Yoʻlbars (lot. Panthera tigris) — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Katta mushuklar (lot. Pantherinae) ostoilasiga kiruvchi Panthera urugʻining beshta turidan biri. Shu oilaning eng yirik vakili. Yoʻlbars umuman quruqlikdagi eng yirik yirtqichlardan biri, vazni boʻyicha faqat oq ayiq va qoʻngʻir ayiqdan kichik. Yoʻlbarsning ikkta zamonaviy ostturi aniqlab ajratilgan. Bu ikki osttur toʻqqizta populyatsiyani oʻz ichiga oladi. XXI asr boshiga faqat oltitasi saqlanib qolgan. Yolbarslarning umumiy soni 2600-3900 boshdan iborat[1]. Bengal yoʻlbarsi populyatsiyasi eng koʻp boshdan iborat, yoʻlbarslarning umumiy populyatsiyasing 40% tashkil qiladi.

Yoʻlbars
Bengal yoʻlbarsining urgʻochisi Kanha milliy bogʻida, Hindiston
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Sutemizuvchilar
Turkum: Yirtqichlar
Oila: Mushuksimonlar
Kenja oila: Katta mushuklar
Urugʻ: Panthera
Tur: Panthera Tigris
Yoʻlbarslarning yashash hududi
Yoʻlbarslarning yashash hududi
Ostturlar
  • P. t. tigris, populyatsiyalari:
    • Amur yoʻlbarsi
    • Bengal yoʻlbarsi
    • Hindixitoy yoʻlbarsi
    • Malay yoʻlbarsi
    • Xitoy yoʻlbarsi
    • Turon yoʻlbarsi
  • P. t. sondaica, populyatsiyalari:
    • Sumatra yoʻlbarsi
    • Bali yoʻlbarsi
    • Java yoʻlbarsi
Sinonimlari
  • Felis tigris
  • Felis virgata (1815)
  • Tigris regalis (1867)
  • Tigris striatus (1858)

XX asrda Tabiat va tabiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi qizil kitobiga kiritildi. Shu bilan bir qatorda turli davlatlar qizil kitobiga va himoya hujjatlariga kiritilgan. 2020-yil holatiga koʻra yoʻlbarslarni butun dunyoda ovlash taqiqlangan.

Etimologiyasi

tahrir

Yoʻlbars soʻzi qadimgi turkiy tilda koʻp maʼnoli „yol“ soʻziga, qadimgi turkiy tilda katta mushuksimon hayvon manosini anglatgan „bars“ soʻziga qoʻshib tuzilgan.[2] „Bars“ soʻzi etimologiyasi oxirigacha aniq emas. „Yol“soʻzi esa oʻz oʻrnida V.V.Radlov, A.M. Sherbak, J. Kloson fikriga koʻra „chiziq“ manosini anglatadi. V.Bang fikriga koʻra esa bu shunchaki „yol“ manosini anglatadi, chunki yoʻlbarslar juda uzoq masofa bosib oʻta oladi. V.Bang shu bilan birga „yoʻl“ soʻzi aslida „ola“ soʻzining „yoʻl“ soʻziga paronimik oʻxshatish natijasi ham boʻlishi mumkunligini taʼkidlagan.[3]

Evropa tillarida tarqalgan yoʻlbars soʻzi (inglizcha:tiger, ruscha: тигр, nemischa: Tiger, fransuzcha: tigre) qadimgi yunoncha τίγρις „yoʻlbars“ soʻzidan kelib chiqqan. Oʻz navbatda bu yunoncha soʻz avesto tilidagi tiɣra „oʻtkir“ yoki tiɣri „oʻq“ soʻzidan olingan.[4]

Oʻrganish tarixi

tahrir

Yoʻlbarsalga birinchi boʻlib, Felis tigris nomi ostida, Carl Linney tomonidan uning Systema Naturæ asarida tarif berilgan. Keyinchalik 1858-yilda rus tabiatshunosi Nikolay Severtsov ushbu turga Tigris striatus nomi ostida tarif beradi. 1867-yilda britaniyalik zoolog Jorj Grey Tigris regalist nomi ostida tarif beradi. 1929-yildan boshlab yoʻlbarslarni katta mushuklar (lot. Panthera) urugʻiga oid deb qolanila boshlandi.

Turning evolyutsiyasiga oid asosiy maʻlumotlar qazilma qoldiqlarini tahlil qilish va molekulyar filogenetika sohasidagi tadqiqotlar orqali olingan.

Kladistik tahlil asosida turning kelib chiqish markazi Sharqiy Osiyoda joylashganligi isbotlangan.

Yoʻlbars va ost turlarining kelib chiqish yoʻllari
McKenna & Bell, 1997 va Nowak, 1991 boʻyicha[5].

Panthera palaeosinensis

Panthera schreuderi

Panthera tigris

P. t. acutidens

P. t. amoyensis

P. t. tigris

P. t. virgata

P. t. altaica

P. t. corbetti

P. t. jacksoni

Panthera tigris trinilensis

P. t. sumatrae

P. s. sondaica

P. t. balica

Panthera palaeosinensis

Panthera schreuderi

Panthera tigris

Panthera tigris acutidens

P. t. amoyensis

P. t. tigris

P. t. virgata

P. t. altaica

P. t. corbetti

P. t. jacksoni

Panthera tigris trinilensis

P. t. sumatrae

P. s. sondaica

P. s. sondaica

P. s. balica

Yoʻlbarsning qadimgi qoldiqlari Java orolidagi Jetis qatlamlarida topilgan va ularning yoshi 1,66 dan 1,81 mln deb baholangan. Bundan taxminan 2 million yil oldin, pleystotsenning boshida, yoʻlbars Sharqiy Osiyoda juda keng tarqalgan tur edi, Borneo va Palavan orollarida ham yashagan. Yoʻlbarsning kelib chiqishi hududi hozirgi Xitoyning shimolida boʻlgan deb taxmin qilingan, ammo soʻnggi paleontologik dalillar uning eng qadimgi yoʻlbarslar paydo boʻlgandan soʻng darhol ancha kengroq hududda yashaganligini koʻrsatmoqda. Bir qator paleontologlarning fikricha, bu turning kelib chiqishi uchun uning ajdodlarini Manjuriya kabi cheklangan hududda izolyatsiya qilinishi shart emas edi. Yoʻlbarsning oldingi va tegishli shakllardan morfologik va genetik jihatdan farqlanishining namoyon boʻlishi uchun iqlim va relef jihatidan Janubi-Sharqiy Osiyoning turli mintaqalarida turli vaqtlarda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan alohida populyatsiyalarni ajratish kifoya edi. Genom tahlili shuni koʻrsatdiki, qor qoplonlarining ajdodlari yoʻlbarslarning ajdodlaridan 1,67 million yil oldin ajralib chiqqan. n. (95% ishonch oraligʻi: 1,48-1,83 million). Materik yoʻlbarslari va Zonda orollari yoʻlbarslari 67,3 ming yil oldin ajralib ketgan. n. (95% ishonch oraligʻi: 45,1-123,0 ming yil oldin).

Yoʻlbarslarning nisbatan koʻp qazilma qoldiqlari pleystotsenning boshidan kechki pleystotsengacha boʻlgan davrda Xitoydan, Sumatra va Javadan topilgan, ammo yoʻlbarslar Hindiston, Oltoy, Sibir va boshqa mintaqalarda faqat pleystosen oxirida paydo boʻlgan. Berengiyaning sharqiy qismida yoʻlbarslar deb tasniflangan katta mushuklarning bir nechta topilmalari ham topilgan, ammo Amerikada yoʻlbarslarning qazilma qoldiqlari haligacha maʼlum emas. Pleystotsenning oxirida Yaponiya va Saxalinda ham yoʻlbarslar yashagan. Zonda arxipelagi orollaridagi zamonaviy yoʻlbarslar singari, bu yoʻlbarslarning kichikroq oʻlchamlari orol muhitiga adaptatsiya bilan izohlanadi.

