Qirgʻiziston ravnaqi fidokorlari
"Qirgʻiziston ravnaqi fidokorlari" ensiklopediyasi — Qirgʻizistonning taniqli oʻzbeklari haqidagi ensiklopediya nashri.
Asl nomi | باسم الازدهار في قيرغيزستان ، الطبعة الموسوعية لأوزبك البارزين في قيرغيزستان (arabcha) |
---|---|
Muallif(lar) | |
Tarjimon(lar) | Oʻzbek va rus tillaridan tarjima qilgan Dilmurad Rahmanov, qirgʻiz tilidan tarjima qilgan Zina Pasanova. |
Til | Oʻzbek, rus, qirgʻiz |
Janr(lar)i | Badiiy-tarixiy publitsistika |
Nashr etilgan sanasi | 2017 |
Nashriyot | "Rizvon" O`sh shahri bosmaxonasi |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2017 |
Sahifalar soni | 336 |
ISBN | 978-9967-18-344-5 |
Tarixi
tahrir2016-yilning 31-avgust kuni Qirgʻiziston xalqi davlat mustaqilligining 25 yilligini nishonladi. Qirgʻiziston Respublikasining Prezidenti Almazbek Atambayev taʼkidlaganiday, „Qirgʻiziston — ozod xalqlar vatanidir“. Qisqa tarixiy davr mobaynida bizning mamlakatimizni jahon hamjamiyati soʻz va vijdon, din va tanlov erkinligi taʼminlangan mustaqil va demokratik davlat, deb tan oldi.
Darhaqiqat, bizning Vatanimizda barcha fuqarolar davlat oldidagi konstitutsion burchlarini bajarishmoqda. Barcha xalq va etnoslar Qirgʻiziston ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshishmoqda. 2014-yili Qirgʻiziston xalqi Assambleyasining rahbariyati bu dargoh tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan barcha milliy-madaniy markazlarga bu haqda oʻz kitoblarini nashr etishlarini tavsiya qildi. 2015-yili yubiley arafasida koʻplab xalqlarning, jumladan, tatar, uygʻur, dungan, ozarbayjonlarning vakillari yubiley kitoblarini chop etishdi. Ular oʻz xalqi vakillarining Qirgʻiziston iqtisodi va madaniyatiga qoʻshgan hissalarini, oʻz buyuk arboblari haqida maʼlumotlarni yoritishdi. Bunday kitoblar oʻquvchilarda oʻz Vataniga faxr, ertangi kunga umid, boshqa xalqlarga doʻstlik tuygʻularini mustahkamlaydi. Huddi shu mazmundagi qirgʻizistonlik oʻzbeklar haqidagi yubiley kitob Qirgʻiziston mustaqilligining 25 yilligi arafasida nashr qilinishi — xalqimizning Vatanimiz bayramiga munosib sovgʻasidir.
Mazmuni
tahrirKoʻp millatli xalqning birligini mustahkamlash boʻyicha ishlarning maʼnosi oʻzgacha dolzarb boʻlib, bu borada barcha davlat organlari hamda har bir fuqaroning jiddiy yondoshishi va harakat qilishi talab qilinadi.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayev
Maʼlumki, boshqa xalqlar qatori oʻzbek xalqi qirgʻiz xalqi bilan asrlardan beri birga yashab kelgan, birga yangi jamiyat, davlat qurishgan, tarixda ogʻir va ayanchli kunlarni birga boshdan kechirishgan, Vatanni tashqi dushmanlardan yonma-yon turib himoya qilishgan, birgalikda iqtisodni tiklab, rivojlantirishgan, GESlar, yangi shahar va qishloqlar, zavod va fabrikalar qurishgan. Ulugʻ Vatan urushi yillari butun sovet xalqi bilan birga bizning vatandoshlarimiz fashist bosqinchilariga qarshi jang qilishgan va mustaqilligimizni saqlab qolishgan. Jon fido qilib koʻrsatilgan qahramonlik va mehnat Sovet hukumati tomonidan yuqori baholangan. Bu kitobga Qirgʻizistonning oʻzbek millatiga mansub oʻgʻil-qizlaridan 4 Sovet Ittifoqi Qahramoni, 1 „Shuhrat“ ordenining toʻliq kavaleri, 34 nafar Sotsialistik Mehnat Qahramoni, 2 Qirgʻiziston Respublikasi Qahramoni kiritildi.
Kitobga inqilobiy harakatlar boshlarida turganlar, xalq xoʻjaligining turli sohalarida oʻzining fidokorona mehnatlari bilan kelajak poydevorini qurganlar, Ulugʻ Vatan urushi yillarida frontlarda jang qilganlar, urushdan soʻng Vatanni tiklagan insonlar haqida hikoyalar qilinadi. Maʼlumotlar faqat ensiklopediyalardan, arxivlardan, esdalik va xotiralardan jamlandi.
