Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi (OʻzBA) — Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatining yirik arboblarini birlashtiruvchi hamda madaniyat, meʼmorlik, tasviriy va amaliy sanʼat, sanʼatshunoslik, dizayn, muzeyshunos, ilmiy, ijodiy, taʼlim tizimiga ega yosh mutaxassislar tayyorlashga ilmiy metodik rahbarlik qiluvchi oliy ilmiy metodik tashkilot; Oʻzbekiston badiiy hayotining markazi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning "Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil qilish toʻgʻrisida"gi 1997-yil 23-yanvar farmoniga[1] hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-mart qaroriga binoan, 1997-yilda Toshkent shahrida tashkil qilingan.[2]
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi 1997-yildan Qo‘ziyev Tursunali Karimjonovich, 2012-yildan hozirgacha (2024) Nuriddinov Akmal Vahobjonovich.[3] Oliy organi — Boshqaruv kengashi; majlislar oraligʻida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatiga Rais boshchiligidagi Boshqaruv rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida xalqaro aloqalar, axborot va marketing, taʼlim, metodika va ijodkor yoshlar bilan ishlash, moliya-iqtisod va moddiy texnik taʼminot, markaziy hisobxona, ijodiy boʻlimlar boshqarmalari mavjud. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi milliy va badiiy kadrlarni tayyorlashda muhim rol oʻynaydi; uning faoliyati tasviriy va amaliy sanʼat ustalariga gʻamxoʻrlik qilish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yosh isteʼdodlarni kashf qilish, koʻrgazmalar uyushtirish, milliy anʼanalarni rivojlantirish, badiiylik asosida yuksak maʼnaviy tarbiya berishga yoʻnaltirilgan.
O‘zbekiston badiiy akademiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari: |
---|
O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalar uchun keng imkoniyatlar yaratib berish hamda ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish; |
jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan ilg‘or tajribani almashish maqsadida har tomonlama ijodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish; |
ijodkorlar va iste’dodli yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish hamda Badiiy akademiya tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash; |
xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn an’analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining (keyingi o‘rinlarda Badiiy ijodkorlar uyushmasi deb ataladi) faoliyatini muvofiqlashtirish; |
tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarning milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yuksak darajadagi yorqin san’at asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish va bolalar san’atini rivojlantirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish; |
Badiiy akademiya tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatida badiiy ta’lim uzviyligi hamda uzluksizligini ta’minlashga erishish maqsadida ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlari uchun boshlang‘ich badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yish; |
O‘zbekiston madaniyati va san’atining taraqqiyoti yo‘lida tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandchiligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Badiiy akademiya tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish; |
tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, Badiiy akademiya markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini kuchaytirish, bu boradagi vazifalarni amalga oshirishning zamonaviy, ta’sirchan usul va shakllarini tizimli asosda rivojlantirib borish; |
O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamli ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennalelar va boshqa anjumanlar o‘tkazish. |
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi badiiy taʼlim tizimida Sanʼatshunoslik instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik kolleji, Respublika tasviriy va amaliy sanʼat litsey-internati, A. Xoʻjayev nomidagi Respublika dizayn kolleji, Toshkent shahri, Respublika viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tasviriy va amaliy sanʼat akademik litseylari va kollejlari, ishlab chiqarish ustaxonalari va laboratoriyalari bor.