Tashqi koʻrinishi

tahrir

Tanasining uzunligi 160-290 sm (baʼzan 3 m dan ortiq), dumi 114 sm gacha, vazni 390 kg gacha. Boshi yumaloq, mallarang, tanasining orqa va yon tomonlarida koʻndalang qora yoʻllari boʻladi[6].

Tarqalishi

tahrir

Yoʻlbars — faqat Osiyoda tarqalgan tur. Yoʻlbarsning tarixiy areali Uzoq Sharq, Eron, Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Zond orollari boʻlgan. Hozirda ushbu hududlarning katta qismida yoʻlbarslar qirib tashlangan. Yirik populyatsiyalari Hindiston va Hindixitoy yarim orolidada saqlanib qolgan. Rossiyaning Primorye va Xabarovsk oʻlkalarida kichik populyatsiyasi mavjud. Faqatgina 1995 va 2005-yillar oraligʻida Osiyoda yoʻlbarslarning areali 40% kamaygan. Bugungi kunda yoʻlbarslar tarixiy arealing atigi 7% egallashadi[7].

Hozirgi vaqtda yoʻlbarslar 14 davlat hududida saqlanib qolgan — Bangladesh, Butan, Vyetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Pokiston, Xitoy, Laos, Malayziya, Myanma, Nepal, Rossiya, Tailand[8]

Yoʻlbarslar turli xil landshaftlarda yashashadi: sernam tropik oʻrmonlar, babmbuk oʻrmonlari, savvanalar, chalachoʻllar, toʻqaylar, qalin qamishzor va togʻ oʻrmonlarida, shimolda tayga oʻrmonlarida yashaydi.Togʻlarda dengiz sathidan 3000 metr balandliggacha koʻtariladi.

Ostturlari

tahrir
 
Amur yoʻlbarsi
 
Bengal yoʻlbarsi
 
Hindixitoy yoʻlbarsi
 
Malay yoʻlbarsi
 
Xitoy yoʻlbarsi
 
Turon yoʻlbarsi
 
Sumatra yoʻlbarsi
 
Bali yoʻlbarsi
 
Java yoʻlbarsi

Yoʻlbarsning ikkta zamonaviy ostturi aniqlab ajratilgan. Bu ikki osttur oltita zamonaviy populyatsiyani va uchta tarixiy davrda qirilib ketgan populyatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Bunday tasnif 2015-yilda taklif qilingan va 2017-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bir gruh mutaxasislari tomonidan qabul qilingan[7]. Bundan oldin har toʻqqiz populyatsiya alohida osstur deb hisoblangan.

  • Panthera tigris tigris yoʻlbarslarning ostturi, Osiyo qitʼasida tarqalgan. Quyidagi populyatsiyalarni oʻz ichiga oladi:
    • Amur yoʻlbarsi — shuningdek Sibir yoʻlbarsi, Manjur yoʻlbarsi, Shimoliy-xitoy yoʻlbarsi sifatida maʼlum. Asosan Primorye va Xabarovs oʻlkalarida, Amur va Yahudiylar muxtor viloyatida, juda oz qismi Xitoyning shimoli-sharqida tarqalgan. Shimoliy Koreyada katta ehtimollik bilan uchrashi mumkin. 1996 va 2005[9] yillarda oʻtkazilgan hisobda 480-520 bosh amur yoʻlbarslari tabiatda yashashi aniqlangan. Ushbu populyatsiyaga turning eng eng yirik vakillari tegishli, 6 oylik yoʻlbars bolasi boʻy va vazni boʻyicha voyaga yetgan qoplonga teng keladi. Populyatsiya qolganlardan qalin yungi, chiziqlarning kamligi, malla rangning ochroqligi bilan farq qiladi.
    • Bengal yoʻlbarsiBangladesh, Butan, Hindiston, Nepal, Pokiston va Myanmada tarqalgan. Turli xil landshaftlarda yashaydi: sernam tropik oʻrmonlardan tortib, quruq savannalar va botqoqli mangra oʻrmonlarigacha. Populyatsiyang asosiy qismi Pokiston, Hindiston, Nepal va Bangladesh hududida joylashgan Hind-Ganga tekislikida tarqalgan. Hindiston hukumati maʻlumotlariga koʻra bu populyatsiya 3100 — 4500 boshdan iborat, taxminan 3000tasi Hindiston hudida tarqalgan[10]. Ayrim hind olimlari tomonidan bu maʻlumotlar shubxa ostiga qoʻyilgan va yoʻlbarslarning soni 2000tadan oshmasligi aytilmoqda[11]. Bu populyatsiya soni boʻyicha eng koʻp boʻlishiga qaramay, yoʻqolib ketish xavfi mavjud. Asosan brakonyerlik va tabiiy yashash muhiting buzilishi bunga sabab. Masalan Hindistonda joylashgan Sariska Milliy Bogʻida barcha yoʻlbarslar brakonyerlik sababli yoʻqolib ketgan[12][13]. Bengal yoʻlbarsining erkagi oʻrtacha 205 killogramdan 227 killogramgacha, urgʻochisi oʻrtacha 140 —150 killogram. Hindiston shimoli va Nepalda tarqalgan yoʻlbarslar janubdagi qardoshlaridan kattaroq, erkaklar oʻrtacha 235 killogram ogʻirlikda.
    • Hindixitoy yoʻlbarsi — shuningdek Korbet yoʻlbarsi nomi bilan maʼlum. Vyetnam, Kambodja, Laos, Malayziya, Myanma, Tailand va Xitoyning janubiy qismida tarqalgan. Ushbu populyatsiya soni turli manbalarda 1200 —1800 oraligʻida keltiriladi. Lekin pastki koʻrsatgich haqiqatga yaqinroq deb tan olinadi. Malayziyada brokonyerlikga qarshi mahalliy qonunlarning amalga oshirilishi sababli, bu mamlakatda yoʻlbarslarning eng yirik populyatsiyasi yashaydi. Lekin bu yerda ham yoʻlbarslar populyatsiyasi arelning qismlanishi va inbriding sababli xavf ostida qolmoqda. Vyetnamda yoʻlberslarning toʻrtdan uch qismi, xitoy tabobati ehtiyojini qondirish maqsadida, qirib tashlangan. Hindixitoy yoʻlbarsi toʻqroq tusga ega. Erkagi oʻrtacha 150 — 190 killogram oraligʻida, urgʻochisi — 110 —140 killogram.
    • Malay yoʻlbarsi — ushbu populyatsiya faqatgina Malakka yarim orolining janubida tarqalgan. Oxirgi olib borilgan hisoblarga koʻra bu populyatsiya 600 — 800ta boshdan iborat. Bu uni son jihati boʻyicha uchinchi oʻringa qoʻyadi. 2004-yilgacha bu populyatsiya hindxitoy yoʻlbarsiga tegishli teb faraz qilingan. 2017-yilda bu mustaqil populyatsiya ekanligi isbot qilingan[14].
    • Xitoy yoʻlbarsi — shuningdek Janubiy-xitoy yoʻlbarsi. Xitoyning janubida tarqalgan. Bu populyatsiya eng katta xavf ostida qolgan. Tabiatda yoʻqolib ketganligining katta ehtimoli mavjud. Bu populyatsiya qolganlaridan tanasing kichikligi bilan ajralib turadi: uzunligi 2,2 — 2,6 metr. Erkagi 127 killogramdan 177 killogramgacha, urgʻochilari 100 dan 118 killogramgacha. 1977-yilda Xitoy hukumati yoʻlbarslarni ovlashni taqiqladi, lekin aynan bu populyatsiya saqlanishi uchun juda kech edi. Maʻlumotlarga koʻra tabiattagi oxirgi xitoy yoʻlbarsi 1994-yili otib oʻldirilgan. Hozirgi vaqtda xitoy yoʻlbarsing 59 boshi tutqunlikda saqlanmoqda (barchasi Xitoyda), lekin ularning hammasi atigi oltita yoʻlbarsning avlodi hisoblanadi. Bundan koʻrinib turibdiki ushbu populyatsiyada genetik xilma-xillik juda oz. 2008-yildan boshlab Xitoy hukumati xitoy yoʻlbarslarini tabiatga reintroduktsiya qilish boʻyich choralar koʻrmoqda[15].
    • Turon yoʻlbarsi — shuningdek Kavkazorti va Kaspiy yoʻlbarsi nomlari ostida malum. 1960-yillar oxirida toʻliq yoʻq boʻlib ketgan. 1968-yilda oxirgi marotaba tabiatda uchragani dalillari bor[16]. Ayrim maʼlumotlarga koʻra oxirgi Turon yoʻlbarsi 1970-yilda Turkiyada otib oʻldirilgan[17]. Bu populyatsiyaning tarixiy areali Ukrainaning va Rossiyaning janubiy qismlarini (Dogʻiston, Checheniston, Shimoliy Osetiya, Krasnodar oʻlkasi va Ingushiya), Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Afgʻoniston, Pokiston, Iroq, Tojikiston, Oʻzbekiston, Qozoqiston, Turkmaniston, Suriya va Turkiya boʻlgan. 50-yil gacha Amudaryoning quyi oqimida uchragan. Turon yoʻlbarsi XX asr boshlarigacha Chirchiq havzasida ham yashagan[6]. Ozarbayjonda oxirgi yoʻlbars 1932-yilda Tolish togʻlarida, Armanistonda Ararat vodiysida 1933-yilda otib oʻldirilgan. Oʻrta Osiyoda oxirgi marotaba 1954-yilda Tojikistonning “Yo‘lbars jar” qoʻriqxonasida kuzatilgan. Boshqa maʻlumotlarqa qaraganda oʻsha yili Turkmanistonning Eron bilan chegaradosh boʻlgan Koʻpetdag togʻ tizimida paydo bolgan, yoʻlbars Eronning shimoliy qismidan kirib kelgan[18]. Turon yoʻlbarsi boshqa populyatsiyalarga nisbatan yirik boʻlgan: eng ogʻir oʻlchangan erkak yoʻlbarsning vazni 240 killogram boʻlgan. Yunging tusi Bengal yoʻlbarsidan katta farq qilmagan, ammo chiziqlari yoʻgʻonroq va koʻproq boʻlgan, rangi qoradan koʻra toq kulirang yoki jigarranga yaqinroq boʻlgan. Yungi boshqa populyatsiyalarga qaraganda uzunroq va qalinroq boʻlgan, ayniqsa qish mavsumida. Turon yoʻlbarsi, Bengal yoʻlbarsi bilan bir qatorda, rimliklar tomonidan gladiator janglarida gladiatorlar yoki boshqa yirtqichlarga qarshi, ayniqsa sherlarga qarshi ishlatilgan. Zamonaviy molekulyar genetika tahlillariga koʻra Turon yoʻlbarsi Amur yoʻlbarsi bilan yaxlit populyatsiyani tashkil qiladi[16][18].
  • Panthera tigris sondaica — yoʻlbarslarning ostturi, Zond orollarida tarqalgan. Quyidagi populyatsiyalarni oʻz ichiga oladi:
    • Sumatra yoʻlbarsiIndoneziyaning Sumatra orolidagina tarqalgan. Yovvoyi tabiatdagi yoʻlbarslarning soni 400-500tadan iborat deb baholanadi, aksaryat qismi qoʻriqxona va milliy bogʻlar hududida yashaydi. Sumatra yoʻlbarsi uchun asosiy xavf tabiiy muhitnig buzilishi (ormonlar kesilishi hatto yaxshi qoriqlanadigan hududlarda davom etmoqda). 1998-yildan 2000-yil oraligʻida 66 yoʻlbars (populyatsiyaning 20%) brokonyerlar tomonidan otib oʻldirilgan. Sumatra yoʻlbarsi mavjud populyatsiyalar orasida eng kichigi hisoblanadi. Erkagi 100 - 130 killogram, urgʻochisi 70 - 90 killogram. Nisbatan kichik oʻlchami orolning tropik ormonlarida yashashga boʻlgan adaptatsiya hisoblanadi.
    • Bali yoʻlbarsi — Indoneziyaning Bali orolidagina tarqalgan. Yoʻlbarslarning bu populyatsiyasi ovchilar tomonidan qirib yuborilgan: oxirgi bali yoʻlbarsi 1937-yilning 27-sentyabrida orolning gʻarbiy qismida oʻldirilgan. Bali yoʻlbarsi hech qachon tutqunlikda saqlanmagan. Toʻliq yoʻqolib ketishiga qaramasdan bali yoʻlbarsi mahalliy aholi madanyati va dinida katta ahamyatga ega.
    • Java yoʻlbarsi — Indoneziyaning Java orolida tarqalgan. Maʼlumotlarga koʻra 1980-yillarda ovchilik va tabiiy muhitnig buzilishi sababli qirilib ketgan. Bu populyatsiyaning yoʻqolishi 1950-yillarda ayon boʻldi, bu vaqta Java orolida yoʻlbarslarning soni 25tani tashkil qilardi. Oxirigi marotaba java yoʻlbarsini tabiatda 1979-yili koʻrishgan.