Kolxozlashtirish va industrializatsiyalashtirish, urushdan keyingi tiklash yillarida ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va boshqa soha ilgʻorlarining avlodlari paydo boʻldi, ayniqsa yirik jamoa xoʻjaliklari raislari katta ishlarni amalga oshirishdi. Oʻsha paytlarda yillik va besh yillik rejalarni oshirib bajarish, yangi qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish, hosildorlikni oshirish faxrga aylandi.
Raislar, brigadirlar, kolxozchilar, miroblar, agronomlar, mexanizatorlar va boshqa mutaxassislarning jonbozligi natijasida hosildorlik osha bordi. Oʻtgan asrning 40-yillarida gektaridan 8-12 tsentnerdan paxta olingan boʻlsa, 50 — 60 yillarda bu koʻrsatkich 20-28 tsentnerga koʻtarildi, 70-yillarga borib respublika boʻyicha yiliga 205-215 ming tonna paxta etishtirildi[1]
Koʻplab ishlab chiqarish ilgʻorlari, Ittifoq darajasida rekord qoʻyganlar. „Sotsialistik Mehnat Qahramoni“ unvoni, "Lenin", „Mehnat Qizil Bayrogʻi“, "Oktabr Inqilobi", "Hurmat Belgisi" ordenlari bilan taqdirlangan. Qahramonlarning katta roʻyhatida ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni Alla Anorovni alohida aytib oʻtish joiz. Taniqli raislar qatorida Aravondan Hayitboy Anorov, Toʻychi Koʻchiboyev, Aʼzamxon Saidahmatov, Qorasuv tumanidan Tursunali Sulaymonov, Ubaydulla Sodiqov, Eshonxon Rahmonov, Shermamat Abdullayev, „Shuhrat“ ordenining toʻliq kavaleri, rais Abdurashid Parpiyev, Suzoqdan Olimjon Yunusov va oʻnlab jamoa xoʻjaliklari raislarining nomlarini atab oʻtishimiz mumkin.
Qirgʻizistonlik oʻzbeklar sanoatni tiklashda, qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishda, xalq xoʻjaligini rivojlantirishda ham faol ishtirok etib, kunu tun xizmat qilishgan. Davlat boshqaruvi, sovet partiyasi organlarida ham ular yaxshi ishlab, katta, ijobiy samaralarga erishganlar. Masalan, tuman, shahar partiya qoʻmitalarining birinchi kotiblari boʻlib Hasan Kamolov, Muhtor Isaqulov, Mamatkozim Ergashev, Muhammadjon Oxunov, Ismatulla Mamajonov, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Halil Mirabdazizov, Obidjon Tojiboyev, Shuhratbek Ahmedovlar davlat va xalq ardogʻiga erishganlar. Abdushukur Isaboyev 15 yil davomida Oʻsh viloyati deputatlar Kengashini boshqargan. Ular tumanlar va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼmin etishda yuqori koʻrsatkichlarga erishishgan. Koʻplab oʻzbeklar SSSR Oliy Kengashiga, Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashiga, mahalliy Kengashlarga deputat, Qirgʻiziston KP Markaziy Qoʻmitasiga, viloyat, shahar va tuman partiya qoʻmitalariga aʼzo boʻlib saylanishgan va halol mehnatlari evaziga Davlat mukofotlariga sazovor boʻlishgan.
Qirgʻiziston mustaqillikka erishgach ham vazir, davlat agentligi rahbarlari darajalariga etnik oʻzbeklar tayin qilingan. Masalan, Zafarjon Hakimov, Sobirjon Otajonov, Baxtiyorjon Fattohov, Shuhrat Sobirov, Sherqoʻzi Mirzakarimov, Ahmadjon Mahammadov (vazir oʻrinbosari), Baxtiyorjon Soliyev (davlat agentligi direktori) va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Oʻzbek xalqi fan, madaniyat, maorif, adabiyot, tasviriy sanʼat, teatr va kino sanʼatlarini, sport sohalarini rivojlantirishda va boshqa jabhalarda ham faol ishtirok etmoqda.
