Uchqoʻrgʻon tumani

Oʻzbekistondagi tuman
(Uchqo‘rg‘on Tumanidan yoʻnaltirildi)

Uchqoʻrgʻon tumani (maʼnosi: Uchta qoʻrgʻon) — Namangan viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan va Norin daryosi bilan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh tuman hisoblanadi. Uchqoʻrgʻon tumanining markazi — Uchqoʻrgʻon shahridir[1].

Uchqoʻrgʻon tumani
Учкурганский район
tuman
Tarkibida Namangan viloyati
Maʼmuriy markazi Uchqoʻrgʻon (shahar)
Asos solingan sanasi 1935
Tuman hokimi Haydarov Muhammad Abduhakimovich
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 181712
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 160900
Avtomobil raqami kodi 50
Rasmiy sayti www.uchkurgan.uz
Xaritada
Uchqoʻrgʻon tumani xaritada
41°7′17″N 72°5′37″E / 41.12139°N 72.09361°E / 41.12139; 72.09361

Tarixi

tahrir

Uchqoʻrgʻon tumani — 1935-yil 28-iyul oyida tashkil etiladi va Namangan viloyatiga qarashli tuman deb eʼlon qilinadi. 1988—1989-yillarda esa Norin tumani bilan birlashadi. 1940-yilgacha Fargʻona viloyati, 1941-yil 6-martdan Namangan viloyati, 1960-yildan 1967-yilgacha Andijon viloyati 1968-yildan esa yana Namangan viloyati tarkibiga qaytadi[1].

Joylashuvi

tahrir

Uchqoʻrgʻon tumani Namangan viloyatining sharqiy qismida joylashgan boʻlib, sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi bilan, janubdan Namangan viloyatining Norin tumani bilan, gʻarbdan Namangan viloyatining Uychi tumani bilan, janubiy-sharqdan esa Andijon viloyatining Izboskan tumani bilan chegaradosh. Tumanda 1 ta shahar (Uchqoʻrgʻon shahri), 64 ta mahalla fuqarolari yigʻini mavjud. Maydoni 290 km². Aholisi 178,5 ming kishi (2022-yil). Markazi — Uchqoʻrgʻon shahri[1].

Tabiati

tahrir

Uchqoʻgʻon tumani viloyatning shimoliy-sharqidagi tekislikda joylashgan (balandlik 500 m). Shimoliy-gʻarbidan esa Norin daryosi oqib oʻtadi. Katta Fargʻona, Katta Andijon, Haqqulobod, Damariq, Ingichka, Chap sohil, Birlashgan kanallaridan ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi[1].

Iqlimi

tahrir

Iqlimi keskin kontinental. Iyul oyining oʻrtacha harorati +27—35°S (2013-yil), eng baland harorat +45 °C (2013-yil), yanvar oyida —22 °C, —24 °C gacha sovuq boʻladi. Yiliga 250 mm yogʻin yogʻadi. Tuprogʻi, asosan, boʻz tuproq[1].

Oʻsimliklar

tahrir

Yovvoyi oʻsimliklardan tol, jiyda, shumtol, terak, shuvoq, yantoq, qoʻngʻirbosh, qiyoq, chitir, qoʻytikan oʻsadi[1].

Hayvonot olami

tahrir

Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni uchraydi. Qushlardan qaldirgʻoch, laylak, musicha, boyoʻgʻli, chumchuq, mayna, bulbul, qorayaloq, zagʻizgʻon, oʻrdak, qizilishton, sassiq popishak, bedana va boshqalar. Sudraluvchilardan turli xil ilonlar, kaltakesaklar va echkemar bor. Suvlarida laqqa, sazan, ondatra mavjud.

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qirgʻiz, tatar, tojik, rus, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi.

Xoʻjaligi

tahrir

Uchqoʻrgʻon tumani viloyatning iqtisodiy jihatdan rivojlangan tumanlaridan biridir. Tuman hududida qadimdan hunarmandchilik, kulolchilik, ip yigirish, toʻqimachilik va boshqa sohalar ham mavjud boʻlgan.

Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. Sabzavotchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik ham rivojlangan, Shuningdek tumanning Qayqi qishlogʻida esa dexqonlar qulupnay yetishtirish bilan shugʻullanadilar[2].Tumanda 217 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi.

Hozirgi kunda tumanda Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya – Singapur qoʻshma korxonasi „UzTEX UCHKURGAN“[3], „Uchqoʻrgʻon don mahsulotlari AJ“, „Uchqoʻrgʻon yogʻ AJ“, „Uchqoʻrgʻon paxta tozalash AJ“ pivo va salqin ichimliklar, gʻisht, asfalt zavodlari, bir necha yirik qurilish tashkilotlari, qoʻshma va kichik xususiy korxonalar ishlab turibdi.

Taʼlim

tahrir

Tumanda 47 ta maktab, 115 maktabgacha taʼlim muassasasi, 21 ta kutubxona, 44 sport va 21 ta bolalar maydonchalari mavjud. Tarixan tuman iqtidorli yoshlar bilan nafaqat viloyatda balkim respublikada ham mashhur boʻlgan. Jumladan, Nurdinjon Ismoilov, Svetlana Ortiqova, Bahodir Yusupovlarni misol keltirish mumkin. Shuningdek tumanda iqtidorli yoshlarni voyaga keltirishda 6-sonli Davlat ixtisoslashgan maktab internati va 43-sonli, 34-sonli va 38-sonli DIUMlarning salohiyati kattadir[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 "Uchqoʻrgʻon tumani" OʻzME. U-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. https://daryo.uz/2023/05/31/hayratlanarli-darajada-chiroyli-ozbekiston-qulupnayga-kon-qayqi-foto-va-video
  3. „Наманганда Uztex Uchkurgan қўшма корхонаси иш бошлади“ (2017-yil 10-noyabr). 2023-yil 5-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-iyun.