Abdurrashid Ibrohimbek

Abdurrashid Ibrohimbek tatar adibi va olimi
(Abdurashid Ibrohimovdan yoʻnaltirildi)

Abdurrashid Ibrohimbek (arabcha: عبد الرشيد إبراهيم بيك — (1857-yil 23-aprel, Tobolsk — 1944-yil 31-avgust, Yaponiya) — tatar adibi va olimi.

Abdurrashid Ibrohimbek
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1857-yil 23-aprel
Vafoti 1944-yil 31-avgust
Dini Islom
Tanilgan sohasi adib, olim

Abdurrashid Ibrohimbek Sibir turklaridan biri „Rashid qozi“, „Abdurrashid o‘zbeklaqablari bilan tanilgan.

Tarjimayi holi

tahrir

Oilasi

tahrir

U Sibirga borib qolgan buxorolik o‘zbek Umar afandi bilan boshqird qizi Afifa xonimning farzandi bo‘lgan. Abdurrashid Ibrohimbekning „Mir’ot“ jurnalida (1903-yil 17-soni) eʼlon qilingan „Sibiriya musulmonlari“ maqolasida aytilishicha, XVII—XVIII asrlarda O‘rta Osiyodan bir qancha oilalar Sibirga ko‘chib borgan va o‘zlarini o‘zbek yoki tojik emas, balki buxoroliklar deb atashgan. Abdurrashid Ibrohimbek „Islom olami va Yaponiyada Islom dinining tarqalishi]]“ asarida o‘zining Ahmad Munir ismli bir o‘g‘il, Qadriya va Favziya ismli ikki qizi borligini aytib o‘tgan.

Abdurrashid Ibrohimbek Tobolsk guberniyasining Tara uyez­dida tavallud topgan.

Taʼlimi

tahrir

Boshlang‘ich maʼ­lumotini uyezd yaqinidagi rus ovulida olgach, ota-onasi uni Qozon yaqinidagi Archa tumani madrasasiga olib borgan. Abdurrashid Ibrohimbek yigirma yoshiga qadar shu madrasada o‘qigan. So‘ngra do‘st-yorlari bilan O‘rta Osiyo­ga kelib, qozoq ovullarida bolalarni o‘quv-yozuvga o‘rgatib, diniy bilim va tarbiya bergan.

1879-yil Istanbulga boradi, u yerdan Madinaga yo‘l oladi. Bu yerda to‘rt yil yashab Islom dini asoslarini chuqur o‘rganadi, mahalliy olimlar va ziyoratga kelgan hojilar bilan tanishib, dunyoqarashini kengaytiradi. 1881-yil Istanbulga qaytadi. Turk jamiyatining peshqadam vakillari bilan, shuningdek, madrasalar va ulardagi o‘quv jarayoni bilan tanishadi.

1892-yil Orenburgdagi diniy boshqarmada qozi bo‘lib ishlaydi. Muftiy Sultonov haj safariga ketganda, u muftiy vazifasini bajargan. Ammo qoziligidan ko‘ngli to‘lmagan Abdurrashid Ibrohimbek 1894-yil yana Istanbulga borib, diniy ishlarni o‘rganadi, chor hokimiyati sharoitida yashayotgan vatandoshlari bilan turk xalqining ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy hayotini taqqoslaydi.

Sayohatlari

tahrir

Abdurrashid Ibrohimbek garchand 1896-yil Tara uyezdiga qayt­gan bo‘lsa-da, bu yerda uzoq yashamaydi. 1897-yil sayohat istagida Istanbulga keladi. Undan Misr, Falastin va Hijozga o‘tadi. Fransiya, Italiya, Avstriya, Serbiya, Bolgariyaga boradi. So‘ngra Rossiyaning janubiy chegaralari orqali Kavkazda bo‘ladi. Kaspiy dengizi orqali Buxoroga kelib, Turkiston va Yettisuvda bo‘ladi-da, Sibir karvon yo‘li bilan yana tug‘ilgan shahriga qaytib boradi.

U 1899-yilda Peterburgga kelib, ijti­moiy-siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi, tatar tilida birinchi gazetani chiqarish harakatiga tushadi. Ruxsat ololmagach 1900-1903-yillari „Mir’ot“ („Ko‘zgu“) deb nomlangan almanaxni nashr ettiradi.

Tazyiq va tahdidlar

tahrir

Abdurrashid Ibrohimbek yana Istanbulga yo‘l oladi. Biroq 1904-yilda chor hukumatining topshirig‘i bilan Istanbulda hibsga olinib, Odessadagi qamoqxonaga keltiriladi. Uning qamoqqa olingani haqidagi xabar Ichki Rossiyaga tarqalgach, jamoatchilikning aralashuvi bilan ozodlikka chiqib, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi: Butunrossiya musulmonlarining qurultoylarini o‘tkazish va Butunrossiya musulmonlari ittifoqi firqasini tuzish tashabbus­korlaridan biri bo‘ladi. Birinchi rus inqilobidan keyin (1905-1907-yil), Abdurrashid Ibrohimbek Peterburgda tatar tilida „Ulfat“ gazetasini, arab tilida „At-Tilmiz“ jurnalinini chiqarishga erishadi. Chor hokimiyati dastlab gazeta, so‘ng­ra jurnal nashrini to‘xtatib qo‘ygandan keyin, Abdurrashid Ibrohimbek „Ulfat“ o‘rniga „Najot“ nomi bilan maj­mua chop ettiradi.

Abdurrashid Ibrohimbek shu yillarda Rossiya hududlarida yashagan musulmon xalqlarning milliy manfaatlariga doir siyosiy-ijtimoiy qarashlari ifodalangan „Demokratiya“ nomli kitobini nashr ettiradi. Rossiyada tazyiq va tahdidning kucha­yishi uni 1907-yil yana sayohat qilishga majbur etadi. U Sharqiy Turkiston, Buxoro, Samarqand, Yettisuvda bo‘ladi. 1908-yilda oilasini Qozonda qoldirib, safarini davom ettiradi. U yo‘lda ko‘rgan-kechirganlari asosida „Islomiyat dunyosi“ va „Davr-­olam“ sayohatnomalarini yozadi. Bu asarlar ayni vaqtda „Bayon­ul-haq“ (Qozon) va „Siroti mustaqiym“ (Istanbul) gazetalarida bosilib, turk dun­yosi bo‘ylab tarqaladi.

U shu yillarda Yaponiyaga borib, mamlakatda olti-yetti oy yashaydi. Shahzoda Ito, nufuzli yapon amaldorlari va ja­moat arboblari bilan muloqotda bo‘lib, Islom dini to‘g‘risida maʼruzalar o‘qiydi. 1909-yilda TokiodaAziya gekay“ degan Islom tijorat jamiyatini tashkil qiladi. Islom diniga o‘tib, Abu Bakr ismini olgan yapon diplomati Oxara jamiyatga rais etib tayinlanadi. Abdurrashid Ibrohimbek mazkur jamiyat faollari yordamida yaponlar o‘rtasida Islom dinining keng tarqalishiga erishadi.

1910-yillarning boshlarida Turkiston o‘lkasiga qilgan safari vaqtida Abu Bakr (Oxara)ni ham olib kelgan. 1908-yilga Ahmadjon Bektemirov muharrirligida Toshkentda nashr etilgan „Osiyo“ gazetasining ilk sonida Abdurrashid Ibrohimbekning qutlov maqolasi bosilgan edi.

Abdurrashid Ibrohimbek 1917-yil fevral inqilobidan keyin Ros­siya hududlarida yashovchi musulmon xalq­lar hayotida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermagach, 1922-yilda Petrogradni tark etib, Sharqiy Turkiston, keyinchalik Istanbulda yashaydi. So‘ng 1930-1931-yillari yana bir bor Makkai Mukarramaga boradi. U yerda Hindiston islomiy jamiyati vakillari va Yaponiyadan kelgan musulmonlar bilan uchrashadi. 1933-yilda Yaponiyaga jo‘nab ketadi. So‘ngra, Islom tijorat jamiyati faoliyatini jonlantirish maqsadida Hindiston, Malayziya va Indoneziya mamlakatlarida bo‘lib qaytadi. 1937-yilda esa, Tokio jome masjidi qurib bitkazilgach, vafot etguniga qadar shu masjidda imom-xatib bo‘lib xizmat qiladi. Uning saʼy-harakati bilan Islom dini 1939-yil Yaponiyada rasmiy ravishda eʼtirof etilgan.

Asarlari

tahrir
  • „Islom olami va Yaponiyada Islom dinining tarqalishi“. (Turkiston, Sibir, Mo‘g‘uliston va Manchjuriya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Singapur, Hind orollari, Hindiston, Arabiston jazirasi). Asarning 1-jildi 620 betni tashkil etib, 1328/1910-yilda Istanbuldagi „Ahmad Soqiybek“ nashriyotida, 2-jildi esa, 1329/1911-1331/1913-yillar mobaynida „Qadr“ nashriyotida chop etilgan va 245 betdan iborat.
  • „Ayol“. 1909-yil. Qozondagi „Chijova“ nashriyoti.
  • „Mening tarjimai holim yoxud mening taqdirim“. 1300/1883-yilda Peterburgdagi „Elektrik“ nashriyoti.
  • „Vijdon muhokamasi yoki insof tarozusi“. 1328/1910-yil. Istanbuldagi „Kelajak yulduzi“ nashriyoti.
  • „Fitrat dini“. 1340/1922-yil. Istanbuldagi „Kelajak yulduzi“ nashriyoti.
  • „Cho‘lpon yulduzi“. 1325/1907-yil. Peterburg
  • „Islomiyat dunyosi“ va „Davr-olam“ sayohatnomalari. Qozon va Istanbul.
  • „Osiyo kulfat ichra“. 1328/1910-yil Istanbuldagi „Ahmad Ehson“ nashriyoti[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Abdürreşid İbrahim. 20-asrın başlarında İslâm dünyası ve Japonyaʼda İslâmiyet. (Mehmet Paksu nashri). I, 3-8, 11-14, 134;
  2. Abdürreşid İbrahim. Islom olami va Yaponiya­da Islom dinining tarqalishi. (Turkiston, Sibir, Mo‘g‘uliston va Manchjuriya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Singapur, Hind orollori, Hindiston, Arabiston jazirasi). — Istanbul: 1328/1910. I, 6, 7;
  3. Mehmet Akif. Safahat. -İstanbul: 1990. 122, 162, 164-165.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.