Duragaylari

tahrir
 
Herkules laqabli liger, Miami Jungle Island bogʻi
 
Tigon, Kanberra hayvonot bogʻi

Yoʻlbars duragaylari birinchi marta 19-asrda, hayvonot bogʻlari egalari oʻz muassasalariga tashrif buyuruvchilarni jalb qilish va daromadni oshirish maqsadida chatishtirilgan.[19] Bugungi kunda bunday duragaylar hali ham Xitoyning xususiy hayvonot bogʻlarida dunyoga keladi.[20] Asosan arslon va yoʻlbars oʻrtasidagi duragaylar maʼlum.

  • Liger (inglizcha lion — «arslon» va tiger — «yoʻlbars») — erkak arslon va urgʻochi yoʻlbars chatishmasidan paydo boʻlgan duragay. Duragay boʻlishiga qaramasdan urgʻochilari nasl qoldira oladi [21]. Ligrlar umri davomida oʻsishdan toʻxtamaydi, qari ligrlar uzunligi 3 metrgacha yetishi mumkin. Bunday bahaybatlikning sababi erkak arslon va urgʻochi yoʻlbarslar DNKsida boʻy oʻsishi uchun javob beradigan gen mavjudligi.[22] Urgʻochi arslon va erkak yoʻlbarslarda bunday gen mavjud emas.
  • Tigon (inglizcha tiger — «yoʻlbars» va lion — «arslon») — urgʻochi arslon va erkak yoʻlbars chatishmasidan paydo boʻlgan duragay.Ikkala ota-onaning belgilarini oʻzida birlashtiradi: onadan dogʻlar va otadan chiziqlar oʻtishi mumkin. Tigonlarning yoli, agar u paydo boʻlsa, har doim arsloning yolidan qisqaroq boʻladi. Odatda, tigonlar sher va yoʻlbarslardan kichikroq va ogʻirligi taxminan 150 kilogrammni tashkil qiladi. Erkak tigonlar har doim bepusht, urgʻochilar esa nasl qoldira oladi. [23]

Duragaylarning urgʻochilari nasl qoldira olish imkonyati mavjudligi uchun ular ikkinchi avlod duragaylarini dunyoga keltirishi mumkin.

