Abdulvohid ibn Sulaymon ibn Abdulmalik (arabcha: عبد الواحد بن سليمان بن عبد الملك) – Umaviylar shahzodasi, xalifa Marvon II (h. 744–750) hukmronligi davrida 747—748-yillarda Makka va Madina hokimi (h. 744–750). 747/748-yillarda Ibodiylar qoʻzgʻoloni chogʻida ikki islomiy muqaddas shaharning Xorijiylar tomonidan bosib olinishiga qarshilik qila olmaganidan soʻng, lavozimini tashlab qochib ketgan. Keyinchalik, Umaviylar sulolasi agʻdarilganidan keyin Abbosiylar tomonidan qatl etilgan.

Abdulvohid ibn Sulaymon
عبد الواحد بن سليمان
Makka va Madina hokimi
Mansab davri
747 – 748/749
Oʻtmishdoshi Abdulaziz ibn Umar ibn Abdulaziz
Vorisi Muhammad ibn Abdulmalik ibn Marvon
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti tax. 750
Oʻlim sababi Abbosiylar tomonidan oʻldirilgan
Munosabatlari Umaviylar
Bolalari
  • Abdulmalik
  • Abdusalom
Onasi Ummu Amr binti Abdulloh ibn Xolid ibn Asid
Otasi Sulaymon
Qarindoshlari
  • amakivachchalari
  • Al-Volid II
  • Yazid III
  • Ibrohim
  • Aka-ukalari
  • Ayyub
  • Dovud
  • Muhammad
  • Yazid
  • Al-Qosim
  • Said
  • Usmon
  • Ubaydulloh
  • Al-Horis
  • Amr
  • Umar
  • Abdulrahmon

Yoshlik yillari

tahrir

Abdulvohid xalifa Sulaymonning (h. 715–717) oʻgʻli, xalifa Abdulmalikning nabirasi (h. 685–705) boʻlgan[1]. Onasi Abdulloh ibn Xolid ibn Asidning qizi Ummu Amr xalifa Sulaymonning umaviy ayollaridan edi[2].

Makka va Madina hokimligi

tahrir

747-yilda Abdulvohid xalifa Marvon II (h. 744–750) tomonidan Makka va Madinaga hokim etib tayinlangan[1]. 747-yilning avgust oyida haj (musulmonlarning Makkaga yillik ziyorati) paytida Abu Hamza al-Azdiy boshchiligidagi Xorijiy isyonchilar Makkaga bostirib kirdi. Abdulvohid har bir tomon haj ziyoratlarini tinch-totuv amalga oshirishi uchun ular bilan sulh tuzdi[1]. Tarixchi Tabariyning soʻzlariga koʻra, ikki tomon ham haj ziyoratining yakuniy qismi oʻtaladigan Mino shahriga yaqinlashganda Xorijiylar Abdulvohid va u rahbarlik qilgan ziyoratchilarga qarshi harakat qilgan. Bu voqeadan keyin hojilar Abu Hamzaga qarshi qattiqroq choralar koʻrmaganligi bois Makka hokimiga norozilik bildirgan[1]. Shundan soʻng, Xorijiylar Makka tashqarisida qarorgoh qurdi, Abdulvohid esa Makkadagi hokim saroyiga qaytib keldi[1]. Abdulvohid Abu Hamzani mintaqadan chiqib ketishga koʻndirish maqsadida Madina zodagonlaridan iborat delegatsiya yubordi, biroq Abu Hamza uning bu taklifini rad etdi. Abdulvohid Makkani Xorijiylarga tashlab, shahardan chiqib ketdi va natijada Xorijiylar hech qanday qiyinchiliksiz shaharni egallab oldi[1].

Madinaga qaytgach, Abdulvohid mahalliy koʻngilli kishilardan iborat qoʻshin toʻpladi va qoʻshin qoʻmondonligiga oʻzining uzoq qarindoshi, xalifa Usmonning (h. 644–656) nevarasi Abdulaziz ibn Abdulloh ibn Amrni tayinladi[1]. Makkaga ketayotib, harbiy tajribaga ega boʻlmagan madinalik koʻngilli jangchilar Madina va Makka oʻrtasidagi Qudayd qishlogʻida Xorijiylarning pistirmasiga uchradi, pistirma oqibatida Abdulaziz oʻldirildi[1]. 747-yilning oxiri yoki 748-yilning boshida Xorijiylar Madinaga kirib borgach, Abdulvohid Umaviylar xalifaligining markazi Suriyaga qochib ketdi[1].

Oʻlimi va avlodlari

tahrir

750-yilda Umaviylar xalifaligi agʻdarilib, Abbosiylar Suriyaga bostirib kirdi. Abdulvohid Abbosiylar tomonidan avf qilinib, uning xavfsizligiga hech qanday tahdid solmaslikka vaʼda berilguniga qadar unga doʻstona munosabatda boʻlgan arab qabilalari orasida yashirinib yurdi[3]. Biroq oʻsha yilning oxirida Abbosiylar tomonidan Jund Filastinning (Falastin harbiy okrugi) Qalansava qishlogʻidagi Nahr Abu Futrus (Antipatris daryosi) boʻyida yoki xalifa as-Saffoh (h. 750–754) saroyida koʻplab boshqa umaviylar bilan birga ziyofat chogʻida qatl qilindi[3]. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Abdulvohid bir paytlar Abbosiylar oilasiga qilgan yaxshiliklari evaziga xalifa bilan yonma-yon oʻtirgan. Xalifa saroyga olib kelingan boshqa Umaviylarni toʻqmoq bilan boshiga urib oʻldirishni buyurgan va Abdulvohidga shunday degan: „Xalqing va kuching ketganidan keyin omon qolishingdan hech qanday maʼno yoʻq“. Biroq xalifa Abdulvohidning sharaf bilan oʻlishi uchun uni toʻqmoq bilan emas, qilich bilan qatl ettirgan[3].

Bir qator Umaviylar vakillari Suriya, Iroq, Misr va Arabistondaqirgʻin qilinganidan soʻng, ularning qolgan vakillari Al-Andalusda (Pireney yarim oroli) boshpana topdi. U yerda Abdulvohidning amakisi Muoviya ibn Hishomning oʻgʻli Abdurahmon I 756-yilda Umaviylar hukmronlik qiluvchi Kordova amirligini tashkil qilgan edi. Manbalarda Abdulvohidning oʻgʻillari Abdulmalik va Abdussalomning avlodlari, jumladan, Abdulmalikning oltinchi avlodi Abdulmalik ibn Muhammad as-Sulaymoniy (vafoti:970) amirlikda faol rol oʻynaganligi qayd etilgan[4].

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir