Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi (OʻzBA) — Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatining yirik arboblarini birlashtiruvchi hamda madaniyat, meʼmorlik, tasviriy va amaliy sanʼat, sanʼatshunoslik, dizayn, muzeyshunos, ilmiy, ijodiy, taʼlim tizimiga ega yosh mutaxassislar tayyorlashga ilmiy metodik rahbarlik qiluvchi oliy ilmiy metodik tashkilot; Oʻzbekiston badiiy hayotining markazi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning "Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil qilish toʻgʻrisida"gi 1997-yil 23-yanvar farmoniga[1] hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-mart qaroriga binoan, 1997-yilda Toshkent shahrida tashkil qilingan.[2]

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi 1997-yildan Qo‘ziyev Tursunali Karimjonovich, 2012-yildan hozirgacha (2024) Nuriddinov Akmal Vahobjonovich.[3] Oliy organi — Boshqaruv kengashi; majlislar oraligʻida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatiga Rais boshchiligidagi Boshqaruv rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida xalqaro aloqalar, axborot va marketing, taʼlim, metodika va ijodkor yoshlar bilan ishlash, moliya-iqtisod va moddiy texnik taʼminot, markaziy hisobxona, ijodiy boʻlimlar boshqarmalari mavjud. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi milliy va badiiy kadrlarni tayyorlashda muhim rol oʻynaydi; uning faoliyati tasviriy va amaliy sanʼat ustalariga gʻamxoʻrlik qilish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yosh isteʼdodlarni kashf qilish, koʻrgazmalar uyushtirish, milliy anʼanalarni rivojlantirish, badiiylik asosida yuksak maʼnaviy tarbiya berishga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi badiiy taʼlim tizimida Sanʼatshunoslik instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik kolleji, Respublika tasviriy va amaliy sanʼat litsey-internati, A. Xoʻjayev nomidagi Respublika dizayn kolleji, Toshkent shahri, Respublika viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tasviriy va amaliy sanʼat akademik litseylari va kollejlari, ishlab chiqarish ustaxonalari va laboratoriyalari bor.

Akademiya tarkibida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazma zali, "Xamar" xalqaro aloqalar markazi[4], Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi[5], Zamonaviy sanʼat markazi, Toshkent fotografiya uyi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi maxsus fondi, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi, "Oqtosh" Oʻzbekiston rassomlari ijod uyi, Kamoliddin Behzod memorial majmui (bogʻ va muzey bilan birga)[6], Xalqaro madaniyat karvonsaroyi[7], Toshkent xalqaro biyennale direksiyasi (2001-yildan har 2 yilda oʻtkaziladi — 2001, 2003, 2005), Toshkent xalqaro bolalar rasmlari biyennale direksiyasi (har 2 yilda), Toshkent xalqaro fototanlovi direksiyasi (2002-yildan har yili) kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi "Sanʼat" jurnali[8], "Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi" bukletrejasi (T., 2004), "Markaziy Osiyo numizmatikasi" (1-4 sonlari, 1996-1999; 56 sonlari, 2001-2002), "Toxariston ekspeditsiyasi materiallari" (1-4 sonlari, 2000-2003), "Baqtriya oʻzbek-yapon arxeologiya ekspeditsiyasi materiallari" (1-5 sonlari, 1997-2001) kabilarni nashr etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi tasviriy va amaliy sanʼatining taraqqiyot darajasini koʻrsatishda koʻrgazmalar muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Oʻzbekiston hukumati qaroriga binoan uyushtiriladigan muhim xalqaro koʻrgazmalarning loyiha va tadbirlarini ilmiy ishlab chiqish va badiiy bezash ishlarini amalga oshiradi. Jumladan, YUNESKOning Parijdagi shtabkvartirasida "Buyuk ipak yoʻli" shaharlari — Buxoro, Xivaning 2500-yilligiga bagʻishlangan koʻrgazmalarda qatnashdi; Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi yetakchi olimlari "Buyuk ipak yoʻli shaharlari" ("Buxoro — Sharq durdonasi", "Xiva — ming gumbazlar shahri", "Termiz — Buyuk ipak yoʻli kesishgan yerdagi qadimiy va navqiron shahar" va boshqalar) hamda buyuk fan va davlat arboblari (Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Termiziy, Al-Fargʻoniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur, Kamoliddin Behzod va boshqalar)ga bagʻishlangan kitob, kitob-albomlarni nashr etishga katta hissa qoʻshdi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Gollandiya, Gretsiya, Fransiya, Shvetsiya, Koreya Respublikasi, Suriya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning badiiy akademiyalari bilan hamkorlik qiladi; Germaniyada chop etiladigan "U08TOK" jurnalidada Oʻzbekiston, uning badiiy merosi, zamonaviy tasviriy va amaliy sanʼati haqida materiallar yoritiladi.