Yungining tuslari

tahrir

Oq yoʻlbars

tahrir
 
Hayfa hayvonot bogʻida oq Bengal yoʻlbarslar jufti

Yoʻlbarsda butunlay oq tusga ega boʻlgan zotlarning paydo boʻlishiga olib keladigan mutatsiya mavjud. Bu mutatsiya sababli oq moʻynali, qora-jigarrang chiziqli va koʻk koʻzli yoʻlbarslar dunyoga keladi.  Bu rang yovvoyi yoʻlbarslar orasida juda kam uchraydi, lekin tutqunlikda saqlangan populyatsiyalarda nisbatan keng tarqalgan.  Oq yoʻlbarslarning paydo boʻlish imkonyati 10 mingtadan 1 ga teng[24]. Oq yoʻlbarslar tutqunlikda juda yaxshi koʻpayadi.  Ular haqida birinchi qayd etilgan maʻlumot 1951-yilda, Hindistonda, ovchilardan biri oʻzi topgan yoʻlbars inidan oq yoʻlbars bolasini olib ketgan vaqtga toʻgʻri keladi.  Keyinchalik, Mohan laqabli bu yoʻlbarsni oddiy tusga ega urgʻochi bilan nasl olishga harakat qilishdi va u toʻrtta oddiy rangli yoʻlbars bolalarini tugʻdi.  Keyinchalik oq yoʻlbarsni oʻz avlodlaridan biri bilan chatishtirish natijasida paydo boʻlgan uchta yoʻlbars bolasidan ikkitasi oq boʻlib chiqdi.  Tutqunlikdagi barcha oq yoʻlbarslar shu bir yoʻlbarsning avlodlari hisoblanadi.[25]  Hozir butun dunyo boʻylab hayvonot bogʻlarida 130 ga yaqin oq yoʻlbars bor. [26] Toshkent hayvonot bogʻida bir zot oq bengal yoʻlbarsi yashab kelmoqda.[27] Keng tarqalgan tushunchalardan biri oq yoʻlbarslarni albinos deb hisoblash. Oq yoʻlbarslarning terisida qora chiziqlar yaqqol koʻrinishi va koʻzlarinnig rangi koʻk ekanligi bu notoʻgʻri tushuncha ekanligini koʻrsatadi.

Oltin tusli yoʻlbars

tahrir
 
Buffalo hayvonot bogʻida oltin yoʻlbars

Oltin yoʻlbars — retsessiv gen sababli rangi oʻzgarishi paydo boʻlgan yoʻlbarsdir.  Oq va qora yoʻlbarslar singari, bu alohida osttur emas, balki yung tusing boshqacha rangi. Moʻynasing tusi och yoki oltin rangi va toʻq rangli chiziqlari toʻq sariq yoki malla rangda (qora emas). Retsessiv "kengchiziqli" deb ataluvchi gen yoʻlbarslarda yungi oʻsishi davrida qora rang hosil boʻlishiga taʻsir qiladi. Bunday yoʻlbarslar tabiatda ham uchrashi mumkin, lekin juda kam hollarda. Tabiatda bunday yoʻlbarslar uchratilgani haqidagi birinchi qaydlar XX asrning boshlariga toʻgʻri keladi. [28]

Qora yoʻlbars

tahrir
 
Chala melanistik oq yoʻlbars. Odisha, Hindiston

Hayvonlarda uchraydigan melanizm — fenotipning bir varianti, bu turning boshqa zotlariga nisbatan ancha toʻq rangga ega boʻlishi bilan tavsiflanadi. Yoʻlbarslarda ham ana shunday melanistik zotlari uchrashi mumkin. Shu kungacha toʻliq melanistik, qop-qora, yoʻlbars uchratilgani haqida birgina maʼlumot bor. Bu haqida 1773-yilda ingliz rassomi James Forbes Hindistonning Kerala shtatida chizgan rasimidan maʼlum. Rasimning oʻzi bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Chala melanistik zotlari haqida maʼlumotlar koʻproq va ularni hayvonot bogʻlarida kuzatish mumkin. Chala melanistik yoʻlbarslarning chiziqlari qalin va bir-biriga shunchalik yaqin joylashganki ular orasida asosiy rang deyarli koʻrinmaydi.[29] Soʻngi marotaba bunda yoʻlbars yovvoyi tabiatda 2022-yil Hindistonning Similipal milliy bogʻida kuzatilgan.[30]

Biologiya va ekologiyasi

tahrir

Ham kunduzi, ham tunda birdek faol. Eng faol vaqti tong saharda, kechki payt va tunga toʻgʻri keladi. Kunduzi asosan dam oladi. Daraxtlarga chiqmaydi, faqat yosh, ikki yoshga toʻlmagan yoʻlbarslar bundan mustasno. Suvdan choʻchimaydi va juda yaxshi suza oladi. Janubda tarqalgan yoʻlbarslar issiq kunlarni suvda oʻtlkazadi. Past havo haroratiga oʻta chidamli. Bir fasl davomida ikki marotaba yungini toʻkadi: martda va sentyabrda.

Asosan ovoz chiqarmaydi. Faqat koʻpayish davrida, erkaklari oʻzini past oʻkirish bilan bildirishadi. Oʻljaga hujum qilayotgan vaqtda oʻta past irrillagan tovush chiqaradi. Odatda boshqa hayvonlar, bugʻular, toʻngʻizlar va hatto odamlar qoldirgan soʻqmoqlardan va yoʻlakchalardan yurishni afzal koʻradi.

Hududiy va ijtimoiy xulq-atvori

tahrir

Voyaga yetgan yoʻlbarslar hududiy hayvonlar boʻlib, yoʻlgʻiz turmish tarzini olib boradi va oʻz hududini ayovsiz himoya qiladi. Yoʻlbarslar shaxsiy hududini turli usullar bilan belgilab chiqadi. Oʻz hududini shaxsiy xid bilan belgilash yoʻlbarslarning asosiy aloqa vositasi hisoblanadi. Siydik belgilarini asosan tik jisimlarda qoldiradi: daraxt poyasi, toshlar, butalar va h.k. Shuningdek daraxtlarga surkanish va daraxtlarni tirnash orqali ham belgi qoldirishadi.

Yoʻlbarsning shaxsiy hududining maydoni yashash joyiga, oʻljaning koʻpligiga va bu hududda urgʻochilarning mavjudligiga bogʻliq. Urgʻochi yoʻlbars hududining maydoni taxminan 20 km² boʻlishi mumkin, erkak yoʻlbarslarning hududi odatda ancha kattaroq - 60 -100 km². Voyaga yetgan erkakning yashash joyida 1:2 yoki 1:4 nisbatda bir nechta urgʻochilarining yashash joylari boʻlishi mumkin. Yoʻlbarslarning oʻz hududi boʻylab harakatlanish yoʻllari muntazamdir. Bunday harakatlar paytida yoʻbarslar doimiy ravishda oʻz hududlarining turli qismlarini belgilaydilar, bir nechta vaqtinchalik yoki uzun mudadga yotadigan joy qilishadi. Hududi ichidagi kundalik harakatlanishi juda farq qiladi va bir qator omillarga bogʻliq. Voyaga yetgan erkakning oʻrtacha kunlik bosib oʻtadigan masofasi 9,6 km, eng koʻpi 41 km. Urgʻochilari oʻrtacha kunlik bosib oʻtadigan masofasi 7 km, eng koʻpi 22 km. Urgʻochi yoʻlbarslarning vaqti-vaqti bilan bir-biriga nisbatan tajovuzkorlik koʻrsatishiga qaramay, ularning yashash hududi bir-birinikiga togʻri kelishi mumkin va bu vaziyatda ular tinch yashashadi; erkak yoʻlbarslar hech qachon boshqa erkaklarning oʻz hududida doimiy boʻlishiga va hatto vaqtincha oʻtishiga ruxsat bermaydi.

Erkak yoʻlbarslarning tajovuzkor hududiy xulq-atvorini hisobga olgan holda, ular oʻrtasida yashash joylarini taqsimlash boʻyicha nizolar koʻpincha jiddiy shikastlanishga va baʼzan ulardan birining oʻlimiga olib keladi. Biroq, koʻpgina ziddiyatli vaziyatlarda, yoʻlbarslar tahdid soladigan koʻrinish va tovushlarni ishlatish bilan cheklanadi. Erkak yoʻlbarslar oʻz hududini urgʻochi yoʻlbarslar bilan osongina boʻlishadi, hatto oʻlja bilan boʻlishadilar. Urgʻochi yoʻlbarslar ham oʻz oʻljalarini boʻlishishi mumkin va erkaklaridan farqli oʻlaroq, oʻljani boshqa urgʻochilar bilan ham boʻlishishi mumkin.