Akademiklar va oʻnlab professorlar fanning turli sohalariga salmoqli yutuqlar kiritishga erishdi, ularning buyuk olimligi xalqaro miqyosda tan olindi. Ularning orasida Sotsialistik Mehnat Qahramoni, akademik Mirsaid Mirrahimov, Qirgʻiziston Qahramonlari professor Ernst Akramov, uchuvchi-fazogir Solijon Sharipov, ilmiy kashfiyoti „Lunoxod“ apparatiga oʻrnatilgan, Davlat Mukofoti sovrindori, akademik Muhammadjon Mamasaidovlar alohida oʻrin tutadi. Yigirmadan ortiq etnik oʻzbeklar Qirgʻiziston va boshqa davlatlarning ilmgohlarida doktorlik va yuzlab nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan.
Etnik oʻzbeklar adabiyot, sheʼriyat, matbachilik, kitob yozish va nashr etish, jurnalistika sohalarda ham faol ijod qilishmoqda. Masalan, "Oʻsh sadosi" gazetasi jumhuriyatdagi eng birinchi chiqarilgan gazetalardan biri qatorida, oʻquvchini maʼnaviy tarbiya qilishda katta rol oʻynab kelmoqda. Tahririyat oʻziga xos maktabga aylanib, bu yerdan taniqli jurnalistlar va adabiyot vakillari, adiblar, shoirlar yetishib chiqdi: xususan, Qirgʻiziston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat arboblari Odiljon Obidov, Abdugʻani Abdugʻafurov, Gʻanijon Holmatov, madaniyat aʼlochilari Muhammadsoli Ismoilov, Ahmadjon Muhammadjonov hamda ajoyib rassom Hasanboy Saidovning ijod namunalari xalqaro sovrinlarga sazovor boʻlgan.
2014-yili Rahmonberdi Madazimov rahbarligida ochilgan Oʻsh shahrida buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Davlat Akademik oʻzbek musiqali drama teatri oktabr inqilobidan buyon eng koʻhna teatr sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Unda ishlagan 11 nafar aktyorga Qirgʻiziston xalq artisti yuksak unvoni berilgan. Tojixon Hasanova uch marta Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashiga deputat boʻlib saylangan. Ularning barchasi koʻplab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Hozirda teatrda ikki nafar Xalq artisti va oʻn bir nafar Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artist ishlab kelmoqda.
Etnik oʻzbeklar Qirgʻiziston sharafini xalqaro musobaqalarda himoya qilib, chempion boʻlishmoqda. Mashhur bokschi Orzubek Nazarov yetti karra jahon, Osiyo, Yevropa, Yaponiya, SSSR chempioni boʻlgan, FIFA referisi Bahodir Qoʻchqorov Janubiy Afrika va Braziliyadagi jahon chempionatlarida va boshqa mamlakatlarda boʻlib oʻtgan futbol birinchiliklarida eng yaxshi referi unvoniga sazovor boʻlgan. Oʻnlab oʻshlik va jalolobodlik yigitlar har yili sport musobaqalarda qatnashib, gʻolib boʻlib, davlat bayrogʻimiz koʻtarilib, gimnimiz yangrab, Qirgʻizistonimizni dunyoga tanitmoqda.
2017-yilning 1-yanvar holatiga boʻlgan statistika maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻiziston Respublikasida oʻzbeklar soni 898 363 nafarni, yaʼni respublika aholisining 14,6 % ni tashkil etgan.
Tahririyat kengashi aʼzolari
tahrir- Abdugʻafurov Abdugʻani
- Obidov Odiljon
- Olimjonova Arofatxon
- Ahmedov Begijon
- Gʻoziboyev Botirjon
- Idrisov Habibullo
- Ismoilov Muhammadsoli
- Isomiddinov Z.
- Mamasaidov Muhamadjon Toshalievich
- Muhammadjonov Ahmadjon
- Rahmanov Dilmurad Dildorbekovich[2]
- Rahmonov Lutfullo (masʼul kotib)
- Sobirov Poʻlat Saidovich
- Tojiboyev Shavkatbek
- Xoʻjayev Rashidxon
Oʻzbek va rus tillaridan tarjima qilgan Dilmurad Rahmanov, qirgʻiz tilidan tarjima qilgan Zina Pasanova.
Adabiyotlar
tahrir- „Vo imya protsvetaniya Kirgizstana“ Ensiklopedicheskoe izdanie o vidayuщixsya uzbekax Kirgizstana. Pod ruk. Juraeva B.J. (Abdugafurov A., Rahmanov D.D. i dr.), Osh, „Rizvan“, 2017, 336 str. isbn= 978-9967-18-344-5, UDK 351/354. BBK 66,3(2Ki).
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ "Vo imya protsvetaniya Kirgizstana" Ensiklopedicheskoe izdanie o vidayuщixsya uzbekax Kirgizstana, 2018-03-08da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2018-03-08
- ↑ Deputat Dilmurod Rahmonov, 2018-03-10da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2018-03-10