Akademiya tarkibida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazma zali, "Xamar" xalqaro aloqalar markazi[4], Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi[5], Zamonaviy sanʼat markazi, Toshkent fotografiya uyi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi maxsus fondi, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi, "Oqtosh" Oʻzbekiston rassomlari ijod uyi, Kamoliddin Behzod memorial majmui (bogʻ va muzey bilan birga)[6], Xalqaro madaniyat karvonsaroyi[7], Toshkent xalqaro biyennale direksiyasi (2001-yildan har 2 yilda oʻtkaziladi — 2001, 2003, 2005), Toshkent xalqaro bolalar rasmlari biyennale direksiyasi (har 2 yilda), Toshkent xalqaro fototanlovi direksiyasi (2002-yildan har yili) kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi "Sanʼat" jurnali[8], "Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi" bukletrejasi (T., 2004), "Markaziy Osiyo numizmatikasi" (1-4 sonlari, 1996-1999; 56 sonlari, 2001-2002), "Toxariston ekspeditsiyasi materiallari" (1-4 sonlari, 2000-2003), "Baqtriya oʻzbek-yapon arxeologiya ekspeditsiyasi materiallari" (1-5 sonlari, 1997-2001) kabilarni nashr etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi tasviriy va amaliy sanʼatining taraqqiyot darajasini koʻrsatishda koʻrgazmalar muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Oʻzbekiston hukumati qaroriga binoan uyushtiriladigan muhim xalqaro koʻrgazmalarning loyiha va tadbirlarini ilmiy ishlab chiqish va badiiy bezash ishlarini amalga oshiradi. Jumladan, YUNESKOning Parijdagi shtabkvartirasida "Buyuk ipak yoʻli" shaharlari — Buxoro, Xivaning 2500-yilligiga bagʻishlangan koʻrgazmalarda qatnashdi; Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi yetakchi olimlari "Buyuk ipak yoʻli shaharlari" ("Buxoro — Sharq durdonasi", "Xiva — ming gumbazlar shahri", "Termiz — Buyuk ipak yoʻli kesishgan yerdagi qadimiy va navqiron shahar" va boshqalar) hamda buyuk fan va davlat arboblari (Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Termiziy, Al-Fargʻoniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur, Kamoliddin Behzod va boshqalar)ga bagʻishlangan kitob, kitob-albomlarni nashr etishga katta hissa qoʻshdi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Gollandiya, Gretsiya, Fransiya, Shvetsiya, Koreya Respublikasi, Suriya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning badiiy akademiyalari bilan hamkorlik qiladi; Germaniyada chop etiladigan "U08TOK" jurnalidada Oʻzbekiston, uning badiiy merosi, zamonaviy tasviriy va amaliy sanʼati haqida materiallar yoritiladi.
Milliy va jahon sanʼati, madaniyatiga hissa qoʻshganlar, koʻp yillik ijodiy faoliyati, ilmiy asarlari, tadqiqotlari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan bir qatorda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi mukofotlari — Oltin va Kumush medallar bilan taqdirlanadi.
Akademiklari
tahrirOʻzbekiston Badiiy akademiyasi tarkibida 39 ta akademiklar (faxriy aʼzolari bilan) bor:[9]
- Abdullayev Sa’dulla Asadullayevich
- Azimov Sharif Tursunovich
- Akbarov Asqarali Odamshoyevich
- Otaxon Ollaberganov
- Axmadaliev Fayzullaxan
- Ahmedova Nigora Rahimovna
- Baybosinov Sarsenbay Bazarbaevich
- Borodina Marina Rostislavovna
- Boltayev Botir
- Burmakin Vladimir Ivanovich
- Jalolov Bahodir Fazlitdinovich
- Jabborov Ilxom
- Hakberdiyev Xudoyberdi
- Ibragimov Lekim Xakimovich
- Ilhomov Anvar
- Isaev Asliddin Iskandarovich
- Ikramdjanov Akmal Turaevich
- Qodirov G‘afur Qobilovich
- Qo‘ziyev Tursunali Karimjonovich
- Mamadjanov Anvar Alimjanovich
- Mirzayev Alisher Toʻlaganovich
- Murodov Mansurjon Nosirovich
- Muhamadjonov Shomahmud Shohadiyevich
- Nazarov Baxtiyor Muhammadjanovich
- Nazrullayev Alisher Ibodullayevich
- Nuriddinov Akmal Vaxobjonovich
- Rahimov Akbar Muhiddinovich
- Rahmatullayev Sirojiddin Rixsitillayevich
- Rahmetov Sobir G‘ofurovich
- Salpinkidi Yanis Panayotovich
- Sadikov Marat Fayzievich
- Tursunnazarov Yigitali Tursunovich
- To‘xtayev Azamat Ramziddinovich
- Umarbekov Javlon Yusupovich
- Umarov Abdurahim Zikrillayevich
- Fayzullayev Ortiq
- Xakimov Akbar Abdullayevich
- Xolmatov Niyozali
- Yusupov Sharofiddin
Havolalar
tahrir- Rasmiy web sayti (Wayback Machine saytida 2024-01-27 sanasida arxivlangan)
Manba
tahrir- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni "O‘zbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish" haqida“ (23-yanvar 1997-yil). Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqida“. 2024-yil 18-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „Rahbariyat“. 2024-yil 18-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „Bosh sahifa“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „КОЛЛЕКЦИЯСИ ҲАҚИДА“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „MUZEY HAQIDA“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „МЕЖДУНАРОДНЫЙ Караван-сарай культуры Икуо Хираямы“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „About Journal“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
- ↑ „Akademiklar“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.[sayt ishlamaydi]
https://lex.uz/docs/-3435558?ONDATE=17.08.2021 "O‘ZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA" O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 01.12.2017 yildagi 957-son