Oziqlanishi

tahrir

Yovvoyi tabiatda yoʻlbarslar asosan tuyoqli hayvonlar bilan oziqlanadi: Bengal yoʻlbarsi uchun asosiy oʻlja hind bugʻusi, toʻngʻizlar va tapir kabi turlardir; Amur yoʻlbarsi uchun - bugʻular, dogʻli kiyik, toʻngʻiz. Sumatra yoʻlbarsi uchun - sambar bugʻusi, toʻngʻiz va qora tapir. Shuningdek, yoʻlbarslar hind buyvoli, gaur va yirik bugʻusimonlar kabi yirik oʻtxoʻr hayvonlarni ovlashi mumkin. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan yoʻlbarslar oʻzlarining ovqatlanishiga xos boʻlmagan hayvonlar, masalan, maymunlar, qirgʻovullar, quyonlar, sudraluvchilar va hatto baliqlar bilan oziqlanadilar. Toʻlaqonli ovqatlanish uchun bir yoʻlbarsga yiliga 50-70 tuyoqli hayvonlar kerak boʻladi. Yoʻlbars oʻldirilgan kiyik yoki toʻngʻiz bilan bir necha kun turishi mumkin, bu vaqt davomida u oʻljasini yeydi. Voyaga yetgan hind fillari yoʻlbarslar ovlay olmaydigan oʻljadir, shuning uchun fillar bilan uchrashishdan qochishga harakat qilishadi, lekin baʼzida ular yosh fillarni oʻldirishlari mumkin. Yoʻlbarslarning katta fillariga muvaffaqiyatli hujumlari haqida tasdiqlanmagan maʼlumotlar mavjud. Masalan, Kesri Singx yo‘lbarsning katta yoshli filni o‘ldirganini misol qilib keltiradi[31]. Bundan tashqari, yoʻlbarsning katta yoshli urgʻochi Hindiston karkidonini oʻldirgani haqida kamida bitta holat maʼlum. Baʼzida yoʻlbarslar itlar, sigirlar, otlar va eshaklar kabi uy hayvonlarini ovlashi mumkin. Oʻsimliklardan faqat yozda ozuqa sifatida foydalanishadi: yongʻoqlar, oʻtlar, mevalar isteʼmol qilishadi. Bir vaqtning oʻzida yoʻlbars 30-40 kg gacha goʻsht isteʼmol qiladi. Och qolgan katta erkaklari 50 kg gacha goʻsht yeyishi mumkin. Teri osti yogʻ toʻqimalarining mavjudligi sababli oʻzlariga zarar yetkazmasdan ancha muddat oziq-ovqatsiz yashay oladi. Amur yoʻlbarsida bunday qatlam 5 santimetrga yetishi mumkin.

Ov qilishi

tahrir

Boshqa yirtqichlar bilan aloqasi

tahrir

2—3 yilda bir marta bolalaydi, homiladorlik davri 98—112 kun, 2—6 ta bola tugʻadi; 5—6 oy emizadi.Bolalari 1—2 yoshida mustaqil yashay boshlaydi.Soni juda kamayib ketgani uchun barcha kenja turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.[6]

Odam bilan aloqasi

tahrir

Yoʻlbarslarni ovlash

tahrir
 
Thomas Villiamson va Samuel Hovitt. 1808. XIX asrda Hindistonda yoʻlbars ovi.

Insonyat tarixi davomida yoʻlbarsni turli maqsadlarda ov qilishgan. Yoʻlbars ovchilari esa xalq orasida doim hurmat etilgan.

Rivoyatlarga koʻra, Iskandar Zulqarnayn Oʻrta Osiyoni zabt etib va Sirdaryo boʻyida Aleksandariya esxata (Xoʻjand) shahrini qurgach, Sirdaryoning shimoldagi, zamonaviy Toshkent yaqinida, yerlarga kirib, yoʻlbarslarni ovlagan.

Orta Osiyoda, hususan Oʻzbekistonda yoʻlbarslar qadimdan ovlab kelingan. Odamxoʻrlikga moyil yoʻlbarslarni ovlash uchun yuzlab, hatto minglab odamlar yig;ilgan. XIX-asirning 30-yillarida Toshkentning Beshyogʻoch dahasida, Boʻrjar atrofida paydo boʻlgan yoʻlbarslarni ovlash uchun Beklarbegi qaroriga koʻra ikki ming odam toʻplangan. Buxoroda esa, Zarafshon quyi oqimida, yoʻlbarslarni ovlash uchun pishiq qafas qurilgan, ichiga qurollangan odamlar kiritilib, qafas qamishzorga olib borilgan. Bundan tashqari Oʻrta Osiyoda yoʻlbarslar qopqon va tekis, chuqur jarga tirik uloq yoki qoʻzichoq tashlab ovlangan. Yoʻlbarsni yakka oʻldira olgan botir xalq orasida juda katta hurmatga ega boʻlgan. Ular yoʻlbars tirnoqlarini tumor sifatida taqib yurishgan, bu Alvastiga qarshi yagona himoya vositasi deb hisoblangan.[32]

Qadimgi Koreyada yoʻlbarslarni ovlash bilan maxsus ovchilar shugʻullangan va bu jarayon murakkab marosimlar bilan kechgan: yoʻlbarsni nomi bilan atash mumkin boʻlmagan va ov paytida gaplashish taqiqlangan.[33] Ovchilarning kiyimlari boshqa aholi kiyimlaridan farq qilardi - ular koʻk rangli koʻylak va munchoqlar bilan bezatilgan, koʻk matodan tikilgan salla kiyishgan, loviya donalaridan yasalgan boʻyinbogʻ ham ovchi usti boshining ajralmas qismi edi. Bundan tashqari ovchi albatta yoʻlbars goʻshtini tanovul qilishi kerak edi.  Ovchilar Koreya jamiyatida imtiyozli mavqega ega boʻlib, ular davlat soliqlarini toʻlashdan ozod qilingan.[33] XX asrda Koreyada yoʻbarslarni ovlash, ayniqsa Yaponiya istilosidan soʻng, ommaviy ermakga va vaqt oʻtkazish turiga aylanadi.

Hindistonda ham yoʻlbarslarni ovlash qadimdan tarqalgan. Boburiylar davridayoq yoʻlbarslarni ovlash keng tarqalgan. Bu davr suratlarida yoʻlbars ovi markaziy mavzu boʻlgani buning yaqqol isboti sanaladi. Lekin chinakamiga yoʻlbars ovi XIX va XX asr boshida Hindistonda ommaviy tus oladi. Hindistonda ham yoʻlbarslarni asosan ingliz istilochilari ovlashgan. [34]Oʻldirilgan yoʻlbarslardan koʻpincha tulum yasalgan, keyinchalik ular ingliz zodagonlarining uylarini bezatgan. Terining yuqori narxiga qaramay (1977-yili yoʻlbars terisi ingliz bozorlarida 4.250 dollar atrofida baholangan[35]), yoʻlbarsning moʻynali hayvon sifatida foydalanilmagan. Terilardan asosan tulum va gilamlar yasashda foydalanilgan. 1875 yildan 1925 yilgacha Britaniya hukmronligi ostidagi Hindistonda atigi 50 yil ichida 80 000 dan ortiq yoʻlbarslar oʻldirilgan.[36]  Yoʻlbars ovini baʼzi ovchilar piyoda, boshqalari fil yoki ot minib qilishgan.[37] Qirol Jorj V 1911-yilda mustamlakachi Hindistonga tashrifi chogʻida 10 kun ichida 39 ta yoʻlbarsni oʻldirgan.[38]

Ikkinchi jahon urushidan soʻng yoʻlbars ovi asta-sekin taqiqlana boshladi. Hozirgi kunda yoʻlbarslarni ovlash butun dunyoda taqiqlangan. Ammo bunga qaramasdan brakonerlik koʻplab hududlarda hali ham gullab-yashnamoqda.

Tutqinlikda saqlanishi

tahrir
 
Oʻrgatilgan yoʻlbars olovli halqadan sakrayapti.