Milliy va jahon sanʼati, madaniyatiga hissa qoʻshganlar, koʻp yillik ijodiy faoliyati, ilmiy asarlari, tadqiqotlari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan bir qatorda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi mukofotlari — Oltin va Kumush medallar bilan taqdirlanadi.

Akademiklari tahrir

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tarkibida 39 ta akademiklar (faxriy aʼzolari bilan) bor:[9]

  1. Abdullayev Sa’dulla Asadullayevich
  2. Azimov Sharif Tursunovich
  3. Akbarov Asqarali Odamshoyevich
  4. Otaxon Ollaberganov
  5. Axmadaliev Fayzullaxan
  6. Ahmedova Nigora Rahimovna
  7. Baybosinov Sarsenbay Bazarbaevich
  8. Borodina Marina Rostislavovna
  9. Boltayev Botir
  10. Burmakin Vladimir Ivanovich
  11. Jalolov Bahodir Fazlitdinovich
  12. Jabborov Ilxom
  13. Hakberdiyev Xudoyberdi
  14. Ibragimov Lekim Xakimovich
  15. Ilhomov Anvar
  16. Isaev Asliddin Iskandarovich
  17. Ikramdjanov Akmal Turaevich
  18. Qodirov G‘afur Qobilovich
  19. Qo‘ziyev Tursunali Karimjonovich
  20. Mamadjanov Anvar Alimjanovich
  21. Mirzayev Alisher Toʻlaganovich
  22. Murodov Mansurjon Nosirovich
  23. Muhamadjonov Shomahmud Shohadiyevich
  24. Nazarov Baxtiyor Muhammadjanovich
  25. Nazrullayev Alisher Ibodullayevich
  26. Nuriddinov Akmal Vaxobjonovich
  27. Rahimov Akbar Muhiddinovich
  28. Rahmatullayev Sirojiddin Rixsitillayevich
  29. Rahmetov Sobir G‘ofurovich
  30. Salpinkidi Yanis Panayotovich
  31. Sadikov Marat Fayzievich
  32. Tursunnazarov Yigitali Tursunovich
  33. To‘xtayev Azamat Ramziddinovich
  34. Umarbekov Javlon Yusupovich
  35. Umarov Abdurahim Zikrillayevich
  36. Fayzullayev Ortiq
  37. Xakimov Akbar Abdullayevich
  38. Xolmatov Niyozali
  39. Yusupov Sharofiddin

Havolalar tahrir

Manba tahrir

  1. „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni "O‘zbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish" haqida“ (23-yanvar 1997-yil). Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  2. „O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqida“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  3. „Rahbariyat“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  4. „Bosh sahifa“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  5. „КОЛЛЕКЦИЯСИ ҲАҚИДА“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  6. „MUZEY HAQIDA“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  7. „МЕЖДУНАРОДНЫЙ Караван-сарай культуры Икуо Хираямы“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  8. „About Journal“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.
  9. „Akademiklar“. Qaraldi: 18-fevral 2024-yil.