), 1967. ISBN 978-0196360331.
- ↑ 9,00 9,01 9,02 9,03 9,04 9,05 9,06 9,07 9,08 9,09 9,10 9,11 9,12 9,13 9,14 9,15 9,16 9,17 9,18 9,19 9,20 9,21 9,22 9,23 9,24 9,25 Waqidi, Muhammad ibn Umar. The Life of Muḥammad: Al-Wāqidī's Kitāb Al-maghāzī (English). Routledge, 2011. ISBN 9780415574341. Qaraldi: 2021-yil 27-noyabr. Waqidi, Muhammad ibn Umar (2011). The Life of Muḥammad: Al-Wāqidī's Kitāb Al-maghāzī. Translated by Rizwi Faizer; Amal Ismail; Abdulkader Tayob. Routledge. ISBN 9780415574341. Retrieved 27 November 2021.
- ↑ Safiur Rahman Mubarakpuri. Sealed Nectar (English). the University of Michigan, 1995 — 250-bet. Qaraldi: 2021-yil 28-noyabr. Fadlan Fahamsyah. Sahabat Nabi MUHAMMAD BIN MASLAMAH Radhiyallahu 'anhu. 13m31s-46m30s.
- ↑ Safiur Rahman Mubarakpuri. Sealed Nectar (English). the University of Michigan, 1995 — 250-bet. Qaraldi: 2021-yil 28-noyabr.
- ↑ Muir, W. (1912).The Life of Mohammad from Original Sources, 4th Ed., pp. 256-267. Edinburgh: John Grant.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by McDonald, M. V. (1987). Volume 7: The Foundation of the Community. Albany: State University of New York Press.
- ↑ 14,0 14,1 14,2 Al-Mishri, Mahmud „Tsumamah bin utsal“, . Sahabat-sahabat Rasulullah (Malay). Pustaka Ibnu Katsir, 2010. ISBN 9789791294393. Qaraldi: 2021-yil 28-noyabr. Al-Mishri, Mahmud; Karimi, Izzudin; Syuaeb al-Faiz, Mohammad (2010). „Tsumamah bin utsal“. Sahabat-sahabat Rasulullah (in Malay). Pustaka Ibnu Katsir. ISBN 9789791294393. Retrieved 28 November 2021. Khalid Zeed Abdullah Basalamah. Kisah Sahabat Nabi ﷺ Ke-44: Tsumamah bin Utsal "Pemimpin Suku Hanifah"; Commentary review of Sahabat-sahabat Rasulullah book.Khalid Zeed Abdullah Basalamah (2019). Kisah Sahabat Nabi ﷺ Ke-44: Tsumamah bin Utsal „Pemimpin Suku Hanifah“; Commentary review of Sahabat-sahabat Rasulullah book (in Indonesian and Arabic). Jakarta, Java Island.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 15,3 15,4 Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by Fishbein, M. (1997). Volume 8: The Victory of Islam. Albany: State University of New York Press.
- ↑ 16,0 16,1 16,2 Safiur Rahman Mubarakpuri. Sealed Nectar (English). the University of Michigan, 1995 — 250-bet. Qaraldi: 2021-yil 28-noyabr. Khalid Zeed Abdullah Basalamah. Sirah Nabawiyyah ke 17 - Perang Khaibar; of Sirah Nabawiyah by Khalid Basalamah commentary. 1h12m11s-1h19m51s.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by Poonawala, I. K. (1990). Volume 9: The Last Years of the Prophet. Albany: State University of New York Press.
- ↑ 18,0 18,1 Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir vol. 8. Translated by Bewley, A. (1995). The Women of Madina. London: Ta-Ha Publishers.