Qadimgi Rim davridan boshlab yoʻlbarslarni tutqinlikda ushlash odatiy holga aylangan. Yoʻlbarslar gladiatorlar va boshqa ekzotik hayvonlar bilan urshtirilishdan tashqari, koʻrgazmalar, namoyishlar va gladiatorlar bilan mashgʻulotlar oʻtkazish uchun boqilardi.[39] [40] XVII asrdan boshlab noyob va vahshiy yoʻlbarslar, egalarining qudrati ramzi sifatida Evropa qalʼalari va qasirlarida saqla boshladi.  XVIII asrda yoʻlbarslar hayvonot bogʻi va sirkning diqqatli eksponatlariga aylandi: yoʻlbars Fransiyada 4000 frankgacha turardi (taqqoslash uchun, Liondagi tasviriy sanʼat professori yiliga atigi 3000 frank maosh olardi). AQShda 3500 dollargacha turadi, sherning narxi shu vaqtda 1000 dollardan oshmasdi.[41]

2007-yilda Xitoyda 4000 dan ortiq yoʻlbarslar tutqunlikda yashagan boʻlib, ulardan 3000 tasi 20 ga yaqin yirik muassasalarda, qolganlari esa 200 ga yaqin kichik muassasalarda saqlangan[42]. 2020-yil maʼlumotlariga koʻra Xitoy va Vyetnamda "yoʻlbars fermalarida" 8000 ta yoʻlbars tutqunlikda saqlanmoqda.[43][44]

2011-yilda AQShning 468 ta muassasasida 2884 ta yo‘lbars saqlangan[45]. 2018-yilda ularning soni 7000 tani tashkil etishi maʼlum boʻldi. [46] Garchi AQShning oʻn toʻqqiz shtatida yoʻlbarslarga xususiy egalik taqiqlangan boʻlsada, yana oʻn beshtasida maxsus litsenziya talab qilinadi va oʻn oltita shtatda hech qanday qonun-qoidalar yoʻq.[47]  Oʻn toʻrtta mamlakat va mintaqadagi 105 ta tutqunlikdagi yoʻlbarslarning genetik kelib chiqishi oʻrganilib, ulardan 49 tasi beshta populyatsiyaga tegishli ekanligini koʻrsatdi;  52 ta hayvon aralash kelib chiqishga ega.[48]  Bugungi kunda hayvonot bogʻlarida saqlanayotgan koʻplab Amur yoʻlbarslari asli Bengal yoʻlbarslari bilan chatishtirish natijasi ekanligi aniqlandi[49].

Oʻzbekiston hududida ham yoʻlbarslar qadim davrlardan tutqunlikda saqlangan. Soʻngi xonliklar davrida xon saroylari bogʻlarida, maxsus chuqurlarda, yoʻlbarslar ushlangan.[32] Hozirgi kunda Toshken hayvonot boʻgida amur[50] va bengal[51] yoʻlbarslari saqlanmoqda.

29-iyul Xalqaro yoʻlbars kuni etib belgilangan.

Tana azolarining ishlatilishi

tahrir

Yoʻlbarslar tarqalagan barcha hududlarda ularning azolari tumor va taqinchoqlar sifatida ishlatilgan. Yoʻlbars azolarining bunday ishlatilishi haqidagi eng qadimiy topilmalar Filipinning Palavan orolidan topilgan suyaklar hisoblanadi. Ularning yoshi 12000 yildan 9000 yil ilgari deb baholanadi.[52][53]

Xitoyda va Osiyoning boshqa qismlarida koʻp odamlar yoʻlbarsning turli qismlari shifobaxsh xususiyatlarga ega, jumladan, ogʻriq qoldiruvchi va afrodizyak sifatida ishlatishadi. [54] Biron bir shifobaxsh tasiri mavjudligini tasdiqlovchi ilmiy dalillar yoʻq. 1993-yildan beri Xitoyda yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari ichki savdosiga taqiq joriy qilingan. Xitoyda farmatsevtika preparatlarida yoʻlbars qismlaridan foydalanish taqiqlangan va hukumat yoʻlbarslarning brakonerligi bilan bogʻliq jinoyatlar uchun oʻlim jazosi mavjudligiga qaramay[55], yoʻlbars tana azolari savdosi yirik qora bozor sanoatiga aylandi, hukumat va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari uni toʻxtatishga urinishlari bugungi kunga qadar samarasiz boʻldi.[35] Bosh ustiga xitoy xalq tabobati ehtiyojini qondirish uchun Xitoy, Vyetnam hamda Tailandda maxsus "yoʻlbars fermalari" faoliyat koʻrsatmoqda[44]. Savdo bilan shugʻullanuvchi deyarli barcha qora bozorlar Xitoyda joylashgan boʻlib, ular mamlakat ichida yoki Tayvan, Janubiy Koreya yoki Yaponiyaga azolar joʻnatilib sotilgan.[35] Buning oqibatida yoʻlbarslarning xitoy populyatsiyasi 1950-yillardan 1970-yillargacha boʻlgan davr oraligʻida tijorat uchun oʻldirilishi natijasida deyarli butunlay yoʻq qilindi.[35] Yoʻlbars fermalari mavjudligiga qaramasdan ham, xitoy anʼanaviy tibbiyoti uchun koʻplab yoʻlbarslar brakonerlar tomonidan otilgan yoki tuzoqqa tushgan yovvoyi yoʻlbarslar boʻlib kelmoqda. Ular asosan Xitoydan tashqarida, Rossiya, Hindiston va Janubiy-Sharqiy Osiyoda, tutilib kontrabanda yoʻli bilan Xitoyga olib kelinadi. Osiyo qora bozorida yoʻlbars jinsiy olatni taxminan 300 AQSh dollariga teng boʻlishi mumkin. 1990-1992 yillarda tarkibida yoʻlbars azolari mavjud 27 million dona mahsulot topildi.[35] 2014-yil iyul oyida Shveytsariyaning Jeneva shahrida, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlar boʻyicha xalqaro konferentsiyada, Xitoy vakili Xitoyda yoʻlbars azolarining savdosi sodir boʻlayotganini birinchi marta tan oldi.[56]

Madanyatda

tahrir

Mifologiya va afsonalar

tahrir

Yoʻlbars Osiyo mamlakatlari xalqlari, asosan, uning tabiiy yashash joyi boʻlgan mintaqalar afsonalarining asosiy qahramonlaridan biridir.  U koʻpincha hayvonlarning shohi, quruqlikda yashovchi barcha hayvonlarning egasi, hokimiyat va quch-qudrat ramzi sifatida tasvirlangan.  Yoʻlbars ramzini odatda harbiy jasorat bilan bogʻlashadi. Yaponiyada, garchi yoʻlbarslar haqida faqat rivoyatlardan maʼlum boʻlsa-da, u jasorat va jangchi-qahramonlar ramzi sanalgan.[57] Koreya va Janubi-Sharqiy Osiyoda yoʻlbarsalar toʻg va gʻorlar egasi deb izzatlashgan, qirol nasli himoyachisi, Yer va Osmoni bogʻlab turishiga ishonishgan. Koreyslarda yoʻlbars tasviri tushirilgan har qanday buyum tumor vazifasini oʻta olgan.

Xitoyda ular yoʻlbars kuch va salomatlik ramzi boʻlib, yovuz ruhlar va kasalliklarni haydab chiqaradi, deb ishonishgan.  Daosizmda bu yirtqich gʻarb, oq rang, kuz va beshta asosiy elementlardan biri - suv bilan bogʻlangan va sharq, bahorining timsoli boʻlgan yashil ajdahoga qarama-qarshi boʻlgan.  Shuning uchun yoʻlbars va ajdaho oʻrtasidagi kurash Xitoy tasviriy sanatida eng mashhur ramziy motivlardan biri.  Yoʻlbars Xitoy buddizmining uchta hissiz jonzotlaridan biri boʻlib, maymun - ochkoʻzlik ramzi va bugʻu - shahvoniy nafs ramzi, bilan bir qatorda - gʻazab ramzi sanaladi.[57] Shuningdek Xitoy rivoyatlarga koʻra afsonaviy besh yoʻlbars dunyo tomonlarini qoʻriqlab turadi; koʻk yoʻlbars - sharqni, qora - shimolni, qizil - janubni, ikkta oq yoʻlbars gʻarbni va markazni[57]. Xitoy taqvimining oʻn ikkta jonzotdan uchinchisi sanaladi. Koreyada oy taqvimining birinchi oyi "Yoʻlbars oyi" deb ataladi.

Qadimgi yunon va rimliklar afsonalarida yoʻlbars, geografik sabablarga koʻra, kamroq uchraydi, ammo u Osiyo mamlakatlarida boʻlgan yunonlar va rimliklarga yaxshi tanish boʻlgan.  Ovidiyning taʼkidlashicha, Fetida Peley bilan turmush qurmaslik uchun yoʻlbarsga aylangan.  Dionis yoʻlbarsni minib yurgani (Hindiston bilan bogʻliq xudo) ham tilga olinadi, garchi koʻpincha bu yoʻsinda boshqa har qanday mushuksimon boʻlishi mumkin.  Boshqa yunon afsonalariga koʻra yoʻlbarslar baʼzan Dionis aravasini tortib yurishgan, bu yoʻsinda ham boshqa har qanday mushuksimon boʻlishi mumkin edi.[57]  Xususan, yoʻlbarslar Goratsiyning "Odasi" da Baxusning aravasini tortib yurishadi.

Tasviriy sanat

tahrir
 
Piter Pol Rubens «Yoʻlbarslar ovi» 1618.

Yoʻlbars tasvirlangan birinchi tasviriy sanat asari Koguryo (miloddan avvalgi 37 - milodiy 668 yillar) hukmronligi davriga oid koreys maqbaralarida topilgan.[33] Yoʻlbarslarning tasvirlari maqbaralarni himoya qilishiga ishonishgan. Maqbara devorlaridagi tavirlari bilan bir yoʻlbars tasviri qatorda bronza davriga oid koʻplab uy-roʻzgʻor buyumlari (miloddan avvalgi 1000 – 300 yillarga oid): koʻzgu, bolta, pichoq, idishlar, qoʻngʻiroqlar, taqinchoqlar, marosim buyumlari va hokazo boʻlgan[33].

Xitoy tasviriy saʼnatida yoʻlbars tasviri asosiy mavzularidan biri boʻlgan.

Yoʻlbarsning tasvirlari hind sanʼatida ham uchraydi. Eng mashhur misollardan biri bu Tipu sultonning yoʻlbarsi, bu yogʻochdan yasalgan mexanik yoʻlbars, qizil kiyimdagi ingliz askariga hujum qilyatgani aks ettirilgan.

Islomda tirik mavjudotlarni tasvirlash taqiqlangan boʻlib, bu koʻp jihatdan islom dini tarqalgan mamlakatlar sanʼatining oʻziga xosligini koʻrsatadi. Biroq Markaziy Osiyoda islom dinining keng tarqalishiga qaramasdan, yoʻlbarslar uchun oʻziga xos istisno boʻlgan. Yoʻlbars tasviri gilam va matolarda, shuningdek, Samarqand shahridagi masjidlar, jumladan, Registon maydonidagi mashhur Sherdor, nomiga qaramasdan, madrasasida yoʻlbars tasvirlangan.

Evropa tasviriy sanatida ham yoʻlbarslar tez-tez uchraydi, masalan, Delakruaning ov sahnalarida va Piter Pol Rubensning "Yoʻlbarslar ovi" (1618) rasmida.

Adabiyot

tahrir
 
Edvard Julius Detmold "Redyard Kiplingning Jungli kitobi asaridan lavha."

Dunyoning koʻplab yozuvchi va shoirlari oʻz asarlarida yoʻlbarsni tasvirlashgan.  Hind va Xitoy adabiyotida anʼanaviy tarzda yoʻlbarsning kuch-qudratiga etibor qaratilgan.  Bu hayvon adolat, donolik va baʼzan ishqli sevgining himoyachisi sifatida gavdalangan.  Yoʻlbars haqidagi bunday tasavvur Yaqin Sharq adabiyotiga koʻchib oʻtdi.

Gʻarbiy Evropa adabiyotida yoʻlbarslarga munosabat turlicha edi.  Masalan, Redyard Kiplingning "Jungli kitobi" asarida yoʻlbars Sherxon ayyor va dahshatli hayvon sifatida tasvirlagan.  Shu bilan birga, bolalar yozuvchisi Alan Miln "Vinni Pux" haqidagi asarida jozibali va quvnoq personaj - Yoʻlbarsvoyni yaratdi.  Yoʻlbars G. L. Oldie tomonidan "Xoanga" hikoyasida ijobiy nuqtai nazardan koʻrsatilgan.  Och yoʻlbars - Frank Baumning Oz mamlakati haqidagi qator qissalari qahramoni.

Shoirlar ham yo‘lbarsni chetlab o‘tishmagan.  Gussar-yoʻlbarsning esda qolarli obrazi Nikolay Gumilyovning "Loʻlilarda" (1920) sheʼrida yaratilgan.  Bolaligida hayvonlardan birinchi bo‘lib hayvonot bog‘ida yo‘lbarsni ko‘rgan va eslagan Luis Borxesning “Yo‘lbarslar oltini” she’riy to‘plami bor[58].  Ingliz tilida soʻzlashadigan mamlakatlarda Uilyam Bleykning "Yoʻlbars" sheʼri juda mashhur boʻlib, unda yoʻlbars, Borxesning soʻzlariga koʻra, "yovuzlik ramzi" sifatida tasvirlangan[58].

Rus yozuvchisi va etnograf VladimirKlavdiyevich arsenyevning "Ussuriysk oʻlkasi changalzorlarida" kitobida, bosh qahramon Dersu Uzala yoshligida bexosdan totem hayvoni boʻlmish - yoʻlbarsni oʻldirib, bir umir "tayga egasi" oldida qoʻrquv va ayb hisi bilan yashadi.

Yann Martelning, 2002-yilda Buker mukofotini olgan, "Pi hayoti" romanida Richard Parker laqabli bengal yoʻlbarsi bosh qahramonlardan biri.

Qoroqolpoq yozuvchisi Amet Shomuratov "Yoʻlbarslar bilan uchrashuvlarim" asrida muallif bolaligida Turon yoʻlbarsini uchratgani haqida yozgan.

Fayl:Life of Pi 2012 Poster.jpg
"Pi hayoti" filmi posteri.

Kino va animatsiyada yoʻlbars obrazi koʻp uchraydi, ayniqsa bolalar animatsiyasida: "Kung Fu Panda" (2008) multfilmida yoʻlbarsga (sharqiy jang saʼnati ustasi) Anjelina Joli tomonidan ovoz berilgan. "Olovuddin" (1992) multfilmida malika Jasmin Raja laqibli yoʻlbarsni uy hayvoni sifatida boqadi. "Madagaskar 3" (2012) Vitaliy laqabli sirk yoʻlbarsi koʻrsatilgan. Walt Disney 1967-yili R. Kiplingning asari asosida "Changalzorlar afsonasi" nomi ostida multfilm chiqardi. 2016-yilda "Ormon bolasi" nomi ostida film ham olindi. Vinni Puxning Walt Disney tomonidan olingan multfilmida Yoʻlbarsvoy dumida sakra oladi.

Marvelning komikslar olamida Yoʻlbars isimli qahramon mavjud.

2012-yilda Yann Martelning "Pi hayoti" romani asosida olingan film tanqidchi va tomoshabinlar tomonidan keng etirof etildi.

BBC 2008-yilda Devid Attenboro boshlovchiligida "Yoʻlbars: Changalzorda aygʻoqchi" nomli hujjatli film olingan.[59]

Manbalar

tahrir
  1. „IUCN red list. Panthera tigris (Tiger).“.
  2. Shavkat Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati (I-jild). Toshkent. Universitet., 2000 — 191 bet. 
  3. Эрванд Владимирович Севортян. Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы "Җ", "Ж", "Й". 4-jild. Наука, 1989 — 219 bet. 
  4. Макс Фасмер. Этимологический словарь русского языка Макса Фасмера. 
  5. „After McKenna & Bell, 1997, with recent species from Nowak, 1991“ (en). 2011-yil 18-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 6-oktyabr.
  6. 6,0 6,1 6,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  7. 7,0 7,1 Wilting A., Courtiol A., Christiansen P., Niedballa J., Scharf A. K., Orlando L., Balkenhol N., Hofer H., Kramer-Schadt S., Fickel J., Kitchener A. C. „Planning tiger recovery: Understanding intraspecific variation for effective conservation“ (Ingliz tili) (26 iyun 2015 yil).
  8. „WWF va yo'lbarslar. Yo'lbarslar haqida ko'p beriladigan savollar (ru)“ (11 may 2023 yil). 2015-yil 7-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11 may 2023 yil.
  9. „Amur yo'lbarsi populyatsiyasi monitoringi“ (rus tili). 2015-yil 11-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-may.
  10. „Hindistonda yo'lbarslar soni o'sdi“ (rus tili).
  11. „Task force says tigers under siege“ (Ingliz tili). 2009-yil 3-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-may.
  12. „WPSI — Sariska Tiger Reserve“ (Ingliz tili).
  13. „Have you seen a tiger at Sariska since June? If yes, you’re the only one“ (Ingliz tili). 2007-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-may.
  14. Kitchener A. C. „A revised taxonomy of the Felidae: The final report of the cat classification task force of the IUCN cat specialist group“ (Ingliz tili) (2017).
  15. „BBC News channel“ (Ingliz tili). Rare China tiger seen in the wild, s. 1.
  16. 16,0 16,1 „Mitochondrial Phylogeography Illuminates the Origin of the Extinct Caspian Tiger and Its Relationship to the Amur Tiger“ (Ingliz tili).
  17. „Shaded Area: Historical Range for the Caspian tiger.“ (Ingliz tili).
  18. 18,0 18,1 „Yo'qotilgan boylik turon yo'lbarsi“.
  19. „History of big cat hybridisation“.
  20. Guggisberg, C. A. W.. Wild Cats of the World. New York: Taplinger Publishing, 1975. 
  21. S. Luo et. al. Subspecies Genetic Assignments of Worldwide Captive Tigers Increase Conservation Value of Captive Populations.. Current Biology. 
  22. Markel, Scott; Darryl León.. Sequence Analysis in a Nutshell: a guide to common tools and databases. Sebastopol, California: O'Reily, 2003. 
  23. „tigon — Encyclopædia Britannica Article“.
  24. „The White Tiger Fraud“ (Ingliz tili). 2008-yil 31-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-avgust.
  25. Thornton, I.W.B.. White tiger genetics-further evidence. J. Zool., 1978. 
  26. „Snow Tigers?“. 2008-yil 5-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-avgust.
  27. „Toshkent hayvonot bogʻiga BAAdan oq yoʻlbars “.
  28. „Golden Tigers and Genealogies“ (Ingliz tili).
  29. Barik, Satyasundar. Melanistic tigers exhibited in Nandankanan zoo (Ingliz tili). The Hindu, 2015. 
  30. „Watch: Rare Black Tiger Marks Its Territory In Odisha National Park“. NDTV (2022-yil 30-iyul).
  31. Kesri Singx. Rajastan yo'lbarslari - Тигр Раджастана (Rus tili). Академия наук СССР, Институт востоковедения Издательство "Наука", 1979. 
  32. 32,0 32,1 М. Е.Массон (1963). „Из прошлого тигров Центральной Азии (Историческая справка)“. Научные труды (выпуск 200) Археология Средней Азии. 151-160-bet.
  33. 33,0 33,1 33,2 33,3 „Koreys yo'lbarsi haqida“ (Rus tili).
  34. Khushmi Mehta, Chandrica Barua. „Hunting the Tiger: A Symbol of Imperial Power“. Qaraldi: 2023-yil 26-iyul.
  35. 35,0 35,1 35,2 35,3 35,4 Novak, R. M.; Walker, E. P.. "Panthera tigris (tiger)" Walker's Mammals of the World (6th ed.).. Baltimore: Johns Hopkins University Press., 1999 — 825-828 bet. 
  36. Mahesh Rangarajan. India's Wildlife History: An Introduction. New Delhi: Permanent Black., 2005 — 32 bet. 
  37. Kothari, A.S.; Chhapgar, B.S.; Chhapgar, B.F., eds.. "The Manpoora Tiger (about a Tiger Hunt in Rajpootanah)". (Ingliz tili). Mumbai: Bombay Natural History Sosiety, 2005 — 22-27 bet. 
  38. Lodh, S.. "Portrayal of 'Hunting' in Environmental History of India". Altralang Journal. 2 (02), 2020 — 199 bet. 
  39. Auguet, Roland. Cruelty and civilization: the Roman games. (Ingliz tili). Psychology Press., 1994 — 83-85 bet. 
  40. Baker, William. Sports in the Western World.. University of Illinois Press, 1988 — 33 bet. 
  41. Baratay, Eric. Zoo: A History of Zoological Gardens in the West (Ingliz tili). Reaktion Books, 2004 — 19 bet. 
  42. Nowell, K. and Ling, X.. Taming the tiger trade: China's markets for wild and captive tiger products since the 1993 domestic trade ban. Hong Kong: TRAFFIC East Asia, 2007. 
  43. „«Нам нужны тигры, которые боятся человека». “.
  44. 44,0 44,1 Leigh Henry. „What I saw at a Chinese tiger farm and what it means for wild tigers“ (2020).
  45. Wildlife Watch Group. Less than 3,000 Pet Tigers in America. Wildlife Times, 2011 — 12-13 bet. 
  46. James Jeffrey. „Does the US have a pet tiger problem?“ (Ingliz tili).
  47. „"Summary of State Laws Relating to Private Possession of Exotic Animals"“.
  48. Luo, S.; Johnson, W. E.; Martenson, J.; Antunes, A.; Martelli, P.; Uphyrkina, O.; Traylor-Holzer, K.; Smith, J. L.D.; O'Brien, S. J.. "Subspecies Genetic Assignments of Worldwide Captive Tigers Increase Conservation Value of Captive Populations". Current Biology, 2008 — 592-596 bet. 
  49. Sanderson, J.; Moulton, M.. Wildlife Issues in a Changing World (2 ed.). Wildlife Issues in a Changing World, 1998 — 133 bet. 
  50. „ТИГР АМУРСКИЙ“ (Rus tili). 2023-yil 26-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-iyul.
  51. „Fufunya o‘z uyini topdi“.
  52. Van der Geer, A.; Lyras, G.; De Vos, J.; Dermitzakis, M.. Evolution of Island Mammals: Adaptation and Extinction of Placental Mammals on Islands.. John Wiley & Sons, Inc., 2011 — 220-347 bet. 
  53. Ochoa, J.; Piper, P. J.. Climate Change and Human Responses: A Zooarchaeological Perspective.. Springer., 2017 — 79-80 bet. 
  54. Harding, Andrew. „"Beijing's penis emporium"“. BBC News. (23- sentyabr 2006).
  55. Nowell, K.. "Asian big cat conservation and trade control in selected range States: evaluating implementation and effectiveness of CITES Recommendations". TRAFFIC International., 2007. 
  56. „Conservationists shocked by Chinese admission of tiger skin selling“. Shanghai Sun (12-iyul 2014). 2014-yil 14-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-iyul.
  57. 57,0 57,1 57,2 57,3 Tresidar Jek. Словарь символов. - Ramzlar lug'ati (Rus tili), 1999 — 430 bet. 
  58. 58,0 58,1 Jorge Luis Borges. Conversations (Ingliz tili) University Press of Mississippi: , 1998 — 169 bet. 
  59. „Tiger“ (Ingliz tili). Qaraldi: 2023-yil 25-iyul.